Oʻzbekiston tarixida davlat rahbaridan keyingi oʻrinda turuvchi, unga turli sohalarda yordam beruvchi amaldorlar turli davrlarda qoʻshbegi, devonbegi va mingboshi kabi nomlar bilan atalgan. 1924-yilda Oʻzbekiston jumhuriyati (respublikasi) tuzilgach, ushbu mansab rasman Xalq komissarlar/Vazirlar kengashi raisi yoxud Bosh vazir deb atala boshlandi hamda mamlakat hukumatini boshqardi. Keyingi bir asrda oʻnlab insonlar ushbu lavozimda mehnat qildi va davlat taraqqiyotiga, jamiyat hayotiga sezilarli taʼsir oʻtkazdi. Xoʻsh, ular kimlar edi?
Asoschi va ilk Bosh vazir
Toʻrt yil mavjud boʻlgan Buxoro va Xorazm xalq shoʻro jumhuriyatlari 1924-yilda Turkiston ASSR bilan birgalikda Oʻzbekiston ijtimoiy shoʻro jumhuriyatiga birlashdi. Ushbu yangi davlat tuzilishida atoqli oʻzbek siyosatchisi Fayzulla Xoʻjayev katta ishlarni amalga oshiradi. U respublikaning milliy-hududiy chegaralanishida muhim rol oʻynaydi.
Va yangi jumhuriyatning ilk Xalq komissarlari soveti (XKS) raisi (yaʼni, Bosh vaziri) etib aynan Xoʻjayev saylanadi. U bu lavozimda amalda respublika rahbari vazifasini ham bajaradi. Buni Butunittifoq Markaziy Ijroiya qoʻmitasi(MIQ)ga Oʻzbekistondan aʼzo etib, Oʻzbekiston MIQ raisi Yoʻldosh Oxunboboyev emas, Xoʻjayev tayinlangani ham tasdiqlaydi.
Fayzulla Xo‘jayev
Fayzulla Xoʻjayevning Oʻzbekiston tarixi va taraqqiyotida tutgan oʻrni haqida koʻp gapirish shart emas. Milliy qadriyatlarga ancha sodiq boʻlgan va shu sabab 1937-yilda qatagʻon qilingan Xoʻjayev, Oʻzbekiston tashkil topgan ilk yillarda respublikani oyoqqa turgʻazish uchun katta xizmatlarni amalga oshiradi. Uning davrida yangi sugʻorish tizimlari quriladi, minglab maktablar va oliygohlar ochiladi. Milliy kadrlar tizimi shakllantiriladi.
Biroq, mamlakati va xalqi uchun chin dildan mehnat qilgan ushbu Bosh vazir harakatlari Moskvadagilarga, tabiiyki, yoqmaydi. Natijada 1937-1938-yillardagi Stalinning qonli qatagʻonlari doirasida koʻplab oʻzbek jadidlar kabi Fayzulla Xoʻjayev ham qamoqqa olinib, otib tashlanadi. Shu tariqa, Oʻzbekiston jumhuriyatining birinchi Bosh vaziri taqdiri ayanchli yakun topadi.
Fayzulla Xoʻjayev Oʻzbekiston Bosh vaziri lavozimida 1924-1937-yillarda, yaʼni 14 yil ishladi.
Ikki qisqa muddatli “qoʻshbegi”
Xoʻjayevdan keyin uning lavozimiga munosib nomzod topish masalasi kun tartibiga chiqadi. 1937-yil iyun oyida Oʻzbekiston Xalq komissarlari soveti raisi etib Abdulla Karimov tayinlanadi. Biroq shu yilning oktabr oyida u ham ishdan boʻshatilib, qamoqqa olinadi.
Abdulla Karimov oʻrnini Sulton Segizboyev egallaydi. Segizboyevning “qoʻshbegilik” davri qatagʻonlar eng avjiga chiqqan paytga toʻgʻri keladi. U koʻplab oʻzbekistonliklarning qatagʻon roʻyxatiga qoʻshilishida ishtirok etadi. Tez orada yangi XKS raisining oʻzi ham oʻtmishdoshlari kabi qatagʻon qurboni boʻladi. 1938-yil iyul oyida ishdan haydalgan Segizboyev shu yilning oʻzidayoq hibsga olinib, otib tashlanadi.
Urush davri bosh vaziri
1938-iyul oyida Oʻzbekiston XKS raisi etib Buxoro viloyati Kompartiyasi Birinchi kotibi Abdujabbor Abdurahmonov tayinlanadi. Abdurahmonov bir qancha yil quyi partiya tashkilotlarida ishlagan, tajribali siyosatchi edi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Abdurahmonov zimmasiga katta vazifalar yuklatiladi. U SSSR Davlat mudofaa qoʻmitasi aʼzoligiga saylanadi va SSSR Oliy qoʻmondonligi Stavkasi(boshqaruvi) tarkibiga kiradi.
SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Kalinindan mukofot olayotgan Abdurahmonov
Abdurahmonov urush yillarida Bosh vazir sifatida barcha vazirliklar faoliyatini muvofiqlashtiradi, koʻchirib keltirilgan zavodlar hamda bolalarni joylashtirishda bosh-qosh boʻladi. Oʻzbekistondan frontga taʼminot barqaror davom etishini nazorat etadi.
Shuni ham aytib oʻtish kerakki, Abdurahmonov davrida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sanoati deyarli toʻliq paxtaga bogʻlanib qoladi.
1946-yil SSSRda maʼmuriy islohot oʻtkazilib, Xalq Komissarlari soveti Ministrlar (Vazirlar) sovetiga aylantiriladi. Abdurahmonov yangi tuzilmada ham rahbarlikni davom ettiradi.
Abdujabbor Abdurahmonov SSSR yuqori doiralarida ardoqlangan. Moskva uning fidoyi xizmatlarini yuksak baholagan. Biroq 1950-yillardagi kadrlar yangilanishi doirasida u Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisligidan boʻshatilib, Butunittifoq Sovxozlar vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan.
O‘zbekiston hukumati binosi. 1950-yillar
Shunday qilib, Abdurahmonov Oʻzbekiston bosh vaziri lavozimida 12 yil (1938-1950) ishlaydi.
“Bosh vazirlar oʻyini”
Abdurahmonovdan keyin bir muddat Oʻzbekiston Bosh vazirlari, respublika Birinchi kotiblari kabi tez-tez almashadi.
Xususan, 1950-1951-yillarda ushbu mansabni, ilgari Buxoro, Toshkent va Andijon viloyatlari Birinchi kotibi (hokimi) boʻlgan Abdurazzoq Mavlonov egallab turadi.
Undan soʻng Nuriddin Muhiddinovning ikki martalik bosh vazirligi boshlanadi. 1951-yildan Oʻzbekiston hukumatini boshqargan Muhiddinov oʻzbek ziyolilarini ikkinchi qatagʻon toʻlqinidan himoya qilishga urinadi. Natijada 1953-yilda u Bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga tushiriladi. Uning oʻrnini Moskvadan qaytgan Usmon Yusupov band qiladi.
Nuriddin Muhiddinov (o‘ngdan birinchi) Misr yetakchisi Jamol Abdul Nosir bilan.
Yusupov ham bir yillik faoliyatdan keyin (1953-1954) Bosh vazirlikni tark etadi va Nuriddin Muhiddinov yana Vazirlar soveti raisi (Bosh vazir) boʻladi.
Biroq Muhiddinov ham bir yil oʻtib, Markaziy qoʻmitaning Birinchi kotibligiga saylanadi va Bosh vazirlikdan ketadi.
1955-yildan Oʻzbekiston Vazirlar sovetini Sobir Kamolov boshqara boshlaydi. Sobir Kamolov Bosh vazirlik davridayoq kadrlar tizimida dadil “mahalliylashtirish” siyosatini olib boradi. Vazirliklarda mahalliy aholi vakillari soni ortadi.
Oradan ikki yil oʻtgach, u ham oʻtmishdoshi Muhiddinov kabi Bosh vazirlikdan Birinchi kotiblikka oʻtib ketadi. 1957-yilda Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisi etib Mansur Mirzoahmedov tayinlanadi.
Sobir Kamolov
Mirzoahmedov ikki yillik bosh vazirlikdan keyin, 1959-yilda Qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari darajasiga tushiriladi. Uning oʻrniga Orif Alimov keladi.
Alimov ham oʻzidan oldingi hamkasblari singari ikki yil (1959-1961-yillarda) Bosh vazirlik qiladi. Uning Bosh vazir sifatida tanlanishi siyosiy “klan”larning oʻzaro qisqa kompromissi oqibati edi.
Sinalgan, qamalgan va oqlangan “qoʻshbegi”
“Qisqa bosh vazirliklar davri”dan soʻng, nihoyat kursisida barqaror oʻtirgan Oʻzbekiston SSRning ikki mashhur Bosh vaziri davri boshlanadi. Ularning birinchisi, 1961-1971-yillarda Oʻzbekiston Vazirlar kengashini boshqargan Rahmonqul Qurbonov edi.
Hozirda Qurbonovning faoliyatiga turlicha munosabatlar bildiriladi. Baʼzilar uni xalq manfaatlariga xizmat qilgan amaldor sifatida koʻrsa, ayrimlar Qurbonov Moskvaga sodiq kadrlar tizimini yaratishda ilgʻorlardan biri boʻlganini taʼkidlaydi.
Rahmonqul Qurbonov
Rahmonqul Qurbonovning eng katta ishlaridan biri – paxta hosili vaqtida zaharli moddalardan foydalanishni cheklash boʻladi. U, xususan, insonlar bor dalada butifos zaharli kimyoviy moddasi ishlatilishiga keskin qarshi chiqadi. Ushbu modda asosan mashina terimiga tayyorlashda gʻoʻza barglarini toʻkish uchun qoʻllanilgan.
Butifosdan voz kechish yigʻim-terimni kechiktirib, hosildorlikni kamaytirardi. Bu vaqtda esa Moskva Toshkentdan tobora koʻproq paxta talab qilayotgandi. Bunday vaziyatda paxta hosilini kamaytiradigan islohotlar haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin ham emasdi. Shunday boʻlsa-da, Qurbonov bunga bir qadar erisha oladi.
Aynan, Qurbonov Bosh vazirlikdan ketgandan soʻng, Oʻzbekistonda ushbu defoliantdan foydalanish koʻlami kengayadi. 1980-yillar oxirida esa ushbu modda tabiatga juda zararli ekani tan olinib, undan foydalanish toʻliq taqiqlanadi.
Qurbonov 1971-yilda Bosh vazirlikdan tushirilib, Oʻzbekiston Sovxozlar vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlanadi. 1975-yil unga nisbatan “poraxoʻrlik va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish” aybi qoʻyiladi. Sobiq “qoʻshbegi” 8 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Ammo oradan bir yarim yil oʻtib, jazoni oʻtashdan ozod etiladi, 1979-yil esa toʻliq oqlanadi.
Rahmonqul Qurbonov (chapdan birinchi), Oliy Sovet Prezidiumi raisi Yodgor Nasriddinova, SSSR rahbari Nikita Xrushchyov (markazda) va Sharof Rashidov. 1962-yil
Yakkabogʻlik Rahmonqul Qurbonov mustaqillikdan soʻng, 2012-yilda, yuz yoshida vafot etadi.
Sodiq ittifoqchi
Qurbonovdan soʻng Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisi etib, Narmaxonmadi Xudoyberdiyev tayinlanadi. Xudoyberdiyev bundan oldin Bosh vazir oʻrinbosari, Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimlarida ishlagandi.
Jizzaxlik Narmaxonmadi Xudoyberdiyev respublikaning amaldagi rahbari Sharof Rashidovning yaqin odamlaridan biri sanalgan. Uning hukumati davrida Oʻzbekiston tobora koʻproq “paxta koloniyasiga” aylangan. Markaz yildan-yilga paxta planini oshirib borgan.
Narmaxonmadi Xudoyberdiyev
Xudoyberdiyev vazirligining soʻnggida Oʻzbekistonda ham Butunittifoqdagi kabi “turgʻunlik davri” asoratlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Markaz talabi bilan asosiy eʼtibor paxtaga qaratilishi oqibatida boshqa sohalarda jiddiy depsinishlar kuzatiladi. Xudoyberdiyev Moskva irodasiga qarshi bora olmaydi.
Rashidov 1983-yilda vafot etgach, respublikaning yangi rahbariyati Xudoyberdiyevni ham Bosh vazirlikdan ketkazadi. 1984-yilda, 13 yillik bosh vazirlik faoliyatidan keyin Narmaxonmadi Xudoyberdiyev pensiyaga chiqadi.
Biroq bari bu bilan tugamaydi. Xudoyberdiyev 1987-yilda koʻplab oʻzbek siyosatchilari kabi “paxta ishi” doirasida hibsga olinadi. Unga pora olish aybi qoʻyiladi. 1989-yilda SSSR Oliy Sudi Xudoyberdiyevni 9 yilga ozodlikdan mahrum qilib, jazoni qattiq tartibli koloniyada oʻtashga hukm qiladi. Sobiq Bosh vazirning barcha mol-mulki musodara etiladi, unga berilgan davlat mukofotlari olib qoʻyiladi.
O‘zbekiston rahbariyati. Chapdan: Oliy Sovet Prezidiumi raisi Nazar Matchonov, yonida MQ Birinchi kotibi Sharof Rashidov va undan keyin Vazirlar soveti raisi Narmaxonmadi Xudoyberdiyev. 1974-1979 yillar
Oradan ikki yil oʻtgach, 1991-yilning martida Xudoyberdiyev ozodlikka chiqariladi. Keyinchalik Islom Karimov irodasi bilan tortib olingan davlat mukofotlari Xudoyberdiyevga qaytariladi.
Qayta qurish davri “devonbegi”si
Xudoyberdiyevdan keyin respublikadagi muhim lavozimga avvalo markazga, Birinchi kotib Gorbachyovga sodiq kadr qoʻyish kerak edi. Moskva Markaziy qoʻmitaning qurilish boʻlimi kotibi Gʻayrat Qodirov timsolida shunday insonni koʻradi.
Gʻayrat Qodirov bunga qadar yuqori lavozimlarda ishlamagan, Markaziy qoʻmitaga ham 1984-yil boshida ishga kirgandi. Shu yilning noyabrida u Oʻzbekiston Vazirlar kengashi raisi etib tayinlanadi.
O‘zbekiston hukumati binosi. 1980-yillar
Qodirov Bosh vazirligi “paxta ishi” davriga toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston amalda Moskvadan kelgan tergovchilar va chekistlar nazorati ostida edi. Bu vaqtda nafaqat Qodirovning, balki Birinchi kotib Inomjon Usmonxoʻjayevning ham hokimiyati juda cheklangandi. Oʻzbekistonni MQ Ikkinchi kotibi Vladimir Anishev, respublika Davlat xavfsizligi qoʻmitasi (KGB) raisi Vladimir Golovin hamda Gdlyan boshliq tergov guruhi boshqarayotgandi.
Qodirovning bosh vazirlikdagi 5 yili koʻplab oʻzbeklarning “paxta ishiʼ doirasida qamalishi, Sharof Rashidov qabrining koʻchirilishi, milliy uygʻonish harakati kuchayishi bilan esda qoladi.
“Qayta qurish” siyosati barbod boʻlgach, Gorbachyovning mamlakatdagi taʼsiri susayadi va respublikalar markazdan ancha erkin siyosat yuritishga oʻta boshlaydi. Shu asnoda, 1989-yilda Gʻayrat Qodirov ham Oʻzbekiston Bosh vazirligidan boʻshatiladi.
Ham Bosh vazir, ham Vitse-prezident
Gʻayrat Qodirovdan keyin Mirahad Mirqosimov qisqa vaqt – 5 oy Bosh vazirlik qiladi. Bu vaqtda butun ittifoqda boshqaruv darz ketgan, xalq ham, elita ham kelajak haqida aniq tasavvurga ega emasdi.
1990-yil 24-martda Oʻzbekistonda Prezident lavozimi joriy etiladi va Birinchi kotib Islom Karimov ushbu lavozimni egallaydi. Oradan ikki kun oʻtib, 26-martda mustaqillik tarafdori boʻlgan Shukrullo Mirsaidov Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisi, Bosh vazir etib saylanadi. Uning ishtirokida 20-iyunda Oʻzbekiston Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Islom Karimov va Shukrullo Mirsaidov (Karimovning o‘ng tomonida)
1990-yil 1-noyabrda Oʻzbekiston davlat boshqaruvida strukturaviy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Ministrlar soveti Vazirlar Mahkamasiga aylantiriladi va hukumatni endi Prezident boshqarishi belgilanadi. Islom Karimov Vazirlar Mahkamasi raisi ham boʻladi.
Bunga qadar Bosh vazir vazifasini bajarib kelayotgan, Vazirlar Soveti raisi Shukrullo Mirsaidov mutlaqo yangi lavozimni egallaydi – u Oʻzbekiston tarixidagi birinchi va oxirgi Vitse-prezident boʻladi.
Mirsaidov ushbu lavozimda amalda Bosh vazir oʻlaroq ishlaydi. Hukumat Karimov va Mirsaidov tomonidan boshqariladi. Aytib oʻtish joizki, bu vaqtdagi Oʻzbekiston boshqaruv tizimi juda murakkab boʻlib, aslida lavozimlar va vazifalar turlicha bajarilgan. Yaʼni, masalan, bu vaqtda vakolatlari bir xil boʻlgan Davlat kotibi ham, Tashqi ishlar vaziri ham faoliyat yuritgan.
Mirsaidov Oʻzbekistonning mustaqil deb eʼlon qilinishida qatnashadi va bu gʻoyani qattiq qoʻllab-quvvatlaydi.
Mirsaidov Finlyandiya Bosh vaziri Harli Holkeri bilan Toshkent metrosida. 1988-yil
1992-yil 8-yanvardagi navbatdagi oʻzgarishlarda Vitse-prezident lavozimi tugatiladi va Oʻzbekiston Bosh vaziri lavozimi joriy etiladi. Shu tariqa, Mirsaidov hukumatdan ketadi.
Mustaqillikning birinchi Bosh vaziri
1992-yil 8-yanvarda mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining ilk Bosh vaziri etib Abdulhoshim Mutalov saylanadi. Mutalov bundan oldin Vazirlar mahkamasi raisi oʻrinbosari, Non mahsulotlari vaziri boʻlib ishlagandi.
Abdulhoshim Mutalov Karimov kabi Xalq demokratik partiyasi a‘zosi edi
Mutalov siyosiy faoliyati davomida Prezident Islom Karimovning ishonchli ittifoqchisi, hamfikri boʻlib qoladi. Xalq xoʻjaligini tiklash va pul islohoti oʻtkazishda asosiy figura sifatida ishtirok etadi.
1995-yil 21-dekabrda “boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan” Bosh vazir lavozimidan ozod etiladi.
Eng tanilmagan Bosh vazir
Oʻzbekistonning mustaqillik davrida 4 bosh vazir boʻlgan boʻlsa, ular orasidan eng kam tanilgani ikkinchi “qoʻshbegi” Oʻtkir Sultonovdir. 1995-yil 21-dekabrda Vazirlar Mahkamasi rahbariga aylangan Sultonov bunga qadar Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, Bosh vazir oʻrinbosari kabi lavozimlarda ishlagan.
Sultonovning 1960-yil oʻrtalarida Chkalov zavodida Karimov bilan birga ishlagani uning keyingi faoliyatida ham sezilarli rol oʻynagan.
O‘tkir Sultonov (o‘ngda) va Islom Karimov
8 yil davomida Oʻzbekiston Bosh vaziri boʻlgan Oʻtkir Sultonov mamlakat taqdiriga jiddiy taʼsir koʻrsatgan koʻplab voqealarda qatnashdi. Xususan, uning rahbarligida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1996-yilda “Isteʼmol tovarlarini import qilishda markazlashtirilgan valyuta resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi hamda amalda valyuta konvertatsiya yopildi.
Bojxona tizimida ham proteksionizm (mahalliy ishlab chiqaruvchilarni chet el raqobatidan himoyalash) siyosati qoʻllanildi. Xorijiy investitsiya oqimi kamaydi. Albatta, bu oʻzgarishlar asosan Karimov irodasi bilan boʻlganini ham qayd etish joiz.
Eng mashhur Bosh vazir
Sultonovdan soʻng Oʻzbekiston hukumati rahbarligini ancha tajribali, ilgari Jizzax va Samarqand hokimi boʻlib ishlagan Shavkat Mirziyoyev egalladi.
Mirziyoyevning bosh vazirlik davri Oʻzbekistonning yopiqlik siyosati vaqtiga toʻgʻri keldi. Islom Karimov bir necha bor Prezident vakolatlari bosqichma-bosqich Bosh vazirga o‘tkazilishi aytgan bo‘lsa-da, amalda bu yuz bermadi.
“Men Vazirlar Mahkamasida 13 yil mebellarga qorovullik qilib o‘tirganim yo‘q. Hamma narsani bilaman. Shuning uchun eski komandadan birorta odam qolgani yo‘q.
Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lishidan oldin Samarqand hokimi lavozimida ishlagan
Har safar 20-fevralda majlis bo‘lardi, hammamiz ikki oy kutardik. Nimani kutardik? Sakkiz foizlik “badiiy asar”ni kutardik. Bunaqangi sakkiz foizni “badiiy asar” deydilar. Yalpi ishlab chiqarish sur’ati o‘sishi sakkiz foiz bo‘lgan mamlakatda sil va boshqa kasalliklar bo‘lmaydi.
Bir xillar aytishi mumkin – sen Bosh vazir bo‘lib turib, shularni bilmagansan, deb. Bilganman, lekin atrof juda chatoq edi. Buni bilgan odam biladi. Shuning uchun men ochiqchasiga gaplashyapman. Bu birovga yoqadimi-yoqmaydimi, menga endi baribir. Xalqimiz endi bizni kechirmaydi”, deya o‘zining bosh vazirlik davriga ta’rif bergan Shavkat Mirziyoyev.
2016-yil Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezident etib saylanadi va Bosh vazirlikdan ketdi. Yangi davlat rahbari davrida mamlakat jahon hamjamiyatiga qaytdi. Paxta monopoliyasi tugatildi, qoʻshnilar bilan aloqalar normallashtirildi, konvertatiya ochildi.
Amaldagi Bosh vazir
2016-yilda 14-dekabrda Oʻzbekiston Bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov saylandi. Aripov bunga qadar Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bosh direktori, Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori, Bosh vazir oʻrinbosari kabi mansablarda oʻzini koʻrsatgandi.
“14 yil bosh vazir boʻlgan odam va uch marta ushbu lavozimga qayta tayinlangan shaxs sifatida bosh vazirning yuragidan qanday hislar oʻtayapti, bilaman. Abdulla Nigʻmatovichni 20 yildan buyon bilaman. Koʻp yillar yonma-yon birga ishlaganmiz. Hayotda koʻp ogʻir tuhmatlarga qolgan, lekin shularni jasorat bilan yengib, hech qachon singan emas. Men shu lavozimda vaqtincha boʻlganimda ham bosh vazir oʻrinbosari qilib, Abdulla Aripovni adolat yuzasidan qaytarganim, bejiz emas”, degandi Prezident Shavkat Mirziyoyev Abdulla Aripov haqida.
Abdulla Aripov Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlagan
Abdulla Aripov davrida Prezident irodasi bilan, uzoq yillardan buyon hal boʻlmay kelayotgan chegaralarni delimitatsiya qilish masalasi, nihoyat, ijobiy hal qilindi. Bosh vazir rahbarligidagi Oʻzbekiston komissiyasi Qirgʻiziston va Tojikiston bilan qiyin chegara muammolariga yechim topdi.
Qirgʻiziston Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Abdulla Aripovning muzokaralardagi qatʼiyatliligi, shu bilan birga doim dialoglarga tayyor ekanini taʼkidlagan.
Shunday qilib, Oʻzbekiston Jumhuriyati tuzilgandan buyon 20 nafar inson respublikaning ikkinchi (baʼzida uchinchi) muhim shaxsi – Bosh vazir vazifalarini bajardi. Ularning har biri mamlakat tarixida oʻziga xos iz qoldirdi va qoldirmoqda.
Muhammadqodir Sobirov
Adabiyot
Til
Jarayon
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Til
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q