Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari insoniyat tarixidagi eng dahshatli fojialardan biri edi. Ular shaharni kulga aylantirdi, binolarni vayron qildi. Ammo XXI asrda insoniyat undan-da xavfliroq, koʻzga koʻrinmas qurolni kashf etdi. Bu qurol binolarni buzmaydi, shaharlarni olov ichida qoldirmaydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri insonning qalbi va ongini nishonga oladi. Uning nomi – axborot.
Bugun biz yashayotgan dunyoda urushlar maydonda emas, balki smartfonlar ekranida, ijtimoiy tarmoqlarning “lenta”larida va yangiliklar saytlarida bormoqda. Mashhur futurolog Elvin Toffler oʻtgan asrdayoq ogohlantirgan edi: “Kim axborotni nazorat qilsa, dunyoni oʻsha boshqaradi”. Xoʻsh, bugungi “aqllar jangi”da vaziyat qanday?
“Koʻrinmas radiatsiya” mexanizmi
Rossiyalik siyosatshunos Igor Panarin axborot urushini “davlatlarni parchalashning geosiyosiy quroli” deb ataydi. Agar yadro quroli insonning jismoniy tanasini yoʻq qilsa, axborot urushi uning oʻzligini, qadriyatlarini va tarixiy xotirasini oʻchirib yuboradi. Bu xuddi koʻrinmas radiatsiyaga oʻxshaydi: siz uning taʼsirini darhol sezmaysiz, ammo vaqt oʻtishi bilan jamiyat oʻzligidan begonalashib, “zombi”ga aylanadi. Amerikalik mashhur geosiyosatchi Zbignev Bjezinskiy oʻz vaqtida shunday bashorat qilgan: “Biz shunday davrga kirib boryapmizki, unda jamiyat ustidan nazorat elita qoʻlida boʻladi va ular zamonaviy texnologiyalar yordamida har bir fuqaroning xatti-harakatini kuzatib, boshqara oladi”. Bugun oʻsha davr keldi. Bizning smartfonimiz – bizning josusimiz, yangiliklar lentasi esa – ongimizni boshqaruvchi pultga aylandi.
“Haqiqat illyuziyasi” effekti. Radiatsiyaning eng xavfli tomoni – uning toʻplanish xususiyatidir. Axborotda ham shunday. 1977-yilda psixologlar (Hasher, Goldshteyn) tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot shuni isbotladiki, inson miyasi takrorlangan yolgʻonni haqiqat deb qabul qilishga moyil. Masalan, ijtimoiy tarmoqda bir xil yolgʻon xabar (feyk) turli manbalardan 3-4-marta takrorlansa, miyamizdagi “tanqidiy filtr” oʻchadi va uni avtomatik ravishda “haqiqat-yaʼni toʻgʻriga oʻxshayapti” deb qabul qiladi. Bugungi “botlar fabrikasi” aynan shu “takrorlash effekti” orqali jamoatchilik fikrini zaharlamoqda.
Dofamin qopqoni: Biz mijoz emasmiz, biz – mahsulotmiz
Psixologlarning aniqlashicha, ijtimoiy tarmoqlardagi “Like” va izohlar inson miyasida xuddi shirinlik yegandagi kabi dofamin (huzur gormoni) ishlab chiqaradi. Tadqiqotlarga koʻra, inson bir kunda oʻrtacha 2600-martadan koʻproq telefoniga tegadi. Neyrobiologiyada dofamin – bu “istak va kutish” ifodasidir. Masalan, siz shokolad yeganingizda emas, balki uni koʻrganingizda va yeyishni oʻylaganingizda miyada dofamin eng yuqori darajaga chiqadi.
Xuddi shunday, telefon jiringlaganda yoki “bildirishnoma” kelganda, miya: “kim yozdi, nima yozadi”, “Qanday munosabat bildirdi” degan signal kelganda dofamin otilib chiqadi. Biz xabarni oʻqish uchun emas, oʻsha dofamin dozasini olish uchun telefonga “yopishamiz”. Natijada esa, biz maʼlumotga “qaram” boʻlib qolamiz.
Hozir axborot oqimi shunchalik tezki, miyamiz tahlil qilishga ulgurmaydi. Bu holat fanda “Tanqidiy fikrlashning soʻnishi” deb ataladi. Yoki yana bir holat “cheksiz tasma” – toʻxtash belgisining yoʻqligi.
Gazeta yoki kitob oʻqilganda uning sahifasi yakunlanadi. Bu esa miyaga “boʻldi, toʻxta” degan signal beradi. Maʼlumotlar xulosasi shakllanib, fikrlar teranlashadi. Internetda esa unday boʻlmaydi.
Ushbu texnologiya muallifi Aza Raskin keyinchalik afsuslanib, shunday degan: “Biz inson psixologiyasidagi zaiflikni topdik va undan foydalandik. Men oʻz ixtirom (cheksiz skroll) orqali insoniyatning millionlab soat vaqtini oʻgʻirlaganimdan afsusdaman”. Tadqiqotchining iqrori qanday boʻlmasin, insoniyat xohlaydimi yoʻq, allaqachon axborot girdobida. Tayyor ovqat, dangasa miya, mudroq ong bilan “kun oʻtmoqda.”
Mashhur faylasuf va tilshunos Noam Xomskiy ommaviy axborot vositalari orqali manipulyatsiya qilishning “10 ta usuli”ni ishlab chiqqan edi. Ulardan eng asosiysi – “chalgʻitish strategiyasi”. Xomskiy aytishicha: “Odamlarni muhim ijtimoiy muammolardan chalgʻitish uchun ularni mayda-chuyda, shov-shuvli va keraksiz axborotga koʻmib tashlash kerak”.
The Washington Post yoki The New York Times global geosiyosatda “kun tartibi”ni belgilayotgan bir paytda, oddiy odamlar ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir “yulduz”ning janjali yoki maishiy videolarni muhokama qilish bilan band. Bu tasodifmi?
Siz hech oʻylab koʻrganmisiz, nima uchun Instagram yoki Facebookga aʼzo boʻlish bepul? Toʻgʻri, siz internet-trafik (megabayt) uchun pul toʻlaysiz, lekin bu pul aloqa operatori choʻntagiga ketadi. Ilova egalari esa siz milliardlab dollarlik texnologiyani ishlatganingiz uchun bir soʻm ham soʻramaydi. Bu saxiylikmi? Yoʻq.
Chunki raqamli bozorda haqiqiy tovar – bu sizsiz. Aniqrogʻi, sizning diqqatingiz va vaqtingiz. Soddaroq tushuntirganda ijtimoiy tarmoq bu – savdo markazi. Kirish bepul. Konditsioner ishlab turibdi, musiqa, chiroyli muhit. Sotib olayotgan trafik esa, benzin. Siz u yerga borish uchun mashinangizga benzin quyasiz (bu pul benzin shoxobchasiga ketadi, savdo markaziga emas). Savdo markazi sizdan “kirish haqi” olmaydi, chunki uning maqsadi – siz ichkariga kirib, reklamaga qarashingiz va oxir-oqibat nimadir sotib olishingiz yoki shunchaki tomosha qilib, boshqalarni jalb qilishingizdir. U yerda istalgancha sayr qilishingiz, vaqt oʻtkazishingiz mumkin. Sizning foydangiz qanday yoki zararingiz ne chogʻlik. Biroq ularning foydasi aniq.
Raqamlar tilga kirganda: Oʻgʻirlangan 6-yil va milliardlar
Biz “internet tekin” deb oʻylaymiz. Ammo iqtisodchilar buning narxini allaqachon hisoblab chiqishgan. Data Reportal maʼlumotlariga koʻra, inson oʻrtacha kuniga 2 soat 23 daqiqasini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazadi. Bu inson umrining 6-yil-u 8 oyi demakdir! Tasavvur qiling, hayotingizning salkam 7-yilini birovning hayotini tomosha qilishga sarfladingiz.
Keling, buni “pulga chaqamiz”. Iqtisodiyotda “boy berilgan imkoniyat qiymati” (Opportunity Cost) degan tushuncha bor. Agar oʻrtacha oʻzbekistonlik yosh mutaxassis oʻz ustida ishlash oʻrniga kuniga 2 soatini “scroll” qilishga sarflasa, u yiliga millionlab soʻmlik potensial daromadidan quruq qoladi. Kaliforniya universiteti professori Gloriya Mark yanada dahshatli faktni keltiradi: bitta xabar (notification)ga chalgʻigan miya oʻzining asl ishchi holatiga qaytishi uchun 23 daqiqa vaqt sarflaydi. Demak, biz nafaqat vaqtimizni, balki intellektual salohiyatimizni arzon layklarga almashmoqdamiz.
Manipulatsiyaga qarshi immunitet
Manipulyatsiya texnologiyalari davosi bizning Sharqona hikmatimizda yashiringan. Biz ota-bobolarimizdan meros qolgan toʻrt qoidani raqamli dunyoga koʻchirish shart.
“Har qanday xabarning “sanadi”ni (manbasini) soʻramay turib ishonma” – Imom Buxoriy.
Bu yerda gap zamonaviy fakt-cheking haqida ketmoqda. Alloma birgina hadisni toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini bilish uchun oylab yoʻl yurgan. U nafaqat matnni, balki uni aytgan odamni (roviyni) ham tekshirgan: Bu odam yolgʻonchi emasmi? Xotirasi joyidami? Kimdan eshitgan? Agar zanjirda bitta shubhali odam boʻlsa, xabarni rad etgan. Demak, har qanday xabarni oʻqiganda, savol berish kerak: “Sanadi (manbasi) bormi?” “Bir tanishim aytdi”, “internetda yozibdi” degan noaniq manbalarga emas, rasmiy tashkilotning munosabati yoki maʼlumotiga ishonish kerak. Nahotki, Imom Buxoriydek inson bir jumla uchun minglab kilometr masofa bosganida, biz birgina tugmani bosib, manbani tekshirishga erinsak?
Amir Temurga dushman haqida vahimali xabar kelganda, u darhol buyruq bermagan. “Kengash” (Mashvarat) chaqirgan va hissiyotni jilovlab, aql bilan qaror qilgan. “Gʻazab kelsa – oʻtir, oʻtirgan boʻlsang – yot” degan naql bejiz emas. Bu – qaror qabul qilishdan oldin “psixologik pauza” olishdir. Ijtimoiy tarmoqda “qoningizni qaynatadigan” video yoki xabar koʻrdingizmi? Izoh yozishga shoshilmang. 1 soat tanaffus qiling. Manipulyatorning maqsadi – sizni darhol reaksiyaga (soʻkishga, vahimaga) undash. Siz sukut saqlasangiz, uning rejasini buzgan boʻlasiz. Zamonaviy tilda aytganda, provokatsiyaga uchmang.
Naqshbandiya hikmati: “Hush dar dam” (Ondagi hushyorlik). Ushbu taʼlimotda “Hush dar dam” (Har bir nafasda hushyor boʻlmoq) qoidasi bor. Yaʼni, inson oʻz hayolini nazorat qilishi, har bir soniyada nima haqida oʻylayotganini anglab turishi kerak. Gʻaflatda qolmaslik – manipulyatsiyadan himoyalanishdir. Ijtimoiy tarmoqda “lentani” aylantirib oʻtirgan vaqtingiz savol bering: “Men hozir nima qilyapman? Bu maʼlumot menga nima uchun kerak?” Agar bu savolni bera olsangiz, siz “zombi” holatidan chiqasiz va algoritm sizni boshqara olmaydi.
Ibn Sino parhezi: u oʻz tibbiy asarlarida vahima va qoʻrquv inson immunitetini tushirib yuborishini aytgan. Tabib mashhur tajribasida boʻrining yoniga qoʻyilgan qoʻzi yemoq-ichmogʻi joyida boʻlsa ham, qoʻrquvdan oʻlib qolganini isbotlagan. Axborot urushining maqsadi – sizni doimiy stress va qoʻrquvda ushlash (masalan, “Urush boshlanarmish”, “Narx osharmish”). Xuddi shu kabi keraksiz, salbiy, vahimali kanallardan chiqib ketish lozim. Bu johillik emas, bu – ruhiy salomatlikni saqlashdir. Alloma taʼbiri bilan aytganda vahima – zahar.
Agar biz shu “zirh”ni kiya olsak, hech qanday sunʼiy intellekt yoki algoritm bizning ongimizni zabt eta olmaydi, deyish mumkin.
Shohista Yunusaliyeva,
jurnalist
Tarix
San’at
Falsafa
Tarix
San’at
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q