Vatandosh
Qishning sovuq yanvar oyi dunyo siyosiy sahnasida juda qaynoq oʻtmoqda. Erondagi namoyishlar, Venesuela Prezidentining oʻgʻirlanishi, Davos forumi va Epshteyn maʼlumotlarining eʼlon qilinishi oyning eng muhim voqealari boʻldi. Soʻnggi hodisa esa butun dunyoni shokka tushirdi. “Demokratiya qoʻriqchisi” maqomiga daʼvogar davlatga tegishli hududda sodir boʻlgan noinsoniy harakatlar va ulardan ishtirok etgan taniqli insonlar roʻyxati barchani lol qoldirdi.
Oʻzi nimalar boʻlyapti?
2005-yilning mart oyida amerikalik 14 yoshli maktab qizining vasiysi (ota-ona oʻrniga bolaga javobgar shaxs) Florida shtati politsiyasiga murojaat qilib, uning qizini Epshteyn ismli shaxs Palm-Bichdagi uyida zoʻrlaganini maʼlum qiladi. Uyni tekshirishga kelgan politsiya undan voyaga yetmagan koʻplab qizlarning suratlarini topadi.
Keyingi tergov harakatlari davomida yana 50 nafar ehtimoliy jabrlanuvchi aniqlanadi va 2006-yil prokuratura Epshteynga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatadi. Tez orada bu ish Federal qidiruv byurosiga topshiriladi.
Prokuratura aybloviga koʻra, Epshteyn yosh qizlarni topib, ularni katta haq evaziga ishga yollagan. Qizlar “jinsiy yoʻsindagi massaj qilish”ga majburlangan. Bunday massajlar odatda majburiy jinsiy aloqa yoki masturbatsiya bilan tugagan. Qizlarning aksariyati 14 yoshdan kichik norasidalar boʻlgan.
Ikki yillik surishtiruvlardan soʻng, 2008-yil iyun oyida Epshteyn fohishalikka yollashda aybdor deb topiladi va jabrlanuvchilarga tovon puli toʻlashga rozi boʻladi. Prokuratura bilan yashirin kelishuv bitimi (AQSHda agar ayblovchi tomon oʻz dalillari ayblanuvchini jazolashga yetarli emas deb hisoblasa, ayblanuvchi bilan kelishuv tuzishi mumkin) tuzgan tadbirkor atigi 18 oylik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Biznesman 18 oy muddatning 13-oyida ozodlikka chiqadi.
2019-yil fevral oyida sud Epshteynga kelishuv tuzishga yordam bergan prokuror Aleksandr Akostaning harakatlarida qonunbuzarlikni aniqlaydi va ishni qayta ochadi. Bu paytda Mehnat vaziri boʻlgan Akosta isteʼfoga chiqishga majbur boʻladi.
Shu yilning 6-iyulida Epshteyn Parijdan qaytayotganda Nyu-Jersi aeroportida yana qamoqqa olinadi. U jinsiy qullik uchun odam savdosi tashkil qilish va ehtimoliy guvohlarga pora berganlikda ayblanadi.
2019-yil 10-avgust kuni Manhetten qamoqxonasidagi Epshteynning kamerasidan uning jasadi topiladi. Tibbiy ekspertiza milliarderning oʻlimini “oʻz joniga qasd qilish” deya tasniflaydi.
Oradan bir yil oʻtib, Epshteynning sherigi va ayoli, britaniyalik model Gisleyn Maksvell ham hibsga olinadi. Sud tekshiruvlari Maksvell 1990-yillarning oʻrtalaridan boshlab Epshteyn uchun voyaga yetmagan qizlarni topib, ishga yollaganini koʻrsatadi.
Nyu-York federal sudi 2021-yilda Maksvellni jinsiy qullik uchun odam savdosi tashkil qilishda aybdor deb topdi. Sud sobiq modelni 20 yil qamoq jazosi va 750 ming dollar jarimaga hukm qildi.
AQSH sudi Epshteyn ishi boʻyicha tergovlarni davom ettiradi. 2023-yil dekabr oyida federal sudya Loretta Preska Epshteyn bilan bogʻliq shaxslarning ismlari koʻrsatilgan hujjatlarni ommaga eʼlon qilishni buyurdi. Bu hujjatlar “Epshteyn fayllari” deb atala boshlandi.
Epshteyn fayllarini keng koʻlamda ochiqlash 2025-yil oxiridan qayta boshlandi. 2026-yilning 30-yanvarida esa AQSH Adliya vazirligi veb-saytida eng katta maʼlumotlar toʻplami eʼlon qilindi – taxminan 3 million sahifalik hujjatlar, 2000 dan ortiq videolar va 180 mingta fotosuratlar ochiq portalga joylashtirildi.
Ushbu fayllarda juda koʻp siyosatchilar, taniqli yulduzlar va hatto Prezidentlar ismlari bor edi.
Epshteyn kim?
Bruklinda yashovchi Polin va Seymur Epshteynlar oilasida 1953-yil 20-yanvarda farzand dunyoga keladi. Unga Jeffri deb ism qoʻyiladi. Yosh Jeffrining otasi bogʻbon, onasi esa uy bekasi edi.
Jeffri Epshteyn yoshligidan matematikaga qiziqadi va bu fanda oʻzini koʻrsatadi. 1969-yilda 16 yoshida obroʻli Lafayette oʻrta maktabini tugatadi. U xususiy Cooper Union kollejiga oʻqishga kiradi, biroq ikki yildan soʻng Courant matematika fanlari universitetiga (Nyu-York universitetining shoʻbasi) oʻtadi. 1974-yilda Epshteyn bakalavr diplomini ham olmasdan, oʻqishni tashlaydi.
Oliy maʼlumoti yoʻqligiga qaramay, Jeffri Manhettendagi Tony Dalton maktabiga matematika oʻqituvchisi sifatida ishga kiradi u yerda ikki yil dars beradi.
Dalton maktabida ishlayotgan paytda Epshteyn oʻquvchilaridan birining otasi, Bear Stearns banki bosh direktori Alan Greenberg bilan tanishadi. Greenberg Epshteyndagi moliyaviy savodxonlik qobiliyatini sezadi va unga ish taklif qiladi. Epshteyn bankda treyder sifatida ish boshlaydi va tez orada bank homiylar(sherik)laridan biriga aylanadi, yaʼni, bank rahbariyatidan oʻrin oladi.
Bir yildan soʻng Epshteyn Bear Stearnsni tark etadi. The Observer nashrining yozishicha, u ofisdan esdalik sifatida olgan narsalardan biri Cosmopolitan jurnalidan parcha boʻlib, u yerda Epshteyn “Oy boʻydogʻi” nominatsiyasini olgan.
Epshteyn 1981-yil mijozlarga oʻgʻrilangan mablagʻlarni qaytarib olishda yordam beruvchi International Assets Group Inc konsalting firmasiga asos soladi va 1984-yilga kelib millionerga aylanadi.
Oradan 4 yil oʻtib, Jeffri “J. Epstein & Company” (keyinchalik The Financial Trust Company deya qayta nomlangan) kompaniyasiga asos soladi. Kompaniya 1 milliard dollardan koʻp mablagʻga ega mijozlarga ularning kapitalini boshqarish boʻyicha xizmatlar taqdim etadi.
Bu davrdagi Epshteynning biznes hamkorlari va mijozlari orasida mashhur insonlar anchagina edi. Keyinchalik moliyaviy piramida yaratishda ayblangan iqtisodchi Stiven Xoffenberg ham ulardan bir boʻlgan.
Epshteyn bir necha yil davomida Victoriaʼs Secret brendi egasi Lesli Veksnerning moliyaviy maslahatchisi boʻlib ishlaydi. U bu lavozimdan 2007-yil, unga nisbatan tergov boshlangachgina chetlatiladi.
Jeffri Epshteyn milliarder sifatida birinchi marta ommaviy axborot vositalarida 2001-yilning bahorida paydo boʻladi. Oʻsha vaqtda uning hisobida 500 mln dollardan ortiq mablagʻ boʻlgan va yiliga 10 mln dollar ishlab topgan.
Aynan shu paytlarda uning fahsh savdo imperiyasi ham “gullagan” va undan tushgan pul aylanmalari Epshteyn advokatlari tomonidan hech qachon ochiqlanmagan.
Epshteyn tomonidan 1998-yilda sotib olingan ikki shaxsiy orol – Little Sent Jeyms va Great Sent-Jeyms orollari (Karib dengizda joylashgan) uning asosiy “ishratxonalar” edi. Little Sent Jeyms orolida Jeffrining hashamatli villasi, basseyn va plyaji joylashgan. Ushbu orolga koʻplab mashhurlar tashrif buyurgan. Ularning qaysilari orolda uyushtirilgan ommaviy jinsiy aloqalar, voyaga yetmagan qizlarni zoʻrlashlarda ishtirok etgani hozircha toʻliq aniqlanmagan.
Donald Tramp va uning ayoli Melaniya Tramp hamda Epshteyn va Maskvell
OAV vositalarida Epshteyn juda mashhur siyosatchilar, yulduzlar va moliyachilar bilan koʻrinish bergan. Xususan, u 2002-yilda sobiq Prezident Bill Klinton, aktyor Kevin Speysi va komik Kris Taker bilan Afrikaga sayohat qilgan. Epshteyn yuqori doiralar bilan juda yaxshi aloqalarga ega boʻlgan va bu unga oʻzi jinoyatini uzoq yillar davomida yashirishga imkon bergan.
Ochiqlangan maʼlumotlarda kimlarning ismlari bor?
AQSH Adliya vazirligi tomonidan eʼlon qilingan oxirgi fayllarda koʻplab mashhur shaxslar: texnologiya magnatlaridan tortib siyosatchilargacha bor. Ularning barchasi voyaga yetmaganlar va qizlarni jinsiy zoʻrlashga aloqadorlikni rad etgan. Shu bilan birga, ularning ayrimlari Epshteyn 2008-yilda jinsiy jinoyatchi sifatida ayblangandan keyin ham u bilan doʻstona munosabatlarni davom ettirgan.
Fayllarda eng koʻp tilgan olinganlardan biri – AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Tramp. Unga doir hujjatlar ham, video va fotosuratlar ham anchagina. Oq Uy rahbari bunga qadar eʼlon qilingan maʼlumotlarda ham asosiy figuralardan biri edi. Oxirgi fayllar uning Epshteyn bilan qalin aloqalarga ega boʻlganini yana bir bor tasdiqladi.
Maʼlumotlarda ismi boʻlishi eng sharmandali deb baholangan inson esa Britaniya qirollik oilasi aʼzosi, hozirgi Buyuk Britaniya qirolining ukasi Endryu Mauntbetten-Vindzor boʻldi.
Sobiq shahzoda unga qoʻyilgan barcha ayblovlarni rad etgan. Biroq 2025-yil oktabr oyida qirol Karl III Endryuning Epshteyn bilan aloqalari haqidagi navbatdagi maʼlumotlardan soʻng 65 yoshli ukasini qirollik unvonlaridan, jumladan, shahzoda va York gersogi deb atalish huquqidan mahrum qildi.
Endryu uzoq vaqt Epshteyn bilan aloqalarini rad qilib kelgan
Yanvardagi fayllarga Epshteynning Endryuni 26 yoshli rossiyalik ayol bilan tanishtirish taklifi, shuningdek, Mauntbetten-Vindzor ekani taxmin qilinayotgan shaxsning yerda yotgan ayol ustida choʻkkalab, uning beliga tegib turgan fotosuratlari kiritilgan.
Dunyoning eng boy odami, Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask nomi ham maʼlumotlarda kamida bir necha bor tilga olingan. 2012 va 2013-yillarda Mask Epshteyn bilan yozishmalar olib borgan va moliyachining Karib dengizidagi shaxsiy orolida oʻtkazadigan ziyofatlariga borish imkoniyatini muhokama qilgan.
Mask orollarga bormaganini va Epshteyn bilan doʻst boʻlmagani maʼlum qildi. U yozishmalar dushmanlari tomonidan Maskka qarshi gʻarazli maqsadda ishlatilayotganini daʼvo qildi.
Virgin Group asoschisi, milliarder Richard Brenson ham fayllarida nomi qayd etilganlar roʻyxatida bor. U email orqali yuborgan maktubida Epshteynni oʻz oroliga taklif qilgan. Xatda milliarder Epshteynga “Eng muhimi, haraming bilan kel!” deya yozadi.
Branson va uning jamoasi Jeffri bilan “har qanday aloqa biznes sohasida boʻlgani, agar Branson Epshteyn jinoyatlari haqida aniq tasavvurga ega boʻlganda hech qachon bunday munosabatlarni oʻrnatmagan boʻlardi” deya bayonot bergan.
AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton ham Epshteynning yaqin doʻstlaridan boʻlgan. Klinton vaqti-vaqti bilan biznesmenning shaxsiy samolyotidan foydalangan va u bilan Oq uyda uchrashgan.
Tramp kabi Klinton ham Epshteynning jinoyatlaridan xabardor boʻlmaganini aytgan. Uning vakillari sobiq prezident Epshteyn bilan munosabatlarini 2006-yildagi jinoiy ayblovlardan keyin toʻxtatganini maʼlum qilgan.
Shuningdek, Epshteyn fayllarida Microsoft asoschisi Bill Geyts, AQSH Savdo vaziri Hovard Lyutnik, Google asoschilaridan biri Sergey Brin, olim Stiven Hoking, Isroilning sobiq Bosh vaziri Ehud Barak, Endryuning xotini Sara Fergyuson, Britaniyalik sobiq vazir lord Piter Mendelson, AQSH Prezidentining katta maslahatchisi Stiven Bennon, sobiq Slovakiya Tashqi ishlar vaziri Miroslav Laychak, qoʻshiqchi Maykl Jekson va yana koʻplab obroʻli insonlar nomi tilga olingan.
Oʻzbek qizlari ham pedofil qurboni boʻlganmi?
Afsuski, butun dunyodan yosh qizlarni “ovlagan” Epshteyn va uning sheriklari oʻzbekistonlik qizlarni ham oʻz faoliyatlariga jalb qilishga uringan.
Bir qator oʻzbek nashrlari AQSH Adliya vazirligi eʼlon qilgan hujjatlar orasidan oʻzbekistonlik qiz va Epshteyn oʻrtasidagi yozishmalarni topib, ularni nashr qildi.
Epshteyn va oʻzbekistonlik qizning yozishmalari 2012-yildan boshlanadi. Qiz oʻsha yilning 8-mart kuni milliarderga elektron pochta orqali xat yuborib, oʻz holatini aytadi. Shuningdek, AQSHga borgani (yoki borish harakatlari) sabab universitetdan chetlatilgani, ammo tahsilni davom ettirish uchun oliygoh topgani haqida yozadi.
“Barcha ariza va imtihon jarayonlaridan soʻng, ular meni talabalar safiga qabul qilishga rozi boʻldi. Hujjatlar Toshkentdagi vakolatxona orqali rasmiylashtirildi. Oʻqish 4 semestr Malayziyada boʻladi. Keyin menga ikkita diplom berishadi: biri Malayziyadan, ikkinchisi Angliyaning Steffordshir universitetidan. Ingliz tilida taʼlim juda qimmat. Lekin bu yerda diplom kuchi bir xil boʻlsa-da, oʻqish narxi ancha arzon – yiliga 6800 dollar. Qolaversa, oʻzbeklar uchun Malayziyaga viza talabi yoʻqligi meni xursand qildi, bu men uchun oldinga tashlangan qadam. Ayniqsa, ortda qolgan oylar davomida bu yerda ishlash naqadar ogʻir boʻlganini inobatga olsak”, deydi u.
Oʻzbekistonlik qiz shundan soʻng Malayziyada yashash xarajatlarini qoplash uchun pul topishi kerakligini, Nyu Yorkdagi doʻsti unga modellik sohasiga kirishda yordam bermoqchi ekanini yozadi.
Qiz Epshteynga yozgan maktubida oʻsha yillari oʻzbekistonliklar uchun katta muammolardan biri boʻlgan xorijga chiqish vizasi va chet el vakolatxonalaridan viza olishdagi muammolar haqida ham gapiradi.
“Oʻzim toʻgʻrimda gapiradigan boʻlsam, Jeffri, albatta, doim seni sogʻinaman. Lekin oʻzing bilasan. Mamlakatimiz ancha muammo tugʻdiradi. Har bir ahmoqona qaror oldingisidan “yaxshiroq”. Lekin baribir yosh va yolgʻiz qizlarga viza berishni sababsiz rad qilishadi. Malayziya, Qozogʻiston, Gruziya, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlar, hatto Buyuk Britaniyaga ham borish nisbatan oson. Ammo Shengen zonasi, BAA va ayniqsa AQSH juda qiyin. Urinishdan deyarli foyda chiqmaydi. Agar jiddiy sabab boʻlmasa”, degan u.
Qiz Epshteynga yana bir qancha elektron xatlar yuboradi. Ulardan birida, oʻsha vaqtda Oʻzbekiston uchun ogʻriqli mavzulardan boʻlgan majburiy paxta terimi muammosi ham tilga olinadi.
“Jeffri, men har kuni tish shifokorimga vaʼda berib yuribman. Ahvol yomonligi uchun ishni boshlab yubordim. Sen esa yordam beraman deganding, men kunboʻyi kutyapman. Vaqt farqi sababli pulni ertaga olishim uchun uni taxminan bir soat ichida yuborishing kerak boʻladi. Aks holda yana bir kun oʻtib ketadi. Shifokor esa men uchun haftasiga 7 kun ishlayapti. Chunki Oʻzbekistonda paxta terimi yaqin. Oktyabr oxirida barcha shifokorlar ikki oyga ketib qoladi. Shuning uchun hamma ishni shu paytgacha tugatishimiz kerak”, deb yozadi qiz.
Hozirda Epshteyn bilan yozishmalar olib borgan kamida ikki oʻzbekistonlik haqida maʼlumotlar bor. Ular qachon, qanday qilib amerikalik biznesmen bilan tanishgani, uning orolida boʻlgan yoki boʻlmagani kabi savollar hozircha ochiq.
Aksar oʻzbekistonlik va faollar, xususan jurnalist Aziza Qurbonova Epshteyn bilan yozishgan oʻzbekistonlik qizlarni tinch qoʻyish kerakligini taʼkidlagan.
“Ochiq maʼlumotlarni yana qidirsam, qiz oʻzi yangilagan ijtimoiy tarmoq profili chiqib keldi. U Oʻzbekistonda, taxminan yaqin yillarda maktabda ingliz tilidan dars bergan, xotirjam, tinch hayot kechiryapti.
Hozirda 35 yoshga toʻlgan oʻzbek ayolini tinch qoʻyishimiz kerak. Men u bilan hammasi yaxshi ekaniga umid qilaman. Hayoti faqat yaxshiliklarga toʻla boʻlsin”, deya yozadi jurnalist.
Epshteyn ishi boʻyicha tergov hali ham davom etmoqda. Sobiq Prezident Bill Klinton va uning ayoli Hillari Klinton bu masala boʻyicha Kongressga chaqirildi. Koʻplab mutaxassislar fayllarning baʼzi qismlar Prezident Tramp ismi borligi uchun AQSH maʼmuriyati tomonidan ochiqlanmaganini aytmoqda. Ular 3 yildan keyin, AQSHda Prezident almashgach, Epshteyn ishi boʻyicha yana qator fayllar eʼlon qilinishini bashorat qilyapti.
Muhammadqodir Sobirov tayyorladi
Vatandosh
Mafkura
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q