Mafkura
Amir Temurning bolaligi Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida kechgan (1360-yilga qadar). U bolaligidan turli xalq oʻyinlari: “kurash”, “koʻpkari”, “oq suyak”, “churr-kes”, “poyga”, “tosh koʻtarish”, “Podshoh-podshah”, “Taka lov-lov” va boshqalar bilan shug‘ullanadi. Mazkur xalq oʻyinlarining aksariyati Markaziy Osiyo xalqlari tarixida ham muhim ahamiyatga ega boʻlib, ayrimlari hozirgacha turkiy xalqlar etnografiyasida bor.
Amir Temur davrida xalq oʻyinlari harbiy tayyorgarlik, strategik fikrlash va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash vositasi sifatida muhim rol oʻynagan. Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonning an’anaviy xalq oʻyinlari – kurash, koʻpkari, poyga, shaxmat va boshqalar bugungi kunda ham milliy sport va madaniy bayramlarda saqlanib qolgan.
Markaziy Osiyoda xalq oʻyinlari qadimdan harbiy mashqlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Oilada oʻgʻil farzand tugʻilsa, u goʻdakligidan boshlab turli xalq oʻyinlarini oʻynab ulgʻaygan. Xalq oʻyinlari oʻzining xususiyatlariga koʻra, shartli ravishda goʻdaklikda, bolalik yoshida, oʻsmirlikda va yigitlik yoshida oʻynaladigan jismoniy va aqliy oʻyinlarga boʻlinadi. Turli yosh davrlarida oʻynaladigan oʻyinlar oʻzining ogʻir-yengilligi, xavfli-xavfsizligi bilan alohida ajralib turgan. Masalan, goʻdaklikda asosan kamchilik bilan, bolalik yoshida tengdosh bolalar bilan, oʻsmirlikda va yigitlik yoshida saralanganlar bilan oʻyinlar oʻynalgan.
Amir Temur oʻz lashkarlarini tayyorlashda jismoniy va aqliy mashqlardan foydalangan. Masalan, u shatranj (shaxmat) oʻyinini yaxshi koʻrgan va bu oʻyin uning strategik fikrlashini rivojlantirishga yordam bergan. Amir Temur oʻzi shaxmatning kengaytirilgan versiyasini ixtiro qilgan, unda doska kattaroq va figuralar soni koʻproq boʻlib, bu “Temur shaxmati” nomi bilan mashhur. Bu oʻyin nafaqat oʻyin-kulgi, balki harbiy taktikani oʻrgatish vositasi sifatida ishlatilgan, chunki u murakkab harakatlar va rejalashtirishni talab qiladi.
Temurbek tengqurlari bilan shu oʻyinni koʻp oʻynar, uning rosa mashqini olgan ekan. O‘yinda besh-olti tengqur bola qalpogʻi yoki telpagini birdaniga osmonga tikka otadi. Kimning qalpogʻi yoki telpagi eng balandga otilsa, oʻsha bola “podshoh”, ikkinchi balandi “vazir”, undan pastrogʻi “jallod”, qolganlar esa “fuqarolar” boʻladi. Bu oʻyinda ham Temurbek qalpogʻini eng balandga otib, doimo “podshoh” boʻlarkan.
“Podshoh” toshtaxtda oʻtirib, “vazir”dan el-ulus ahvolini soʻraydi. “Vazir” shu kunlarda el-ulus tinch-osoyishtaligi, ammo bitta-ikkita buzgʻunchi isyonchi borligi, bu “gunohkorlar” tutib keltirilgani haqida “podshoh”ni ogoh etadi. “Podshoh”, “vazir”, “jallod” yonlarida yoʻnilgan qilich taqib olishadi. Shunday oʻyinlarning birida Temurbek taxtida podshoh boʻlib oʻtirgan bir pallada “jallod”ga “gunohkor”ning “boshini kesish”ni buyuradi. “Jallod”ning qoʻlida zanglagan rasmona qilich boʻlib, u qilichining orqasi bilan “gunohkor”ning boshini kesib tashlaydi. Shu payt oʻyin qoidasiga muvofiq “gunohkor” yerga yiqilib, jon talvasasida oʻlmogʻi lozim edi. Ammo bu safar “gunohkor” yiqilmay, “podshoh” va “jallod”ga qarab tirjayib turaveradi. “Podshoh”ning jahli chiqib: “Gunoh ish qilding, boshing kesildi! Nega jon talvasa qilmay, oʻlmay, baqrayib turibsan?” deydi. Shunda gunohkor: “Sening amringga boʻysunishni xohlamayman, sen haqiqiy podshoh emassan!” deb javob qaytaradi. Jahli chiqqan Temurbek: “Hali shunaqami, toʻra-tuzukka qarshimisan, podshoh amriga boʻysunmaganning moli talovda, joni jahannamda”, deydi. “Gunohkor” bola battar mag‘rurlanib: “Nima desam ham sendek oʻyinchoq podshohga itoat etmayman”, deganida Temurbek “jallod”ning qoʻlidan zanglagan qilichini tortib olib “gunohkor”ning boʻyniga soladi. Qilich “gunohkor” bolaning boʻyin va yuzlarini kesib yuborganidan qon sizib chiqa boshlaydi…
Amir Taragʻay Bahodir oʻgʻlining bu nojoiz ishidan keyin haligi “gunohkor” bolaning ota-onasidan koʻp uzrlar soʻrab, ularga koʻp mol hadya qilib, Temurbekning gunohini soʻrab oladi…
“Taka lov-lov” oʻyini
Bu o‘yinda yigirmatacha bola diametri oʻttiz metrcha keladigan maydonda davra qurib oʻtirishadi. Ularning orasidan besh-oltita bola ikki guruhga boʻlinib, bir guruhi doira – “qoʻrgʻon” ichidagi “oʻrda”ni bir oyoqda “lov-lov”lab qoʻriqlashadi, ikkinchi guruhi esa “oʻrda”ga hujum qiladi. Bir oyoqda lov-lovlab yuruvchi qoʻriqchilar hujumchilarni oyoq bilan tepib “asir” olishar, tushganlar esa oʻrdaga zindonband qilinar, ya’ni oʻrtaga oʻtirg‘izib qoʻyiladi. Bu oʻyin ikki uch-soat davom etgan. Mudofaachilar bir oyoqda takaga oʻxshab sakrab yurganlari uchun oʻyin “Taka lov-lov”deb atalgan.
Temurbek guruhi doimo hujumchilar boʻlib qatnashgani rivoyat qilinadi. Ulardan hech kim asir tushmas, oʻrdani mohirlik bilan tez egallab olisharkan. Natijada, qoʻriqchilar lov-lovlab yugurib, charchab oʻrdani tashlab qochishga majbur bo‘larkan.
Olish-olish (kurash) oʻyini
Amir Temurning bolalik davrida ham Xoʻja Ilgʻor mavzesidagi qishloqlarda polvonlik o‘yini – olish (kurash) mashhur bo‘lgan. Bu haqda Temuriylar davri asosiy manbalarida ham, XVIII-XIX asrlarga oid forsiy va turkiy tillardagi “Temurnoma” asarlarida ham eslatilgan.
Rivoyatlarga ko‘ra, u 10-11 yoshga yetganida qoʻshni qishloqda katta toʻy boʻladi. Toʻyda, an’anaga muvofiq katta polvonlardan oldin yosh bolalarning kurashi uyushtiriladi. Shu toʻyda Temurbek oʻz tengdoshlaridan oʻntacha bolani yiqitadi. Yigʻilganlarning koʻpchiligi toʻy boʻlayotgan qishloq bolalari edi. Bunga toʻy egasi – oqsoqolning oʻn besh yashar oʻgʻlining hamiyati kelib davraga tushadi. Bakavul avvaliga 10 yashar Temurbek bilan 15 yashar oqsoqolning oʻgʻlining kurash tushishiga qarshi boʻladi. Ammo Temurbek “kurash tushaman!” deb davrani xuddi katta polvonlardek aylanishidan keyin koʻpchilik “mayli, olishsin” deb hayqirishlaridan kurashga rozilik beradi va kurash boshlanadi. Shunda Temurbek oʻzidan besh yosh katta bolani yelkasidan oshirib otadi. Bundan toʻy egasi oqsoqol, bakavul va boshqalar izza boʻlib qolishadi.
Toʻy olish-kurashi tugab, hamma uy-uyiga tarqaladi. Temurbek tengqurlari bilan Xoʻja Ilgʻorga qaytib kelayotsa, bir guruh barzangi bolalar ularning yoʻlini toʻsadi. Oqsoqolning oʻgʻli alamidan 3-4 ta bolani ishga solib fitna uyushtirgan ekan. Ikki oʻrtada mushtlashish boshlanib ketadi. Barzangi bir oʻsmir Temurbekning oyogʻiga tayoq bilan uradi va sindiradi. Shundan soʻng Temurbekning oyogʻi oqsoqlanib yuradigan boʻladi (Aslida, Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiylarning “Zafarnoma” asarlarida Amir Temurning oqsoqlanib qolishi Seyiston janggida sodir bo‘lgani ta’kidlanadi. Bu jangda uning oʻng oyogʻi va oʻng yelkasiga bexosdan oʻq tegib, jarohat oladi va shu jarohat tufayli umrining oxirigacha oqsoqlanib qoladi. Bu toʻgʻrida “Temur tuzuklari”da shunday qaydlar keltiriladi: “Seyiston voliysi va’dasiga vafo qilmagani uchun ilojsiz yoʻllarini toʻsib, jang-u jadalga kirishdim. Shu payt bir oʻq kelib bilagimga qadaldi, yana biri oyogʻimga tegib yaraladi… Oʻsha viloyatda yaralarim bitguncha ikki oycha turib qoldim”). Manbalarda Amir Temurning oqsoqlanib qolishiga Seyiston janggida olgan jarohatlari sabab bo‘lgani aytilsa, yuz yillar mobaynida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan xalq rivoyatlarida bu bolalalikda olgan jarohati sabab qilib ko‘rsatiladi. Nima bo‘lganda ham, Amir Temur bolalaligidanoq olish-kurashda mohir polvonlardek kuchli va epchil bo‘lgani ko‘plab rivoyatlarda uchraydi.
“Polvontosh” koʻtarish
Hozirgi kunga qadar “Xoʻja Ilgʻor ota” qabristonida, buzrukvorning qabrlariga yaqin supada “ilohiy” qudratga ega boʻlgan “Polvontosh” saqlanib qolgan. Koʻkimtir rangda, toʻrtburchak, sal uzunchoq yoʻnilgan bu toshning ogʻirligi 6 pud (96 kg)dir.
Rivoyat qilishlaricha, Temurbek oʻspirinlik yillaridanoq “Polvontosh”ni shu yerdan tepalikkacha olib chiqib, tushar, hatto bemalol u qoʻldan bu qoʻlga olib oʻynatar ekan. Ammo “Polvontosh”ni koʻtarish oʻsha paytlarda ham, hozir ham barchaga nasib boʻlavermaydi. Hayit kunlarida yigitlar “Polvontosh”ni koʻtarishadi. Ammo manaman degan polvonlar-da bu toshni yerdan uzolmagan paytlar ham boʻladi. Rivoyatlarda keltirilishicha, kimki yuragida e’tiqodi mustahkam boʻlsa, pok yursa, halol luqma bilan kun kechirsa, oʻsha kishiga “Polvontosh”ni koʻtarish nasib boʻlarkan.
Amir Temur nomi bilan bogʻliq xalq oʻyinlari Markaziy Osiyo madaniyatining ajralmas qismi boʻlib, ular harbiy strategiya, jismoniy tayyorgarlik va ijtimoiy birlikni ta’minlagan. Bu oʻyinlar nafaqat tarixiy meros, balki zamonaviy jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish vositasi sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Sevinch ULASHOVA,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
1. G‘afurov G‘. va boshq. Yakkabog‘ tarixi. Toshkent: Sharq. 1997.
2. Улашова С.У. Темур бешигини тебратган гўша // Педагогик таълим (илмий-назарий ва методик журнал). – Т., 2006. №1. – Б. 92-93.
3. Улашова С.У. Хўжа Илғор тарихи. – Т.: Фан, 2006. – 162-б.
4. Ватаннинг даҳо халоскори”. Тошкент, 1996.
5. Шоҳ Мурод Шароф. “Хўжа Илғор ҳақида ривоят”//“Қашқадарё ҳақиқа ти” газетаси. 1995 йил 15 февраль.
Mafkura
Din
Tarix
Falsafa
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q