Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand


Saqlash
17:19 / 05.02.2026 22 0

Yunus Rajabiy ko‘chasi 20-uy. Poytaxtning so‘lim manzilida joylashgan. Ko‘cha bo‘ylab borarkansiz, muhtashamlikni his qilasiz, sokinlik yuragingizga inadi. Bir paytlar shu yerlarda akademik Yunus Rajabiy yashab ijod qilganini o‘ylasangiz, xayollaringiz u kishi yaratgan ohanglar ila uyg‘unlashib ketadi. O‘zbek xalqining katta musiqiy merosi jamlanishi-yu bunyod bo‘lishiga guvoh xonadonda buyuk bastakor hanuz ijod qilayotganday go‘yo – jim-jit, hamma narsa o‘z holicha turibdi, xuddi Yunus ota hozir qayoqqadir chiqqan-u qaytib kelib izlanishda davom etadiganday. 

 

– Otamning ijodxonasi alohida edi. Onam “otangiz uyda ishlayapti” desa bas, hammamiz oyoq uchida yurardik. Tiq etgan ovoz ham u kishining kayfiyatiga ta’sir qilardi – deya eslaydi ustazoda Hasan Rajabiy. – Otam asosan tunda ishlar, ko‘pincha yarim kechasi soat ikki-uchlarda uyg‘onib ketsam, ijod xonasidan ting‘ir-ting‘ir musiqa ovozi kelardi. Sekin mo‘ralasam, stolning usti nota qog‘ozlar bilan to‘la bo‘lar, otam ko‘z qiri bilan menga qarab, “achchiq choy damlab kel” deb choynakni berib yuborardi. Bir kunda ikki-uch soat uxlar edi, xolos. Eslayman, ishxonada ham kechki payt ishlardi. Aytishlaricha, “Shashmaqom”ni yozib olishayotganda tramvay ovozining tinishini kutib, asosiy ishni tungi o‘n ikkidan keyin boshlashar ekan.  

 

Yunus Rajabiy o‘ziga qanday talabchan bo‘lsa, shogirdlariga ham shunday talab qo‘yardi. Shogirdlari ko‘p eslaydi, ularga “Ashulani shunchaki ashula qilmang, hamma eshitadigan qiling, unda qalb bo‘lsin” der ekan. Haqiqatan u kishi nimaga qo‘l urmasin, butun qalbini berib bajargan.

 

Otamizning xalq kuylarini to‘plab, qayta ishlab xalqimizga taqdim etishi igna bilan quduq qazishday mashaqqatli ish bo‘lgan. Xalq kuylarini yig‘ish ancha ilgaridan boshlangan. 1938-yili ikki jildlik “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” kitobi yaratilgan. Shu to‘plamga ko‘pgina bastakorlar xalq kuylaridan yig‘ib kiritishgan. Otam ham o‘shanda 200 ga yaqin qo‘shiqni kitobga yozib bergan ekan. Va shu kitob sabab u kishida o‘zbek xalq kuylarini yig‘ishga qiziqish kuchaygan. Qolaversa, musiqalarni quvvai hofizasida boshdan oxir saqlab qolish qobiliyati va yozish mahoratining kuchli bo‘lgani bois atrofidagilar o‘zbek xalq maqomlarini yig‘ib, bir kitobga jamlash taklifini berishgan. Va shu taklif sabab Yunus Rajabiy maqomni o‘rganib, yig‘ib, xalqqa beqiyos xazina taqdim etdi. Bu haqda otamning o‘zi shunday degan: 

 

“Qadimdan maqom deb aytilib kelgan klassik musiqiy yodgorligimiz IX, X, XIII asrlarda Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino va boshqa olimlar maqom ashulalarini chizma raqamlar va harflar bilan nota qilib yozishgan. O‘sha davrlardan to XVIII asrgacha “O‘n ikki maqom” deb aytilib kelingan. XVIII asrdan boshlab hamma maqomlar birlashtirilib, olti maqom, ya’ni shashmaqom deb yuritila boshlangan. Olti maqomning nomlanishi quyidagicha: Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq. Bu olti maqomning har birida mushkulot, ya’ni cholg‘u qismi va nasr deb ataluvchi ashula qismi bo‘lib, bu maqomlarning har birida 40 tadan to 60 tagacha ashula va musiqa qismlari bor. 1959-yilda radiokomitet qoshida maqomchilar ansambli tashkil qilindi, bu jamoaning mahorat bilan qattiq ishlashi natijasida 1967-yilga qadar maqomning ashula yo‘llari o‘rganilib, 25 soatlik ashula qismini magnit plyonkalariga hamda uzoq aylanadigan plastinkalarga yozdirdik”.

 

Otam oilada o‘n olti farzandning eng kichigi bo‘lgan. Yuz bilan yuzlashib yashagan buvimiz Oyshabibi har doim otamni “xazinaga yo‘liqqur” deb duo qilar ekan. Ota-ona duosi ijobat deydilar, haqiqatan buvimning supraqoqdisi katta bir xazinaga yo‘liqqan edi desam mubolag‘a bo‘lmas. Otamning otasi Rajab bobo katta yer egasi, o‘ziga to‘q, badavlat bo‘lgan, mol, ot, qo‘y boqib, qassobchilik qilgani uchun xalq orasida Rajab qassob atalgan. U kishi yetmish yoshdan sal o‘tib olamdan o‘tgani bois biz ko‘rmaganmiz. Bobomizning Novza dahasida gektarlab yerlari bo‘lib, ikki-uch joyiga  shiypon qilingan ekan. Keyinchalik bu yerlarni bobomiz uch aka-uka  – Shukurvoy, Rizqivoy va Yunusvoylarga bo‘lib bergan. Rajabboy qassob musiqa shinavandasi bo‘lganidan yoz pallalari shiyponga Mirza Qosim hofiz, Mulla To‘ychi hofiz, samarqandlik Hoji Abdulaziz va boshqa san’atkorlarni chorlab tongotar suhbatlar qilisharkan. Kattalarning xotirlashicha, otamiz kichikligida, to‘rt-besh yoshlar bo‘lgan chamasi, musiqa eshitsa, shu kuyga mahliyo bo‘lib qolar ekan. Ma’lumotlarga qaraganda, Motsart simfoniyani bir marta eshitsa xotirasida saqlab qolarkan. Kichik Yunusda ham shunday qobiliyat bor edi, kuyni bir eshitishdayoq boshdan oyoq yodlab qolardi. Bu xislat otamga buvimiz Oyshabibidan o‘tgan ekan. Buni kuzatgan otasi o‘zini doim rom qilib kelgan san’at olamiga o‘g‘lini yetaklagan. Kenjasini o‘zi boradigan sayillarga, hofizlar to‘planadigan choyxonalarga, takiyaxonalarga birga olib borgan ekan. Ana shunday muhitda o‘sgan Yunus Rajabiy bastakor, musiqa allomasi bo‘lib elga tanilib, xalqimizga bitmas-tuganmas musiqiy merosni kitoblarga jo qilib qoldirib ketdi. Otamiz bastakorgina emas, o‘zbek klassik musiqalarining mohir ijrochisi ham edi. Amakilarim ham el orasida mashhur san’atkorlar bo‘lishdi. Rajabboy ota istagi amalga oshgan edi.

 

Serfarzand Rajab qassobning kenjasi, bo‘y-basti baland, kelishgan Yunus Rajabiy ham serfarzand bo‘ldi. Biz o‘n ikki farzand (besh qiz, yetti o‘g‘il) edik. Onamiz Qumri momo uy bekasi, bolalarini oq yuvib, oq tarab o‘tirardi. Ko‘pincha otam onamga “sen hayot akademigisan” derdi kulib. O‘n ikki farzandni yo‘lga solish, eplash osonmi axir? Hammamiz mehnatda toblandik. Uyda hech birimiz yumushsiz o‘tirmasdik. Erta bahordan dalaga ko‘chish uchun ot-arava kelardi. Ustiga chiqib, bir to‘da bola chug‘urlashib dalaga ko‘chishning gashti o‘zgacha. Boqqa yetib borsak, o‘tlar bel barobar o‘sgan, hammayoq yashil. Sayroqi bulbullar sasi atrofdagi jimlikni buzib turardi. Havo hozirgidan yuz chandon toza, osmon tiniq, ariqlarda oqayotgan zilol suvdan ichib to‘ymasdik. Dalada ro‘zg‘orga kerakli hamma narsani – poliz ekinidan tortib, rezavorlar-u mevalargacha o‘zimiz yetishtirardik. Ortganini bozorga olib borib, pullab ham kelardik. Qishga tayyorgarlik ko‘rardik, mevalarni quritib, murabbo-yu tuzlamalarni g‘amlardik. Don-dunlar, xumlarda yog‘ni aytmaysizmi, hammasini qoplab g‘amlaganmiz. Otamiz ro‘zg‘orni but tutardi, go‘shtlarni tuzlab quritardi. Tiyramoh kelarkan yana aravamizga o‘tirib shahar hovliga yo‘l olardik. O‘ylab qarasam, bolaligimiz yomon o‘tmabdi. Ota-onam bizni mehnatga, kamtarlikka o‘rgatibdi. Otam doim hayot qisqa, lekin hamma narsaga ulgursa bo‘ladi der edi. Rostdanam, harakat qilsangiz, umringizga baraka berarkan Xudoyim.

 

Bu bolalar faqat dalada ishlagan ekan deb o‘ylamang. Dala ishlaridan tashqari qiziq-qiziq o‘yinlar ham o‘ynaganmiz. Masalan, diafilm apparati oberishganini yaxshi eslayman. Quvonchimiz ichimizga sig‘magan o‘shanda. Yerto‘lamizga joy qilib, mahalla bolalariga film qo‘yib berardik. Hamma qiziqib tomosha qilardi. O‘qish ham esimizdan chiqmagan, maktabda a’loga o‘qiganmiz. Yana shaxmat, shashka o‘ynardik. Hayvonot bog‘iga borishni ham yaxshi ko‘rardik. Mahallaning jinko‘chalarida g‘ildirak aylantirib orqasidan chopardik, o‘zimiz varrak yasab uchirardik, chillak, cherta (katta katak chiziqchalar chizib, o‘rtasiga to‘rtburchak yog‘och yoki silliq tosh otib, chizilgan chiziqlarga tegmay bir oyoq bilan kataklardan tepib o‘tkazib kataklarni aylanib chiqib ketish kerak) o‘ynardik. Ro‘za payti bolalar bilan yig‘ilib, har uy eshigiga borib ramazon aytardik.

 

Otamning so‘zi biz uchun qonun edi. To‘polonni oshirib yuborsak, bir marta “hoy” deb qo‘ysa bas. Hamma jimgina ish-ishiga ravona bo‘lardi. Hammamiz navbatma-navbat otamning oyoq-qo‘llarini uqalardik. Qay birimiz qaysidir ishni eplolmasak, otam urishib, tanbeh berib o‘tirmasdi. Eplolmagan ishimizga mos birorta qiziq voqeami, latifami yo afandimi aytib, “qilgan ishingiz shunga o‘xshaydi” yoki “sizning ishingiz bundan ham oshib tushdi” deb maroq bilan kulardi. Bu bizga juda qattiq ta’sir qilib, chala ishimizni tezgina tuzatib, to‘g‘rilab qo‘yardik. Har qanday masalani bosiqlik bilan hal qilib, kulgi bilan tuzatib ketgan ekan donishmand otam.

 

Ko‘p farzand bo‘lganimiz uchun otam kiyimlarning eng arzonidan sotib olib berardi. Shungayam rosa quvonib, rahmat aytib, o‘pib qo‘yardik. Har birimizni yaxshi ko‘rardi, sizlab gapirardi. Biror muvaffaqiyatga erishsak, maqtab, alqab qo‘yardi. Maktab davrida ham har birimizning muallimimiz bilan alohida gaplashib, doim nazoratda ushlagan.  

 

O‘zimiz ko‘p bo‘lsak, buning ustiga uyga do‘stlarimizni ham boshlab kelardik. Ko‘pincha yotib qolishardi. Talabalik paytlarimizda-ku, aytmay qo‘yaqolay, viloyatdan kelgan do‘stlarimizning ko‘pi biznikida yashagan desam ham bo‘ladi. Uyimizning bir xonasi mehmonlarga ajratilgan bo‘lib, tunab qoladigan do‘stlarimiz shu xonada qolardi. Otam shu qadar kamtar ediki, hatto ba’zi do‘stlarimizning to‘ylariga borib, to‘yni o‘tkazib ham berardi. Ota-onamiz bag‘rikeng edi, hammani ochiqko‘ngillik bilan kutib olishardi. Uyimizda otamning do‘stlari uchun ham alohida xona ajratilgan edi. U kishi do‘st-u birodarlarini shu xonada kutardi, tunab qolishsa ayni xonaga joy qilinardi. El suygan hofiz-u san’atkorlar bilan tongotar suhbat qilishardi. Mehmondorchilik ham shunchaki o‘tmasdi, otam ularga albatta o‘zi osh damlar yoki sho‘rva qilardi. U kishi tayyorlagan taomlardan totsangiz, mazasi og‘zingizda qolardi. Qolaversa, otam shinavanda odam edi, suhbatlashib to‘ymaysiz, latifalardan aytib, davrani qizdirib o‘tirardi.

 

Yunus Rajabiy o‘zbek xalqining buyuk bastakori, milliy musiqiy madaniyatimiz va ijrochilik san’atining rivojlanishiga, o‘zbek maqomlari – “Shashmaqom”ning shakllanishi, takomil topishi va tiklanishiga salmoqli hissa qo‘shgan ulkan arbob edi. El ardog‘idagi san’atkor beqiyos musiqiy boyligimizni butun O‘zbekiston bo‘ylab yig‘ib, to‘plab, nota yozuvlariga ko‘chirdi, sayqal berib, boyitib, o‘zining besh jildlik “O‘zbek xalq musiqasi”, olti jildlik “Shashmaqom” va “Musiqa merosimizga bir nazar” nomli risolasiga (avvalgi nashrlariga ilova tarzida yozilgan) jamladi va bir necha yuzlab o‘zbek klassik cholg‘u kuylari, qo‘shiq va ashulalari, olti o‘zbek maqomining ijrolarini, ham ustozlari, ham o‘zi va shogirdlarining betakror ijrolarini magnit tasmalari va gramplastinkaga ko‘chirtirib, xalqimizga bitmas-tuganmas bebaho meros qoldirib ketdi. U kishi o‘zbek xalq musiqiy mulkining zabardast xazinaboni edi.

 

Guljahon NAMOZOVA yozib oldi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

16:02 / 05.02.2026 0 43
Hukmronlikning yangi shakli

Tarix

16:02 / 05.02.2026 0 59
Saroymulkxonimning ajdodlari kim bo‘lgan?

Tarix

13:02 / 03.02.2026 0 132
Kolumbni adashtirgan mil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//