XX asrning o‘rtalarida Turkiston hududida yuz bergan milliy ozodlik harakatlari, siyosiy qatag‘onlar va ommaviy zulmlar mintaqaviy va umumturkiy tarixning eng og‘riqli sahifalarini tashkil etadi. Jarayonlar uzoq yillar davomida sovet mafkurasi ta’sirida yopiq qolib, tarixiy xotiradan siqib chiqarildi. Ana shunday sharoitda xorijda, xususan, Turkiya hududida chop qilingan davriy matbuot nashrlari Turkiston tarixi va milliy xotirasini saqlab qolishda muhim manba sifatida maydonga chiqdi. Shular orasida “Buloq” jurnali alohida o‘rin tutadi.
“Buloq” – milliy tuyg‘ularni uyg‘otish, kommunistik tuzum zulmini fosh etish va Turkiston milliy ozodlik kurashlarining xotirasini saqlashga xizmat qilgan xotiraviy-manbashunoslik nashridir.
“Buloq” sahifalarida jurnal nomiga shunday ta’rif berilgan: “Manbai tabiat qa’rida bo‘lgan, zaif bir nuqtani topgach, yer yuziga chiqqan, atrofiga hayot va fayz sochuvchi. Shoirlar, dardlilar va g‘ariblarning to‘xtash joyi, qo‘lida ko‘za va chelak tutgan, sochlari o‘rilgan shod qizlar-u kelinlar makoni, bo‘rilar, kiyiklar, jayronlar suv ichadigan maskan haqida sahifalar to‘la dostonlar yozilgan, atrofida o‘tovlar qurilgan, jang qo‘shiqlari aytilgan, qalqonlar tozalanib, qilichlar qayralgan; boshlari daraxtzor, etaklari namlik bo‘lgan buloq va chashmalar nomi – “Buloq”dir.
Qayd etilishicha, jurnalning birinchi soni 1959-yil mart oyida nashr etilgan. Dastlab jurnal 16 sahifada chop etilgan bo‘lsa, 1962-yilga kelib uning hajmi 20 sahifaga yetkazilgan. Ta’sischisi Bedri Hujant, mas’ul muharriri esa Ahmet Turkeli bo‘lgan. Jurnal Adana shahrida joylashgan “Zemin Matbaasi Komandit Şirketi” bosmaxonasida chop etilgan. Nashrni davriy va barqaror ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida “Buloq” majmuasi uchun maxsus obuna tizimi tashkil etilgan.
Jurnalning “Nima uchun chiqyapmiz?” sarlavhali dasturiy murojaati uning g‘oyaviy yo‘nalishini ochiq-oydin belgilaydi. Unda “Buloq” o‘zini millatparvar jurnallar safiga qo‘shib, turkiy xalqlarga xos fazilatlar, milliy urf-odatlar va ma’naviy qadriyatlarni tiklashni bosh maqsad qilib qo‘ygan. Jurnal adabiy yoki publitsistik nashr bo‘lishi bilan birga, milliy xotira maydoni vazifasini ham bajargan.
Jurnalda “temir parda ortida qolgan Turkiston o‘lkalaridagi vaziyatni jamoatchilikka yetkazish” asosiy vazifa sifatida belgilangan. Ayniqsa, sovet boshqaruvi ostidagi zulmlar, diniy va axloqiy qadriyatlarni yo‘q qilishga qaratilgan siyosat, ommaviy qatllar va Sibirga surgun qilish amaliyotlari haqidagi ma’lumotlar katta o‘rin egallaydi.
Muhim jihati shundaki, “Buloq” bu voqeliklarni rasmiy-siyosiy tilda emas, ularni boshidan kechirgan insonlarning xotiralari orqali yoritadi. Bu esa jurnal materiallarini xotiraviy tarix nuqtai nazaridan qiymatini oshiradi.
“Buloq” sahifalarida Ikkinchi jahon urushi mavzusi ham Turkiston milliy ozodlik kurashlari xotirasi bilan uzviy bog‘langan holda yoritiladi. Xususan, Olmonlarga asir tushib, keyinchalik sovet tuzumiga qarshi jang qilgan Turkistonliklar taqdiri jurnalning muhim mavzularidan biri hisoblanadi. Ushbu xotiralar sovet tarixnavisligida “xoinlik” sifatida talqin qilingan bo‘lsa-da, “Buloq”da ular milliy ozodlik uchun qilingan majburiy tanlov sifatida baholanadi. Jurnal muqobil tarixiy tafakkurni shakllantirishga intilgan. Ya’ni “Buloq” turkistonliklarning urush davridagi faoliyatini mustamlaka zulmidan qutulish yo‘lidagi urinish ekanligini ta’kidlaydi.
Jurnalda Turkiston milliy ozodlik kurashlari turli mazmundagi maqolalar, she’rlar, xabar va e’lonlar orqali tarixiy hodisalar, inson taqdiri, shaxsiy xotira va xalqning umumiy dardi ekanligi yoritiladi.
Turkistonda ayanchli voqealar davom etayotgan, azaldan kelib chiqqan asirlikdan qutulish va milliy ozodlikni ta’minlash maqsadida olib borilgan kurashlar tarixida har bir shaxsning hissasi beqiyos ahamiyatga ega. Shulardan biri Anvar Poshodir. U Turkistonga borib, qo‘zg‘olonlarni boshqargan va o‘n bir oy davomida dushmanga qarshi shaxsan jang qilib, shahid bo‘lgan.
Uning shtabida xizmat qilgan va bir kun ham yonidan ayrilmagan xotiralar sohibi haqiqiy ismi Mirzo Purnafas bo‘lib, yaqinlari uni “Nafiz” deb atagan. Turkiya fuqaroligini olgach, ismi Ahmad Nafiz Turkerga aylangan. Besh farzandning otasi va Ichel viloyati Tarsus tumanida istiqomat qilgan, aslida u buxorolik bo‘lgan.
Mirzo Purnafasning xotiralari Turkiston milliy ozodlik kurashlarining muhim davrlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu xotiralarda Anvar Poshoning Turkiston inqilobiga qo‘shilishi va uni o‘n yarim oy davomida qanday boshqargani haqida barcha ma’lumotlar qamrab olingan.
Hodisalarning haqiqiy tarixi ko‘pincha hujjatlar va dalillar yetishmasligi, shuningdek, voqealarning yozuvchi tasavvurlariga bog‘liqligi sababli sir qolgan. Turkiston inqilobining ko‘p qismlari tarix uchun noma’lum bo‘lib qolmoqda, ham rus, ham qizil hokimiyatlar tomonidan amalga oshirilgan zulmlar, shahar va qishloqlar bo‘ylab qilingan qirqinlar esa ko‘pincha tarixiy manbalarda aks etmagan. Mirzo Purnafas Turkiston milliy ozodlik kurashlari va Anvar Posho bilan bog‘liq voqealarni tarixga muhrlash maqsadida yozgan. Yozuvchi emasligi sababli matnda xatoliklar uchraydi, ammo bu hujjatlar va ma’lumotlar Turkiston xalqining tarixi, an’analari va ozodlik kurashlari haqidagi qimmatli manba hisoblanadi.
“Buloq” jurnalida e’lon qilingan “Turkiston milliy kurashlaridan xotiralar” ruknida mustamlaka hukumatiga qarshi olib borilgan milliy ozodlik kurashlari haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Xususan, jurnalning 1-sonidagi xotiralarda qayd etilishicha, Turkiston Sharqda Xitoy va Hindiston, G‘arbda Kaspiy dengizi va Ural, Shimolda Sibir, Janubda Afg‘oniston va Tibet bilan chegaradosh hududni qamrab olgan. Uning maydoni taxminan 5,5 million kvadrat kilometr, aholisi esa taxminan 30 million kishini tashkil etgan, aholi asosan turkiy tilda so‘zlashgan.
Turkiston tarixida Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Somoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar kabi davlatlar turkiy xalqlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun asosiy ramziy hamda amaliy maydonni yaratgan. Bu davlatlar hududda davlatchilik an’analari, madaniy meros va iqtisodiy aloqalarni shakllantirib, Turkistonning barqaror tarixi va turkiy madaniy sivilizatsiya rivojiga xizmat qilgan.
XIX asrda Turkiston Rossiya imperiyasi huzuriga kirishi milliy ozodlik kurashlarining turli bosqichlarini belgiladi. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda mahalliy aholi turli hududlarda keng ko‘lamli qarshilik harakatlarini amalga oshirgan: 1812–1827-yillari Bo‘key O‘rda harakatlari, 1840–1845-yillarda Kenesari Sulton qo‘zg‘olonlari, 1853–1857-yillari Nur Ali o‘g‘li Xon Xo‘ja Botir qo‘zg‘oloni, 1860–1873-yillari Mang‘ishloq qo‘zg‘olonlari, 1868-yili Samarqand va Buxorodagi ozodlik kurashlari, 1876-yili Farg‘onada Abdurahmonbek Oftobachi isyoni, 1891–1896-yillari Farg‘onaning turli hududlarida sodir bo‘lgan qo‘zg‘olonlar va 1898-yili Andijonda Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni shu jarayonlarning asosiy voqealari hisoblanadi. Shuningdek, 1916-yili butun Turkistonda ommaviy ishchilar qo‘zg‘oloni, 1918–1923-yillari sovetlar tomonidan “bosmachilik” deb nomlangan, aslida esa milliy kurash va mustaqillik urushi xususiyatiga ega qarshilik harakatlari hamda 1922–1923-yillari Anvar Poshoning ishtirokidagi istiqlol harakati ham mazkur milliy harakatlar tarixida muhim o‘rin tutadi.
“Yuqorida ko‘rsatilgan isyonlarning har biri turkistonliklarga juda qimmatga tushdi: shaharlar, qasabalar (shaharchalar) yonib, yuz minglab ayol va erkak turkistonliklar o‘ldirildi, millionlab boylik musodara qilinib, Moskvaga tashib ketildi. Hozircha Turkistonda biror harakat ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, qizil qotillarning (bolsheviklarning) nonvoyxona eshiklarini temir pardalar va qalin devorlar orqasidan qulflab qo‘yishi natijasida, har qanday ozodlik harakatiga kirishganlar ikkinchi kuniyoq ochlik bilan yuzma-yuz kelishlari sababli, odamlar intiqom hislarini qalblarida saqlab, ilk fursatda jonini fido qilishga tayyor, kamida 5 million mujohid (milliy ozodlik kurashchilari – M.D.) vatanidan uzoqda, begona yurtlarda ufqdan tug‘iladigan hurriyat quyoshini kutmoqdalar.
Turkiston inqilobiga muqaddima (zamin) bo‘lgan hodisalarga to‘laligicha nazar tashlash lozim. Shu sababli xotiramizni 1916-yilga qaytaraylik:
Birinchi Jahon urushining ikkinchi yilida Chor hukumatining qurolli kuchlari Kavkaz va Karpat frontlarida jang qilmoqda edi. Bu frontlarda istehkom, yo‘l va orqa xizmatlarda ishlatish maqsadida Turkistondan majburiy ishchilar to‘planib, armiyaga qo‘shilishi haqida buyruq berildi. Bu buyruqqa binoan, turli joylardan qurolli mirshablar nazorati ostida ishchilar to‘plana boshladi va ularga beriladigan ish haqi xalqdan soliq sifatida undirila boshlandi.
Turkistondan to‘planadigan ishchilar soni yigirma mingdan ortiq katta miqdorni tashkil etgani va buncha odamning ish haqi xalqdan undirilishi dahshatli aks-sado berdi. Chidab bo‘lmas bu soliqlarning keti uzilmas edi. Shu sababli xalq orasida norozilik boshlandi. Bu vaziyat qarshisida ruslar g‘azablanib, ko‘p joylarda kuch ishlatishga majbur bo‘ldilar. Joylarda, shahar va qishloqlarda turli voqealar yuz bera boshladi. Toshkent, Samarqand kabi katta shaharlarda ishchi majburiyatini harbiy majburiyatga aylantirish, to‘plangan xalqning mashq maydonlarida ta’lim ko‘rib, qurollantirilishi haqida Chor hukumatiga taklif berilgan bo‘lsa-da, bu taklif rad etildi. Endi o‘q yoydan chiqqan edi.
Ilk bor Samarqandda, Jizzaxda isyonlar bosh ko‘tardi. Buni Olmaota va Qoraqum aholisi davom ettirdi. Keyinroq Qizilqum va Xiva atrofi, Farg‘onaning turli qishloq va shaharchalarida ham umumiy isyon harakati boshlandi. Muntazam qurollangan Rus qo‘shinlariga qarshi Turklar bolta, ketmon va bobomeros egri qilichlar bilan kurashga kirishdilar. Ishchi to‘plashga harakat qilayotgan qurolli kuchlarga pistirma qo‘yish orqali ularni yo‘q qilib, qurollarini tortib olardilar.
Shu tariqa soni ko‘p bo‘lmagan Rus qo‘shinlari garnizonlaridan chiqa olmay qoldilar. Hukumat mahalliy kuchlar bilan bu harakatni bostirib bo‘lmasligini anglagach, Osmonli (Turkiya) frontini kuchaytirish uchun Kavkazga jo‘natilayotgan Sibir armiyasini bu frontga yuborishdan voz kechib, General Kuropatkin qo‘mondonligida Turkistonga jo‘natdi. Bu zolim generalning vahshiy qo‘shinlari isyon mintaqasiga hujum qildi. Qattollarcha bir g‘ayrat bilan qishloq va shaharchalarni olovga berdi. Yo‘lida uchragan minglab begunoh ayol, erkak va bolalarni istisnosiz qatl qildilar. Uylar, mol-mulklar musodara qilindi.
Ikki oycha davom etgan shiddatli urush sonida ko‘plab qishloq va shaharchalar butunlay yo‘q qilindi. Sharqiy Farg‘ona va Olmaota atrofidagi mujohidlar Sharqiy Turkistonga qochish uchun chekindilar. Qizilqum, Samarqand va G‘arbiy Farg‘ona mujohidlari esa cho‘l va tog‘larga yashirindilar.
Sharqiy Turkistonga qochmoqchi bo‘lgan Yettisuv va Olmaota mujohidlari bir tuman Rus otliqlari tomonidan ta’qib qilinib, Urumchi yo‘nalishida qisib qo‘yildi. Bu hududda mudhish janglar bo‘ldi. Chekinayotgan 80 mingga yaqin inson 200 mingdan ortiq hayvonlari bilan mustamlaka qo‘shinlariga taslim bo‘lishdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rib, to‘p-to‘p bo‘lib hayvonlarini oldiga solgancha imperiya qo‘shinlariga hujum qildilar. Miltiq ovozlaridan hurkkan hayvonlarning tipirchilashi, rus pulemyotlarining o‘qlariga qaramay atrofni chang-to‘zonga belab dushman ustiga bostirib borishi bir lahza ularni shoshirib qo‘ydi. Katta talofatlarga qaramay, bir hovuch turk mujohidlari Urumchiga va bir qismi Oqsuvga qochib o‘ta oldi, ammo yuz bergan bu janglarda 60–70 ming inson va 300 mingga yaqin hayvon qurbon bo‘ldi”.
“Muntazam rus qo‘shinlari, son-sanoqsiz qirg‘inlardan so‘ng Turkistonda yuz bergan bu qo‘zg‘olonni juda og‘ir talafotlar bilan bostira oldilar. Lekin qalblardagi vatan ishqini, milliyat mafkurasini so‘ndira olmadilar. Turkiston, bosqinchi kuchlarning katta qismiga mozor bo‘lgan edi. Bu xizmati evaziga General Kuropatkinning Toshkentda haykali o‘rnatildi. Ruslarning jazolash amaliyotidan jon saqlab qolgan minglab mujohidlar, qurollarini topshirmasdan guruh-guruh bo‘lib tog‘larga chekindilar. Mana shu kuchlar Turkiston inqilobining asosini tashkil etdi”.
Jurnalning 4-sonida keltirilishicha, 1919-yilda Kilif qasabasida (hozirgi Turkmanistonning Kerki hududi – M.D.) sodir bo‘lgan voqea Turkistondagi milliy ozodlik kurashlari tarixidagi eng og‘ir bosqichlardan biri bo‘lgan. Maqolada zindon va undagi qiyinchiliklar ham ochib berilgan bo‘lib, bu voqea yerlik aholining milliy o‘zlik va mustaqillikka bo‘lgan intilishini namoyon etgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
“... Men bu qasabaga jun sotib olish uchun kelgan edim. 1919-yil 15-iyun kuni qasabaning bozori edi. Bozorga keltirilgan junlardan ma’qul kelganlarini olib, savdo bilan mashg‘ul bo‘lib turganimda, yonimga ikki nafar xavfsizlik xodimi kelib, voliy (hokim – M.D.) meni ko‘rmoqchi ekanini aytdilar. Ishlarimni bitirgach borishimni aytsam-da, ruxsat bermay, meni majburlab voliyning huzuriga olib bordilar. Voliy mendan kim ekanligimni so‘radi. Chilli Gullu turkmanlaridan ekanimni aytdim. Buning ustiga voliy menga baqirdi:
– Sen jadidsan!
– Buni qayerdan bildingiz? – deb so‘radim.
– Turkman bo‘la turib, samarqandliklardek kiyingansan. Sallang kichik, jadidcha uslubda. Shariatga xilof ravishda soqolingning uchi qirqilgan? Ayniqsa, qalamingni qulog‘ing ustiga qo‘yibsan-ki, bu jadidlar qiladigan harakatdir.
Javob berishimga ham imkon bermay, zindonga olib borishni buyurdi. Ichida o‘n ikki kun qolganim zindonni ta’riflab beray: Zindon Qo‘rg‘onning Amudaryoga qaragan tomonida edi. 16 zinapoya pastga tushilgach, katta va zanglagan temir eshikdan o‘tib, hech quyosh ko‘rmaydigan, tor va uzun yo‘lakka kiriladi. Bu yo‘lakning ikki tomonida kichik va iflos eshiklar bilan bir-biridan ajratilgan tor hujralar bor. Har bir hujraning o‘rtasida qalin eman kundalari o‘rnatilgan bo‘lib, bu kundalar ustida 20 santimetr chuqurlikda, inson oyog‘i sig‘adigan o‘yiqlar ochilgan. O‘yiqlar orasiga temir xalqalar qoqilgan, xalqa va temir orasidan kunda bo‘ylab uzun yumaloq temir o‘tkazilgan. Buning bir uchi kundaga, ikkinchi uchi esa xalqaga ulkan qulf bilan bog‘langan. Mahbusning oyoqlari kundaning o‘yig‘ida va uning ustidan o‘tkazilgan temir orasida qolgach, hech qayerga qimirlay olmaydigan holatda soqchilarning insofini kutishga majbur bo‘ladi. Mana men ham bit, burga va boshqa hasharotlarga to‘la bu hujrada yolg‘iz boshimga 12 kun qismatimni kutdim.
1919-yil 27-iyun tongida hujramning eshigi ochildi. Ichkariga kirganlar har kungilarga o‘xshamasdi. Ikkisi ham baland bo‘yli, qoracha yuzli edilar. Ko‘zlari qizargan, qon quyilgandek edi. O‘ng belbog‘larida bittadan xanjar osilib turardi. Ular voliyning jallodlari ekanini taxmin qildim. Oyoqlarimni bog‘lab turgan kundadan xalos qildilar. Biri oldimda, ikkinchisi orqamda zindondan chiqqach, siyosat maydoniga (mahkumlarga jazo beriladigan joy – M.D.) keldik. Zinaning oxirgi pog‘onasiga tushganimda, mox bosgan tosh devorlarga urilib oqayotgan Amudaryoni ko‘rdim. Bu manzara menga qutulish ilhomini berdi. Bir lahzada porlagan hurriyat chaqmog‘i bergan jasorat bilan, ikki jallodning orasidan otilib chiqdim va bir necha metr oldinda mavjlanayotgan daryoning ko‘pikli suvlariga o‘zimni otdim...”.
“...Orqamdan hayrat bilan qarab qolgan jallodlardan ancha uzoqlashgach, o‘zimni Afg‘oniston sohiliga otishga harakat qildim. Bir muddatlik kurashdan so‘ng, daryo sohilidagi Afg‘on garnizonidan bir kilometrcha g‘arbda sohilga chiqdim. Suzishimga xalaqit bermasligi uchun kiyimlarimni suv ichida yechgan edim. Yarim yalang‘och holatda garnizonga panoh so‘rab bordim. Bir necha yil jun va paxta mavsumida bu yerlarda ishlaganim uchun muhitga begona emasdim. Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan turkmanlar orasida savdo-sotiq sababli tanishlarim ko‘p edi. Afg‘on garnizoni qo‘mondoni meni juda yaxshi kutib oldi.
Issiq kiyimlarimni almashtirishim uchun menga yordam berdi. Ustimga kiyishga kiyim-kechak topib berdi. Garnizon yaqinidagi qishloqlardan (ovloqlardan) birida bo‘lgan Seyit Vali og‘a ismli tanishimning garnizonga kelishini ta’minlashini undan iltimos qildim. Qo‘mondon darhol ikki askar yubordi va oqshomgacha do‘stim kelib, menga kafil bo‘ldi. Endi qutulgan edim. Birgalikda Seyit Vali og‘aning uyiga ketdik. Uning uyida to‘rt kun mehmon bo‘ldim.
1919-yilning 1-iyul kuni Afg‘onistonning Turkiston viloyati markazi bo‘lgan Mozori Sharifga ketish uchun Seyit Valining uyidan ayrildim. Do‘stim meni yolg‘iz qoldirmadi. Mozori Sharifgacha menga hamrohlik qildi.
Mozori Sharifda mahalliy hukumat raisi – “Noib ul-hukumat”ga boshpana so‘rab, garnizon qo‘mondonligi tomonidan berilgan hisobotni taqdim etdim va bo‘lib o‘tgan voqealarni og‘zaki tushuntirdim. Noib ul-hukumat menga shahar ichida bir turar joy ajratish fikrida ekanini aytdi. Qatg‘an viloyati hududida qarindoshlarim borligini, agar ma’qul ko‘rilsa, Xonobod shahriga borishga ijozat berishlarini iltimos qildim. Bu iltimosim qabul qilindi va kerakli rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, Seyit Valining kafilligi ishonchli deb topildi. Qatg‘an viloyatining Imom Sohib qishlog‘ida yashovchi qarindoshlarimnikida qolishga ruxsat berildi. Shu tarzda JADID tamg‘asi bilan o‘limdan qutulib qolgan edim...”
Umuman olganda, jurnal sahifalarida chop etilgan maqolalar Turkiston milliy ozodlik kurashlari haqidagi tarixiy xotirani saqlash, qayta tiklash va ma’naviy meros sifatida kelajak avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Jurnal “buloq” kabi xalq xotirasi qa’ridan chiqqan haqiqatlarni yuzaga chiqarib, Rossiya imperiyasi va sovet hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan qatag‘on siyosati tarixini o‘rganishda asosiy ilmiy manba vazifasini o‘taydi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar
1. “Bulak”. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. 20 Mart 1959. S. 2.
2. Bulak. Niçin Çikiyoruz. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. Mart 1959. S. 3.
3. Türkistanlı Mirza Purnefes. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar: Önsöz. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. 20 Mart 1959. S. 9.
4. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar. “Bulak” Dergisi. Yil : 1. Sayı : 1. 20 Mart 1959. S. 9–15.
5. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 2. 20 Nısan 1959. S. 9.
6. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar: Zindan. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 3. 20 Mayıs 1959. S. 9.
7. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar: Zindan. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 4. 20 Haziran 1959. S. 9.8. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 5. 20 Temmuz 1959. S. 9.
Mashhuraxon DARMONOVA,
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Til
Adabiyot
Vatandosh
Ma’naviyat
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q