Oskar Uayld 1890-yilda o‘zining yagona va buyuk romani “Dorian Greyning portreti”ni nashr ettirganda, bu voqea Viktoriya davri Angliyasini tom ma’noda larzaga keltirgan edi. O‘sha davr tanqidchilari asarni “zaharli” va “axloqsiz” deb tamg‘alab, uni yoqib yuborish talabi bilan gazetalarda chiqishlar qilishdi. Uayld esa bu hujumlarga shunchaki istehzoli tabassum bilan javob qaytardi: “Axloqiy yoki axloqsiz kitoblar bo‘lmaydi. Faqat yaxshi yozilgan yoki yomon yozilgan kitoblargina bo‘ladi, xolos. Tamom-vassalom.”
Oradan bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, biz Uayld naqadar haq bo‘lganini, to‘g‘rirog‘i, uning bu bashorati bugungi kunimizda qanchalik aniq aks etayotganini ko‘rib turibmiz. Tan olish og‘ir bo‘lsa-da, hammamiz ozmi-ko‘pmi Dorian Greymiz. To‘g‘ri, bizning qulflog‘lik boloxonamizda berkitilgan sirli portretimiz yo‘qdir, ammo cho‘ntagimizda qora ko‘zgu – smartfonimiz bor. Savol esa hamon o‘sha-o‘sha: tashqi jilo evaziga ichki dunyoni qurbon qilishga tayyormisiz?
Iblis bilan bitim: “Faqat men qarimasam edi...”
Asar voqealari go‘yoki ertakdek boshlanadi, biroq bu kattalar uchun atalgan ertakligini o‘qirman asta anglab boradi. Yosh, beg‘ubor va favqulodda go‘zal Dorian rassom Bezil ustaxonasida o‘zining portretini ko‘rib qoladi. U o‘z husnidan shunchalik mast bo‘ladiki, og‘zidan beixtiyor o‘sha so‘zlar chiqib ketadi:
“Oh, koshki buning aksi bo‘lsa? Ana shu suvratim qarisa-yu, men mangu yoshligimcha qolaversam! Buning uchun... Buning uchun men olamdagi bor narsani berishga tayyorman. Ha, hech narsamni ayamas edim. Buning uchun hatto jonimni ham beraman!”
Bu shunchaki o‘tkinchi yoshlik injiqligi emas edi. Bu aslida inson tabiatidagi eng qadimiy va eng xavfli istak, ya’ni oqibatlardan qochish istagidir. Dorian faqat yuziga tushadigan ajinlardan qo‘rqmaydi, u gunohning, xatoning va vaqtning izidan dahshatga tushadi.
Bugungi kunimizga nazar solaylik. Bizning “bitimimiz” unchalik dramatik ko‘rinmasligi mumkin, ammo mohiyat o‘zgarmagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi turli filtrlar, suratni tahrirlovchi dasturlar va yaratilayotgan “muvaffaqiyatli inson” niqoblari – bularning barchasi Dorian Grey sindromi emasmi? Biz ham xuddi u singari eng yaxshi lahzalarimizni muzlatib qo‘yishni, kamchiliklarimizni esa ko‘zga tashlanmaydigan burchakka, “raqamli boloxona”ga uloqtirishni xohlaymiz. Barchamiz “Layk”lar va olqishlar evaziga o‘zligimizni o‘zgartirishga tayyormiz.
Portret va vijdon azobi
Dorianning fojiasi u yovuzlik qila boshlaganida emas, balki yovuzlik uning yuzida aks etmasligini anglaganida boshlanadi. U insoniy tubanlikning eng chuqur jariga qulasa ham, ertasiga tongda uyg‘onib ko‘zguga qarasa, u hamon o‘sha – begunoh va farishtadek go‘zal.
Faqat surat o‘zgaradi. Rassom chizgan o‘sha durdona asar asta-sekin o‘zgarib, undagi tabassumda shafqatsizlik, ko‘zlarida esa riyo paydo bo‘ladi. Bu Uayld qo‘llagan eng kuchli ramzlardan biri bo‘lib, portret aslida vijdonning o‘zginasidir. U bizdan ajralgan holda yashay olmaydi. Dorian uni ko‘zdan yashiradi, ustiga parda tortadi, ko‘zdan yiroq xonaga qamab qo‘yadi. Xuddi biz o‘zimizning uyatli ishlarimizni, qo‘rquvlarimizni va xudbinligimizni boshqalardan, ba’zan esa o‘zimizdan yashirganimiz kabi.
Lekin bu yerda bir paradoks bor: Dorian o‘z portretidan qanchalik qochsa, unga shunchalik bog‘lanib qoladi. U tunda yashirincha xonaga kirib, o‘z ruhining qanchalik chiriganini tomosha qiladi. Bu narsissizmning eng yuqori cho‘qqisi va ayni paytda eng og‘ir jazodir. O‘zining haqiqiy qiyofasini bilib turib, dunyoga soxta yuz bilan qarashdan og‘irroq qiynoq bormikan?
Dorian Grey adabiyotdagi birinchi “ruh savdogari” emas. Bu mavzu asrlar davomida insoniyatni qiynab kelgan va turli buyuk asarlarda o‘z aksini topgan.
Masalan, buyuk Gyotening “Faust” tragediyasini eslang. Doktor Faust ham bilim va dunyoviy lazzat ilinjida Mefistofel bilan qonli bitim tuzadi. Biroq Faust bilimga va dunyoni anglashga chanqoq edi, Dorian esa shunchaki yoshlikka. Bu holat XIX asr oxiriga kelib insoniyat qadriyatlari qanchalik yuzakilashganini ko‘rsatmaydimi?
Yoki Onore de Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” asariga nazar solaylik. U yerdagi qahramon Rafael qo‘lga kiritgan tilsimli teri parchasi uning har bir istagini amalga oshiradi. Ammo buning badali bor: har bir tilak amalga oshganda teri kichrayib boraveradi, bu uning qolayotgan umri edi. Balzakda “to‘lov” hayotning qisqarishi bo‘lsa, Uayldda ruhning chirishidir. Ikkala holatda ham xulosa bitta: tekin narsaning o‘zi yo‘q, ayniqsa u taqdir bilan o‘ynashish bo‘lsa.
Shuningdek, Robert Lyuis Stivensonning “Doktor Jekil va janob Xaydning g‘alati voqeasi” asari ham bu zanjirning muhim qismidir. Doktor Jekil o‘zining “yovuz” tomonini (Xaydni) ajratib olib, jamiyat oldida toza qolishga urinadi. Dorian Grey esa buning aksini qiladi – u o‘zining “toza” qiyofasini saqlab qolib, yovuzlikni portretga yuklaydi. Har ikki asar ham bizni bir haqiqat bilan yuzlashtiradi: inson o‘z tabiatining qorong‘i tomonini inkor etsa yoki uni yashirishga urinsa, bu kuch oxir-oqibat uni yeb bitiradi.
Lord Genri: “Zamonamiz qahramoni”
Asarda Dorianni yo‘ldan urgan inson, Lord Genrini eslamaslikning iloji yo‘q. U qo‘lida olma tutgan kampir emas, balki qo‘lida sigara tutgan aristokratdir. Uning gedonistik falsafasi g‘oyat “jozibali”: “Vasvasadan qutulishning yagona yo‘li – unga bo‘ysunishdir”.
Lord Genri aslida bugungi iste’molchilik jamiyatining ramziy ko‘rinishi hisoblanadi. “Sen bunga loyiqsan”, “Hayotdan hamma narsani ol”, “Axloq – bu qo‘rqoqlar o‘ylab topgan tushuncha” degan shiorlar qulog‘imizga ora-orada quyiladi. Genri Dorianga uning go‘zalligi hokimiyat ekanligini uqtiradi va Dorian bunga laqqa ishonadi. Biroq Uayld bizga bu falsafaning yakunini ayovsiz ko‘rsatadi. Hamma narsaga ruxsat berilgan inson ozod bo‘lmaydi, aksincha, u o‘z ehtiroslarining quliga aylanadi.
Muqarrar to‘qnashuv
Roman finaliga yaqinlashganda vaziyat taranglashadi. O‘z o‘tmishidan, vijdonining ta’qibidan va portretdagi maxluqning nigohidan charchagan Dorian o‘zining eng katta dushmani bilan yuzma-yuz kelishga qaror qiladi. Bu dushman boshqa birov emas, uning o‘zligi edi.
U qo‘liga pichoqni oladi. Xo‘sh, u nimani yo‘q qilmoqchi? Portretnimi yoki o‘z vijdoninimi? Yoki bu ikkisi allaqachon bir butun bo‘lib qolganmikin?
Kitobning so‘nggi sahnalari shunday yakun topadiki, uni batafsil so‘zlab berish jinoyat bo‘lardi. Faqat shuni aytish mumkin, niqob qanchalik go‘zal bo‘lmasin, u abadiy emas. Haqiqat baribir yuzaga chiqadi – xoh u boloxonadagi rasmda bo‘lsin, xoh insonning so‘nggi nafasida.
Oskar Uayld bizga oynaga tez-tez qarashni maslahat beradi. Faqat tashqi ko‘rinishimizni to‘g‘irlash uchun emas, balki ichkarida kim yashayotganini ko‘rish uchun. Shunday ekan, o‘zingizga bir savol berib ko‘ring: sizning portretingiz hozir qanday ko‘rinishda?
Samandar ERKINJONOV
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q