Avariyadan oldingi suhbat, sevilmagan boʻri va aks: gʻoyani ortiqcha soʻzsiz anglatuvchi ijtimoiy roliklar


Saqlash
17:30 / 06.02.2026 273 0

Sahna yuzini koʻrajak har qanday gʻoya shunchaki fikr va kadrlar toʻplami emas, tomoshabinni mulohaza qilishga undaydigan, uning navbatdagi tanlov va qarorlariga ham taʼsir qila oladigan mahsulot boʻlishi kerak kerak. Shundagina uni ijodkorlarning haqiqiy yutugʻi, deyish mumkin boʻladi. Xalqaro media olamida sanalgan xislatlarga boy ijtimoiy roliklar talaygina. Ularning baʼzilari tovar va xizmatlar reklamasi yoki biror tashkilotning targʻibot roligi sifatida taqdim etilsa-da, oʻquvchi uni koʻrish uchun sarflagan vaqtiga umuman achinmaydi, aksincha, ibratli xulosa oladi. Oyina.uz ana shunday 5 ta rolikning qisqacha mazmuni va unga havola bilan sanab oʻtadi.

 

Sevilmagan boʻri. Intermarché fransuz supermarketlar tarmogʻi roligi

 

 

Illogic Studios fransuz animatsiya studiyasi tomonidan fransuz supermarketlar tarmogʻi uchun tayyorlangan bu rolik mamlakat tarixidagi eng samarali rolik deb baholandi.

 

Qisqa muddatda dunyo boʻylab virus kabi tarqalgan ushbu rolik tomoshabinda yirtqich boʻriga nisbatan noanʼanaviy tarzda muhabbat uygʻotadi. Oʻrmonda barcha hayvonlar qoʻrqib, uni koʻrishi bilan qochadigan yolgʻiz boʻri – rolikning bosh qahramoni sifatida gavdalanadi. Film oilaning kechki ovqat dasturxoni sahnasidan boshlanib, yolgʻiz boʻri haqidagi illyustrativ hikoya sahnasiga oʻtadi. Oila aʼzolari koʻtarinki kayfiyatda Yangi yil dasturxoni atrofida yigʻiladi. Lulu ismli kichkintoy ichida oʻyinchoq boʻri boʻlgan sovgʻa qutisini ochishi bilan qoʻrqib, uni qaytarib beradi. Sovgʻa egasi unga javoban doʻstlarining ishonchi va muhabbatiga erishish uchun vegetarianga aylangan boʻri haqida hikoya qiladi:

 

Bir oʻzi zerikarli hayot kechiradigan, biroq oʻrmon hayvonlari jamiyatining bir qismiga aylanishni xohlagan boʻri bir kun oʻzgarishga qaror qiladi: hayvonlarni ov qilishdan bosh tortib, sabzavot va qoʻziqorinlardan ovqat tayyorlashni oʻrganadi. Oʻrmon kezib, daraxtni odatdagiday bir silkitadi-yu, qoʻliga tushga olmaxonni rahmdillik bilan qoʻyib yuboradi va tamaddi uchun oʻrmondan meva-sabzavotlar izlay boshlaydi.

 

Sabzidan qovurma, kartoshkadan pyure, qoʻziqorindan qayla kabi goʻshtsiz mahsulotlardan tayyorlangan taomlar bilan tuzalgan Rojdestvo dasturxoniga oʻrmon aʼzolarini taklif qilgan boʻri bayramni bu safar oʻzgacha kutib oladi va shu tariqa, oʻrmon oilasining mehr-muhabbatini qozonadi.

 

Xato. Tezlik oʻldiradi

 

 

Avtomobil yoʻli – xatolardan saboq olib, darhol tuzatish mumkin boʻlgan joy emasligini tushuntiruvchi ushbu ijtimoiy rolik Yangi Zelandiyaning Clemenger BBDO agentligi tomonidan mamlakat Transport vazirligi uchun suratga olingan.

 

Tasavvur qiling, avariyagacha bir daqiqaga vaqtni toʻxtatish imkoni boʻlsa nima qilardingiz? Tabiiyki, javoblar turlicha. Rolik qahramoni boʻlsa mashinadan tushib, xatar oldini olishni muhokama qiladi, ulguraman deb oʻylagani, mashina orqasida oʻgʻli borligini aytib uzr soʻraydi va boshqa tarafdan kelayotgan haydovchidan avtomobilni toʻxtashini iltimos qiladi. U tezlikni darhol kamaytirib boʻlmasligini tushuntiradi va rolik kadrlari reallikka ulanib, mashinalar dahshatli shaklda avariya boʻladi. Chunki haqiqiy hayotda vaqtni toʻxtatish imkonsiz, lekin u xatoga qoʻl urmaslik tanlovi hamisha bor.

 

Rolikdagi suhbat:

– Juda afsusdaman. Ulguraman deb oʻylagandim…

– Yoʻlga toʻsatdan chiqding. Toʻxtolmay qoldim

– Ha, odatiy xato

– Bilaman, sekinroq yurishim mumkin edi, biroq…

– Iltimos, mashina orqasida mening oʻgʻlim oʻtiribdi

– Men juda tez kelayotgandim. Meni kechir…

 

Rolik “Boshqalar xato qiladi. Tezlikni kamaytir” degan yozuv bilan tugaydi.

 

Insonlar oʻzgaradi, plastiklar esa yoʻq

 

 

Vaqt hamisha har bir tirik jonga oʻz taʼsirini koʻrsatib kelgan. Lekin plastik mahsulotlar tashqi omil taʼsirisiz umuman oʻzgarmay qolaveradi.

 

Nestle kompaniyasi buni koʻrsatish uchun 20-yil davomida chaqaloq bilan birga dengizga tashlangan plastik ichimlik naychasi (trubochka)ni solishtiradi. Bu muddat ichida bola sezilarli darajada oʻzgaradi, lekin plastik oʻz shaklini yoʻqotmaydi.

 

Rolik – kompaniya ichimliklar ishlab chiqarishda toʻliq qogʻoz trubochkalarga oʻtganini maʼlum qilishdan tashqari, global muammo – plastik chiqindilarning ekologiyaga, suv osti dunyosi, uning vakillari, jumladan, dengiz toshbaqalarining yoʻqolib borishiga taʼsiri haqida ham soʻzsiz gapiradi.

 

Aks. Bolaga oʻrgatmang, unga namuna boʻling

 

 

Farzand tarbiyasida eng yaxshi usul – unga namuna boʻlish. Bolaga nimani oʻrgatmang, amallaringiz unga qarshi boʻlsa har qancha gap, dakkining ham ahamiyati boʻlmaydi. Qisqa qilib aytganda, ularning kelajagini qanday koʻrishni istasangiz, xuddi shunday oʻrnak boʻlish, oʻrgatganingizga mos xatti-harakatlar qilishingiz yetarli.

 

Farzand – ota-onaning koʻzgudagi aksi ekanini koʻrsatuvchi ushbu rolikda bolalar kattalardan koʻrganini boricha takrorlaydi. Avvaliga bu elementar harakatlarga taqliddek tuyuladi, lekin oilalarga, jamiyatga, bora-bora insoniyatga zarar yetkazadigan harakatlarni ham afsuski, ular ota-onasidan koʻrib takrorlayotgani aks etadi: bola poyezd kutarkan, qoʻlida yoʻq soatiga qaraydi, qoʻlini qulogʻiga telefon kabi tutib, shoshib yuradi, voyaga yetmay sigaret tutatib, qoldigʻini yerga tashlaydi va uni xuddi onasi kabi oyogʻida majagʻlaydi. Bolalar aravachasi va yuk koʻtargan ayol oldidan ota, uning ketidan yosh bola ham aylanib oʻtadi, chiqindini yerga uloqtiradi. Ahvol shu darajaga boradi-ki, bola ota yo onasining ortidan hayvonlarga tosh otib, onasiga qoʻl koʻtaradi, bolaga baqirib, onasiga doʻq-poʻpisa qiladi.

 

Rolik soʻngida: “bola koʻradi, bola bajaradi” degan yozuv ortidan ayolning yerga toʻkilgan mevalarini terishga yordam berayotgan ota va farzand kadri aks etadi.

 

Manfaatsiz yaxshilik

 

 

Insonning hech qanday manfaat kutmasdan qilgan ezguliklari, u kichik yordam boʻlsa-da, buyuk minnatdorlik hissini uygʻotadi. Tayland sugʻurta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu ijtimoiy rolik insonlarni hech qanday javob, foyda koʻzlamay yaxshilik qilishga chorlash bilan birga, boshqalarda yaxshilikka ishonish tuygʻusini shakllantiradi.

 

Rolik qahramoni har kuni bir xil yaxshilik qilishdan charchamaydi: tomdan oqayotgan suvni gul tuvakka yoʻnaltiradi, ayolning aravasini koʻtarishga yordamlashadi, taomining eng sara qismi – goʻshtini oldiga kelgan it bilan boʻlishadi, farzandining taʼlimi uchun tilanchilik qilayotgan ona va bolaga sanoqli qolgan pullaridan ajratadi, qariyaga yegulik boʻlsin, deya eshigida banan qoldiradi. Va bu ishlarni har kuni takrorlashdan zerikmaydi.

 

Bu bilan qahramon hech nimaga erishmaydi, boyroq yoki mashhur boʻlib ham qolmaydi. Lekin uning bu harakatlari jamiyatga pul bilan sotib olib boʻlmaydiganlarni, uning oʻziga boʻlsa bebaho emotsiyalarni tuhfa etadi: tuvakdan gul unadi, ogʻir mehnat bilan oʻralashib qolgan ayol hayotga kulib qaray boshlaydi, it yigitga doʻst-hamroh boʻladi. Rolik soʻngida qahramon qizining oʻqishi uchun pul yigʻib oʻtiradigan ayolni yolgʻiz oʻtirganini koʻradi. Qizaloq boʻlsa endi maktabdan qaytayotgan boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Til

12:03 / 03.03.2026 0 16
Nega ayrim eski turk bitiklari oʻqilmayapti?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//