Buxoro amiri Nasrullo nega ingliz elchilarini qatl qildirgan edi?


Saqlash
15:48 / 06.02.2026 23 0

Polkovnik Charlz Stoddart va kapitan Artur Konollining 1842-yilda Buxoroda fojiali tarzda halok boʻlishi tarixi koʻplab afsonalar bilan oʻralgan boʻlib, ular koʻpincha asl haqiqatni soyada qoldiradi. Eng keng tarqalgan yanglish qarashlardan biri shuki, Stoddart goʻyo amir saroyi oldida otdan tushmagani uchun qatl etilgan. Biroq tarixiy faktlar vaziyat ancha murakkab boʻlganidan dalolat beradi.

 

Darhaqiqat, Stoddart 1838-yil 17-dekabrda Buxoroga kelganida qatʼiy tartib-qoidani buzib, faqat hukmdorga ruxsat etilgan Ark hududiga otda kirib boradi. Ammo bu mojaroning boshlanishi edi, xolos. Stoddart qabul oldidan qurolini topshirishdan bosh tortib, kutilgan sovgʻalarni taqdim qilmay va eng muhimi, anʼanaviy taʼzimni harbiycha sharaflash (chest berish) bilan almashtirib, vaziyatni yanada chigallashtiradi. Qatl hukmi birgina qoidabuzarlikning emas, balki uzoq davom etgan qarama-qarshilik, josuslikda gumon qilish va inglizlarning Afgʻonistondagi magʻlubiyatidan soʻng oʻzgargan geosiyosiy vaziyatning mahsuli edi.

 

Stoddart missiyasidagi Londonga bogʻliq tub muammo – uning diplomatik maqomi edi. Polkovnik Buxoroga qirolicha Viktoriyaning ishonch yorligʻisiz, faqatgina Hindiston general-gubernatorining maktubi bilan kelgandi. Oʻzini buyuk hukmdor deb bilgan amir Nasrullo uchun maktubni oʻziga teng monarxdan emas, balki yollanma amaldordan olish qattiq haqorat va Stoddartning soxta elchi ekanligiga ishora sifatida qabul qilinadi. Manbalarning tasdiqlashicha, 1842-yildagi qatl paytiga qadar Buxoroga Britaniya tojidan hech qanday rasmiy maktub kelmagan, bu esa diplomatlarni amir nazdida xalqaro huquq himoyasidan mahrum qilgan.

 

Londonning diplomatik noʻnoqligi vaziyatni butunlay boshi berk koʻchaga kiritadi. Asirlarning maqomiga oydinlik kiritish maqsadida amir Nasrullo taxminan 1841-yilda qirolicha Viktoriyaga rasmiy maktub yoʻllaydi. Biroq Britaniya monarxidan toʻgʻridan-toʻgʻri javob kelmaydi. Maktub lord Palmerston tomonidan Kalkuttaga yoʻnaltirilib, javob Sharqiy Hindiston kompaniyasi mulozimlaridan keladi. Londonning bu “byurokratik sukuti”ni amir Britaniya Buxoro suverenitetini hurmat qilmasligi va oʻz zobitlari taqdiriga befarq ekani deb qabul qiladi. Ayni shu eʼtiborsizlik “jallod”larning qoʻlini yechgan hal qiluvchi omillardan biriga aylandi.

 

Eʼtiborga loyiq jihati shundaki, Charlz Stoddartda Britaniyaning geosiyosiy raqiblari tomonidan taklif qilingan najot yoʻli bor edi. 1841-yilning bahorida amir Rossiya diplomatiyasining “qattiq iltimosi”ga koʻra Stoddartga rus savdogarlari yoki diplomatlari hamrohligida Buxoroni tark etishga ruxsat beradi. Stoddart hatto bir muddat rus missiyasiga ajratilgan uyda istiqomat ham qiladi. Biroq ingliz zobiti bu rejani qatʼiy rad etib, oʻz ozodligi uchun Rossiyadan qarzdor boʻlishni xohlamaydi. Bundan tashqari, u ketish uchun rahbariyatidan toʻgʻridan-toʻgʻri buyruq olmagani uchun ketishni or-nomusiga zid deb hisoblaydi. Uning oʻjarligi va “sharaf” tushunchasini notoʻgʻri talqin qilishi – najot uchun ochilgan yagona imkoniyat eshigini yopib qoʻyadi.

 

Rossiyaning bu mojarodagi pozitsiyasi pragmatizmga asoslangan edi. Sankt-Peterburg amirni inglizlarni qoʻyib yuborishga insonparvarlik yuzasidan emas, balki ularning qatl etilishi Britaniyaning Turkistonga bostirib kirishi uchun bahona (casus belli) boʻlishidan xavfsirab koʻndirmoqchi boʻladi. Rossiya mavjud maqomni (status-kvo) saqlab qolishga va janubiy chegaralarida Britaniya armiyasi paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikka intiladi. Shu bois, Buxoro va Orenburgdagi rus vakillari asirlarning qismatini yengillashtirishga jiddiy harakat qiladi.

 

Fojia sabablarini tahlil qilishda insoniy omilni ham eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi. Amir Nasrulloni shafqatsiz hukmdor sifatida tariflovchilar koʻp boʻlsa-da, Stoddartning xatti-harakatlari ham ingliz harbiysining taqdirida halokatli rol oʻynaganini ham aytib oʻtish kerak. Haqiqiy va moslashuvchan diplomatlardan farqli oʻlaroq, u asirlikda oʻzini oʻta takabbur tutadi, irqiy va imperiyaviy ustunlikni namoyish etib, mahalliy urf-odatlarni ochiqdan-ochiq mensimaydi. Bu esa uni saroydagi ehtimoliy xayrixohlardan mahrum qiladi va amirni javob tariqasida shafqatsizlikka undaydi.

 

Polkovnikdan avvalroq, aniqrogʻi 1831-1833-yillarda Buxoroga tashrif buyurgan Aleksandr Byornsning sayohati Stoddart missiyasidan farqli ravishda ancha muvaffaqiyatli kechgan. Madaniy moslashuv, sharqona libos kiyish va urf-odatlarga hurmat taktikasini tanlagan Byorns, razvedka vazifalarini toʻla-toʻkis bajarib, eson-omon qaytishga erishadi. Uning yutugʻi shuni koʻrsatadiki, Buxoro amiri bilan til topishish mumkin edi va fojiaviy yakun faqatgina hukmdorning shafqatsizligi bilan belgilanmagandi.

 

Bu voqeaga 1843-1845-yillarda Buxoroga kelgan “gʻalati feʼl-atvorli” missioner Jozef Volf soʻnggi nuqtani qoʻyadi. Oʻlim xavfiga qaramay, u amir tomonidan qabul qilinishga erishadi, qatl faktini tasdiqlab, tirik qaytishga muvaffaq boʻladi. Bu esa “kallasini olish” har qanday chet ellikka nisbatan avtomatik jazo emas, balki aniq siyosiy boshi berk koʻchaning natijasi ekanligini yana bir bor isbotlaydi.

 

Aslida Buxorodagi fojia alohida hodisa emas, balki XIX asrda Britaniya va Rossiya imperiyalari oʻrtasida Markaziy Osiyoda taʼsir doirasi uchun olib borilgan “Buyuk oʻyin” (The Great Game)ning keng qamrovli kontekstiga mos kelardi. Taxminan 1830-yillarda boshlangan bu raqobat Londonning Rossiya tomonidan “Britaniya tojining gavhari” boʻlmish Hindistonga yurish qilinishidan xavotiri hamda Peterburgning inglizlar Osiyo ichkarisiga kirib kelishidan choʻchishi bilan bogʻliq edi. Rossiya bufer hududlar yaratish maqsadida Turkiston yerlarini izchil zabt etgan boʻlsa, Britaniya Buxoro singari mahalliy xonliklardan rus taʼsirini toʻxtatish vositasi sifatida foydalanishga urinardi. Bu “oʻyin”da Stoddart va Byorns kabi diplomatlar imperiyalar qoʻlidagi shunchaki piyodaga, mahalliy hukmdorlar, jumladan Amir Nasrullo esa manipulyatsiya qurboniga aylandi.

 

Bu davrda inglizlarga boʻlgan ishonch ularning tajovuzkor tashqi siyosati, ayniqsa, mustaqil Osiyo davlatlariga nisbatan tutgan yoʻli tufayli zaiflashgan edi. Birinchi ingliz-afgʻon urushi (1839-1842) paytida Britaniyaning afgʻon amiri Doʻst Muhammadxonga munosabati bunga yorqin misoldir. Inglizlar Doʻst Muhammadxonni Rossiya bilan aloqada gumon qilib, uning xalq orasidagi obroʻsiga qaramay, taxtdan agʻdardi va oʻzlariga sodiq boʻlgan Shoh Shujoni taxtga oʻtqazdi. “Rus bosqini” xavfidan qoʻrquv asosida amalga oshirilgan bu aralashuv fojia bilan tugaydi: Britaniya armiyasi 1842-yilda Kobuldan chekinish chogʻida minglab askarlarini yoʻqotib, ogʻir magʻlubiyatga uchraydi.

 

Oxir-oqibat London Doʻst Muhammadxonni taxtga qaytarishga majbur boʻladi. Bu voqealarni kuzatib turgan Buxoro amiri uchun inglizlarning xatti-harakatlari ularning samimiy emasligini va tahdid solishi mumkinligini tasdiqlardi.

 

Mustamlakachilik siyosatining bunday jihatlari boshqa hududlarda ham namoyon boʻldi. Xitoy bilan boʻlgan Birinchi afyun urushi (1839-1842) Britaniya harakatlarining qanchalik adolatdan yiroq ekanligini yaqqol koʻrsatadi.

 

Markaziy Osiyo sharoitida bunday voqealar mahalliy hukmdorlarning shubhalarini kuchaytiradi: agar Britaniya afyun savdosi uchun urush boshlashi mumkin boʻlsa, uning Buxoro yoki Afgʻonistonga yuborgan “doʻstona” elchilari ham faqat tajovuz uchun bahona boʻlib tuyulardi.

 

Stoddart va Konolli fojiasiga oʻxshash voqealarni Xorazm xonligida ham kuzatish mumkin. Bu yerda XVIII asr boshlarida rus vakillari bilan ham shunga oʻxshash fojia sodir boʻlgan edi. 1717-yilda Xorazm bilan diplomatik va savdo aloqalarini oʻrnatish, shuningdek razvedka qilish uchun Pyotr I tomonidan yuborilgan knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi ekspeditsiyani halokatli boʻladi. Xorazm xoni Shergʻozixon ruslarni josuslik va harbiy tahdidda gumon qilib (ekspeditsiya 4000 kishidan iborat boʻlib, bu aslida qoʻshin edi), ularning barchasini qirib tashlaydi. Rasman diplomatik boʻlgan bu ekspeditsiya aslida razvedka va bosqinchilikka tayyorgarlik unsurlarini oʻz ichiga olgan boʻlib, xonning shubhalari asossiz emasdi.

 

Bu yerda Buxorodagi voqea bilan oʻxshashliklar yaqqol koʻzga tashlanadi: har ikki holda ham “elchilar” mahalliy urf-odatlarni mensimagan, xonlik hukmdorlari esa ularda oʻz mustaqilligiga tahdid koʻrgan. Biroq farqlar ham muhim: Xivaga ruslar katta harbiy kuch bilan kelgan boʻlsa, Stoddart va Konolli koʻproq diplomatik vakillar edi. Shunga qaramay, ularning xatti-harakatlari imperiyacha kiborlikni aks ettirardi. Bu oʻxshashliklar umumiy qonuniyatni koʻrsatadi: Yevropa imperiyalari (Britaniya va Rossiya) “diplomatiya”ni kengayish uchun niqob sifatida ishlatib, mahalliy hukmdorlarning qarshiligini keltirib chiqargan.

 

Uzoq muddatli istiqbolda ikkala voqea ham bunday hodisalar keyingi bosqinchilik harakatlarini oqlash uchun qanday xizmat qilganini koʻrsatadi: Rossiya 1873-yilda Xivani zabt etish orqali Bekovich uchun oʻch oladi, xuddi Britaniya Afgʻonistondagi muvaffaqiyatsizliklaridan mintaqadagi keyingi harbiy yurishlarini asoslash uchun foydalangani kabi.

 

Umuman olganda, Britaniyaning niyatlarini baholaganda, London Buxoroga samimiy va begʻaraz yordam koʻrsatishni rejalashtirmagani haqida xulosa chiqarish mumkin. Missiyalarning asosiy maqsadi Hindistonni himoya qilish uchun Rossiyaga qarshi bufer hudud yaratish edi. Britaniya toʻlaqonli ittifoqchi sifatida masʼuliyatni zimmasiga olmasdan, Buxorodan shunchaki vosita sifatida foydalanishga intildi. XIX asrning 40-yillaridagi logistik qiyinchiliklar va Afgʻonistondagi magʻlubiyat Buxoroni Britaniya mustamlakasiga aylantirish imkonini bermagan boʻlsa-da, amirning xavotirlari asosli edi.

 

Inglizlar hukumatni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga uringan Afgʻoniston misoli Londonning “yordami” osonlikcha tajovuzga aylanishi mumkinligini koʻrsatdi. Bu davrga kelib, “Afyun urushi” va boshqa mustamlakachilik harakatlari fonida Osiyoda inglizlarga boʻlgan ishonch juda past edi: ularning siyosati mahalliy hukmdorlar tomonidan resurslar va hududlar uchun shafqatsiz kurash sifatida qabul qilindi. Natijada, Britaniyaning “marhamatidan” voz kechgan Buxoro Rossiya bilan yolgʻiz yuzma-yuz qoldi, bu esa kelajakda uning mustaqilligini yoʻqotishiga olib keldi.

G‘ayratxo‘ja G‘afforxoʻja o‘g‘li,

“Fikrat” dasturi boshlovchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 50
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand

Mafkura

16:02 / 05.02.2026 0 348
Hukmronlikning yangi shakli

Tarix

16:02 / 05.02.2026 0 101
Saroymulkxonimning ajdodlari kim bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//