Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi “Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas” degan jumlalar bilan boshlanadi. Darhaqiqat, biz “tong” deganda doim sokinlik, orom, halovatni, yana bir umidbaxsh yangi kunning tug‘ilishini tushunamiz. Zero, yurtimizda tonglar shunday kutib olinadi, quyosh shunday kuzatiladi. Biz uchun bu moʻjiza emas, odatiy kunimiz, har kungi hayotimiz. Bu bilan tinchlikni, qalb xotirjamligini teran his qilamiz. Lekin dunyoning qaysidir mintaqasida bosh ko‘targan quyosh odamlarga bu baxtni bera olmayapti. Chunki u yerlarda jon qayg‘usi hammani vahimaga solgan, har qadamda xatar ko‘lankasi izg‘iydi, tinchlik yo‘q, orom allaqachon yo‘qolgan.
Shvetsiyaning Uppsala universitetidagi Tinchlik tadqiqotlari dasturi ekspertlarining tahliliga ko‘ra, 2024-yilda kamida bitta davlat ishtirok etgan 61 ta faol nizo qayd etildi. Bu 2023-yildagidan 59 ta ko‘p. Statistika yuritila boshlagan 1946-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ushbu nizolarning 11 tasi urush darajasiga yetgan. Bu esa bir yil davomida eng kamida 1000 kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Holbuki, 2016-yildan beri bunday yuqori ko‘rsatkich qayd etilmagan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda butun dunyo bo‘ylab armiya uchun 2,4 trillion dollar, rivojlanish uchun 224 milliard dollar yo‘naltirilgan. Eng kam mablag‘ tinchlik uchun ajratilayotgan bo‘lib, 669 million dollarni tashkil qilar ekan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bugun dunyo notinch, urush qurollari tobora ko‘paytirilib, eng aziz ne’mat – tinchlik esa xavf ostida qolmoqda. Lekin uzoqdagi bo‘ron bizga yetib kelmaydi degan loqaydlik va befarqlik bilan yashab bo‘lmaydi. Qo‘lda borini asrash, doim hushyor va sergak turish bugun har qachongidan ham muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi vatan mudofaasi, xalq tinchligi, zamon qudrati, haqiqiy vatan himoyachisi qanday bo‘lishi kerak degan masalalarga qaratilgani bejiz emas.
Vatan – mangu muhabbat!
Tarix guvoh: vatan shunchaki jug‘rofiy hudud emas, avvalo, inson qalbida yashaydigan muqaddas sevgi, mangu muhabbatdir. Bu aziz tuyg‘u har doim odamga kuch, xalqqa qudrat, buyuk g‘oyalarga quvvat bergan, Amir Temur, Najmiddin Kubro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi jasorat egalarini dushmanga tik qaratgan, yovga bosh egdirmagan. Shu bois, dushman doim, avvalo, shu muhabbat, shu ruhni o‘ldirishga, so‘ng jangga kirishga harakat qilgan.
Bu haqdagi misollarni ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz. Yog‘iylar el-yurti uchun ko‘ksini qalqon qilishga shaylangan jangchining ruhini o‘ldirish uchun uning ori, nomusi, tuprog‘ini toptab, oilasi, ota-onasi-yu farzandlariga daxl qilib, qanday bo‘lmasin, shijoatini mahv etishga uringan. Demak, vatanga muhabbat mavhum, qo‘l bilan ushlab, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan, surati-yu siyrati yo‘q tushuncha emas. Unda ota-ona, yor, farzand, tug‘ilib o‘sgan maskan, ajdodlar timsoli birlashadi. Bu rishtalarning har biri Vatanga yetaklaydi, vatanparvarlik bilan bog‘lanadi. Zero, hazrat Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida shunday bayt bor:
Iyolu Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar, toki imkoni bor.
Bu baytda ulug‘ shoir “Har bir inson, u haqiqiy inson bo‘lsa, to tirik ekan, o‘z Vatani va oilasi (iyolu)ni imkoni boricha yovdan himoya etishga harakat qiladi”, deya yozadi.
Tanani jismonan chiniqtirish, baquvvat qilish mumkin. Ammo ongi zaif, qalbi ojiz kimsa janglarda oson yengiladi. Ayniqsa, hozirgi zamonaviy urushlar inson qalbi va ongini zabt etishga qaratilgan bir davrda ruhan yengilmaslik sharti qo‘yilmoqda.
Demak, ruhan yetuk bo‘lishning dastlabki, eng muhim sharti vatanni yurakdan sevish, shu tuyg‘u bilan yashash. Lekin u qanday paydo bo‘ladi, qanday rivojlantiriladi-yu qanday qilib umrbod qalbda qoladi? Ayniqsa, bugun globallashayotgan dunyo har kuni millionlab xavf-xatarlarni izma-iz maydonga chiqarayotgan bir pallada bu vazifani uddalashda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Avvalo, vatanparvarlik tuyg‘usi milliy g‘ururdan kuch-qudrat oladi. Milliy g‘urur kecha yo bugun paydo bo‘lib qolgan tushuncha emas, u tarix bilan chambarchas bog‘langan, ajdodlar ruhidan kuch olgan ma’naviy hodisadir. Milliy g‘ururni yuksaltirishda eng asosiy tayanch buyuk tariximizni, yengilmas, mard sarkardalarimizning matonati va jasoratini yoshlarimiz ruhiyatiga singdirishdir.
Xususan, “Temur tuzuklari” orqali buyuk sarkarda sadoqat, qat’iyat, adolat va jasorat kabi fazilatlar muhim ekani, jangda bilak bilangina emas, otashin yurak, baland ruh bilan g‘alabaga erishish mumkinligiga urg‘u beradi. Shu sabab u jangchining ruhiy irodasini ham muntazam mustahkamlab borish lozimligini ta’kidlaydi. Amir Temur o‘zining harbiy yurishlarida cholg‘u asboblaridan keng foydalangan, uning barcha mashq va janglarida harbiy musiqa hamroh bo‘lgan.
Hozir yurtimizda askarlarning ruhiy-axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan kuchli bo‘lishiga qaratilayotgan e’tibor ham ajdodlarimizdan qolgan meros, otayo‘ldir. Shu sabab davlatimiz rahbari doim har bir askar, vatanning har bir posboni Amir Temur va ulug‘ bobolarimiz o‘gitlarini, ularning merosini chuqur anglashi lozimligini ta’kidlab kelmoqda.
Chunki zamonaviy dunyo, globallashayotgan davr aslida har birimizdan chin ma’noda vatanparvar bo‘lishni talab qilmoqda. Axborot maydoni tom ma’noda muhoraba maydoniga aylanib bormoqda. Bunday qaltis jarayonda teran aql, keng mulohaza, vatanparvar qalbgina g‘olib bo‘lishi, tahdidlarga qarshi tura olishi mumkin. Shu bois, yoshlarni Amir Temur merosi asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning zamonaviy, yangicha usullarini topish, amaliyotga joriy qilish lozim.
Shuning uchun Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Fanlar akademiyasi yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy tarix va milliy armiyaga nisbatan g‘urur hissini uyg‘otish, shuningdek, tarixiy manbalar va qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish asosida harbiy sohadagi boy tarixiy tajribamizni tiklashni o‘z oldiga birlamchi vazifa qilib olgan. Bunda buyuk hukmdor va sarkarda ota-bobolarimizning jang san’ati, harbiy sohadagi qarashlari va islohotlarini o‘zida aks ettiruvchi asarlar, qiziqarli kitobchalar nashr ettirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, buyuk sarkardalar qiyofasini yaratish va yoshlar orasida ommalashtirish zarurati bor, albatta.
Ma’naviy ruh – buyuk kuch
Miloddan avvalgi VI asrda yashagan xitoylik strateg va mutafakkir Sun Szining “Urush san’ati” asarida yozishicha, askarlardan nafaqat harbiy-taktik bilim va malaka, balki mustahkam ma’naviy ruh ham talab etilishi kerak.
Vatanparvarlikning yana bir muhim asosi ma’rifatdir. Zero, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlarida ham ma’rifat buyuk ishlar, yuksak g‘alabalarga sabab bo‘lgan.
Shu bois, davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida “Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”, deya ta’kidladi.
Zero, vatanparvarlik amaliy harakatlarda, tinmay izlanish, yangiliklarga intilish, o‘z ilm-u amali bilan el-u yurtga naf yetkazish, fidoyilikda namoyon bo‘ladi.
Albatta, bugun urushning qiyofasi ham o‘zgargan. Ochiq maydonlarda yuzma-yuz urishish tarixda qolib, hozir “axborot urushi”, “ong urushi”, “texnologik urushlar” kabi turlari ko‘payib bormoqda. Dunyodagi qudratli davlatlar shu urushlarda yetakchilikka ham intilmoqda. Bunday sharoitda vatan himoyachilarining bilimi, tafakkuri, dunyoqarashi, zamonaviy texnologiyalardan xabardorligi har qachongidan ham zarur.
Endi armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi. Har yili 5000 askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitilishi ma’lum qilindi.
Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qiy boshlaydi. Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajati qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontrakt asosida o‘qishga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bular yoshlarimiz uchun ochilayotgan katta imkoniyat eshiklaridir.
Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish bilan birga ma’naviy olamini ham muntazam boyitib borish bugunning talabidir. Albatta, ma’naviy olam kitobxonlik, adabiyot, kino, san’atdan kuch, rag‘bat oladi. Shu bois, Ma’naviyat va ma’rifat markazi ham o‘z oldiga harbiy askarlar ishtirokida kitob muhokamalariga qaratilgan doimiy adabiy klublar, “So‘z” loyihasi doirasida harbiy qismlarda she’riy konsert dasturlari, kino namoyishlarini o‘tkazib borishni maqsad qilgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy-vatanparvarlik sohasidagi faoliyati yanada kuchaytiriladi, harbiy sohada maqsadli ma’naviy-ma’rifiy loyihalar hamda mediakampaniyalar amalga oshiriladi, muddatli harbiy xizmat, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati, shuningdek, umumta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” guruhlari bilan mafkuraviy yo‘nalishlarda “tadqiqot – tahlil – kompleks chora-tadbirlar – natija” zanjiri asosida tizimli ishlar bajariladi, harbiy tuzilmalar bilan belgilangan vazifalar doirasida uzluksiz hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Proaktiv rejim – zamon talabi
Davlatimiz rahbari Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi davomida tinchlik va xotirjamlik yurtimiz uchun eng katta boylik ekanini, uni asrash bo‘yicha “proaktiv rejim”ga o‘tish shartligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugun zamon shunaqa, bugun zamonaviy yoshlar ham, ijtimoiy tarmoqlar ham shunday jarayonda. Shu bois, hozir barchamiz “proaktiv rejim”da vaziyat yuzaga kelishini kutmay, oldindan harakat qilishimiz, tashabbuskor bo‘lishimiz, ishga ijodiy yondashishimiz, muammolarning oldini olish uchun faol choralar ko‘rish yo‘liga o‘tishimiz shart.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘tgan yili yurtimizning barcha hududini qamrab olgan sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi. Unda 22 ming 335 respondent ishtirok etgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 70 foizi ijtimoiy tarmoqlar yetakchi axborot manbai ekanini ta’kidlagan.
Chindan ham bugun ijtimoiy tarmoqlar alohida global olamga aylangan. Biz ijtimoiy tarmoqlarni to‘xtovsiz kuzatamiz, bolalarimiz qo‘liga telefon beramiz. Buning salbiy ta’sirlari haqida o‘ylaymiz ham, albatta. Biroq bu qaltis vaziyatni hamma shunaqa qilyapti-ku degan mezonlar bilan baholab tinchlanamiz. Bolasi yig‘lasa, hamma darrov telefon beradi, kechqurun internetda bedor sayr qiladi va hokazo.
Ilgari mafkuraviy xuruj deganda hammaga ochiq-oydin ko‘rinib turgan sanoqligina mafkuraviy omil va ta’sirlarni bilardik. Lekin hozir ularning salmog‘i ham, turi ham ortib bormoqda. Ba’zan bunday xurujlarning hatto mafkuraviy tahdid ekanini kimlardir anglamay ham qolmoqda. Bu ta’sir-u tahdidlarning barchasi tezkorlik bilan har kuni millionlab informatsiyalar ichida ko‘zga ko‘rinmas viruslarday tarqatilmoqda. Yoshlarni manipulyatsiya qilish, bizga yot, qadriyatlarimizga begona odatlarni singdirishga urinish, eng yomoni, narkotikday ta’sir qiluvchi informatsiyalar bilan terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiberjinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi mudhish yo‘llarga yetaklash dunyo jamoatchiligini qattiq xavotirga solmoqda.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, feyk, ya’ni yolg‘on informatsiyalar to‘g‘ri, haqqoniy xabarlarga qaraganda 6 barobar tez tarqalar ekan. Bu nima degani? Mafkuraviy xatarlar xavfi qay darajada adashtiruvchi, yo‘ldan uruvchi kuchga ega ekanini shundan ham bilsa bo‘ladi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ideal dunyo, ideal hayot degan xavflar paydo bo‘lmoqda. Internetda yashab, kontentlar bilan o‘ylaydigan, trendlar ichida yashaydigan, natijada o‘z hayotidan norozi, internetdagi go‘zal, ideal tasvirlar qurboniga aylanayotgan avlod shakllanmoqda. Bu zalolatdan boshqa narsa emas!
Ma’lumotlarga ko‘ra, global mediaplatformalarda tarqalayotgan kontentlarning 70 foizini Gʻarb davlatlari tarqatar ekan. Bu hozir har 10 o‘zbek bolasining 8 nafari Gʻarb qadriyatlari ta’sirida yashamoqda, o‘ylamoqda, harakat qilmoqda deganidir. Buning xavfi esa bugunoq ko‘zga tashlana boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilayotgan so‘rovnomalarga berilayotgan achinarli javoblar, yoshlarimiz olayotgan videokontentlar, o‘ylab topilayotgan bayramlaru urf-odatlarni aytmasa ham bo‘ladi. Sababi bugun dunyo bo‘ylab 60 foiz odam axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali oladi. 2025-yilda siyosiy jarayonlarning beqarorlashuviga 100 dan ortiq yirik kiberhujum sabab bo‘lgan.
Har yili global miqyosda veb texnologiyalarga doir ma’lumotlarni umumlashtiruvchi saytda turli hisobotlar keltiriladi va bu ma’lumotlar har kuni yangilab boriladi. Internetdagi turli tillarda yaratilgan kontentlar tahlil qilingan. Unga ko‘ra, bugun virtual olamdagi kontentlarning 49,4 foizi ingliz tilida, undan keyin ispan, nemis, yapon va boshqa tillarda yaratilgan kontentlardir. Bu katta olamda o‘zbek tilida yaratilgan kontentlar ulushi 0,1 foizgagina teng. Bu xavflimi? Ha, chunki biz ko‘proq boshqa millat qadriyati, boshqa davlat g‘oyasi, boshqa qarashlarni ongimizga joylab bormoqdamiz.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchi aholi ulushi 94,2 foizni tashkil etmoqda. Bu raqamlarning barchasi bizni foydali kontentlar, xavfsiz internet haqida ko‘proq o‘ylashga undaydi. Balki yoshlarning kelajagi uchun Avstraliya kabi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash vaqti keldimikan?!
“Zed”, “Alfa” avlod: biz ularni taniymizmi?
Yuqorida urushlarning qiyofasi zamonaviylashayotganini aytdik. Bu murakkab jarayonda, ayniqsa, yoshlar ongi, ruhini egallashga qaratilgan janglar kuchaygan. Bu makkor kurashlar, xususan, yoshlarga mo‘ljallangan. Chunki bugungi yoshlar yangi avlod, ularning qarashi, qadriyatlari o‘zgaruvchan, ular tez ta’sirlanadi, hali tajribasiz, adashishi ham osonroq.
Biz bugun tez-tez eshitayotganimiz “Zed” avlod to‘liq raqamli davrda voyaga yetgan birinchi avloddir. “UN World Population Prospects – 2024” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakunlari bo‘yicha yoshlar (15-24 yoshdagilar) soni taxminan 1,3 milliard kishini tashkil etdi.
Shuningdek, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-2025-yillarda “Zed” va “Alfa” avlod vakillari birgalikda sayyoramiz aholisining taxminan 47 foizini (O‘zbekistonda 60 foiz) tashkil qiladi. Bunda “Alfa” avlod (24,4 foiz) “Zed” avloddan (22,9 foiz) bir oz oldinda bormoqda.
Yana bir ma’lumot bizni sergak torttirishi aniq. 2024-2025-yillarda ushbu yosh guruhidagi yigit-qizlar turli mamlakatlarda norozilik namoyishlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan.
Instagramda 18-24 yoshdagilar dunyodagi foydalanuvchilarning eng katta ulushini (31,7 foiz) tashkil etadi. Barcha foydalanuvchilarning 60 foizi esa 35 yoshdan kichikdir. 2024-yilda TikTok global auditoriyasining 36 foizi (taxminan 543 million kishi) 18-24 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Yana 33,9 foizi esa 25-34 yoshdagilardir. TikTok auditoriyasining qariyb 70 foizini 18-35 yoshdagi qatlam tashkil etadi.
Mazkur raqamlarga qarab, ko‘pni ko‘rganlarning psixologik urushda jismoniy emas, balki ma’naviy va sergaklik jihatidan mudroq tomon yengiladi degan so‘zlarini yana bir bor eslash kifoya. Bugun hushyorlik va ogohlik doim darvozalari ochiq bo‘lgan, chegaralari yo‘q virtual olamda yanada muhim. Zero, bugun yana texnologiyalar ham kognitivlashmoqda. Bu haqda kuni kecha yaxshi ma’lumot o‘qidim. Unga ko‘ra, bu jarayon Gʻarbda NBIC konvergensiya deb ataladi. NBIC qisqartmasi N – nano, B – bio, I – axborot, C – kognitiv ma’nolarini anglatadi. Albatta, bu jamiyat ravnaqiga xizmat qilmoqda. Biroq olimlar yuzaga keladigan ma’naviy-axloqiy o‘zgarishlardan ham barchani ogohlantirmoqda.
Bularning barchasi bugun targ‘ibotning ko‘p qismi ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chirilishi zarurligini ko‘rsatib turibdi. Shu ma’noda, kelgusida ziyolilar birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ezgu fikr, ezgu g‘oyalarni ko‘proq yoyishi, yosh avlodni ortidan ergashtira oladigan darajada zamonaviylashishi shart. Shuningdek, ba’zi davlatlarda bugun kiberaskar, g‘oyaviy jangchi kabi terminlar paydo bo‘lmoqda. Ularning vazifasi – mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish. Bu yo‘nalishda oldimizda turgan vazifalar, bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘p, albatta.
Jamiyatning ruhiy tayanchi
Abdurauf Fitratning “Bu dunyo – kurash maydoni. Bu kurashning quroli sog‘lom jism-u tan, o‘tkir aql va yaxshi axloqdir” degan purma’no gapi bor. Azaldan kurash maydonida vijdoni uyg‘oq, ma’rifati yuksak ziyolilar bo‘lgan. Ular o‘zining hur fikri, ezgu o‘yi ortidan ko‘plab insonlarni ergashtirib, jamiyatni ma’rifatning eng oldingi bosqichlariga olib chiqqan. Jarayonlar tezlashgan, axborot oqimi cheksiz, g‘oyalar to‘qnashuvi esa yangi bosqichga ko‘tarilgan bir pallada jamiyatning ruhiy tayanchi bo‘lgan ziyoli qatlam zimmasiga alohida vazifalar yuklanmoqda.
Har bir tarixiy burilish nuqtasida xalq taqdiriga daxldor qarorlar qabul qilingan, kelajak yo‘nalishi belgilab olingan. Bunday pallalarda jamiyat ichida ma’naviy jipslik ustuvor ahamiyat kasb etgan. Bugun shu haqiqat yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda. Mamlakat taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlikni saqlash, yosh avlod qalbida ishonch va faxr tuyg‘usini mustahkamlash yo‘lida har bir fikr egasi o‘z o‘rnini anglab yetishi zarur.
Shu nuqtayi nazardan, mamlakat rahbariyati atrofida shakllangan islohotlar ruhi, milliy manfaatlar ustuvorligi, tinchlik va barqarorlikka qaratilgan strategik yondashuvni jamiyatning barcha qatlami qo‘llab-quvvatlashi tabiiy holga aylanmog‘i lozim. Bu yerda gap shaxsga emas, balki umumiy yo‘lga ishonch, tanlangan taraqqiyot modeliga sadoqat haqida bormoqda.
Bugungi axborot makonida har bir so‘z, har bir munosabat jamiyat kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, tanqid ham, tahlil ham, bahs ham milliy manfaatlar mezonida olib borilishi zarur. Vaqtinchalik ehtiroslar, tashqi ta’sirlar, sun’iy kun tartiblari ortidan ergashish jamiyatni chalg‘itishi mumkin. Bunday holatlarda vazminlik, fikriy barqarorlik, uzoqni ko‘ra bilish fazilati alohida qiymat kasb etadi.
Tarix shundan dalolat beradiki, xalq va uning yetakchi fikr egalari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud bo‘lgan davrlarda taraqqiyot tezlashgan, xavf-xatarlar kamaygan, kelajakka ishonch mustahkamlangan. Bugun ham shunday ziyolilar, zamonaviy uyg‘oq fikrlilar birlashib, xalqimiz orasida targ‘ibot tadbirlarini olib borish bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ham faol bo‘lishini zamon talab qilmoqda. Shu ma’noda, an’anaviy ravishda “Ziyolilar forumi” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu orqali ularning ilg‘or fikrlari, boy tajribasi asosida doimiy targ‘ibot ishlari tashkil etiladi. Mamlakatimizdagi islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishda ziyolilarning ijtimoiy faolligi yanada kuchaytiriladi.
Birgina misol: shu kunlarda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ziyolilar bilan birga Prezidentimizning Murojaatnomasi, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida olg‘a surgan g‘oya va tashabbuslari, ularning mazmun-mohiyati bo‘yicha samimiy muloqotlar tashkil qilindi.
Xalqimiz bugun tinchlik degan ne’matni asrash, farzandlarga ilm berish, kasb o‘rgatish har qachongidan ham muhimligini teran anglamoqda. Shu maqsadda 200 dan ortiq ziyolilar korpusi tashkil etilib, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan barcha mahallada shunday targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu bejiz emas. Prezidentimiz qayd etganidek, “Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta”.
Shu o‘rinda buyuk olmon shoiri Gyotening asar qahramoni Faust tilidan aytgan:
“Kim erk, hayot deb jang qilolsa har kun,
Erk-u hayot uchun o‘sha munosib!”
degan satrlari yodga tushadi. Bugungi zamon ham barchamizdan erk, tinchlik, xotirjam hayot yo‘lida har kuni kurashishni, ma’rifat va ma’naviyatni bunda asosiy kuchga aylantirishni, ayni chog‘da har birimizdan kuchli fuqarolik pozitsiyasini ham talab qilmoqda. Bu pozitsiya tinchlikni asrash, barqarorlikni mustahkamlash, kelajak avlod oldida mas’uliyatni his etish bilan o‘lchanadi. Ana shu his birlashgan joyda esa jamiyat yengilmas kuchga aylanadi, yurt ravnaq topib, yanada qudratli bo‘ladi!
Otabek HASANOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari,
siyosiy fanlar doktori
Mafkura
Tarix
Tarix
Tarix
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q