Erkin Orol – o‘ziga xos uslubga ega rassom, serqirra va bir xillikdan qochuvchi faol ijodkor. O‘z ijodiy salohiyatini namoyon etish asnosida, jamiyatda kechayotgan voqelikka san’atkorona munosabati, kayfiyatini yorqin anglab olish mumkin. Uning kartinalarini tomosha qilarkansiz, rassom dunyoqarashi yillar davomida o‘sib, o‘zgarib borganini ko‘rish mumkin. Uning atrofini o‘rab turgan nimaiki bor – badiiy tajribalarida o‘z aksini topadi, asta-sekin ijodkor shaxsning shakllanish va rivojlanish jarayoni sodir bo‘ladi.
Erkin Orol ijodida manzara janri muhim o‘rin egallaydi. Uning har bir kartinasi ona Vatan – O‘zbekiston va u tug‘ilib o‘sgan bepayon Surxondaryoga bo‘lgan cheksiz muhabbat bilan yo‘g‘rilgan. Rassom manzaralaridagi o‘ziga xos ta’sirchanlikka rang va shakl orqali erishadi. Asarlarida nur va havo bilan to‘yingan, sof, ohangdor kolorit yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, uning uslubida realistik an’analarga bo‘lgan sadoqat va badiiy ifoda vositalaridan mahorat bilan foydalanish ko‘zga tashlanadi.
Rassom ko‘pincha etyudnigini olib, ochiq havoda – plenerda ishlaydi. U tog‘ va qishloq manzaralarini, milliy ruh saqlangan uylarni, o‘simlik va hayvonot olamini sinchkovlik bilan tasvirlaydi. Tabiat qo‘ynida yaratilgan etyud va chizmalarda rassom mintaqaning hayotini bor holicha – tabiiy muhit va “madaniy» turmush tarzi bilan birgalikda aks ettiradi.
Erkin ko‘pincha manzara fonlarida daraxt soyasida hordiq chiqarayotgan qishloq odamlarini, onaxon-u otaxonlarni, qishloqning tabiat bilan uyg‘un kechayotgan oddiy kundalik hayot oqimini tasvirlaydi. Bu lavhalar o‘ta jonli, jo‘shqin, gohi esa o‘ta xotirjam va tabiiy ritm ustuvor. Rassom go‘yo oddiylikdagi go‘zallikni, bir lahzaning pokligini, insonning tabiat hamda an’analar bilan uyg‘un hayotini qadrlash g‘oyasini ilgari surayotgandek. Bunday manzaralar qatoriga “Bizning ko‘cha”, “Bizning supamiz”, “Dalada”, “Umr”, “Jilg‘a», “Oydin kecha”, “Choshgoh”, “Xumson tongi”, “Shamol”, “Shom”, “Erta tong”, “Manzara” kabi asarlar kiradi.
Ko‘pincha rassom ijodi va kasbiy mahorat darajasi haqida uning portretlariga qarab baho berishadi. Portret – tasviriy san’atning alohida janri bo‘lib, unda rassomning psixologiya, fizionomika bilimlari, yuz mimikalarining kutilmagan holatlarini, rakurs va harakatlarni bir zumda ilg‘ab olish qobiliyati namoyon bo‘ladi. Erkin Orol portretlarida akademik maktab an’analari yaqqol ko‘rinadi. Ularda insonga ehtirom va yashash ruhi ustuvor bo‘lib, har bir jihat portret egasining shaxsiyatini ochishga xizmat qiladi. Bu shunchaki tashqi o‘xshashlik emas – inson xarakteri, taqdiri va qalb kechinmalarini ifoda etuvchi chuqur psixologik mushohada, aslida. Rassom zamondoshlarining obrazlarini yaratarkan, ularning ichki dunyosi bilan suhbat qurgandek bo‘ladi. Bunday asarlar qatoriga “Mening enam”, “Gʻiyos bobo”, “Davlat bobo”, “Dilorom”, “Dehqon portreti”, “Ibrat Safo”, “Avtoportret”, “Sandra Baye”, “Qizim Munisa”, “Oilaviy portret” va boshqa butun bir portretlar galereyasi kiritish mumkin.
Erkin Orolning natyurmortlari – o‘ziga xos “kuy», ularning estetikasi aniq o‘ylangan kompozisiya va kundalik buyumlarni puxta tanlash asosida yaratiladi. Muallifning sharqona tafakkuri matolardagi naqshlarni nozik va bejirim ifoda eta bilishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Milliy gilam va so‘zanalar, guldonlar, meva idishlar hamda boshqa barcha asarlardagi arab amaliy san’atiga xos elementlar rassom tomonidan nafislik bilan ishlanadi. Asarlarning rang yechimi esa Sharq she’riyati kabi chuqur hissiyot va lirik nafosati bilan ajralib turadi.
O‘tgan o‘ttiz yil ichida Erkin Orol bolalar mavzusiga alohida e’tibor qaratadi. Rassom arg‘imchoqda uchayotgan, kitob o‘qiyotgan, ota-onalariga yordam berayotgan, sigir va qo‘ylarni boqib yurgan bolalarning hayotiy manzaralari aks etgan asarlar turkumini ishlagan. Unda quvnoq va yorqin tarzdagi bolalikni ko‘rishingiz mumkin.
Ma’lum bir davrda taqdir Erkinni ssenografiya bilan bog‘ladi. U O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida ijrochi rassom, Respublika davlat satira teatrida sahnalashtiruvchi-rassom sifatida faoliyat yuritdi. Shu davr mobaynida u “Sehrli kursi” (P. Karantini), “Mehribonlar” (Alp Jamol), “Uylanish” (N. Gogol), “Jamoatchilik fikri” (A. Varanga), “Etik kiygan mushuk” (Sh. Pyero) va “Julqunboy” (A. Qodiriy) kabi spektakllar uchun sahna bezaklarini mohirlik bilan yaratdi. Bu sahna bezaklarida voqelik rassomning tasavvuri va taxayyuli bilan uyg‘unlashib, o‘ziga xos badiiy olamni yaratadi. Rassomning ssenograf sifatidagi faoliyati ma’lum ma’noda uning keyingi ijodiy izlanishlariga ta’sir ko‘rsatdi. Shu tariqa, so‘nggi yillarda Erkin postmodernizm va impressionizmning ayrim uslubiy usullarini mahorat bilan qo‘llab, asarlarida bezakdorlik va mahobatli rangtasvirga xos xususiyatlarni yanada kuchaytirdi. Bu, shubhasiz, uning ijodidagi yangi bosqichni ifodalaydi.
Hayotiy haqiqatni anglash, voqelikka hamda dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarga nisbatan kechinmalari va munosabati “COVID-19 kabi asarlar turkumida o‘z ifodasini topgan. Bu asarlarda butun dunyo tibbiy niqoblarda, o‘z qobig‘iga o‘ralgan holda izolyasiyada yashagan davr tasvirlangan. Ushbu kartinalarda kompozisiya va rang yechimlaridagi yangilanish va izlanishlar orqali ma’lum bir beqarorlik kayfiyati namoyon bo‘ladi va rassom holati tomoshabinga ham ko‘chadi.
Erkin Orol Respublika “Ehtirom-2019” tanlovida “Yil ssenografi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan. Shu yili Turkiyaning “YAKIN DOĞU UNIVERSITESI” universiteti taklifi bilan Kiprda o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda muvaffaqqiyatli qatnashdi. Hozirda shu universitetga qarashli Kipr zamonaviy san’at muzeyida Erkin Orolning asarlari saqlanmoqda. Rassom 2020-yilda Hindistonda bo‘lib o‘tgan “COVID-19” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada ham ishtirok etdi. Shu yili “Eng ulug‘, eng aziz” nomli Respublika tanlovida birinchi o‘rinni egalladi.
Erkin Orol o‘zi haqida shunday deydi: “Men baxtli insonman! Sevimli ishim bilan shug‘ullanaman, ruhiy izlanishdaman, badiiy tajribalar o‘tkazishni yoqtiraman, sayohat qilishni yaxshi ko‘raman. Hali hayotda amalga oshirishni istagan g‘oya va rejalarim ko‘p. Meni ilhomlantiradigan narsa – men yashab turgan zamonning o‘zi”. Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsak, Erkin Orol ijodi – O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’atidagi yorqin hodisalardan biri sanaladi. Uning asarlari akademik maktab an’analari, impressionistik erkinlik va milliy ruh tutashgan nuqtada yaratiladi. Rassomning mo‘yqalami tez, jonli va hissiyotga to‘la ranglar bilan “nafas oladi”. Bo‘yoqlar palitrasi esa shaffof va havodek yengil tuslardan tortib, quyuq va to‘yingan ranglargacha boy hamda serqatlamdir.
Gulshan ISMAILOVA,
san’atshunos
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q