Suv hukmdori Hubbi: hayot manbayining unutilgan ilohi


Saqlash
12:04 / 20.01.2026 28 0

Suv nafaqat tiriklik manbayi, balki hayotning eng ulugʻ, bebaho va beqiyos moʻjizasi hisoblanadi. Shu bois, insoniyat qadim zamonlardanoq suvni muqaddaslashtira boshlagan, unga sigʻingan. Jahon xalqlarida suv bilan bogʻliq turli-tuman mifologik qarashlar va inonchlar keng tarqalgan. Shunday inonchlardan biri – Hubbi mifologik obrazidir.

 

Hubbi – Xorazm vohasi aholisining xalq ogʻzaki ijodi bilan bogʻliq muqaddas suv timsoli hisoblanadi. U Amudaryo, suv va dehqonchilik farovonligini ifodalovchi obraz sifatida tasavvur qilinadi. Mazkur obrazning paydo boʻlishi oʻlkaga islom dini kirib kelmasdan oldingi davrga borib taqaladi. “Hubbi” obrazi daryo suvining moʻl-koʻlligini taʼminlovchi va uni yovuz kuchlar xurujidan himoya qiluvchi ezgu homiy sifatida timsollashtirilgan hamda Oʻrta Osiyoda yashagan qadimgi odamlar orasida juda moʻtabar sanalgan.

 

Hubbi haqidagi afsonalar faqatgina Xorazmda emas, balki mintaqaning bir qancha hududlarida uchraydi. Jumladan, Buxoroda shifobaxsh suvli qudugʻi bilan mashhur boʻlgan Xoʻja Ubbon avliyosi va Jondor tumani Oqshix qishlogʻidagi Sulton Hubbi qadamjosi haqidagi afsonalar, Fargʻona vodiysi hamda Ohangaron daryosi boʻylaridagi Er Hubbi toʻgʻrisidagi mifologik tasavvurlar, Qamashi tumanidagi Hubbiltepa degan joy – Hubbi kulti bilan bogʻlanadi.

 

“Hubbi” atamasi mifologik obraz boʻlishiga qaramasdan xalq ogʻzaki ijod namunasi sifatida hozirgacha mavjud boʻlib, ularda xalqning biror yumush bajarish paytida yoki boʻlmasa, qaysidir amallarni bajarayotganda “Yo Hubbim, Hubbi Malik” degan nomlar bilan murojaat qiladi. Hubbi timsoli vohada muqaddas sanalgan Anbar onaning farzandi deya talqin qilinadi.

 

U haqida rivoyat va afsonalar koʻp boʻlib, arxeolog olim Yahyo Gʻulomov oʻz asarida qayiqchidan yozib olgan quyidagi hikoyani keltiradi: “Faridun va hatto Jamshid podsholik qilmasdan koʻp vaqtlar ilgari bu daryoda bir yigit yashagan va bu yigit daryoning hokimi boʻlgan. Uning ismi “Hubbi” boʻlgan. Hubbi baliq bilan ovqatlangan. U bir qoʻli bilan baliqni tutib olar ekan-da, uni quyoshga uzatar ekan, baliq shu ondayoq qovrilar ekan. U yetti yuz yil davomida Amudaryoda yashagan va bu vaqt ichida hech qanday yovuz jin daryoga yaqinlasha olmagan. Hatto u paytda chivinlar ham boʻlmagan. Jamshid taxtga oʻtirgan vaqtdan boshlab, Hubbi dom-daraksiz gʻoyib boʻlgan. Uni osmon malikasi – goʻzal bir qiz oʻgʻirlab ketgan deb oʻylaydilar.

 

U gʻoyib boʻlgandan keyin Amudaryoda Hubbining onasi paydo boʻladi. U uzoq vaqt davomida yigʻlab-yigʻlab oʻz oʻgʻlini qidiradi. Ana shu Hubbining onasi birinchi qayiqni koʻrgan va xalqni daryoda urishishga oʻrgatgan. Soʻngra Hubbining onasi butunlay ketib qolgan. Chollar fikriga koʻra: “Ilgarigi vaqtlarda kemalarning burnida shu xotinning haykali oʻrnatilardi”. Soʻngra, musulmonlar kelganidan keyin, ular bu odatga eʼtibor berib, uni yoʻq qilishni buyurgan. Shu vaqtdan boshlab bu haykalning boshini kesib tashlaganlar, faqat kemalarda uning ikki soch oʻrimi qolgan.

 

Bu afsonaviy timsol xalqning hayotida, ayniqsa qayiqchilar orasida madad beruvchi, qutqaruvchi timsol sifatida saqlanib qolgan.

 

G.P.Snesarev bergan maʼlumotga koʻra, Hubbi qayiqchilar piri boʻlib, qayiq haydovchilar boshiga falokat tushsa unga iltijo qilib yordam soʻrashadi. Afsonalarga koʻra, Hubbi Amudaryo suvi ostida makon tutadi va suv osti dunyosi sohibiga aylanadi. U suv osti oqimi ruhlari bilan kurashadi, ularning suv toshqini tashkil qilishini bartaraf etadi, suv oqimini moʻtadillashtiradi, ekinlarni obihayot bilan taʼminlaydi. Tabiiy ofatlar davrida, qishloqlarni suv bosganda aranglarga qarshi kurashib ularga “Suvni tortib oling” deb buyuradi. Shu orqali dushmanlarini yengadi, tabiiy ofatlardan saqlaydi.

 

Fargʻona vodiysida ham Er Hubbi bilan bogʻliq ziyoratgoh mavjud, lekin, u Yigitpirim deb nom olgan. Bu ziyoratgohning kelib chiqishi va tarixi haqida mahalliy aholi orasida bir qator rivoyatlar mavjud. Unga koʻra, “Yigitpirim suvda choʻkayotgan odamlarni qutqarib turgan vaqtda uni onasi Anbar ona uch marta chaqiribdi. Har gal onasi bir marta chaqirgani zahotiyoq yetib keladigan Yigitpirim bu safar uch bora chorlasa ham kelmabdi. Onasi uning bu harakatidan qattiq ranjibdi. Onasini ranjitib qoʻygan, qilgan ishini chinakam nomussizlik hisoblagan Yigitpirim togʻning ichiga kirib gʻoyib boʻlgan ekan.

 

Yigitpirim shubhasiz, oʻlimdan qutqarib qolgan odamlar Anbar onaga oʻgʻli nima uchun uni chaqirgan vaqt yetib bormaganligini asl sababini aytgandan soʻng Anbar ona farzandidan nohaq ranjiganligini tushunib yetib, achchiq koʻz yoshi toʻkadi. Uning koʻzlaridan yomgʻirdek quyilgan yoshlaridan u yerda buloq ham paydo boʻlgan ekan.

 

Afsonalarga koʻra, sirli ravishda gʻoyib boʻlgan Hubbini xorazmliklar Gʻoyib ota deb ham atashgan. Odatda, islomiyatgacha mavjud boʻlgan qadimgi kultlar bilan aloqador boʻlgan ayrim qadamjolar va mozorlar nomi unutilgach, bunday joylar Gʻoyib ota deb yuritila boshlangan.

 

Bugungi kunda, afsonaning uzuq-yuluq variantlari saqlanib qolgan. Bu tasavvurlar mavjudligining isboti sifatida xalq oʻrtasida Hubbiquli yoki Hubbiniyoz shaklidagi ismlarning uchrashini ham keltirish mumkin.

 

Bu suv ilohi yaqinlargacha xalq orasida oʻyin tarzida ham saqlanib qolgan. Bu oʻyin “Hubbimboy” nomi bilan atalib, quyidagi sheʼr orqali ijro etiladi:

 

“Hubbim, hubbim, hubbimboy

Hubbimboyning ola oti,

Hubbimboy yoʻlga tushganda

Yarqiraydi qanoti.

Hubbim, hubbim, hubbimboy

Taka-tukka boʻynida

Shu oy yuzli parizod

Hubbimboyning qoʻynida

Hubbim, hubbim, hubbimboy

Hubbimboyning ola oti

Ogʻam ovga chiqqanda

Yetolmaydi ot zoti”.

 

Oʻyinni ijro qilayotgan shaxs oʻyinni qoʻshiq mazmuniga moslab ikki yelkasi va qoʻlini tez-tez ishlatib qush qanotini qoqqanidek har safar qanot oʻrnida qoʻlini koʻtarib qoʻltigʻini ochib-yopib turadi, oyoqlarini ham yerdan olib qoʻyib- olib qoʻyib harakat qildiradi. Bu oʻyin goʻyoki, odamlar tasavvurida Hubbining kaptarga aylanib uchib ketganligini ifodalaydi.

 

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Hubbi – suv ilohi sifatida muqaddaslashtirilgan, biroq hozirda, u haqida uzuq-yuluq baʼzi afsonaviy maʼlumotlar saqlanib qolgan.

 

Roʻzmetova Roziyajon

Maʼmun universiteti oʻqituvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

18:01 / 20.01.2026 0 541
Biz uchun Vatan nomusdir – Duginlarga javob





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//