Italyan sayohatchisi Xristofor Kolumb Sharqqa (Hindiston va Xitoyga) g‘arb tomondan dengiz yo‘li orqali yetib borish mumkin deb ishongan. Bu g‘oya o‘sha davr uchun xavfli va shubhali edi, okeanlar haqidagi bilimlar cheklangan, sayohat esa juda katta tavakkalchilikni talab qilardi. Shunga qaramay Kolumb o‘z ishonchi va qat’iyati bilan Ispaniya qirollik hokimiyatini ekspeditsiyani moliyalashtirishga ko‘ndirdi. 1492-yilda amalga oshirilgan birinchi sayohat natijasida Karib dengizi orollariga yetib bordi. U bu yerlarni Osiyoning bir qismi deb hisoblagan. Aynan shu sayohat Yevropa va Amerika o‘rtasida doimiy aloqaning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Bu esa savdo, migratsiya, madaniy almashinuv bilan birga, kolonializm va mahalliy aholining fojiali taqdiriga ham olib keldi.
Xristofor Kolumb safar davomida al‐Farg‘oniyning meridian 1 gradusi uzunligi 56⅔ milga teng bo‘lgan ma’lumotlariga tayanib ish ko‘rgan. Shu tariqa, al-Farg‘oniyga nisbat berilgan “qisqa gradus” (56⅔ mil) aslida qisqa emas, balki meridian gradusining haqiqiy uzunligiga juda yaqin bo‘lgan. Kolumb bir gradusning uzunligini 56 2/z italyan milida hisoblayverdi, holbuki italyan mili arab milidan 384 metr qisqa edi. Shunday qilib, bir gradusning uzunligi 22 km kam hisoblandi va Gʻarbiy Yevropa bilan Sharqiy Osiyo qirg‘oqlari orasidagi masofa asliga qaraganda ancha qisqa ko‘rindi. Uning tahlillarida arab va italyan millaridan chalkash foydalanish farqli o‘lchamlarni keltirib chiqargandi. Agar arablarning 1 mili 1973 metrga teng deb olsak, meridianning 1 gradusi 111,8 km ga baravar bo‘ladi. Bu qiymatni zamonaviy o‘lchov birliklariga aylantirganda, Kolumb hisobicha Yer aylanasi 30 185 kilometrga (18 756 milga) teng bo‘lgan, bu esa haqiqiy qiymat – 40 010 kilometr (24 861 mil)dan taxminan 25 foizga kamdir. Xato al-Farg‘oniyda emas, balki Kolumbda edi: u arab milining italyan dengiz milidan ancha uzun ekanini bilmagan holda, gradus uzunligi uchun 56⅔ mil qiymatini qabul qildi va ehtimol, avvaldanoq o‘zi ishonib kelgan nazariyani asoslash uchun undan foydalandi. Agar uning birgina shu kichik xatosi bo‘lmaganda va haqiqiy masofaning to‘g‘ri qiymatlarini aniqlay olganida, balki bunday uzoq safarga otlanishga jur’ati yetmagan bo‘larmidi? Geograf, sharqshunos Nallino Kolumb yo‘lga chiqqan kemalarning kichik o‘lchamda bo‘lgani haqida ma’lumot bergan. Bu ham Kolumbning o‘z hisob-kitoblari aniqligiga ishonchi komil bo‘lganidan dalolat beradi. Tarixiy metrologiyada har qanday o‘lchov birligi davr va hududda qo‘llanilishiga qarab farq qilishi milga ham aloqador edi. Uning qiymati va qayerda foydalanilganiga Kolumb va italiyalik matematik Toskanelli ahamiyat berishmagan, shu tufayli ba’zi noaniqliklar yuzaga kelgan. Ularning hisoblaridagi xatolik sababi ham shunda edi. Ya’ni, milning qayerda qo‘llanilgani inobatga olinmagan. Xristofor Kolumb hisoblarida rim milini qo‘llagani bois koordinatalar o‘zgarib ketgan. Bu esa har ikki mil qiymatlari orasida o‘rtacha 300-400 m atrofida farqni yuzaga keltirgan. Shu o‘rinda manbalar o‘rganilganda matnda uchragan o‘lchov atamalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinishi yoki tahlillardagi chalkash ma’lumotlar ham shu kabi holatlarni yuzaga keltirgan.
Tarixiy metrologiyada har bir o‘lchov birligi o‘zining uzoq va qiziqarli o‘tmishiga ega. Shu jumladan mil ham. Bu atama ko‘hna o‘lchovlardan sanalib, lotin tilida ming qadam ma’nosini anglatgan, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida keng muomalada bo‘lgan. Qadimda mil qadamlab yoki inson ko‘zi bilan chamalab o‘lchangan. Milga asoslangan uzunliklar yo‘l chetida o‘rnatilgan ustun, tosh kabi vositalar orqali belgilangan. O‘tmishda masofalarni o‘lchab, yo‘l chetiga toshlarni belgi sifatida qo‘yish ilk marotaba sharqda boshlangan. Arablar milni doim aniq bir uzunlik sifatida emas, balki ko‘z bilan ko‘riladigan eng uzoq masofa sifatida tushunganlari, yo‘l bo‘yidagi ustunlar orasidagi masofa ham mil deb atalgani haqida ma’lumot bergan. Ya’ni, mil inson ko‘zi bilan ko‘ra oladigan masofa va bu masofada biror bir jismni farqlash mumkin. Yo‘l bo‘yidagi belgili ustunlar taxminan 10 tirsak balandlikda qurilgan. Sharq manbalarida mil to‘rt ming ziro’ (tirsak), ba’zi tadqiqotlarda esa to‘rt ming tuyaning qadamiga teng bo‘lgani haqida ma’lumotlar uchragan. Al‐Ya’qubiyning “Kitab al‐buldan”, Ibn Rustaning “Kitab al-a‘laq an-nafis”, Idrisiyning “Nuzhat al-mushtaq fi ixtirak al-afoq” kabi manbalarida bu birlik suv va quruqlik masofalarini ifodalashda keng qo‘llanilgan. N.Likoshin “Tarixi Buxoro”ni tarjima qilib, unda uchragan o‘lchovlarga ba’zi izohlarni qoldirgan: “Mil atamasi deganda yoy o‘qining uchib o‘tgan masofasi tushunilgan, boshqa ma’lumotlarda esa inson ko‘zi bilan chamalay oladigan uzoqlik keltirilgan. 1 mil farsaxning ⅓ga teng bo‘lgan”. Mil bugungi kunda ham AQSH, Angliya kabi davlatlarda amalda bo‘lgan birliklardan sanaladi. Hozir 1 mil – 1609 m, 1 dengiz mili esa – 1852 m.ga teng.
Birgina o‘lchov birligining ta’siri Kolumbning rejalari va maqsadlari o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Tarixiy metrologik tadqiqotlarda konversiyaga jiddiy ahamiyat berish lozim. Ya’ni, bir birlik boshqa bir birlikka o‘girilayotganda davr va hududga e’tibor qaratilishi lozim.
Nihola NARZULLAYEVA,
O‘zR FA Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi
Tarix
Tarix
Til
Til
Tarix
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q