Shaxmat aqliy sport turlari ichida eng keng ommalashgani va nufuzlisidir. Bugungi kunda shaxmat bilan shug‘ullanmagan yoki hech bo‘lmasa bir marta o‘ynab ko‘rmagan kishini topish qiyin. Darhaqiqat, shaxmat inson aqlini charxlovchi, mantiqiy tafakkur qilishga va voqelikni kreativ anglashga o‘rgatadigan intellektual o‘yindir.
Shu paytgacha mutaxassislar tomonidan shaxmatning hind, vizantiya, fors, xitoy, yapon va boshqa ko‘plab variantlari tilga olinadi. Hindlarda shaxmat chaturanga, yaponlarda syogi, xitoyda syangxi, forslarda shohmot yoki chatrang, arablarda shatranj deb atalgan. Ammo turkiy xalqlarning shaxmatlari haqida yetarlicha ma’lumot topish qiyin. Xususan, oltoylarda shatra, xakaslarda to‘bit, tuvalarda shidira, yakut (saxa)larda olonxo, mo‘g‘ullarda xiashatar, qalmiqlarda shatr kabi shaxmat variantlari saqlangani haqida esa ko‘pchilik bilmasa kerak. Quyida oltoylarning shatrasi haqida gaplashamiz.
Avvalo shaxmat tarixi haqida so‘z yuritsak. Shaxmat turlari orasida hindlarning chaturangasi eng qadimiysi deb topilgan va uning tarixi VII asrga borib taqaladi. Syogi haqida ilk ma’lumotlar VIII asrga tegishli. Forslarda chatrang VIII asrda sosoniylar shohi Xusrav I Anushirvon davrida ommalashgan va shohmot (shoh o‘ldi) deb atala boshlagan. Manbalarda, xususan yevropalik mutaxassislarning asarlarida ham arablarning shaxmatni forslardan o‘zlashtirgani aytilgan.
Eng qizig‘i, hech bir manbada turkiylar shaxmati haqida ma’lumot yo‘q. Meni doim shu fikrlar qiynagan. Turkiylar shaxmat o‘ynamaganmi? Axir, butun tarixi jang-u jadallar ichida o‘tgan xalq jang strategiyasi va taktikasi uchun zarur bo‘lgan o‘yinni o‘rganmasligi mumkinmi? Bu savollarga javob topish uchun doim manbalardan turkiylarning shaxmati haqida ma’lumotlarni izladim.
Birinchi bor meni qiziqtirgan ma’lumot shu bo‘lganki, shaxmatning vatani Hindiston emas, O‘zbekiston, aniqrog‘i Surxondaryo bo‘lgan ekan. 1972-yili Dalvarzintepadan I–II asrlarga oid shaxmat donalari topilgan va bu shuni ko‘rsatadiki, Hindistondan 5-6 asr oldin O‘zbekistonda shaxmat bo‘lgan.
Fil va buqa tasvirlangan shaxmat donalari. Dalvarzin, 1972-y.
Taassufki, na ilmiy manbalarda, na ensiklopediyalarda bu haqda ma’lumot berilgan. Vaholanki, I–II asrlarda Surxondaryoda Kushonlar hukmronlik qilgan bo‘lib, ular asl ko‘chmanchi bo‘lishgan, qolaversa bu davrda Surxon vohasiga qanglilarning ham ta’siri katta bo‘lgan.
Shaxmat donalari Afrosiyob xarobalaridan ham topilgan bo‘lib, ular VII–VIII asrlarga tegishlidir. Afrosiyob shaxmat donalari boshqa topilmalardan farqli o‘laroq deyarli to‘liq saqlangan. Shuningdek, unda jang aravasi va arslon obrazidagi toshlar ham saqlangan. Qiziqarli jihati, xuddi shunday toshlar tuvaliklarning shidirasida ham bor.
Shaxmat donalari turkiylar yashaydigan turli hududlar, xususan Oltoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz yerlaridan ham topilgan. Va ularning tahlili shuni ko‘rsatadiki, islom yetib borgan yerlarda shaxmat figuralarining obrazlari siyqalashib borgan va ulardan imkon qadar inson va hayvonlar qiyofasi yo‘qotilgan. Shuning uchun islom kirib bormagan hududlarda obrazlilik yaxshiroq saqlangan.
Oltoy shaxmati ham o‘zida obrazlilikni saqlab qolgan va “shatra” deb ataladi. Shatra – oltoyliklarning milliy o‘yini hisoblanib, u ishtirokchidan kuchli fikrlash va mantiqiy yechimlar topishni talab qiladi. Bu o‘yin Oltoy xalqlarida qadim davrlardan o‘ynab kelingan. Ko‘pgina xalq afsona va ertaklarida shatra haqida ma’lumotlar saqlangan. Misol uchun, “Qo‘zin Erkesh” dostonida quyidagi misralar bor:
|
Jajыl tozrko chibi bo‘rile Keen jarash janash etken Qo‘zыn-Erkesh baatыr la Bayыm-Suur– keen qыs Shatra oynop, jыpgan oturdы. |
Qarag‘ayning ipakdek mayin, yashil butog‘idan Kung va chiroyli o‘tov tikkan Qo‘zin Erkash va suluv qiz Bayimsuur Shatra o‘ynab, quvnab o‘tirardi. |
Bundan ko‘rinadiki, erkaklar ham, ayollar ham, xususan saroy xonimlari ham o‘ynagan. Ular bolalariga o‘rgatgan. Natijada, shaxmat keng ommalashib borgan va milliy o‘yin darajasiga ko‘tarilgan.
Oltoylik olimlarning ta’kidlashicha, yigitlarga uch sifati: botirligi, do‘mbira chalib doston aytishi va shatrani qanday o‘ynashiga qarab baho berilgan. Shuning uchun yigitlar nafaqat jang maydonlarida, balki shatra taxtasi ustida ham bellashishgan. Qizlarga esa chevarligi, uy-ro‘zg‘or tutishi va shatrani qanday o‘ynashiga qarab baho berilgan.
Shatra jang san’atini o‘rganish uchun muhim vosita sanalgan. Shuning uchun uni oqsuyak xonlar, biylar, jangchi botirlar jiddiy yondashib o‘ynashgan. Saroylarda shatra bo‘yicha bellashuvlar tashkil qilingan. Xonlarning buyruqchi (vazir)lari ko‘pincha shatra ustalaridan tayinlangan.
Shatraning tarixi ancha oldindan boshlansa-da, u haqda ilk yozma ma’lumotlar XIX asrga tegishli. V.Verbitskiy o‘zining 1884-yili chop etilgan “Turkiy tillarning aladag lahjasi lug‘ati”da “Shatraa oyno” – “shaxmat o‘ynash” degan iborani ishlatgan.
Oltoy Chor Rossiyasi tarkibiga kirgandan keyin shatra deyarli unutilib ketgan. XX asrda klassik shaxmatning kirib kelishi esa shatrani chetga chiqarib qo‘yadi. 1960-yili Tog‘li Oltoy Tarix, til va adabiyot ilmiy-tekshirish institutining ilmiy jurnalida S.Y.Paxayevning shatraning tavsifi berilgan maqolasi e’lon qilinadi. S.Paxayev ushbu maqolani yozish uchun maqsadli izlanishlar olib boradi va shatrani unutmagan chollarni topib ularning o‘yinlarini kuzatadi. Qo‘shog‘ochlik Sur Taxanov va Nikita Parayevlarning o‘yinini kuzatib, shu orqali o‘yinning to‘liq tavsifini beradi va tartibini ishlab chiqadi. Shundan so‘ng 1970-yillarda Tog‘li Oltoy Tarix, til va adabiyot ilmiy-tekshirish instituti mutaxassislari tomonidan tavsif qayta ishlab chiqilib, “Oltoyding cholmoni” (Oltoy cho‘lponi) gazetasida bu o‘yin tartibi bilan e’lon qilingan.
60–70-yillarda shatra bo‘yicha musobaqalar yo‘lga qo‘yiladi, va nihoyat Oltoy jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasining qarori bilan shatra bo‘yicha chempionat o‘tkaziladi. Tog‘li Oltoy pedagogika instituti talabalari A.Nabitov va N.Nikitinlar hamda o‘quvchilar orasida N.Selekova va N.Luchkin shatra bo‘yicha birinchi chempionlikni qo‘lga kiritishadi.
Shundan keyin shatra Oltoy va Sibirdagi turkiy ellar orasida tez ommalasha boshlaydi. O‘yin qoidalari Y.P.Malkov, O.R.Arbinov, B.V.Kortin, A.A.Selbikov, N.Sorochaykin, A.F.Danov, V.L.Taushqanov kabi mutaxassislar va shatrachilar ishtirokida qayta-qayta ko‘rib chiqilib, o‘zgartirishlar kiritiladi. Shatraning keng ommalashuvida ayniqsa V.L.Taushqanov ko‘p jon kuydiradi. U RSFSRning “Shatra kodeksi”ni ishlab chiqib, Rossiya jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasidan tasdiqdan o‘tkazadi va shu tariqa shatra butunrossiya o‘yiniga aylanadi.
1991-yildan keyin Oltoy Respublikasi tashkil etilgach, shatra yanada keng ommalasha boshlaydi. Har yili shatra bo‘yicha chempionat, xalqaro turnirlar va boshqa musobaqalar o‘tkazib kelinadi. 1988-yildan shatra “El o‘yinlari” mintaqalararo festival dasturidan o‘rin olgan.
O‘yin tartibi
Shatra o‘ziga xos taxtada o‘ynaladi va o‘yin tartibiga ko‘ra unda ham shaxmat, ham shashka o‘yinining elementlarini ko‘rish mumkin. Shatra taxtasi oltmish ikkita oq va qora kataklardan iborat bo‘lib, uch bo‘lakka bo‘linadi. Boshqa shaxmat variantlaridan farqli o‘laroq shatrada 62 katakning hammasi raqamlanadi. Taxtaning 11–52 raqamlari bilan belgilangan qismi markazi yoki jang maydoni, ikki chetdagi 1–9 hamda 54–62 raqamlari bilan belgilangan qismi raqiblarning platsdarmi bo‘lib, ular Oq qal’a va Qora qal’a deb nomlanadi. 10 va 53-kataklar qal’alarning darvozalari hisoblanadi. Bunda 25–31 va 32–38-kataklarda joylashgan qism gorizontal o‘ralar, 2–61-kataklar orasidagi kataklar katta yo‘l, 1–3 va 60–62-kataklar shatraning boshqa figuralarga almashinuvi joyi hisoblanadi.
Shatrada figuralar sof turkiy nomlar bilan nomlanadi: biy, botir, to‘ra, yolqin, shatra.
“Biy” bitta dona bo‘lib, nomi boshqa turkiy xalqlarning shaxmat versiyalarida “xan” yoki “no‘yon” shaklida ham keladi va u o‘yindagi eng asosiy figura – shoh o‘rnida o‘ynaydi. Biy taxtada 10 va 53-katakda, ya’ni darvozada turib o‘yinni boshlaydi. Biy xuddi shoh kabi har qanday tomonga va faqat bir katakka siljiy oladi. Hamma tomondagi toshlarni yuta oladi va yutmasligi ham mumkin. Ammo biyga tosh yutish uchun berilsa-yu, raqibning boshqa yurish yo‘li bo‘lmasa biy ortga chekinishga majbur bo‘ladi. Toshlarni ketma-ket yutish protsessini ortda turib to‘xtatishi mumkin. Qal’adan o‘z maydonining xohlagan joyiga, raqib qal’asidan raqib maydonining xohlagan joyiga ko‘chib o‘tishi mumkin. Biy qancha o‘ynasa ham o‘z qal’asiga qaytib kira oladi.
Biyning yutilishi yoki yurish yo‘lining tugashi o‘yinning tugashi hisoblanadi. Shatrada “pot” tushunchasi yo‘q.
“Botir” bitta dona bo‘lib, u klassik shaxmatdagi farzin kabi harakatlanadi va taxtada 2 va 62-kataklarda, ya’ni qal’aning oxirgi qatori o‘rtasida joylashadi. Yutayotganda esa xuddi shashkaning damkasi kabi yutadi. O‘yin vaqti botir qal’adan jang maydonidagi o‘z qismida xohlagan joyga ko‘chib o‘tishi mumkin. Raqib qal’asida turganda esa faqat raqib maydonining xohlagan joyiga ko‘cha oladi.
“Yolqin”lar ikki dona bo‘lib, xuddi fil kabi diagonal bo‘ylab harakatlanadi. Taxtada 1, 3 hamda 54, 56-kataklardan o‘yinga kiradi. Shatrada oq yolqin yoki qora yolqin tushunchasi yo‘q. Uni qal’adan olib maydonga joylashda qaysi rangdagi katakka qo‘yishni o‘yinchi belgilaydi.
“To‘ra”lar ikki dona bo‘lib, uning nomi o‘zbek shaxmatida saqlanib qolgan yagona turkiy nomdir. To‘ralar taxtada 5, 8 hamda 55, 58-kataklarda joylashadi. O‘yinda u ham xuddi farzin kabi harakatlanadi. To‘raning ustunligi qal’adan qal’aga to‘g‘ri hujum qilishi ham mumkin.
“Shatra”lar oddiy askar sanaladi va uni oltoylar “juuchildar”, ya’ni jangchilar deb ham ataydi. Ularning soni 11 ta bo‘lib, taxtada yettitasi oldingi qatorda saf bo‘lib joylashadi. Qolgan 4 tasi esa qal’adagi 4, 6, 7, 9 hamda raqib tomonda 57, 59, 60, 62-kataklarda joylashadi. Shatralar o‘yinda dastlab xuddi klassik shaxmatning piyodasi kabi oldinga faqat bir katak, birinchi yurishda esa ikki katak siljiy oladi. O‘rtadagi o‘raga yetsa diagonal bo‘ylab, undan o‘tib olgach esa o‘ng yoki chapga harakatlanishi ham mumkin bo‘ladi. Shatra orqaga qaytib yura olmaydi.
Shatra raqib toshlarini yutib olishni shashkadagi kabi uning ustidan oshib o‘tish orqali amalga oshiradi. U orasi ochiq turgan figuralarni ketma-ketlikda yuta oladi, ammo bir yutilgan tosh ustidan ikkinchi bor sakrab o‘tolmaydi. Shuning uchun, toshlar yutilganda jarayon to‘liq tugaguncha toshlar taxtadan olinmaydi.
Qal’ada zaxirada turgan shatralar kerak bo‘lganda maydondagi o‘z tomonining xohlagan joyiga chiqarilishi mumkin. Raqib qal’asiga kirib borgan shatra ham zaxira toshiga aylanadi va u ham raqib tomondagi xohlagan katakka qaytib joylashishi mumkin. Ammo qal’adan chiqqan shatra qal’aga qaytib kira olmaydi. Garchi toshlarni yutish o‘sha tomonga qarab davom etsa ham bu mumkin bo‘lmaydi, ammo qal’ada raqib toshlari butunlay qolmasa o‘z qal’asiga kirishi mumkin bo‘ladi. Raqib qal’asiga kira olgan shatralar eng so‘nggi qatorga yeta olsa o‘yindan chiqqan botirga yoki boshqa istalgan toshga aylanadi. Agar hech bir figura yutilmagan bo‘lsa, birontasi yutilguncha kutiladi.
“Ot”. Shatrada ot ishtirok etmaydi. Bu tushunarsiz holat bo‘lib, jangni otlarsiz tasavvur qila olmaydigan turkiylarning shaxmatida otning yo‘qligi ajablanarli holat. Bu borada shaxmat tarixchilari shatrada avval ot bo‘lganligiga ittifoq qilishgan va qal’adagi to‘rtta piyodaning ikkitasi o‘rnida ot joylashgan bo‘lishi mumkin.
Shatra o‘yini mazmunan shashka va shaxmatning sinteziga o‘xshaydi. Shu sababli unda sodda va murakkab o‘yin turlari mavjud.
Sodda shatrada Biy, Botir va 23 shatralar ishtirok etadi. Bu o‘yinni oddiy shashka toshlari bilan ham o‘ynash mumkin. Faqat bunda biyni damka holatida to‘nkarib qo‘ysa kifoya qiladi.
Murakkab shatrada bitta biy, bitta botir, ikkita to‘ra, ikkita yolqin va o‘n bitta shatra ishtirok etadi.
Murakkab shatrani o‘rganib olish ancha qiyin, ammo juda qiziqarli kechadi.
Shatrada eng katta e’tibor mudofaaga qaratiladi. Shuning uchun hamma kuchlarni biyning oldiga yaqin joyda to‘plash yaxshi natija beradi. Biy qo‘ldan ketsa mag‘lubiyat yozilishini inobatga olgan holda uni darvozada – qal’ada saqlash kerak bo‘ladi. Agar darvozada turganda unga yetish uchun tosh berilsa, u maydon tomonga ko‘chadi, natijada uyushtirilgan hujumga duch bo‘ladi va bu unga xavf keltirishi mumkin. Shuning uchun biy darvozada turganda uni shatralar himoya qilishi kerak. Shunda ham xavf tug‘ilsa ochiq maydonga chiqishi kerak bo‘ladi.
Yana bir e’tiborli jihat, raqibning shatralari qator bo‘lib turganda biy u yerga yaqinlashmasligi kerak. Chunki saf turgan shatralar ortga chekinolmaydi va bunda faqatgina biyga qiyin bo‘lishi mumkin. Biy maydonga chiqqanda esa qolgan figuralar qal’ani qo‘riqlash uchun ichkarida qolishi kerak. Yana bir ehtiyot: dushman shatralarining qal’a oxirigacha kirib botirga aylanishidan saqlanish kerak. Chunki bu holatda raqib to‘liq ustunlikni qo‘lga oladi va mag‘lubiyat aniq ko‘rinib qoladi. Chunki ochiq maydonda Biyni qo‘lga olish uchun bir botir va biy kifoya qiladi.
Oltoylarning shatrasi o‘zbeklar uchun yangilik sanaladi. Bu yangilik biz uchun kerakmi? Albatta, kerak!
Birinchidan, forsiy yoki o‘rischa nom bilan ataydiganimiz shaxmat toshlari o‘rnida turkiy nomlarni ko‘rishning o‘zi qalbimizda shatraga nisbatan ruhiy yaqinlik uyg‘otadi.
Ikkinchidan, shatra so‘zi yana bir yangilik. Shaxsan men to Oltoy bilan qiziqqunimcha “shotir” so‘zining ma’nosini bilmaganman. Janglarda jangchilar botirlar va shotirlarga bo‘linishini shu o‘yinda ko‘rdim. O‘zbek tilida shotir xizmatkor, yugurdak, jilovbardor ma’nolarida qo‘llanib kelishi esa mantiqan noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, shatra so‘zi chaturanga, chatrang, shatranj kabi so‘zlarning o‘zgargan shakli bo‘lishi ham mumkin. Ammo, nazariy jihatdan olinsa, bu so‘z turkiydan boshqa tillarga o‘tgan bo‘lishi ehtimoli kattaroq.
Umuman olganda esa, turkiy xalqlarda boshqa shaxmat turlaridan shaklan va mazmunan farqlanuvchi shaxmat saqlanib qolganligining o‘zi bori turkiy el uchun quvonarlidir. Inchunin, men aynan shu o‘yinda haqiqiy jang maydonini, biylarning strategiyasini his qildim. To‘g‘ri, klassik shaxmat har tomonlama mukammal, mantiqiy yechimi ham tugal. Ammo unda bizning sarkarda bobolarimiz ruhi sezilmaydi.
Oltoyda har ikki yilda bir marta “El o‘yinlari” etnofestivali o‘tkaziladi. Unda turli yosh kategoriyalaridagi shatrachilar bellashishadi. “El o‘yinlari”dagi eng muhim jihat shundaki, ishtirokchilar ham, tomoshabinlar ham o‘yinga doim jiddiy yondashishadi. Eng katta e’tibor esa bolalarning o‘yiniga qaratiladi. Chunki yangi avlodda ushbu milliy sport turiga muhabbat uyg‘otish qanchalik muhim ekanini oltoyliklar juda yaxshi bilishadi.
Umuman olganda, Oltoyda shatra o‘yini oddiy o‘yin emas, balki milliy qadriyat sifatida qabul qilinadi va e’zozlanadi.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’rifat 2024-yil 20-noyabr, № 47(9528).
“Turkiy shaxmat: Oltoy shatrasi” maqolasi
Tarix
Til
Jarayon
Til
Tarix
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q