Tofflerning ro‘yobga chiqqan bashorati


Saqlash
16:12 / 17.01.2022 2644 0

Keyingi yillarda axborot makonida milliy manfaatni himoya qilish hayot-mamot masalasiga aylandi. Darhaqiqat, xalq taqdiriga oid axborotni uzatishda milliy manfaat yetakchi o‘ringa chiqishi kerak; u “millat yoki mamlakat aholisining ijtimoiy ahvolini in’ikos etar ekan, milliy taraqqiyot kuchlarini harakatga undovchi muhim omil vazifasini bajaradi” (Falsafa: qomusiy lug‘at. Toshkent, “Sharq”, 2004. 268-bet).

 

Rossiya Federatsiyasining axborot xavfsizligi doktrinasida milliy manfaatni himoya qilish borasida axborot olish va undan foydalanish sohasida insonning konstitutsion huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, mamlakatning ma’naviy taraqqiyotini ta’minlash, jamiyatning axloqiy qadriyatlarini mustahkamlash, insonparvarlik va vatanparvarlik an’analarini hamda mamlakatning madaniy va ilmiy salohiyatini yuksaltirish kabi ustuvor yo‘nalish­lar belgilangan.

 

Bu borada axborot makoni muayyan hudud yoki sarhad bilan cheklanmasligi, har qanday ko‘rinishdagi axborotning iste’molchiga yetib borishida chegara to‘sig‘i mavjud emasligini qayd etish joiz.

 

Axborot xavfsizligi sohasi globallashuv tufayli vujudga kelayotgan mafkuraviy tahdidlar sharoitida fuqarolar tafakkurida vatan taqdiri uchun mas’ullikni shakllantirishga xizmat qilishi lozim.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori axborot makonida mamlakatimiz milliy manfaatini himoya qilish, fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy tafakkurini shakllantirish borasida asosiy manbalardan bo‘lib xizmat  qiladi.

 

Axborot sohasidagi milliy manfaat himoyasiga oid dunyo tajribasi asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

 

Taraqqiy etgan mamlakatlardagi axborot makoni va unda kechadigan jarayonlar davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bog‘liq. Ushbu mamlakatlarda davlat boshqaruvi organlari axborot makonidagi ustuvor mavqeni saqlab qolishda internet, mobil aloqa, tele va audiovizual tizimlardan hamda an’anaviy bosma nashrlardan keng foydalanmoqda. Shu bilan birga, jamiyatda axborot xavfsizligining ta’minlangani jamiyat a’zolari siyosiy bilimi darajasining ortishi hamda zararli g‘oyalarga qarshi immunitet shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat organlarining bu xil makondagi faoliyati axborot jarayonlarini tashkil etish, axborot oqimi ustidan nazorat, shuningdek, boshqaruvni yuritishga ko‘maklashuvchi axborot manbalarini yaratishni taqozo qiladi. Zero, har qanday zamonaviy ijtimoiy tuzumda davlat hokimiyati fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga majbur. Axborotlashgan jamiyatda, ayniqsa, davlat organlari xalq bilan muloqotning samarali vositalarini yaratishi zarur.

 

Bugun axborot makoni ijtimoiy va individual ongni shakllantirayotir. Boshqacha aytganda, aynan axborot omili jamiyat rivojining asosiy kuchiga aylanmoqda. Doimiy kengayib borayotgan axborot makonida milliy institutlarning ustun mavqeni egallashga intilishi – davr talabi. Shuningdek, zamonaviy jamiyatda davlat boshqa sub’ektlar va ishtirokchilar bilan yaqin hamkorlik qilishi va hokimiyatning ayrim funksiyalarini fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazishi maqsadga muvofiq.

 

Global axborotlashuv sharoitida o‘zligimizni saqlab qolish uchun qadriyatlarimizga tayangan holda OAV orqali targ‘ibot va tashviqot ishlarini yanada yuksaltirish zarur. Bunda televidenie, radio, bosma nashrlar hamda internet kanallari orqali maxsus materiallarni yoritib borish tizimli yo‘lga qo‘yilishi lozim. G‘arblashtirish jarayoni kechayotgan bugungi kunda milliy taraqqiyotimizning konseptual jihatlarini respublika OAV orqali yanada kengroq targ‘ib etmoq darkor.

 

Jahon sahnida mamlakatimiz obro‘-e’tiborining oshishi birinchi navbatda milliy manfaatning ta’minlanganlik darajasi bilan o‘lchanib, bunday mas’uliyat, jumladan, axborot sohasi zimmasiga tushadi.

 

Umuman olganda, axborot sohasida milliy manfaat himoyasi millat kelajagi va davlatchilik taraqqiyoti uchun eng zaruriy omillardan biridir.

 

Amerikalik faylasuf Elvin Toffler “Uchinchi to‘lqin” asarida “Tez kunlarda tarix sahnasiga yangi hokimiyat ko‘tariladi. Kuch, zo‘ravonlik, boylik, pulga asoslangan boshqaruv intihosiga yetib, uning o‘rnini bilim va axborotga asoslangan hokimiyat egallaydi. Yangi hokimiyatda aql ustuvorlik qilib, u bilim, axborot va insonda shakllangan fundamental qadriyatlarni uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi ”, deb yozgan edi. Shiddatli davr olimning bashorati haq ekanini ko‘rsatmoqda.

 

Habibullo RAJABOV,

siyosiy fanlar bo‘yicha

falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 80
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 271
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//