Saroymulkxonimning ajdodlari kim bo‘lgan?


Saqlash
16:08 / 05.02.2026 47 0

Maqolada Saroymulkxonimning genealogik tarixi va uning Temuriylar davlati siyosiy hayotidagi o‘rni tahlil qilinadi.

 

Amir Temur saltanatining huquqiy va mafkuraviy asoslarida Chingiziylar bilan qarindoshlik aloqalari o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu jarayonda Saroymulkxonim (1341–1408) shaxsi markaziy o‘rin tutadi. U Chig‘atoy xoni Qozonxonning qizi bo‘lib, Amir Temurga turmushga chiqqach, buyuk hukmdorga “Ko‘ragon” (“xonning kuyovi”) unvoni berildi. Bu unvon Amir Temurning nafaqat Movarounnahrda, balki butun mo‘g‘ul olamida mutloq huquqiy maqomga ega bo‘lishini ta’minladi.

 

Saroymulkxonim dastlab 1355-yilda Amir Qazag‘onning nabirasi Amir Husayn Musallabga turmushga chiqadi va bu turmush 1370-yil Amir Husayn qatl etilguniga qadar davom etadi. Manbalarda Saroymulkxonimning Amir Husayn bilan nikohidan farzandlari bo‘lgani haqida biron ma’lumot uchramaydi. Malika Amir Temurning nikohiga qabul qilingach (1370), Ko‘ragon vafotiga qadar sohibqironning birinchi xonimi sifatida tarixiy manbalarda “Bibixonim” nomi bilan yoki “Katta xonim” sifatida e’zozlanadi. U zamonasining aql-zakovatli, farosatli, maslahatgo‘y, siyosiy-ijtimoiy hayotga faol qatnashgan malikalaridan biri bo‘lgan. Bu haqda zamondosh tarixchilar ko‘plab rivoyatomuz misollar ham keltiradilar.

 

Saroymulkxonim ilm-ma’rifatni qo‘llab-quvvatlagan, madaniy hayotga homiylik qilgan. Malika Samarqandda madrasa va masjidlar qurilishiga, jumladan, Bibixonim madrasasi va boshqa qurilish bunyodkorlik ishlarida faol namuna ko‘rsatgan. Shuningdek, Amir Temur bilan ko‘plab safarlarda hamrohlik qilgan va saroy ishlarida maslahatlari bilan faol ishtirok etgan.

 

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Saroymulkxonimning Amir Temur bilan nikohidan ham farzandi bo‘lmagan. U Sohibqironning o‘g‘li va nabiralari – Shohruh, Ulug‘bek, Muhammad Sulton va Xalil Sulton kabi shahzodalarni tarbiyalab, ularga ustozlik qilgan.

 

Saroymulkxonim Chig‘atoy xonlari sulolasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vorisi edi. Uning nasabnomasi Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida quyidagicha keltiriladi: Saroymulkxonim – Qozonxon – Yasavur O‘g‘lon – Urktemur – To‘qtemurxon – Qudag‘ay – Komkor – Chig‘atoyxon – Chingizxon. Malikaning otasi Qozonxon (1343–1346) – Chig‘atoy ulusining so‘nggi qudratli xonlaridan biri edi. U hukmronligi davrida davlatni markazlashtirishga va amirlar o‘zboshimchaligiga chek qo‘yishga urinib ko‘radi. Yozma manbalarning deyarli barchasida Qozonxonning hokimiyatga kelish sanasi chalkash ifodalangan va bu hijriy 733 (milodiy 1332/1333)-yildan ekani aytiladi, – ammo noto‘g‘ri sana. Negaki, bu paytda hokimiyatni Chig‘atoy ulusining o‘n yettinchi xoni Tarmashirinxon boshqarayotgan edi. Buni numizmatik ma’lumotlar ham isbotlaydi. Qozonxon davriga oid numizmatik ma’lumotlarda uning hokimiyati hijriy 744 (milodiy 1343/1344)-yildan boshlangani aytiladi. A.K.Markov tomonidan o‘rganilgan tangalar orasida Qozonxon nomiga rasmiylashtirilgan tangalar hijriy 744–747 (milodiy 1343–1346)-yillarga tegishli. Shunga asoslanib Qozonxon hokimiyati 1343-yildan boshlangan deyishimiz mumkin.

 

Qozonxon aslida butun Chig‘atoy ulusi hududida emas, faqat ulusning g‘arbida, aniqrog‘i Movarounnahrda hokimiyatni qo‘lga oladi. Uning davrida davlatning boshqaruv markazi Kebekxon va Tarmashirinxon davridagi kabi Qashqa vohasida joylashgan edi. Qozonxon Kebekxon saroyidan ikki manzillik g‘arbiy yo‘nalishda o‘zi uchun yangi saroy qurdiradi. U tarixiy manbalar va tadqiqotlarda Zanjirsaroy deb atalgani aytiladi. O‘tgan yillar mobaynida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari va boshqa tadqiqotlar Qozonxon qurdirgan Zanjirsaroy hozirda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani hududida ekani aniqlangan.

 

Temuriylar davri manbalarining aksariyatida Qozonxon Movarounnahrni qattiqqo‘llik bilan idora qilgani ta’kidlanadi. Xonning qatlga zo‘r berishi ortidan davlatdagi asosiy harbiy kuchlar hisoblangan turk amirlari unga qarshi birlasha boshlaydi. Qozonxon to‘g‘risida asosan Muiniddin Natanziy asarida atroflicha so‘z yuritilgan. Unda aytilishicha, Qozonxon har kuni yuzlab odamlarni qatl etgan (Hozirgi kunda Zanjirsaroy atrofida juda katta qabriston saqlanib qolgan va u keyinchalik “Xoja Rostan” nomimi olgan. O‘ldirilganlar shu mozorga dafn etilgan, ehtimol. Arxeologlar qabrlarni o‘rgansa, aniqlik kiritilishi mumkin). Shuningdek, Qozonxon davri adolatsizlik hukmron bo‘lgan va qonxo‘rlik haddan oshgan, katta amirlar qatli amalga oshirilgan davr sifatida eslatiladi. Natijada, qoraunos qavmidan Munk (qadimgi Xuttalon, hozirgi Baljuvon) va Solisaroy (Xuttalondagi viloyat) shaharlari hokimi amir Qazag‘on no‘yon unga qarshi isyon ko‘tarib, ikki marta jang qiladi. Ikkinchi jangda Qozonxonni o‘ldirib (1346), mamlakat boshqaruvini qo‘lga oladi. Bu voqea Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi”da ham batafsil yoritilib, jangda Qozonxonning bir ko‘ziga o‘q tegib yaralangani, xon qo‘shinining Qarshiga chekingani tasvirlanadi. Shuningdek, manbada qish qattiq kelganidan qo‘shinning omon qolgan otlari nobud bo‘lgani, amir Qazag‘on yana qo‘shin tortib kelib, Qozonxonni qatl etgani keltirilgan.

 

Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida mazkur voqea quyidagicha tasvirlanadi: Qozonxon bilan amir Qazag‘onning birinchi to‘qnashuvi Hirot yaqinidagi Darai Zangi (Qora dara) degan joyda bo‘lgan. Qozonxon katta qo‘shin bilan kelib jangda g‘alaba qozongan. Ammo jang so‘ngida noxosdan otilgan o‘q Qozonxonning ko‘ziga tegib, uni ko‘r qiladi. Bu voqea hijriy 746 (milodiy 1345/1346)-yil qishida sodir bo‘ladi. Oradan ko‘p o‘tmay, hijriy 747 (milodiy 1346)-yil yozida amir Qazag‘on yana qo‘shin to‘plab keladi va ikki o‘rtadagi hal qiluvchi jangda Qozonxon yengiladi. Bunga sabab Darai Zangidagi jangdan keyin Qarshida qishlayotganda qish juda qattiq kelib, otlarning oziq-ovqati tugagani va ular bitta qolmay qirilib ketgani, deyiladi manbada. Mavjud vaziyatdan xabar topgan amir Qazag‘on katta qo‘shin bilan kelib, muzaffar bo‘ladi va “Qozonxonni darajai shahodatga yetkurdi”.

 

Qozonxonning o‘ldirilishi natijasida Chig‘atoy nasabining Movarounnahrdagi mustaqil hokimiyatiga chek qo‘yildi. Amir Qazag‘on Chingiziylar sulolasining Movarounnahrdagi hokimiyatini tugatgan bo‘lsa ham, u o‘zini xon deb e’lon qilolmasdi. Shuning uchun Chingizxon naslidan bo‘lgan turli xonadonga mansub shahzodalarni taxtga chiqarib, davlatni ularning nomidan boshqaradi.

 

Manbalarda Qozonxonning otasi Yasavur O‘g‘lon bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltiriladi. Shuningdek, Yasavur O‘g‘lonning shajarasi turli shakllarda ifodalanadi. Mo‘g‘ullar davri ayrim manbalarida Yasavur O‘g‘lon nisbasi eslatib o‘tilgan. Jumladan, “Tarixi Vassaf”da Yasavur o‘g‘ul ibn O‘ro‘q Temur ibn Buqa Temur ibn Qadaqay ibn Buri ibn Mitukay-far ibn Jag‘atay” shaklida keltiriladi. Xuddi shunga yaqin shajara Rashididdinning “Jome at-tavorix” asarida ham eslatilgan.

 

Temuriylar davri bitiklarida Yasavur O‘g‘lon asosan Chig‘atoy xoni Qozonxonning otasi sifatida eslatilsa ham, bu masalada barcha manbalarda yakdillik yo‘q. Jumladan, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari muqaddimasida Qozonxon ibn Yisun Temurxon shaklida keltiriladi. Faqatgina Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida Qozonxonning to‘liq shajarasi keltirilgan. Bu shajaraning biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, unda Qozonxonning otasi Yasavur O‘g‘lonning ham shajarasi xususida ma’lumotlar qayd etilgan. Manbada yozilishicha, Qozonxonning nisbasi quyidagicha, “Qazon sulton ibn Yasavur ibn Urktemurxon ibn To‘qtemurxon ibn Qudag‘ay ibn Komkor ibn Chig‘atoyxon ibn sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam” shaklida berilgan. Fasih Havofiy ham o‘zining “Mujmali Fasihiy” asarida Yasavur O‘g‘lonning o‘g‘li sifatida G‘azonxonni (Qozon) zikr qiladi. Biroq muarrix bu shajarada Yasavur O‘g‘londan keyingi ajdodlarning nomini tilga olmaydi. Ayni holat Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida ham takrorlangan. Shuni aytish joizki, Chig‘atoy ulusi tarixi aks etgan ko‘plab tadqiqotlarda ham Yasavur O‘g‘lon Qozonxonning otasi ekani ta’kidlanadi.

 

Abdulloh ibn Muhammad al-Qoshoniyning “Tarixi O‘ljoytu” asarida keltirilishicha, Yasavur O‘g‘lon hijriy 688 (milodiy 1289)-yil tug‘ilgan va 28 yoshida, hijriy 716 (1316/1317)-yil vafot etgan. Ammo Muiniddin Natanziy “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy”da u 32 yoshida o‘ldirilgani haqida yozadi. Manbalarda Yasavur O‘g‘lon 1301-yil O‘qtoy naslidan Qayduxon vafotidan keyin siyosiy tarix maydoniga chiqqani ta’kidlanadi. Bu davr Markaziy Osiyo hududidagi siyosiy jarayonlarda Chig‘atoy xoni Duvaxon bilan Qayduxonning o‘g‘li Chopar o‘rtasida Chig‘atoy ulusi siyosiy mustaqilligi va mintaqada ta’sir doirasini oshirish masalalarida jadal kurash kechayotgan edi. Bu orada Duvaxonning o‘limi (1307) vaziyatni yanada murakkablashtirib, Chig‘atoy ulusi taxtini egallash uchun kurashning avj olishiga sabab bo‘ladi. 1307–1309-yillarda bir nechta shahzodalar xonlik taxtini egallash uchun harakat qiladilar. Bu kurashga Yasavur O‘g‘lon ham bosh qo‘shib, Kunjakxon (1307-1308), Taliguxon (1308-1309), Eson Buqoxon (13091318) va Kebekxon (1309, 1318–1326) hukmronligi yillarida Chig‘atoy ulusi taxtini egallash uchun amaliy harakat olib boradi.

 

Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan Chig‘atoy va O‘qtoy vorislari o‘rtasidagi kurashdan foydalanib, o‘z siyosiy mavqeini oshirib olishni maqsad qilgan ulug‘ qoon (bu davrda qoonlik markazi Yuan imperiyasi hududida edi) Yasavur O‘g‘longa yorliq berib, bu kurashga qonuniy tus kiritadi. Ma’lumki, Chig‘atoy ulusi tashkil topgach, to Qayduxon davrigacha Chig‘atoy xonlari ulug‘ qoon yuborgan yorliq asosida hokimiyatni egallagan. Qayduxon mintaqada ta’sir doirasini kengaytirib olgach, Chig‘atoy ulusiga xon tayinlash huquqi Yuan qoonlaridan “olib qo‘yiladi”.

 

Eson Buqoxon hukmronligining uchinchi yili oxirlarida Yuan imperiyasining yangi qooni Buyantu qoon (1311–1320) Yasavur O‘g‘longa ulus boshqaruviga egalikni tasdiqlovchi yorliq berib, Chig‘atoy ulusiga yuboradi. Qoon bu bilan katta bobosi Xubilay qoon davridagi kabi Chig‘atoy ulusining boshqaruviga xonlarni tayinlash huquqini qaytarmoqchi edi. Ammo Yuan imperiyasi O‘ljoytu Temur qoon vafotidan keyin avj olib ketgan ichki kurashlar sababli avvalgi kuch-qudratini yo‘qotgandi. Shu sabab Yuanda 1308–1332-yillarda oltita qoon almashadi. Aslida, mavjud vaziyatdan kelib chiqqanda, Yuan imperiyasi Chig‘atoy ulusidagi amaldagi xonni taxtdan ag‘darib, yangi xonni boshqaruvga ko‘tarish qudratiga ega emasdi. Shuningdek, Chig‘atoy xonlari ham avvalgi davrlardan farqli o‘laroq o‘z boshqaruv huquqlarini himoya qila oladigan kuchga ega edi.

 

1313-yil qoon tomonidan Yasavur O‘g‘longa yorliq berilganidan xabar topgan aka-ukalar – Eson Buqoxon va Kebek uni zudlik bilan yo‘qotish uchun yo‘lga chiqadi. Aka-ukalar Yasavur O‘g‘londan yengilib, chekinishga majbur bo‘ladi. Yasavur O‘g‘lon bilan aka-ukalar o‘rtasidagi kurash Chig‘atoy ulusi ichkarisida ham davom etadi. Ikki o‘rtadagi kurash natijasida Movarounnahr aholisi katta qiyinchiliklarga duchor qilinadi. Yasavur O‘g‘lon Xuroson amirlari yordamida Movarounnahr shaharlarini talab, Samarqand, Buxoro va Keshdan minglab asirlarni haydab ketadi. Temuriylar davri manbalarida ham Kebek va Yasavur O‘g‘lon kurashi Movarounnahr aholisiga katta zarar keltirgani ta’kidlanadi. Jumladan, Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida hijriy 716 (1316-1317)-yilda Chig‘atoy shahzodalarining Xurosonga bosqini eslatiladi. Manbaga ko‘ra, Chig‘atoy shahzodasi Yasavur O‘g‘lon Xurosonga bostirib kiradi. Bu davrda Xurosonning bir qismi Chig‘atoylar tomonidan idora qilinayotgan edi. Shuning uchun ham shahzoda Kebek shahzoda Yasavur O‘g‘longa qarshi hujum qiladi. Fasih Havofiyning yozishicha, Yasavur O‘g‘lon Xurosonda ko‘p vayronagarchiliklarni yuzaga keltiradi.

 

Chig‘atoy ulusi bilan uzoq yillardan buyon kurashib kelayotgan Elxoniylar davlati ulus ichki siyosatiga ta’sir o‘tkazish maqsadida taxt uchun kurashga qo‘shilgan Chig‘atoy shahzodalarini harbiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Qoon tomonidan yorliq berilgan shahzoda Yasavur O‘g‘lonni dastlab qoonlikning eng yaqin ittifoqchisi Elxoniylar davlati va Xuroson amirlari ham qo‘llab-quvvatlagani tarixiy manbalarda aks etgan. Elxoniylar uni doimo qo‘shin va harbiy ta’minot bilan ta’minlab turgan. Shuning uchun ham Yasavur O‘g‘lonning taxt uchun kurashlari uzoq davom etadi va bu Movarounnahr aholisining iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va etnik holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Manbalarda Yasavur O‘g‘lonning vafoti bilan bog‘liq ma’lumotlar ham turlicha. Fasih Havofiyning yozishicha, Yasavur O‘g‘lonning Hirot mulkiga yetkazgan vayronagarchiliklaridan xabar topgan sulton Abu Said Bahodirxon hijriy 721 (1321)-yil unga qarshi katta qo‘shin to‘playdi va ko‘plab shahzodalarni ham bu jangga jalb qiladi. Jangda shahzoda Yasavur O‘g‘lon o‘ldiriladi. “Mujmali Fasihiy”da shahzoda Yasavur O‘g‘lonning o‘limi jangda kechgani aytilsa, Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” asarida biroz boshqacharoq kechgan. Manbada yozilishicha, Elxoniylardan panoh topgan Yasavur O‘g‘lon Kebekxondan yengilgach, siyosiy kurashlardan chekinib, Haj safariga otlanadi. U Makkada qandaydir janjalga aralashib qoladi va o‘ldiriladi. Yasavur O‘g‘lonning o‘limi bilan bog‘liq ma’lumotlar boshqa tarixiy manbalarda kuzatilmaydi. Muiniddin Natanziy ma’lumotlaridagi yana shu jihat muhimki, unda Fasih Havofiy keltirganidek shahzoda Yasavur O‘g‘lon Elxoniylar bilan bo‘lgan jangda emas, Haj safari chog‘ida vafot etgan. Shunda u Chig‘atoy ulusi xonzodalari orasida birinchi bo‘lib Haj amaliga otlangan shahzoda bo‘lib chiqadi.

 

Yasavur O‘g‘lon Chig‘atoy ulusi taxtini egallay olmagan bo‘lsa ham, uzoq davom etgan bu kurash davlat taraqqiyotiga  putur yetkazib, siyosiy beqarorliklarni yuzaga keltirdi. Bu holat Kebek tomonidan Yasavur O‘g‘lon mag‘lub etilguniga qadar davom etadi. Yasavur O‘glon vafotidan keyin ham uning tarafdorlari o‘z faoliyatlarini davom ettirishdi. Undan qolgan qo‘shinning bo‘linmalari keyinchalik ham Yasavuriylar nomi ostida Movarounnahr va unga tutash mintaqalardagi siyosiy-harbiy jarayonlarda ishtirok etdi.

 

Amir Temur va Temuriylar davridagi deyarli barcha forsiy manbalarda mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayotida faol o‘rin tutgan etnik guruhlar orasida Yasavuriy, yasuriy nomlari bilan tilga olingan xalqlar ham mavjud. Bu etnik guruhning kelib chiqishi shahzoda Yasavur nomi bilan bog‘liq. Yasavur O‘g‘lonning qo‘shinidagilar undan keyin ham o‘zlarini Yasavuriylar nomi bilan atab, shu nom ostida tuman shaklida faoliyat yuritganlar. Natijada, Amir Temur davriga qadar bu nom etnonimga aylanib ulgurgan. Amir Temur tarixi aks etgan asarlarda bu davrda yasavuriylarning bir qismi Samarqandda yashagan va ularga Xizr Yasuriy boshchilik qilgani aytiladi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Yasavuriylar XIV asrning 60-yillar voqealari bayonida gohida Tug‘luq Temur boshchiligidagi mo‘g‘ullar, gohida Boyazid jaloyir, keyinchalik Amir Temur tomonida bo‘lganlar. Yasuriylarning boshqa bir qismiga Hoji Muhammadshoh (Mahmudshoh) Yasuriy yetakchilik qilgan. U boshliq yasuriylar Amir Temurga sadoqat ko‘rsatib, uning bir qancha harbiy yurishlarida ishtirok etganlar. Shuningdek, yasuriylar Amir Temur bilan qarindoshlik aloqalarini ham bog‘lab, Mirzo Jahongirga Ilyos yasuriyning qizi Baxt Malik og‘a nikohlangan. Bu nikohdan Amir Temur davlatining taxt vorisi Pirmuhammad Mirzo dunyoga kelgan.

 

Xulosa qilib aytganda, Saroymulkxonim shaxsi Temuriylar davri siyosiy va madaniy hayotida muhim o‘rin egallagan tarixiy siymo bo‘lib, uning mavqei nafaqat Amir Temur bilan bo‘lgan nikohi, balki nasl-nasabining yuksakligi bilan ham bevosita bog‘liqdir. U Chig‘atoy ulusi hukmdorlari sulolasiga mansub bo‘lib, Qozonxonning qizi, Yasavur O‘g‘lon avlodidan edi. Mazkur nasab Saroymulkxonimga “katta xonim” maqomini berib, Amir Temur hokimiyatining siyosiy-legitim asoslarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Qozonxon Chig‘atoy ulusida markaziy hokimiyatni tiklashga intilgan hukmdor sifatida tarixda ma’lum bo‘lsa, Yasavur O‘g‘lon esa ushbu sulolaning siyosiy va harbiy an’analarini davom ettirgan vakillaridan biri hisoblanadi. Ushbu ajdodlar faoliyati Chig‘atoy ulusida davlat boshqaruvi, sulolaviy hukmronlik va siyosiy barqarorlik tushunchalarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan.

 

Saroymulkxonim ana shu siyosiy tajriba va sulolaviy an’analar vorisi sifatida Temuriylar saroyida nafaqat ramziy shaxs, balki real ijtimoiy-siyosiy ta’sirga ega bo‘lgan arbob sifatida namoyon bo‘ladi. U Temuriy shahzodalar tarbiyasida, saroy marosimlari va davlat mafkurasining shakllanishida faol ishtirok etgan. Shu bois Saroymulkxonim siymosi Temuriylar davlatining siyosiy legitimatsiyasi, madaniy yuksalishi va sulolaviy uzviyligi jarayonida muhim tarixiy bo‘g‘in sifatida baholanishi lozim. Umuman olganda, Saroymulkxonim va uning ajdodlari – Qozonxon hamda Yasavur O‘g‘lon faoliyatini o‘rganish Temuriylar davri davlat boshqaruvi, sulolaviy siyosat va tarixiy vorisiylik masalalarini chuqurroq anglash imkonini beradi hamda Markaziy Osiyo o‘rta asrlar tarixini kompleks tadqiq etishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.

 

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 13
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand

Mafkura

16:02 / 05.02.2026 0 40
Hukmronlikning yangi shakli

Tarix

13:02 / 03.02.2026 0 130
Kolumbni adashtirgan mil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//