San’at
Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan so‘ng, O‘zbekiston SSRda aholining daromad va iste’molchilik quvvati nihoyatda past darajaga tushib ketadi. Paxta yakkahokimligi, samarasiz byudjet xarajatlari va soliq siyosati aholining ijtimoiy turmushi yomonlashishiga olib keldi. 1946-1947-yillarga kelib butun sovet hududida narxlarning o‘rtacha qiymati 1937-yilga nisbatan 3,5 barabar, 1940-yilga nisbatan 3 baravar ko‘tariladi[1]. Oqibatda urushdan keyingi davrda yuzaga kelgan ocharchilik muammosi xalqning tinkasini yanada quritadi. Butun sovet respublikalarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston SSR aholisi ijtimoiy va moddiy turmushni urushdan keyin qayta izga solishdagi qiyinchiliklarni, qishloq xo‘jaligi sohasida ortda qolishlarni va kartochka tizimi mavjud bo‘lgan murakkab bosqichlarni boshidan o‘tkazdi.
SSSRda 1947-yili mahsulotlarni taqsimlashning kartochka tizimi tugatilib, oziq-ovqat va sanoat mollarini chakanalab sotish yuzasidan yagona davlat baholari belgilandi[2]. 1952-yildan narxlarni tayinlash, ro‘yxatga olish, ularning to‘g‘ri yuritilishi va hisob-kitob qilinishi uchun SSSR respublikalari va O‘zbekiston SSRda ham Savdo vazirliklari tarkibida alohida narx bo‘limlari tashkil qilinadi[3].
Sovet davlatida narx-navo masalalari bo‘yicha shug‘ullanuvchi alohida davlat organi 1958–1965-yillarda SSSR Davlat Reja qo‘mitasi huzuridagi Narx byurosi, 1965–1968-yillarda Davlat narx qo‘mitasi bo‘lgan. 1969-yildan boshlab bu idora SSSR Ministrlar Soveti huzurida faoliyat yuritgan. Davlat narx qo‘mitasi oziq-ovqatdan tortib sanoat mahsulotlarigacha bo‘lgan barcha tovarlarning narxlarini belgilab, ularning ustidan qat’iy nazorat yuritilishini ta’minlagan.
KPSSning XXIV syezdida “Narxlar – sotsialistik davlatni iqtisodiy jihatdan boshqarishning kuchli richagi va biz bu kuchdan faol foydalanishimiz kerak” degan fikr ilgari suriladi[4]. Davlat kooperativ chakana savdo narxida ham yagona tartib o‘rnatdi. SSSR Davlat narx qo‘mitasi iste’mol mahsulotlarining chakana va ulgurji narxlarda qanday sotilishini belgilab berar hamda barcha respublikalar bo‘yicha iste’mol mahsulotlari Iste’molchilar ittifoqi (потребсоюз) tomonidan belgilangan narxda bozorga olib chiqib sotilardi.
Ko‘pgina mahsulotlar qadog‘ida davlat narxi ko‘rsatilgan holda chiqarilib, hudud yoki do‘kondan qat’iy nazar, butun sovet davlati bo‘yicha o‘zgarmas va bir xil bo‘lgan. Mazkur tizim o‘zboshimchalik bilan narxlarni oshirishni cheklagan. Toshkentda ham, boshqa shaharlarda ham bir turdagi mahsulot belgilangan narxdan yuqori qiymatda sotilmasligi chakana savdo tizimiga ishonchni oshirdi. Biroq narxlarni qadoqda ko‘rsatish tizimi tez orada o‘zining bor kamchiliklarini namoyon qildi. Jumladan, bu tizim moslashuvchan bo‘lmay, eskirgan narxni joriy narx bilan almashtirish uchun hukumatning roziligi talab qilingan. Narxi mustaqil bo‘lmagan mahsulotlar sotilmay qolgach yillab omborxonalarda turib, yaroqsiz holatga tushib, ishlab chiqaruvchilarga katta ziyon keltirgan. Bundan tashqari olis hududlarda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilar ham qadoqda mahsulot narxi ko‘rsatilishidan manfaatdor emasdi. Mahsulotni yetkazish va saqlash xarajatlari tovarda ko‘rsatilgan narxga mos kelmagan.
Sovet hokimiyatining qat’iy narx siyosati ishlab chiqaruvchilar manfaatiga mos kelmagani, erkin bozor munosabatlaridagi to‘siqlar hamda xususiy savdoning cheklab qo‘yilgani qora bozorlarning shakllanishi, avj olishiga, chayqovchilik (спекуляция) bilan shug‘ullanuvchilarning soni ko‘payishiga olib keldi. Bunga qarshi kurashayotgan sovet organlari asrlar davomida savdo-sotiq orqali turmush kechirgan aholining ijtimoiy manfaatlariga zid choralar qo‘llashga kirishdi. Oqibatda bozorda o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarini sotayotgan oddiy hunarmandlar ham, oilasini qo‘shimcha daromad orqali ta’minlashga majbur bo‘lib savdoga kirganlar ham chayqovchilikda ayblanib, jazoga tortilishi muqarrar edi.
1952-yilda Toshkent shahri bozorlari o‘rganilganda, xususiy tadbirkorlar va chayqovchi-olib sotarlarning faollashgani aniqlangan (ular sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosida narxlarning sun’iy ko‘tarilishida aybdor qilib ko‘rsatilgan). Jumladan, Oloy bozorida 3 rubldan sotilishi kerak bo‘lgan 1-navli non narxi 7 rubldan, 6 rubl sotilishi kerak bo‘lgan quyultirilgan sut 9 rubl qilib sotilgani aniqlangan. Bundan tashqari o‘zbek milliy bosh (do‘ppi va b.) va oyoq kiyimlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan hech qanday davlat nazoratisiz sotilayotgani qoralangan[5].
Bozorlarda 1951-1952-yillarda ruxsatsiz tadbirkorlik bilan shug‘ullangan 40 kishi ushlanib, javobgarlikka tortiladi. Chayqovchilikka qarshi kurashish uchun qat’iy choralar ro‘kach qilinib ularga og‘ir jazolar belgilangan. Jumladan, bozorda konfet va choy savdosi bilan shug‘allangan B.Sharipov 5 yilga, 1 juft osiyo kovushini sotgan X.Isakov 5 yilga, sabzi sotgan N.Qambarov 5 yilga, milliy matolar va do‘ppilar sotgan Q.Abdullayev 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan [6]. Shu tariqa sovet hokimiyati xususiy tadbirkorlik va savdoni cheklab, narx-navo ustidan qat’iy nazoratni kuchaytirdi. Bu O‘zbekiston SSRda yashovchi aholining, ayniqsa ming yillar davomida savdo-sotiq orqali daromad topib, ro‘zg‘orini yuritgan, bu jarayon qon-qoniga singib ketgan xalq vakillari avlodlarining ijtimoiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi.
O‘zbekiston SSRda tub aholi oilasi uchun maishiy texnika vositalarini sotib olishga ham imkoni yetmagan. Ayniqsa qishloq, tumanlarda ahvol og‘ir bo‘lib, butun bir qishloqda bor-yo‘g‘i bir-ikki oilada televizor, changyutgich yoki muzlatkich bo‘lgan. Buning sababini maishiy texnika vositalari bahosi oylik maoshga nisbatan ancha yuqori bo‘lgani bilan izohlash mumkin. Masalan, O‘zbekiston SSRda “VSP” kir yuvish mashinasi 1959-yilda 200 rubl, 1961-yilda “Azerbaydjan-2” havo sovutkichi 420 rubl, “Vostok-2” muzlatkichi 85 rubl, elektr dazmoli 25 rubl qiymatda baholangan[7]. 1962-yilda chakana naxrda baholangan televizorlar ichida eng arzonlari KVN-49 rusumida 102 rubl, eng qimmatlari “Topaz” rusumida 960 rubl, “Mir” rusumida 504 rubl, “Almaz-102” rusumida 480 rubl bo‘lgan. Radio va magnitafoni bor eng qimmat televizor “Kristal-104” narxi 1300-1560 rubl hisoblangan. Bu televizorni sotib olish uchun O‘zbekiston SSRdagi o‘rtacha maoshli oddiy ishchi kamida 1 yil hech qanday sarf-xarajatlarisiz maoshini jamg‘arishi lozim edi. Ish haqi 40–50 rubl bo‘lgan oddiy maktab o‘qituvchisi bunday mahsulotni sotib olishi uchun kamida uch yillik oyligini yig‘ishi kerak edi. Aholi rusumi eskirgan va sifatsiz mahsulotlarni sotib olishiga to‘g‘ri kelgan. 1964-yilda Toshkent shahrida radio vositalarining eskirgan modellarini arzonlashtirilgan narxlari norasmiy belgilanadi: “Minsk-T”, “Neva” rusumli radiopriyomnigi 27 rubldan 10 rublga, “Zarya” televizori 168 rubldan 80 rublga va “Volna” televizorlari 336 rubldan 220 rublga tushiririlgan[8].
Arxiv hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, changyutgich, elektr dazmol, magnitafonlar ishlab chiqarish rejasi faqat SSSR Ministrlar Soveti tomonidan tasdiqlab berilgan[9]. Natijada reja asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar butun sovet davlati fuqarolarining ehtiyojlarini qondira olmagan va chetdan import qilingan xorij tovarlari sovet maishiy texnika bozorlarini zabt eta boshladi. Biroq chet davlatlardan keltirilgan radio vositalari va magnitafonlar narxlari nihoyatda qimmat edi. 1967-yillarda “Chayka” rusumi chakana narxi 55 rublga, SONY-TR911 rusumi esa 130 rublga, Hitachi BH 822H rusumi 65 rublga, Toshiba 7P-77 rusumi 65 rubl, Silver 15A-29 rusumi 145 rublga baholangan. Eng qimmat magnitafonlar Sony TC rusumi 600 rubl, National RQ-150 rusumi 450 rubl bo‘lgan[10]. Bu davrda O‘zbekiston SSR aholisining barcha qatlamlarida xorijiy rusumdagi radio vositalarini sotib olish oylik maoshlariga nisbatan taqqoslaganda ancha cheklangan, ko‘p xonadonlarda ham zamonaviy rusumli maishiy va boshqa texnika vositalari mavjud emasdi.
1960-1961-yillarda O‘zbekiston SSRda ishchi xizmatchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 64–68 rublni tashkil qilgan[11].1961-yilga kelib sovet davlatida, shu jumladan O‘zbekiston SSRda ham muomaladagi pul belgilari 10:1 nisbatda yangilariga almashtiriladi[12]. Pul muomalasidagi o‘zgarishlar oylik maoshlarda ham o‘z aksini topadi.
Respublika aholisining daromadlari asosan oylik maoshlari va nafaqalarga bog‘liqligi, xususiy va kichik tadbirkorlik, savdo orqali daromad topishning cheklanganligi ularning turmush darajasi hamda xarid quvvati pasayishiga olib keldi. Erkin narx belgilash huquqidan mosuvo qilinishi, o‘zi istagan bozorga mahsulot chiqara olmasligi, kuchli davlat nazorati tufayli ishlab chiqaruvchilar manfaati quyi o‘rinlarga tushib qolgan. Kundalik va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sotib oladigan mahsulotlar narxi, ulgurji va chakana savdoning sovet idoralari nazoratida ushlanishi ijtimoiy hayotda kambag‘allashishga olib keldi va aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Mavluda RAXMANOVA
O‘zbekiston FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Foydalanilgan manba va adabiyotlar
1. Я.Миркин. “Было дело и цены снижали...” Шесть сталинских ценовых послаблений глазами ученого-экономиста // Журнал “Родина”. №1. 2022. С. 28–33.
2. M.Xo‘jamov. 40-yillarning ikkinchi yarmi 50-yillar boshlarida O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari borasida olib borilgan narx-navo siyosati // O‘tmishga nazar. Vzglyad v proshloye. Look to the past. №SI-3. 2021. 723-bet.
3. O‘zMA. R-837-jamg‘arma, 38-ro‘yxat, 4495-yig‘majild, 1-bet.
4. А.Г.Завьялков. Цены и ценообразование в СССР. Изд. 3-е, переб. и доп. Минск. 1981. С.27.
5. O‘zMA. R-837-jamg‘arma, 38-ro‘yxat, 4491-yig‘majild, 16–19-betlar.
6. O‘zMA. R-837-jamg‘arma, 38-ro‘yxat, 4491-yig‘majild, 99-100-betlar.
7. O‘zMA. R-91-jamg‘arma, 10-ro‘yxat, 58-yig‘majild, 179-varaq.
8. O‘zMA. R-91-jamg‘arma, 10-ro‘yxat, 59-yig‘majild, 43-44-varaqlar.
9. O‘zMA. R-91-jamg‘arma, 10-ro‘yxat, 58-yig‘majild, 56-varaq.
10. O‘zMA. R-91-jamg‘arma, 10-ro‘yxat, 59-yig‘majild, 19-20-varaqlar.
11. O‘zMA. R-1619-jamg‘arma, 6-ro‘yxat, 6666-yig‘majild, 10-varaq.
12. Q.Rajabov. O‘zbekiston XX asrda. Ikki jildlik. Ikkinchi jild. Toshkent: Fan, 2024. 95-bet.
San’at
Tarix
Adabiyot
Til
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q