Milliy ma’rifatparvarlik harakatining ko‘zga ko‘ringan yalovbardori “Mahmudxo‘janing oti Turkiston tarixida ziynatlik mumtoz o‘run olishga munosib bir otdir” (Vadud Mahmud. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2007. – B. 144). Behbudiy xalq uchun manfaati bor amaliy ishlar bilan qizg‘in shug‘ullandi: jadid maktablari tashkil etishda bosh-qosh bo‘ldi, teatr san’atiga asos soldi, gazeta-jurnal chop qildi, nashriyot hamda kutubxona tashkil etdi. Siyosiy, ma’rifiy-madaniy, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda birdek xizmat qildi. E’tiborlisi, o‘z faoliyat nuqtalarini bir-biri bilan tutashtirgan holda amalga oshirgan.
“Behbudiya kutubxonasi” uning millat uchun boshlab bergan xayrli ishlari qatorida turadi. Samarqanddagi dastlabki mahalliy gazeta va milliy jurnalning noshiri, birinchi milliy drama muallifi, Turkistondagi usuli jadida maktablarining “birinchi nazariyotchi va amaliyotchilaridan” (Ahrorova Z. Behbudiy kutubxonasi // O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. 17.02. 1995.), eng birinchi fanniy darsliklar yaratuvchisi Behbudiy kutubxona tashkil qilishda ham birinchilardan bo‘ldi. Ushbu ziyo maskani Samarqand gubernatoridan rasman ruxsat olinib, 1908-yil 11-sentabr kuni shaharning “Yangi rasta” qismida ochilgan (Mahmudxo‘ja bin Behbudxo‘ja xatib. Mutolaaxona // Turkiston viloyatining gazeti. 1908. № 48; Yusufzoda. Pismo iz Samarkanda // Turkiston viloyatining gazeti. 1910. № 16). Lekin kutubxona ochilishi ancha avval ovoza bo‘lib ketadi. Chunki bu haqda eng ommabop nashr “Turkiston viloyatining gazeti” xabar qilgan edi.
Kutubxonaning barcha rasmiy masalalari 27 bobdan iborat dasturda belgilab berilgan (Mahmudxo‘ja bin Behbudxo‘ja. Samarqand kitobxona jamiyati // Turkiston viloyatining gazeti. 1908. № 58). A’zolik badali yiliga 3 so‘m miqdorida belgilanadi. Maqsad ham musulmonlarning kam xarj qilib ko‘proq foyda olishiga sharoit yaratish edi. Umuman, bitta kutubxona uchun nimalar kerak bo‘ladigan bo‘lsa, Behbudiy bularning barchasini hozirlash harakatini ko‘rgan.
Ziyo maskani faoliyatida Mahmudxo‘ja Behbudiyga safdoshlari Hoji Muin, Vasliy Samarqandiy va muallim Abdulqodir Shakuriy ko‘maklashishgan. Tarkibiy jihatdan juda boy, xilma-xillikka ega fondi bo‘lgan. Jumladan, turli davlatlarda nashr qilingan diniy hamda dunyoviy kitoblar, suratli jurnal va gazetalar, ensiklopediya, lug‘atlar, xarita va atlaslardan o‘qib foydalanish mumkin bo‘lgan (Mahmudxo‘ja bin Behbudxo‘ja xatib. Mutolaaxona // Turkiston viloyatining gazeti. 1908. № 48).
Dastlab 200, keyinchalik 225 jild kitobga (Mahmudxo‘ja bin Behbudxo‘ja. Samarqand kitobxona islomiyasi // Turkiston viloyatining gazeti. 1908. №8; Behbudiy. Samarqand kitobxona va mutolaaxona islomiyasining 1908-yil hisobnomasi // Turkiston viloyatining gazeti. 1909. № 4) ega kutubxona kuniga 14 soat ishlab turgan (Mahmudxo‘ja bin Behbudxo‘ja xatib. Mutolaaxona // Turkiston viloyatining gazeti. 1908. № 48). Mutolaaxona ochilganiga 7 oy to‘lganda a’zolari soni 125 nafarga yetgan va jamiyat 2000 ga yaqin kitobxon ehtiyojini qondirgan.
Ikki yil kutubxona ishlari uchun xayrli kechdi. A’zolar va yon bosuvchi ko‘ngillilar yetarlicha topilib turdi. Lekin 1910-yilga kelib faoliyati susaya boshladi. Buning bir qancha sabablari bor edi. Xususan, jadid-qadim ixtilofi va muttasib ulamolarning uydirma mish-mishlari. Ilmdan bebahra va bu ishlarning fahmiga tushunib yetmagan avom esa uning zavoli uchun kurashdi. Mullolar kutubxonani kofirxona, zararli joy deb, ota-onalarga farzandlarini u yerga yubormaslikni buyurdi (Yusufzoda. Pismo iz Samarkanda // Turkiston viloyatining gazeti. 1910. № 16).
1912-yili kutubxonani ochib o‘tirishga zarurat ham qolmadi. Kunlik kelib-ketuvchilar soni maskanning ishchilaridan uncha ko‘p emasdi. Asta-sekin bu holat moliyaviy muammolarni keltirib chiqara boshladi. 1914-yilning avvalidan esa faoliyat ko‘rsatishga qiynalib qoldi. Yillik yig‘ilishda barcha 15 ta a’zo guvohligida kutubxonani saqlab turish va iqtisodiy muammoni hal etish uchun spektakl qo‘yishga qaror qilindi (Abdirashidov Z. Ismail Gasprinskiy i Turkestan v nachale XX veka: svyazi-otnosheniya-vliyanie. – Toshkent: Akademnashr, 2011. – B. 267). Lekin bu tadbirning ma’rifat dargohini jonlantirish uchun foydasi bo‘lmadi. Behbudiy uzoq yillar xalqqa xizmat qiladi deb o‘ylagan millat kutubxonasining taqdiriga nuqta qo‘yildi.
Mahmudxo‘ja kutubxonani o‘z hovlisiga ko‘chirdi va unga “Behbudiya kutubxonasi” deb nom berdi (Behbudiya kutubxonasi // Oyina. 1914. № 27). Rossiya va xorijda nashr etilgan kitoblar arzon narxda sotilishini ham e’lon qildi. “Oyina”ning ketma-ket o‘nga yaqin sonida sotiladigan kitoblar nomi va narxi berib borilgan. Ro‘yxatni ko‘zdan kechira turib sobiq kutubxonaning qanday kitoblarga ega bo‘lganini bilish mumkin. Jumladan, “Tarixi Eron”, “Tarixi madaniyat”, “Usmonli rus safari”, “Yaman sayohatnomasi”, “Tarixi asotir”, “Muxtasar tarixi madaniyat”, “Hindiston sayohatnomasi”, “Ilmi hayvonot”, “Latoyifi Xo‘ja Nasriddin”, “Shohnomayi mumtozi oliy”, “Nizomiy kulliyoti”, “Bedil kulliyoti”, “Masnaviyi sharif”, “Haqiqatnoma” kabi kitoblar hamda “Siroju-l-axbor” (Afg‘oniston), “Qadinlar dunyosi” (Qozon), “Chehranamo” (Misr), “Hablu-l-matin” (Kalkutta), “Tarjimon” (Bog‘chasaroy), “Mulla Nasriddin” (Boku), “Yulduz” (Qozon), “Sho‘ro” (Orenburg) singari gazeta-jurnallar o‘z davri uchun qimmatli boylik hisoblangan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy vafotidan keyin esa bebaho meros taqdiri bilan qiziquvchi odam topilmadi. “Turkiston” gazetasida keltirilgan “Samarqanda Behbudiy kutubxonasi” (Kezuvchi. Samarqanda Behbudiy kutubxonasi // Turkiston. 1924, 4-avgust) maqolasida yozilishicha, kutubxonadan mas’ul ishchilar ham xabar olmay qo‘ygan va bir yarim mingdan ortiq (659 dona musulmoncha, 923 dona ruscha) kitob qay holda ekani noma’lum qolgan.
Kutubxona Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘ylaganidek keng ravnaq topmagan bo‘lsa-da, ziyolilar va ilm ahliga foydasi behad ulkan bo‘lgan. Hatto ma’rifatparvar zotning keyingi faoliyati – “Oyina”, “Samarqand” nashrlari uchun asos manbalardan bo‘lib xizmat qildi deyish mumkin. “Padarkush” dramasining ham ilk bor sahna yuzini ko‘rishi bevosita ushbu ma’rifat maskani turtkisi bilan bog‘liq... Xullas, eskicha fikrlovchi kimsalar qutqusi, ilmsiz xalqning ishtiyoqsizligi oqibatida taraqqiyparvar loyihalardan yana biri muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Nodira EGAMQULOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q