2026-yilda jurnalistlarni qanday oʻzgarishlar kutyapti?


Saqlash
11:47 / 09.02.2026 118 0

Har yili mediatahlilchilar sohaga oid yangi kutilmalarni eʼlon qiladi. Ularda jurnalistlar, tahririyat masʼullari uchun tavsiyalar, kontent yaratishga doir muhim fikrlar boʻladi. Xoʻsh, bu yil media olamda qanday oʻzgarishlar roʻy berishi kutilmoqda? 

 

Klassik “Hamster gʻildiragi” parchalanishi mumkin

“Hamster gʻildiragi” va undagi sichqoncha qancha harakat qilsa ham, joyidan bir qadam jila olmasligi hech birimizga sir emas. Virjiniya universiteti media professori Seth Levisning fikricha, bugungi kunda tahririyatlardagi yangilik yozuvchilarning faoliyati ana shu sichqonchaning harakatiga oʻxshaydi. Ular doimiy yangiliklarni kuzatish, shov-shuv orqasidan yugurish natijasida chuqur tahlil va original reportajlarga vaqt ajratolmay kelyapti. Bu sichqonchaning doirada qolish uchun harakat qilganidek, jurnalistning ham tafakkursiz hajm ortidan yugurishidir.

 

Soʻnggi kuzatuvlarga koʻra, 2026-yilda sunʼiy intellekt sabab jurnalistikadagi “hamster gʻildiragi” – doimiy harakat bor, lekin natija juda kam mazmunidagi metafora oʻz maʼnosini yoʻqotadi. Hatto butunlay parchalanishi mumkin. Bu esa jurnalistlarni tezlikni bir chetga surib, yaratajak materiallarini oʻqishli qiladigan boshqa omillarga eʼtibor qaratishga undaydi.

 

Oʻtgan oʻn yilni eslasak, texnika-texnologiyalarning kashfi “gʻildirak”ni tezroq aylanishiga zamin yaratdi. Masalan, mobil texnologiya jurnalistikani ish stolidan nisbatan ajratdi. Masofadan ishlash imkoniyati tugʻildi. Ammo bu oʻzgarishlar faqat mavjud holatni tezlashtirdi, xolos. Gʻildirakni aylantiruvchi dvigatel-inson, oʻz vazifasida qolaverdi.

 

“Sunʼiy intellekt rivojlangan sari jurnalistika asl mohiyatiga yaqinlashib boradi. U boshqa kasblar kabi insonlarni sohadan chiqarib yubormaydi, balki jurnalistlarga oʻz ishlarini nima uchun muhim va noyob ekanini aniqlashlari uchun sharoit yaratadi”, -deydi Seth Levis.

 

Shuningdek, SI jurnalistikaga yordam beradimi yoki kutuvlarni oshiradimi, bu koʻp jihatdan tahririyat rahbarlarining qarorlariga bogʻliq. Agar rahbarlar faqat “moliyaviy tejamkorlik” va “xodimlarni kamaytirish”ni oʻylasa, SI jurnalistlarga yordam bermaydi. Aksincha, unga texnik xodim sifatida qaralib, gazetchilar koʻproq ijod bilan band boʻlsa, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Xususan, dunyoda koʻplab tahririyatlar sunʼiy aql chiqishi bilan, xodimlarini qisqartirishni boshlagan. Olimga koʻra, bu xato amaliyot boʻlib, nashr xabarlarining sifati va oʻqishlilik darajasini tushirib yuborgan.

 

Ammo tanganing ikki tarafi bor deganlaridek, insonlar endi saytga kirib, xabar oʻqigandan koʻra sunʼiy intellekt taqdim etgan voqeaning qisqa mazmuni bilan kifoyalanishni boshlamoqda(masalan, Googleda Gemini chatboti). Natijada saytga kirishlar soni kamayib, koʻplab yangilik nashrlari faoliyatining davomiyligi savol ostida qoladi. Mutaxassislarning fikricha, bunday paytda insonlarni qiziqtiradigan hikoya (storytelling)lar, original reportajlar, tahlillar yaratish auditoriyani saqlab qoladi yoki shunday kontentlar yoqadigan muxlislarni jalb qiladi.

 

“Elektron matbuot guvohnomasi”ni yaratish zaruratga aylanadi

Axborot asrida jurnalistlar uchun “elektron matbuot guvohnomasi” yaratish juda zarur. Shu yoʻl bilan ularning matn va rasmlarini kriptografik tarzda himoyalab, oʻzgartirib boʻlmas holga keltirish mumkin.

 

Ezopning choʻponi yolgʻondan boʻri kelyapti, deb bir necha bor qishloq aholisini aldagani haqdagi masalni eslaylik. 2025-2026-yillarda “choʻpon” – algoritmga aylandi. U “qishloq”ni zaharli axborot: cheksiz chiqindi kontent va juda ishonchli koʻrinadigan deepfeyklar bilan toʻldirmoqda. Biz esa qishloq aholisi kabi holatdamiz. Oramizda ayrim odamlar xabar oʻqishni sekin-asta toʻxtatayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Gap axborot sifatida emas, balki qaysi biri haqiqat, qaysi biri yolgʻon ekanini ajratish tobora qiyinlashib borayotgani haqida ketyapti. Bu holat “Yolgʻonchi dividendi” deb ataladi. Yaʼni, hamma narsa soxta boʻlishi mumkin boʻlgan paytda, har qanday kontentning qiymati goʻyoki nolga tushib ketadi. Ammo aynan shu yerda imkoniyat paydo boʻladi. Agar SI asrida chalkashlik bir bozor boʻlsa, unda aniqlik va ishonch eng qimmatli mahsulotga aylanadi. Buni tushunib yetgan media kompaniyalari zarur chora-tadbirlarni koʻra boshladi. Yirik axborot agentliklari jurnalistlarini Leica, Sony va Nikon kabi kompaniyalarning C2PA texnologiyasiga ega kameralar bilan taʼminlay boshladi. Yevropa radioeshittirish ittifoqi (EBU) va BBC esa bu texnologiyani televideniyega qanday joriy etish ustida ishlamoqda.

 

Menimcha, ular cheksiz sunʼiy (soxta) kontent boʻlgan dunyoda, isbotlangan haqiqat – eng kamyob va qimmat boylik ekanini yaxshi tushunishadi. Odamlarning esa sifatli kontentga ragʻbat koʻrsatish ehtimoli yuqori.

 

“2015-yilda biz internetda yashil qulf (HTTPS) uchun kurashgan edik. Bu mediada xavfsizlik masalasida yaxshi natijalarga erishishimizga sabab boʻldi. 2026-yilda esa medianing haqiqiyligini isbotlaydigan, koʻzga koʻrinadigan, kriptografik belgilarni yaratishni niyat qildik. Maʼlumot manbasining eng boshidayoq haqiqiylik belgilari joylashtiriladigan tizimlarni ishlab chiqamiz. Bu oʻquvchilarga haqiqatni yolgʻondan ajratishda yordam beradi. Oʻzimiz olib borgan tadqiqotlar va hamkorliklar shuni koʻrsatadiki, media mahsulotiga kontekst va kriptografik isbot qoʻshilganida, biz faqat oʻquvchini emas, jurnalist mehnatining qiymatini ham himoya qilamiz”, deydi Stenford va Janubiy Kaliforniya universitetlari huzuridagi huquq dasturi direktori Basile Simon.

 

“Qayta ishlab chiqaruvchi media” ommalashadi

Ijtimoiy tarmoqlarda fotografik haqiqatning oʻlimi va uning oʻrnini sunʼiy intellekt asosida yaratilgan tasvirlar egallashi haqidagi fikrlar koʻpayib bormoqda. Tanqidiy media materiallari tadqiqotchisi Annie Rudning fikricha, bunday fikrlar Photoshop ishga tushirilgan pallalarda ham urchigan. Bu safargi “fotografiya oʻldi” degan gaplarning sababi – Nano Banana Pro, yaʼni Gemini 3 Pro Image. (Googleʼning sunʼiy intellekt asosidagi eng yangi tasvir yaratish vositasi) Nano Banana Pro haqida “haqiqiy suratdan ajratib boʻlmaydigan darajada real” degan taʼriflar berilmoqda.

 

“SI yordamida rasm yaratishning boshqa usullari kabi, Nano Banana Pro fotografiyadan tubdan farq qiladigan texnologiyadir. Fotografiya real hayotdagi odamlar, buyumlar yoki muhitni tasvirlasa, SI tasvir generatorlari ulkan maʼlumotlar bazasiga tayanib rasm yaratadi. Yaʼni ular hayotni “koʻrmaydi”, balki mavjud maʼlumotlarni qayta yigʻib, oʻxshash tasvirlar chiqaradi. Shu maʼnoda, bularni “qayta ishlab chiqaruvchi media” deb atash mumkin”, deydi tadqiqotchi.

 

Bundan kelib chiqadiki, 2026-yilda koʻplab axborot vositalari SI yordamida yaratilgan tasvirlarni faqatgina suratlar real voqeani aniq aks ettirishi shart boʻlmagan jurnalistika sohalarida ishlatadi. Chunki gazetada har doim ham barcha fotosuratlardan mutlaq aniqlik talab qilinmaydigan boʻlimlar mavjud. Bu joylarda avvaldan “yangilik illyustratsiyalari” (voqeani tushuntiruvchi, ramziy rasmlar) ishlatib kelinadi. SI rasmlar aynan shu sohalarda koʻproq qoʻllanilishi kutilmoqda.

 

Kraudsorsing (maʼlumot toʻplashda keng ommaga yuzlanish)ga asoslangan jurnalistik tekshiruvlar ommalashadi

Tobora aholi ishtirokida maʼlumot yigʻish orqali olingan hisobotlar muhim ahamiyat kasb etyapti. Rasmiy manbalarga kirish imkoniyati kamayib borarkan, kraudsorsing koʻplab tahririyatlar uchun majburiy yechimga aylanmoqda.

 

ProPublica va Correctiv kabi tahririyatlar yillar davomida auditoriya bilan ishlash va kraudsorsingga ixtisoslashgan maxsus jamoalarni shakllantirgan. Ular jurnalistlar uchun brauzer qoʻshimchalari yaratgan, minglab foydalanuvchilardan iborat panellar tuzgan va onlayn soʻrovnomalar orqali muhim savollarga javob topgan.

 

Bloomberg jurnalisti Leon Yin voqelikka quyidagicha izoh bergan: “Bunday materiallar katta imkoniyatlar borligini koʻrsatadi, lekin kraudsorsingning cheklovlari ham bor. Odamlarni jalb qilish qiyin, ishtirokchilar hamma qatlamni toʻliq aks ettirmasligi mumkin va bunday loyihalarni yuritish koʻp vaqt talab qiladi. Bu borada bir muhim jihat – jurnalistlar insonlarga ularning maʼlumotlari qanday ishlatilishi, yashiriladimi-yoʻqmi, qanday xavflar borligi haqida ochiq aytishi kerak. Men Nyu-Yorkda Uber, Lyft haydovchilarning mehnat sharoitlarini oʻrganish uchun WhatsApp bot yaratganimdan keyin kraudsorsingning kuchiga ishondim. Biz haydovchilarga qulay boʻlgan joyda ularni topdik, ular esa bizga ishonib, suhbatlar va dalillarni taqdim etishdi”.

 

Jurnalistikada asosiy savol oʻzgaradi

Documented sayti bosh muharriri Ethar el Katatneyninng yozishicha, joriy yilda katta auditoriyaning ortidan quvish tendensiyasi oʻz mazmunini yoʻqotadi. “Yangiliklarning kelajagi kimga xizmat qilishini aniq tanlay oladigan tashkilotlarga tegishli boʻladi. Toʻgri, bunday auditoriyani topish qiyin. Lekin katta auditoriyani quvish sadoqat olib kelmaydi. Sadoqat uzoq vaqt davomida eʼtibordan chetda qolgan jamoalarga sarmoya kiritish orqali paydo boʻladi”, deydi muharrir. Yaʼni, jurnalistning prognoziga koʻra, 2026-yilda tahririyatlar sadoqat faqat nashr qilish bilan emas, balki doimiy ishtirok, savollarga javob berish, odamlarga haqiqatan kerak boʻlgan paytda foydali boʻlish orqali paydo boʻlishini tushunib yetadi.

 

Xulosa qilib aytganda, 2026-yil jurnalistika uchun texnologik emas, balki mazmuniy va ijodiy burilish yili boʻlishi mumkin. Zotan endi auditoriya shunchaki kuzatuvchi, jurnalist – monopol kontent yaratuvchi emas. Bundan kelib chiqadiki, jurnalistikaning kelajagi koʻp jihatdan texnologiyaga emas, ijodkorning oʻziga xos, original, ishonchli materiallariga bogʻliq, deyish mumkin.

 

Mehrinoza FARMONOVA

 

HTTP - HyperText Transfer Protocol Secure degan soʻzlarning qisqartmasi, yaʼni xavfsiz internet aloqa protokoli.

Deepfake - sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan soxta video, audio yoki rasm boʻlib, u haqiqiy odam juda ishonarli tarzda nimadir aytayotgandek yoki qilayotgandek koʻrinadi.

Uber, Lyft - telefon orqali chaqiriladigan taksi xizmatlari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 94
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//