Fotima Samarqandiyya – turonlik buyuk olim Alouddin Samarqandiy Usmandiyning qizi va taniqli hanafiy faqihi Abu Bakr Kosoniyning turmush oʻrtogʻidir. Olimaning tugʻilgan yili hozircha maʼlum emas. Olima dastlabki taʼlimni Samarqandda, oʻz uyida otasidan olgan. U otasi Alouddin Samarqandiyning islom huquqiga oid “Tuxfatul-fuqaho” va Qurʼon tafsiriga oid “Sharhu Taʼvilotu ahlis-sunna” kabi asarlarini yoddan bilgan. Shuningdek, oʻz zamonasining zaruriy barcha bilim va sanʼatlarini egallagan.
19-asrda yashagan ulugʻ olim Abdulhay Laknaviy oʻzining taniqli allomalar hayoti va faoliyati yoritilgan “Favoidul bahiyya” asarida: “Fotima Samarqandiyya atoqli olima, faqihadir. Fiqhni (islom huquqi) otasidan oʻrgangan, uning “Tuhfa”sini yoddan bilgan!” deya taʼriflaydi.
Manbalarda olima koʻpgina kitoblar yozgani aytilsa-da, birgina fiqh ilmiga oid “Majmaʼul-favoid li-jamʼ al-avoid sharh tuhfat al-muluk” (“Podshohlarga tuhfa asariga Foydalar jamlanmasi otli toʻldirish”) asaridan boshqasining oti zikr etilmagan.
Fotima Samarqandiyya mohir xattot ham boʻlib, oilaviy hayʼatdan chiqadigan fatvolarni shaxsan oʻzi oqqa koʻchirgan, shuningdek, oʻz muhrini ham qoʻygan. Sababi u fiqh, tafsir, hadis va aqida ilmlari olimasi boʻlgani uchun fatvo berish vakolatiga ega boʻlgan.
Fotima Samarqandiyyaning turmush oʻrtogʻi Abu Bakr Kosoniy ham olimaning otasi Alouddin Samarqandiyning shogirdi boʻlgan. Abu Bakr Kosoniy bilan Fotima Samarqandiyyaning turmush qurishi ham bir tarix. Kosoniy Alouddin Samarqandiyning “Tuhfatu-l-fuqaho” asariga “Badoiʼ as-sanoiʼ fi tartib ash-sharoiʼ” otli oʻn jildlik yirik sharh yozib, ustoziga taqdim etgan. Bu asarning ham mazmunan, ham uslub tomonidan mukammalligini koʻrib, shogirdi muvaffaqiyatidan xursand boʻlgan ustoz oʻz qizi Fotimani unga nikohlab beradi va olimaning mahriga esa “Badoiʼ as-sanoiʼ fi tartib ash-sharoiʼ” kitobi qoʻyiladi.
E’tiborli tomoni shunda-ki, oʻsha vaqtgacha oʻz yurtida olima bo‘lib tanilgan Fotima Samarqandiyyaga yuksak ilmiy saviyasi, aql-zakovati va husni jamoli sabab bir qancha obroʻli xonadonlar, jumladan hukmdor Saljuqiy shahzodalardan ham sovchilar kelganida Alouddin Samarqandiy barchasiga rad javobini bergandi. Chunki ilm-maʼrifat, odob-axloq boylik, mol-dunyo bilan oʻlchanmaydi. Shuningdek, shunday olima qizni biror shahzoda yoki zodagonga turmushga berilsa va bu yangi kuyov taxt uchun kurashga shoʻngʻib ketsa yoki siyosiy nizolarga aralashib ketsa, Fotima Samarqandiyya ilm-fan bilan shugʻullanishdan, uni tarqatishdan toʻsilishi, shuncha oʻrgangan bilimlari besamar boʻlib qolishi mumkin edi, balki. Shu bilan birga olima, odob-axloqi goʻzal qizga xuddi shunday yigit munosib edi. Fotima Samarqandiyyaning otasi Alouddin Samarqandiyning qarori toʻgʻri boʻlganligini, oʻz qiziga kuyov tanlashda adashmaganligini esa tarix ochiq-oydin koʻrsatdi. Abu Bakr Kosoniy chindan ham Fotima Samarqandiyyaga juda mos kuyov boʻlgan. Bu kishi oʻz chogʻidayoq ilm ahli orasida tan olingan taniqli allomalardan boʻlgan va bugungacha uning ismi-sharifi boshqa olimlar tomonidan hurmat bilan tilga olinadi.
Kosoniy Alouddin Samarqandiyning “Tuhfatu-l-fuqaho” asariga yozgan “Badoiʼ as-sanoiʼ fi tartib ash-sharoiʼ” otli sharhi esa hozirda ham Islom qonunchiligini oʻrganish boʻyicha muhim manbalar qatorida turadi va talabalar uchun oʻqilishi shart boʻlgan moʻtabar kitoblar sirasiga kiradi. Oʻsha vaqtda turonliklar orasida bu kitob bilan bogʻliq turli iboralar keng tarqalgan. Masalan, Abu Bakr Kosoniy va Fotima Samarqandiyyaning toʻyidan keyin xalq orasida “ustozining “Tuhfa”sini sharhlab, qiziga uylanib oldi” degan gap tarqalib ketadi.
Fotima Samarqandiyya Abu Bakr Kosoniy bilan turmush qurganidan soʻng Turonda Alouddin Samarqandiy, Abu Bakr Kosoniy va Fotima Samarqandiyyalar otidan mushtarak fatvolar chiqadigan boʻlgan. Bir oilada uch kishining (qaynota, kuyov va qiz) fatvo beradigan ulugʻ olim boʻlishi tariximizda kamdan-kam uchraydigan holatdir.
Fotima Samarqandiyya ilm-fan, taʼlim jarayonidan tashqari siyosat sohasida ham faol boʻlgan. Masalan, Abu Bakr Kosoniy 1146-yilda tarixiy Suriya hududlarida hukmronlik qilgan turkiy Zangiylar sulolasi poytaxti Halab shahriga elchi sifatida boradi. U bilan ayoli Fotima Samarqandiyya ham birga safar qiladi. Ziyoli oila toʻgʻrisidagi xabarlardan allaqachon boxabar boʻlgan Zangiylar sultoni Nuriddin Muhammad ibn Mahmud Zangiy katta hurmat bilan ularni kutib olgan. Sulton bu olimlarning bilim boyligidan shu hududlarda unumli foydalanishni koʻzlagan va shu maqsadda Abu Bakr Kosoniyni koʻhna Suriyaning asosiy ilm dargohi – Halaviyya madrasasiga bosh mudarris etib taʼyinlagan. Qisqa muddatda olim mintaqada katta shuhrat qozongan va mahalliy olimlar taklifiga binoan mamlakat ulamolar kengashi raisi boʻlgan. Sulton Nuriddin Zangiy Fotima Samarqandiyyaning ilmini ham munosib qadrlab baʼzi masalalarda uning fikrini soʻragani va maslahat olgani toʻgʻrisida manbalarda koʻpgina maʼlumotlar uchraydi.
Maʼlum vaqt oʻtgach Abu Bakr Kosoniy oʻz yurti Turonga qaytmoqchi boʻlganida, Sulton Nuriddin ibn Mahmud Halabda qolishni iltimos qilgan. Kosoniy yurtga qaytishni umr yoʻldoshi istayotgani va uning istagini qaytara olmasligini aytgan. Shunda sulton Fotimaga Halabda qolishni iltimos qilib xat yuborgan. Biroq nomani olib kelgan elchi erkak kishi boʻlgani uchun olima uni qabul qilmaydi. Olimaning taqvosidan hukmdor hayratlanib, elchi qilib ayol choparni yuboradi va shundan keyingina Fotima Samarqandiyya sultonning iltimosni qabul qiladi. Shu bilan umrining oxirigacha turmush oʻrtogʻi bilan Halabda yashab qoladi.
Fotima Samarqandiyya oilaviy ishlardan tashqari ilm olish va uni tarqatish – dars berish bilan muntazam shugʻullangan. Tarixchi olima Zaynab Favvoz yozishicha, Fotima Samarqandiyyaning Halabda alohida dars majlisi boʻlgan, unda juda koʻplab talabalar qatnashgan va bir necha moʻtabar manbalar boʻyicha ijozalar olishgan.
Shuningdek, Fotima Samarqandiyya turmush oʻrtogʻi rahbarligidagi Halaviyya madrasasiga doim homiylik qilgan. Bu toʻgʻrida manbalarda aytilishicha, Fotima oʻzining tilla taqinchoqlarini sotib, pulini mudarris va talabalarga tarqatib bergan. Ramazon oyi davomida ularga iftorlik dasturxonini uyushtirib bergan. Shundan keyin hozirgacha homiylar tomonidan Halaviyya madrasasida iftorlik dasturxoni yozish anʼana boʻlib qolgan. Shuningdek, Ramazon oyidagi maxsus hadyalarni madrasa ustozlari va talabalariga berishni ham birinchi boʻlib Fotima Samarqandiyya joriy qilgan.
Manbalarda Abu Bakr Kosoniy turmush oʻrtogʻini koʻp qadrlagani, ehtirom qilgani taʼkidlanadi. Halab tarixchisi Kamoliddin ibn Adim aytadi: “Mening otam bu ayolni (Abu Hanifa) mazhabini mukammal bilishini, koʻp marotaba umr yoʻldoshi – Kosoniyning javoblaridagi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarini koʻrsatib berganini, Kosoniy ham uning maslahatlarini mamnuniyat bilan qabul qilganini hikoya qilib bergan”. Kosoniy Fotima Samarqandiyya vafot etganidan soʻng ham xotiniga sodiq qolgan va uning qabrini har juma oqshomi ziyorat qilishni tark qilmagan. Bu soʻzlar Abu Bakr Kosoniy oʻz xotini buyuk olima Fotima Samarqandiyyani qanchalik hurmat qilganini koʻrsatadi va ushbu ma’lumotlar orqali ming yillar ilgari Turonda ziyoli oilada er-xotin munosabatlari bugungi kunimiz uchun namuna boʻladigan yoʻsinda kechganini bilishimiz mumkin.
Fotima Samarqandiyya 1187-yil Halabda vafot etgan va shahar tashqarisidagi Maqomi Ibrohim Xalil maqbarasiga dafn etilgan. Keyinroq turmush o‘rtogʻi ham 1191-yili dunyodan oʻtganda ushbu yerga dafn etilishi bilan qabriston “Er va xotin qabristoni” deb atala boshlagan.
Xulosa qilib aytsak, Fotima Samarqandiyya timsolida Turonda ming yil ilgarigi ayollar hayoti, ularning jamiyatdagi oʻrni yuqori boʻlgani, erkaklardan qolishmaydigan darajada bilim olishgani, ilm-fan bilan shugʻullanib, jamiyatning turli sohalarida, xususan, siyosiy jarayonlarda ham faol boʻlishganini bilishimiz mumkin. Shuningdek, Fotima Samarqandiyya va Abu Bakr Kosoniyning oʻtgan turmushi orqali oʻtmishda oʻzbek xonadonidagi oilaviy munosabatlar, er va xotin oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, mehr-muhabbat rishtalari, qaynota-kuyov aloqalari qanday kechganligi toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarni olishimiz mumkin. Bular esa bugungi yosh avlodni oʻzbek milliy tutumlari (anʼanalar) asosida tarbiyalashda, umuman, oilaviy munosabatlarni qurishda namuna boʻlib xizmat qiladi.
Islom BOʻRIYEV,
O‘zR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Til
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q