Olmoncha halollik


Saqlash
12:49 / 12.02.2026 27 0

Inson umri naqadar qisqa, kamolot yo‘li qanchalar yiroq.

 Gyote

 

Bu voqeani vodiylik bir do‘stim so‘zlab bergandi. U ishxonasi kasodga uchrab, nima qilarini bilmay hayyo-huyt deb Toshkenti azimga ko‘chib keladi. Ijaraga makon izlab yurgan payti “uy bozori”da allaqaysi bir “hojatbaror zot”ga yo‘liqib, quyuq va’dalariga laqqa uchib, restoranda bir necha bor siylaydi. “Hojatbaror zot” to‘kin ziyofatdan iyib ketib, sodda do‘stimizga yaqin orada buzilajak joylardan biryo‘la propiskasi bilan uy va’da qilib, xizmat haqiga atigi ikki yuz dollar zakalat so‘raydi. Do‘stim va xotinining pasportlarini, aytilgan pulni olgach, yana bir bor tekin ziyofatni yeb, va’dani quyuq qilib xayrlashadi. Shu ketganicha g‘oyib bo‘ladi. Sodda do‘stimiz ikki yuz dollar pul, qo‘shimcha xarajatga tushib, dard ustiga chipqon deganday pasportlarini yo‘qotib, chapak chalib qoladi.

 

Qadimda bir o‘g‘ri bo‘lgan ekan. Bir kun podshohning saroyini tunashga tushibdi. Xazinani o‘marmoqchi bo‘lib, u yoq-bu yoqqa alanglasa, g‘ira-shira qorong‘ilikda bir nima yaltirab turganmish. “Hoynahoy, tilla bo‘lsa kerak” deb o‘ylab suyunib, yalab ko‘rsa... tuz ekan. “Obbo, hay, bo‘lar ish bo‘ldi” debdi-da, “bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom” degan maqol esiga tushib, xazinadan quruq chiqib ketgan ekan. “O‘g‘ri bo‘l, insofli bo‘l” naqli o‘sha zamonlardan qolgan bo‘lsa ajabmas. Hatto o‘g‘rilarda  insof bo‘lgan ekan. Bugun  ayrim ikkiyuzlamachi, qallob, tovlamachi zamondoshlarimizga duch kelsak, bunaqalar qachon va qayerdan paydo bo‘lib qoldi ekan degan savollar miyaga chaqmoqdek uriladi. Jo‘yali javob topishga qiynalib, o‘yga tolasan...

 

Yevropaning Avstriya, Germaniya, Shveysariya kabi mamlakatlarida ijodiy safarda ko‘p voqealarning guvohi bo‘lganman. 2011-yili Drezden-Hellerauda chog‘imda “Lidl” supermarketiga tez-tez tushib turardim. Bir kuni non, kolbasa va meva-cheva olib, pulini to‘ladim-da, keta boshladim. Ikki yuz metrcha yurgach, kimdir chaqirganday bo‘ldi. Sotuvchi yigit qo‘li bilan ishora qilib, nimadir derdi. Qaytib borib, “nima gap, tinchlikmi?” deb so‘radim. Shunda u “qaytimingizni unutib qoldiribsiz” deya bir sent uzatdi. “Qo‘yavering” dedim unga, chaqani olishga o‘zimcha uyalib. “Yo‘q, oling, – uzrxohlik bilan dedi u, – bizga birovning haqi kerakmas”...

 

Xuddi shunga o‘xshash voqea Vernets’hauzen qishlog‘ida (Shveysariya) ham bo‘lgandi. 2016-yil, Looren tarjimonlar uyida ijodiy safarda edim, syurix poezdiga chiqish uchun Hinvilgacha avtobusda bormoqchi bo‘ldim. Yevropada yo‘lovchilar jamoat transportiga oldingi eshikdan chiqib, o‘rta yoki orqa eshikdan tushadi. Chiqib, haydovchiga salom berdim-da, yo‘l haqi uchun besh franklik tanga uzatdim. “Kassa buzuq, ishlamayapti” dedi u rulni asta boshqararkan. “Hay mayli, tushayotganda berarman” dedim o‘zimga o‘zim va salon ichkarisiga o‘tdim. So‘nggi bekat – Hinvilga yetib borgach, tushayotib haydovchiga yana boyagi tangani uzatdim, ammo u norozi bo‘lgandek “Sizga aytdim-ku, kassamiz ishlamayapti” degandan so‘ng, “rahmat” deb tushib ketaverdim. Odamlar ham g‘alati-ya, axir kassang ishlamasa, kissang bor-ku, berganni olib qo‘yavermaysanmi, xumpar! Yo‘q, ularga ham birovning haqi kerak emas ekan...

 

Olmoniyaning shimoli-g‘arbida, Shimoliy Rayn-Vestfaliya o‘lkasida Shtralen degan mo‘jazgina shaharcha bor, uni o‘zimizdagi Namanganga o‘xshab, “Blumenstadt” – gullar shahri deb atashadi. Juda chiroyli maskan, shaharchada turli muassasalar, jumladan, Yevropa tarjimonlar hay’ati – Xalqaro mutarjimlar markazi ham joylashgan. U yerga ilk bor 2007-yilning bahorida borgandim, keyin yana bir necha marta borish nasib etdi. 2018-yilning yozida (o‘shanda Rossiyada futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilgandi) Shtralenda bo‘lgan yana bir voqea esimga tushdi.

 

“Kaufland” supermarketidan har kuni ul-bul xarid qilib turardim. O‘zim yaxshi ko‘rib iste’mol qiladigan, Hamburgdan keltiriladigan mazali oq non va boshqa shunga o‘xshash narsalarning narxi yod bo‘lib ketgandi. Gavjum supermarketda o‘nga yaqin kassirning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Bir gal zarur mahsulotlarni xarid qildim-da, pulini to‘lab, chekini olib ko‘chaga chiqdim. Qaytimni sanasam, bir yarim yevro kamroq ko‘rindi. Supermarketga qaytib bordim. “Kechirasiz, ozgina tushunmovchilik bo‘lganga o‘xshaydi” deya chek, qaytim va xaridimni ko‘rsatdim.

 

“Uzr, – dedi shunda kassir ayol xushmuomalalik bilan, – bitta narsani ikki marta bosib yuboribman, pulni qaytarib bo‘lmaydi, falon bo‘limga boring, muammo hal bo‘ladi”. U aytgan “Informationsabteilung”ga (ma’lumotlar bo‘limi) bordim. Qaytim va xaridimni ko‘rsatdim. Chekka birrov razm soldi-da, 1 yevro 49 sent (to‘rtta oq nonning narxi) uzatdi. Rahmat aytib ketayotgandim, “iltimos, bir daqiqa” deb qoldi. Sellofan qog‘ozga bejirim o‘ralgan ko‘ylakka o‘xshash narsa uzatarkan, “ovora qilganimiz uchun uzrimiz sifatida arzimas sovg‘a, oling” dedi. Mulozamatdan hang-mang bo‘lib qoldim.

 

Yotog‘imga kelib ochib ko‘rsam, futbol bo‘yicha jahon chempionatiga atab mashhur firma ishlab chiqargan, chempionat tasviri tushirilgan, narxi ancha-muncha yevro turadigan charm ryukzak ekan... Gap albatta kassir ayolning adashganida yo “ovora” bo‘lganimda yoki o‘sha “arzimas sovg‘a”da ham emas. Men, to‘g‘risi, bunday muomaladan mutaassir bo‘ldim. Bunday munosabatni, ta’bir joiz bo‘lsa, madaniyatning, ma’naviyatning go‘zal namunasi deb atagan bo‘lardim.

 

O‘zim tahsil olgan institutning (hozirgi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti) olmon filologiyasi fakultetida talabalarga dars berib yurgan yillarim. Germaniyaning Toshkentdagi Gyote instituti ham xuddi shu fakultet binosida joylashgandi. Kechki payt uyga qaytayotib Gyote instituti rahbari Frau Gyunterni uchratib qoldim. “Ishdan qaytayapman, taksi kutib turibman”, – dedi xonim salomimga alik olarkan.

 

– Iye, taksi deysizmi? – hayron bo‘lib so‘radim. – Yanglishmasam, xizmat mashinangiz bor-ku, shundaymi?

 

– Ha, albatta, – javob qildi Gyunter xonim vazminlik bilan, – lekin undan faqat ish paytida foydalanaman, hozir taksida ketishim kerak. Chunki ish vaqtim tugadi...

 

Olmonlarning halol, rostgo‘y, tejamkor xalq ekanini yaxshi bilamiz. Ammo ular ana shu fazilatlarni bizning ota-bobolarimizdan o‘rganganini hamma ham bilavermasa kerak. Qadimgi german qabilalari, shuningdek, mojor(venger)larning ham bir zamonlar bugun siz bilan biz nafas olib turgan mana shu muqaddas zaminda yashaganlari, buyuk ko‘chish davrida hozirgi hududlariga borib joylashganlari tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum.

 

Ajdodlarimiz o‘zganing haqiga xiyonat qilmaydigan, ko‘zi to‘q, sabr-qanoatli bo‘lishgan. Amir Temur bobomiz lashkarlari bilan muhorabadan qaytayotganida bir qishloqdan o‘tayotib, ovul etagida yastanib yotgan, mevalari g‘arq pishib, yashnab turgan serhosil bog‘ ustidan chiqib qoladi. Mevalardan juda tatib ko‘rgisi keladi. Shunda sohibqiron “agar men hozir bir dona olma uzib yesam, bu bog‘dan asar ham qolmaydi” deya nafsini tiyib, bog‘ning bevaqt xazon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdan yo‘lida davom etgan ekan...

 

O‘tmishda ulamolar, mutafakkir va olimlarimiz xizmat vaqtlari tugagach, idoraning shamlarini o‘chirib, shaxsiy yumushlari bilan o‘z shamlarini yoqib mashg‘ul bo‘lgani haqidagi ibratli hikoyalarni o‘qiganmiz. Odob-axloq, ibo, hayo shu qadar kuchli bo‘lganki, ayollar huda-behuda ostona hatlab ko‘chaga chiqishga iymanishgan, erkagi qazo qilib ketgan hovli yo xonadonlar oldiga bo‘sh chelak chiqarib qo‘yish rasm bo‘lgan. Ko‘chadan o‘tib ketayotgan qo‘ni-qo‘shnilar suv to‘ldirib, olib kelib qo‘yishgan.

 

Uzoqqa bormaylik, besh-olti yoshli bola paytlarimiz, 1960-yillari qishloqlarimizda artezian quduqlar qurilmagan, katta-yu kichik hovuz va ariqlardan suv ichardi. Hech qanaqa kasallik bo‘lmasdi, zilol suvga nonni oqizoq qilib, bo‘ktirib yerdik. Ariqlarga cho‘p-xas, axlat supurish u yoqda tursin, bu haqda o‘ylash gunohi azim edi.

 

Do‘konlar oldida ayrim tovarlar ochiq-sochiq turardi, kimdir xarid qilmoqchi bo‘lsa, sotuvchi “tashqarida, o‘zing olaver” derdi. Odamlarda o‘zaro ishonch, birovning haqidan qo‘rqish tushunchasi kuchli bo‘lgan.

 

Endi esa dardimiz pul, aksariyat nima qilib bo‘lsa ham pul topishning payida, erta-yu kech o‘zimizni o‘tga-cho‘qqa uramiz, hamma narsamiz bor-u, qanoatimiz yo‘q. Bir-birimizni aldashdan toymaymiz, insof-diyonat, mehr-oqibat, izzat-hurmat tushunchalari tobora yo‘qolib borayotgandek...

 

Xo‘sh, buning sababi nimada? Halollik, to‘g‘rilik singari fazilatlarni qadim ota-bobolarimizdan o‘rgangan olmonlar ana shu xislatlarni saqlab qololgan ekan, bizlarga nima bo‘layapti?.. Olmoniyada bankka ishingiz tushib, kassadan pul olsangiz-u sanay boshlasangiz, bu haqorat hisoblanadi. Siz ularga ishonmagan bo‘lasiz.

 

Biz esa sanab olishimiz shart, chunki bir-birimizga ishonmaymiz. “Pulingizni kassa oldida sanab oling” degan yozuv ham bizni ogoh etib turadi. Olmontilli mamlakatlarda bo‘lgan paytlarim jamoat transportiga ko‘p chiqqanman, yetti yoshdan yetmish yoshgacha yo‘lovchilarning qo‘lida kitob, mutolaa bilan band. Valaqlab o‘tirishga vaqti yo‘q, bilim, tafakkur bor joyda, shubhasiz, taraqqiyot bo‘ladi.

 

Buyuk bobolarimiz merosini, tariximiz, madaniyatimiz va ma’naviyatimiz sarchashmalarini o‘rganish o‘rniga, hoy-u havaslardan ortmay qoldik. Kitob o‘qimay qo‘ydik, illatlarimizning tub sabablari mana shunda deb o‘ylayman.

 

“Har kuni qahramon bo‘lib yashash shartmasdir, ammo har kuni halol yashash shart” degan edi ulug‘larimizdan biri. Ayrim yurtdoshlarimizning o‘tgan ajdodlarimizga, ota-bobolarimizga munosib vorislar bo‘lish o‘rniga xudbinlik, loqaydlik, tovlamachilik kabi illatlar domida ekanini qanday va nima deb izohlash mumkin? Holbuki, zahmatkash va mehnatkash xalqimiz fitratiga bunday illatlar begona bo‘lgan.

 

Mirzaali AKBAROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//