Shu kunlarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Fonus” loyihasi doirasida suratga olingan 4 ta qisqa metrajli filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, muammolar, milliy g‘urur, turkiy birdamlik haqida hikoya qiluvchi “Chegara”, “Ichan Qal’a”, “Qo‘shnilar” va “Fonus” filmlari tomoshabinlarda turlicha mulohazalarni uyg‘otdi. Oyina.uz ushbu qisqa metrajli filmlar haqida bildirilgan fikrlarni bir joyga jamladi.
Iqbol QO‘SHSHAYEVA, san’atshunos:
“Fonus” – bu shunchaki qisqa metrajli filmlar to‘plami emas. Bu Ma’naviyat va ma’rifat markazi haqida yillar davomida shakllangan dogmatik tasavvurlarni sindiradigan badiiy-ijtimoiy da’vodir. Kerakli da’vo! An’anaviy targ‘ibot – voizlikning ham o‘rni yo‘q emas. Ammo kino san’ati orqali xalq qalbiga yo‘l topish – targ‘ibotning eng samarali, eng ishonchli va eng barqaror shakli ekani, shubhasiz.
“Chegara”, “Ichan Qal’a”, “Qo‘shnilar” va “Fonus” filmlarining har biri mafkuraviy ildizga ega. Shokir Xoliqovning loyihaga jalb etilgani juda to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Xoliqov g‘oyani insoniy dard va ichki samimiyat bilan yetkazadi, balandparvoz pafos yo‘q – o‘y bor, savol bor, javobni hissiyotga g‘arq bo‘lgan tomoshabinning o‘zi izlaydi.
“Chegara” filmida mustaqillikdan keyingi ilk ma’muriyat siyosati badiiy idrok etilgan bo‘lsa, “Fonus” filmi paxta qulligi orqali sovet tizimi siyosatini ochib beradi va ta’limsiz Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yib bo‘lmasligi g‘oyasini sof insoniy hislar bilan ifodalaydi.
“Qo‘shnilar” filmida geosiyosiy masalalar maishiy hayot fonida tabiiy aks etgan. Ijodiy guruhning bu qadamiga alohida rahmat aytaman. Darvoqe, film finalidagi yangi uy fonini kimdir Yangi O‘zbekiston ramzi deb qabul qilar, yana kimdir Yangi Turkiston – kelgusidagi Buyuk Osiyo deb talqin qilar… Orzuga ayb yo‘q!
“Ichan Qal’a” esa tomoshabinni o‘tkir savollar qarshisida qoldiradi: qonun inson uchunmi yoki inson qonun uchunmi? Qonunlar insonga yordam berish uchun yaratiladimi yoki uning hayotini yanada murakkablashtirish uchunmi?
To‘rt film – to‘rt dard. Har biri mafkuraviy ildizdan o‘sgan, ijtimoiy hayot sahnida kechinilgan iztirob. Va har biri – zulmat ichida yo‘l izlayotgan inson uchun yoqilgan alohida fonus.
Dadaxon MUHAMMADIY, shoir:
Buyurma asarni hafsala bilan, samimiy yozsa bo‘ladi. Vatan haqida ayuhannos solmasdan ham gapirish mumkin. Yurtni sevishingni iddao qilmasdan ham aytsa bo‘ladi. Buyurtma kinoni ham did bilan, ko‘ngilga yetib boradigan qilib tasvirga olish mumkin. Albatta, qip-qizil bo‘lishi shart emas. Kecha rejissyor do‘stimiz Shokir Xoliqovning 4 ta qisqa metrajli filmlari premyerasida bo‘ldik. Shokir o‘z yo‘lini allaqachon topdi, o‘ziga xosligini yaratdi: uning kinolarida odamlardan ko‘ra detallar, tasvirlar, nigohlar, holatlar gapiradi. "Chegara" filmidagi kechinmalarni boshidan o‘tkazgan qirg‘izistonlik o‘zbeklardan, andijonlik do‘stlarimizdan eshitganman. "Ichan qal’a" filmidagi holatni ko‘rib ichim ezildi. Bir odamga emas, yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan qancha odamlarga... "Qo‘shnilar"da yashirilgan (aslida yashirilmagan) majozlarni ko‘rib, sezib, his qilib, boshimizdan o‘tkazib o‘tiribmiz. Hali bu millatning qanchadan-qancha "Fonus"larga ehtiyoji borligini "Fonus" filmini ko‘rib his qildim. Yig‘ladim. Premyeradan chiqqach rejissyorga biroz "dakki" ham berdik. Kinolarni bu qadar ta’sirli ishlayvermang, deb. Gapimiz boshidagi gap – gap: agar buyurtma filmlarni shu qadar samimiy, tabiiy, ishonarli ishlash mumkin ekan, bu albatta davom etishi kerak...
Qozoqboy YO‘LDOSH, adabiyotshunos:
"Fonus" menga yoqdi. U ko‘ruvchining ko‘ngliga yoqilgan chiroq kabi ta’sir qiladi. Ko‘rsatilgan to‘rt kino ham samimiy va astoydil ishlangan. Ayniqsa, "Chegara", "Fonus" ko‘ngillarni zabt etarlik bo‘lgan. Bugungi odamga empatiya – o‘zgaga ko‘ngildosh bo‘lish yetishmaydi. Kinolar ayni shu xususiyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Baraka topinglar!
Gulmira MUSAJONOVA, jurnalist
Bir necha kundan beri Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Fonus” loyihasi doirasida suratga olingan qisqa metrajli filmlarning ta’sirida yuribman. Tadbirga yo‘l olganimda bunday samimiy, toza, tirik filmlarni ko‘raman, deb o‘ylamagandim. Ochig‘i, kutmagandim. Negaki, ma’naviyat targ‘ibotchilari haqida ko‘pchiligimizda ma’lum fikr, tushuncha shakllangan. Uzr. Ammo aynan shu loyiha ijodkorlari miyamdagi bu fikrni sindirib tashlashdi. Qoyil.
“Chegara”, “Ichan Qal’a”, “Qo‘shnilar”, “Fonus”. Filmlar aynan shunday ketma-ketlikda namoyish qilindi. Va bu bejiz emasdek tuyuldi menga. Baxtli, tinch yashash va istagan paytida yaqinlarini ko‘rish imkonidan ham mahrum bo‘lgan oddiy insonlar taqdiri.... “Chegara”da hudud, yer resurslari, dunyoga ustun bo‘lish uchun kurashlar – global miqyosdagi siyosiy o‘yinlarning qo‘rqinchli ta’sirini bir oila hayoti misolida ko‘ramiz.
“Ichan Qal’a” – ehtimol, bilib-bilmasdan qilingan xato oqibatida izdan chiqqan hayotni tiklash uchun kurashayotgan fuqaroning tizim oldidagi ojizligi, oilasiga yana bosh bo‘lishga intilayotgan inson qismati. Ota-ona bolasiga suyanchiq, tog‘ bo‘ladi. Lekin, farzand ham ota-onasi uchun tirgak bo‘la olishi mumkin. Ota-onalar yoshi katta bo‘lgani uchungina haq bo‘lavermaydi. Ular ham nimalarnidir noto‘g‘ri qilishadi, adashishadi. Oqibatda o‘zi, ba’zida butun jamiyat boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Ana shunday paytda yosh avlod ham ularning qo‘lidan tutib, to‘g‘ri yo‘l – kelajak sari boshlay oladi. Faqat ichimizdagi o‘zak, o‘zlik kabi ma’naviy “qal’alar”imiz mustahkam bo‘lsin.
Sobiq sho‘ro tuzumi turli millat vakillarini bitta “uy”ga majburan kiritgan. “Uy” bizga yoqadimi, yo‘qmi, bu ularni qiziqtirmasdi. O‘sha “uy”da kun ko‘rishga mahkum edik. Ha, mahkum edik! Yillar o‘tib, uyning poydevori chiriy boshladi. Endi unda ortiq yashab bo‘lmaydi. Uy egalari ham ko‘chishga allaqachon tayyor. Faqat avtomat ovozini eslatadigan yoqimsiz shovqin ta’mirlash bo‘layotganini bildiradi – Volodya ismli ishchi qulash arafasida turgan uyni ta’mirlayapti. Ammo poydevori mo‘rt, endi hech ham tiklab bo‘lmaydigan uyni zo‘rma-zo‘raki saqlab qolishga hojat yo‘q! Filmning finali ham ma’noli. Zora.... “Qo‘shnilar” filmidagi har bir kadr, har bir so‘z, har bir harakat bejiz emas. Har birida ma’no, tag-ma’no, ishora, fikr bor.
Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning “Spektaklni o‘qish kerak”, degan gapini ko‘pchilik biladi. Filmni ham o‘qisa bo‘ladi! O‘qish kerak! Albatta, agar o‘qishga arziydigan fikr bo‘lsa. Loyiha doirasida suratga olingan filmlar esa nafaqat tomosha qiladigan, balki o‘qiladigan fillar. Masalan, “Fonus” ham. O‘qituvchi o‘quvchilarga shunchaki ta’lim, tarbiya bermaydi. U millatning kelajagini o‘stiradi. Kasbi oldidagi mas’uliyat, bu, avvalambor, millat, kelajak oldidagi mas’uliyatdir. O‘qituvchi Shaxslarni tarbiyalaydi, shakllantiradi. Hatto, agar buning uchun butun tuzumga yolg‘iz o‘zi qarshi chiqishiga to‘g‘ri kelsa ham...
Loyiha atrofida jam bo‘lgan ijodkorlar siz bilan inson dardi, jamiyat og‘riqlari va geosiyosiy muammolar haqida ochiq fikrlashish tarafdori. Filmlarni tomosha qilarkansiz, ularning haqiqiy san’at va “qip-qizil” targ‘ibot-tashviqot o‘rtasidagi chegara, me’yorni saqlashga urinishganini sezasiz. Demak, ijodkorlar o‘z ishiga nafaqat mas’uliyat, balki vijdon bilan ham yondashgan. Bugungi kunda esa bu har qachongidan ham ahamiyatli, muhim. Shokir Xoliqov nafaqat kinoning alifbosini biladigan iste’dodli rejissyor, balki Shaxs hamdir. Ijodda esa bu juda muhim. San’atni shaxslar yaratadi. O‘zgartiradi. Yangilik kiritadi. Filmning har bir sahnasi, har bir kadri ustida ko‘p bahs-munozara qilingani, puxta o‘ylangani sezilib turibdi. Aks holda, biz soxta, sun’iy – bir marta ko‘riladigan navbatdagi kinomahsulotni tomosha qilishga majbur bo‘lardik.
Ijodkorlardan qahramonlarning dardini his qilish, fikrlash imkonini berishganidan minnatdorman. Ular men – tomoshabin bilan kino tilida gaplashishdi. Filmlarda men dardning, fikrning, san’atning ovozini eshitdim. Bu ovozga ishondim. Uni sog‘ingan ekanman. Qisqa metrajli filmlari orqali katta fikrlarni aytishga uringan “Fonus”chilarimizda ma’rifat g‘oyalari bilan yashagan, teatr san’atidan unumli foydalangan jadid bobolarimizning izdoshlarini ko‘rdim. Muhimi – ularda sho‘ro tuzumi davrida yashagan avlodga xos bo‘lgan qo‘rquv yo‘q. Demak, qon-tomirigacha singib ketgan hadikdan, qo‘rquvdan millat halos bo‘la boshlabdi. Shu jasorat davomiy bo‘lib, “Fonus” loyihasi mayoqqa aylanishini istardim.
Feruza XAYRULLAYEVA, jurnalist:
Biror tarixiy voqelikni fakt bilan tushuntirib berish mumkin, ammo shu jarayon ortida turgan fojealar inson iztiroblari bilan ko‘rsatib berilsa-chi? “Chegara”da ayni shunday qilinadi – taqdir sabab qo‘shni davlatga palaxmon toshidek otilgan ayolning ilojsizligi, ota-onaning siyosiy vaziyat sabab yo‘l qarash bilan o‘tayotgan umri… Dunyodagi eng katta fojia bu – erksizlik, u qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, qanday atalmasin, og‘riq beradi. Juda nozik mavzu nozik tuyg‘ularda tasvirlangani, nozik chegara bosib o‘tilmagani sabab badingizga urmaydi film, yaltiroq filmga aylanib qolmaydi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin rejissyor buning uddasidan chiqolgan, nazarimda. Boshqa ijodkor bu mavzuni yo butunlay qizil yo butunlay qora ranglarda bergan bo‘lardi balki(Harholda shunaqalarniyam ko‘ryapmiz bus-butun katta filmlarda).
“Ichan qal’a” – bor bo‘yi bilan Inson haqidagi, insonga tasalli, insonni tushunish haqdagi film. Biznes maqsadida buzib yuborilgan uy – Ichan qal’a. Borgan sari nurab borayotgan, loqaydlik, nafsning qurboniga aylanib qolayozgan odam – Ichan qal’a. O‘zini o‘nglash uchun kurashayotgan, kelajak avlodga yetishishni istayotgan ota – Ichan qal’a. Filmda ham tarix, ham egasining ruhiy ahvoli, ham jamiyatning holini tasvirlash esa eski mashinaning gardaniga yuklangan… Bu film faqatgina qamoqdan chiqqach, jamiyat tomonidan itqitib yuboril(adi)gan insonning iztiroblari haqida emas, unda boshqa ijtimoiy muammolarimiz ham kino tilida berib ketilganini ko‘rish mumkin. Faqat rejissyorga vaqt kamlik qilgandek, balki kartina to‘liq metrajli bo‘lganda yanayam ko‘proq gap aytardi bizga…
“Qo‘shnilar” – to‘rttala film ichida avvaliga eng g‘alati tuyilgani, keyin eng yoqqani(g‘oya tomondan ham) bo‘ldi. O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik yashayotgan eski uy va unda erta-yu kech tirillatib, bir nimalarni buzishga harakat qilayotgan Valodya. Mazmunni tushunib yetdingiz, allaqachon. Bilasizmi, rejissyor og‘riqlarimizni, muammoli nuqtalarimizni shunday teran biladiki, qo‘shnilar birlashishi uchun biri kasal bo‘lishi, kamiga suv ham o‘chishi kerak... Tushunganga yaxshi film, yanayam tushunganga yaxshi g‘oya, yaxshi dars!
“Fonus”. Faqat 1-oktyabr sanasida eslanadigan, hayotimizga asl yorug‘likni, nurni beruvchi ustozlar haqidagi samimiy kartina. O‘qituvchining qadri haqida yuzta tadbir o‘tkazib gapirgandan, bitta shunaqa film olgan o‘n karra foydaliroq aslida. Ha, film boshqa shu mavzudagi kinolar qolipida, syujetida olingandek. Lekin keyin undagi ramzlar, dialoglar o‘zgachaligi ham ko‘rinadi. Ayniqsa, yakun. Va aytishim kerakki, “Fonus” faqatgina o‘qituvchilar haqidagi kartina emas. Chunki har bir maktabga, har bir qishloqqa, har bir shaharga, har bir jamiyatga Alisher muallimlar kerak.
Xullas, “Fonus” loyihasi doirasida premyera qilingan to‘rtta qisqa metrajli filmni shunchaki navbatdagi ish, buyurtma deyolmayman. Umid qilamanki, loyiha to‘xtamaydi, aksincha, to‘liq metrajli filmlarniyam ko‘ramiz loyiha doirasida. Chunki kino bu shunchaki san’at emas…
Shahnoza NAZAROVA, filologiya fanlari doktori, dotsent:
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan qishning ayozli 23-yanvarida Milliy kino san’at saroyida qisqa metrajli filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Tomoshabinlarga to‘rtta film taqdim etildi: “Chegara”, “Ichanqal’a”, “Qo‘shnilar”, “Fonus”. Tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘plab yaxshi loyihalardan xabardorman. U yerdagi maslakdoshlar bilan targ‘ibot shakllari, usullarini yangilash, yangi qiyofalarni kashf etish, targ‘ibotning ishonchli yo‘llarini amaliyotga targ‘ib etish haqida ko‘p so‘zlashganmiz. An’anaviy ma’ruzalar, va’zxonlik zamoni o‘tdi. Eski va yangi imkoniyatlarni farqlay oladigan, milliy manfaatlarga nomusdek qaraydigan bir avlod yetishib kelishi uchun bu ishlarni ishonch zaminiga qurish kerak.
Mazkur loyiha ana shunday ishlardan biri bo‘libdi. Garchi bu filmlarning ba’zilarida syujetda noqislik, yonib turgan yakunning yo‘qligi, operatorlik ishidagi ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlansa-da, yosh ijodiy jamoa o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, ramzlar tilida so‘zlashni istaydi. Ular insoniy tanazzul va milliy mahdudlik chegaralarini yorib o‘tishni istaydi. Tasvirlarda qayta-qayta ko‘rsatilgan – puturdan ketgan manzillarga nur, kimsasizlarga – ishonch beradi, muhimi, o‘ylab ko‘rishga va harakatga undaydi, deya umid qilaman.
San’at
Adabiyot
San’at
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q