Davlatchiligimiz tarixiga nazar tashlasak, Vatan ozodligi va yurt yaxlitligi yoʻlida matonat bilan kurashgan milliy qahramonlarimiz safi gʻoyat kengligiga guvoh boʻlamiz.
Ana shunday fidoyi hukmdorlardan biri, oʻz davrida mintaqamiz siyosiy sahnasida hal qiluvchi oʻrin tutgan Turkashlar yoki Turgashlar (turkiy hujjatlarda Turgashlar nomi ilk bor VIII asr boshlarida Kultegin va Bilga xoqon bitiktoshlarida tilga olinadi) sulolasining yorqin vakili – Suluk (Xitoy manbalarida “Su-lu”, arab manbalarida “xoqon” tarzida qoʻllanilgan) (715 – 738) xoqondir. U nafaqat oʻzining jasorati, balki yuksak harbiy-siyosiy salohiyati bilan ham davlatchiligimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan.
VIII Turon mintaqasida siyosiy vaziyat gʻoyat keskinlashib, oʻlka ikki kuch – gʻarbdan bostirib kelayotgan Arab xalifaligi va sharqdan xavf solayotgan Xitoyning Tan imperiyasi iskanjasida qolgandi. Arab qoʻshinlari tomonidan koʻplab markaziy shaharlarning egallanishi mintaqaning shimoli-sharqiy hududlari xavfsizligiga ham jiddiy xavf tugʻdirdi. Ana shunday tahlikali bir pallada oʻzini Turk xoqonligining qonuniy va munosib vorisi deb bilgan, Turon birligi hamda ozodligi uchun kurashni oʻz burchi deb hisoblagan Suluk xoqon tarix sahnasiga chiqadi.
Tarixiy manbalarda Suluk xoqon yuksak iqtidor va boshqaruv salohiyati egasi sifatida taʼriflanadi. U temir intizomi va siyosiy irodasi tufayli oʻzaro ichki nizolarga barham berib, 715-yildayoq tarqoq urugʻlarni yagona bayroq ostida birlashtirishga muvaffaq boʻladi. Qisqa fursatda amalga oshirilgan ushbu oqilona siyosat natijasida mamlakatda barqarorlik va farovonlik muhiti qaror topib, lashkar va aholi soni 200 000 nafarga yetadi.
El-yurt ishonchini toʻla qozongan Suluk, 716-yilda Sharqiy Turk xoqoni Qopagʻon xoqonning oʻlimidan soʻng yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib, xoqonlikning gʻarbiy hududlarda oʻzini mutlaq hukmdor – Xoqon deb eʼlon qiladi. Shu tariqa, u tashqi kuchlarning har qanday taʼsiridan xoli boʻlgan, mintaqada oʻz soʻzi va oʻrniga ega mustaqil Turkashlar saltanatini qayta tiklaydi.
Suluk xoqonning Turon oʻtmishidagi eng ulkan xizmati, shubhasiz, uning arab xalifaligiga qarshi murosasiz kurashida namoyon boʻladi. U mintaqaga bostirib kelayotgan yovni nafaqat toʻxtatib qolishga, balki ularni oʻlka hududidan surib chiqarishga ham muvaffaq boʻladi. Bu jasorat Turon ozodligini yana oʻttiz yilga saqlab qolish imkonini beradi.
Hukmdorning yana bir katta yutugʻi – tarqoq kuchlarni bir maqsad yoʻlida birlashtira olganidir. U Sugʻd, Choch va Fargʻona kabi milliy hokimliklar bilan oʻzaro til topishib, dushmanga qarshi bir yoqadan bosh chiqardi. Jang maydonida esa ajdodlarimizga xos boʻlgan urush sanʼati – kutilmagan tezkor hujum va aldamchi chekinish usullarini qoʻllagan holda, son va qurol jihatdan ustun boʻlgan raqiblarga ketma-ket qaqshatqich zarbalar berdi.
Shu bois, arab tarixchilari oʻzlariga tinchlik bermagan, har qadamda yoʻllarini toʻsgan ushbu botirni tan olib, unga “Abu Muzahim” – “ zahmat yetkazuvchi”, “siquvga oluvchi”, yaʼni “eng ashaddiy raqib” deya nom berganlar.
Tarix sahifalarida “Chanqoqlik kuni” nomi bilan qolgan 724-yilgi toʻqnashuv Suluk xoqonning yuksak sarkardalik salohiyatini va murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qila olish qobiliyatini koʻrsatib berdi. Sirdaryo boʻyida yuz bergan ushbu voqea Turon sarhadlarini dushmanlardan himoya qilishda oʻziga xos burilish yasagan.
Arab manbalaridagi maʼlumotlarga koʻra, umaviylar lashkarboshisi Muslim ibn Said Kilobiy Fargʻona vodiysiga yurish boshlaganda, Suluk xoqon unga qarshi ochiq jangga kirishishdan koʻra, dushmanni holdan toydirish usulini tanlaydi. U oʻz qoʻshini bilan raqibni kutilmaganda taʼqib ostiga olib, ularni ortga chekinishga majbur qiladi.
Suluk xoqon qoʻllagan ushbu harbiy tadbir natijasida dushman oʻn bir kun davomida tinimsiz bosim ostida qoladi. Turkash otliqlarining tezkor harakatlari va kutilmagan zarbalari arab qoʻshinini ogʻir ahvolga solib qoʻyadi. Xoqonning rejasiga koʻra, raqiblar Sirdaryo boʻyiga siqib boriladi va u yerda Choch va Fargʻona hokimliklari kuchlari bilan birgalikda qurshovga olinadi.
Vaziyat shu darajaga yetadiki, chorasiz qolgan dushmanlar oʻz jonlarini saqlash ilinjida qoʻlga kiritgan barcha oʻlja va boyliklarini yoqib yuborishga majbur boʻladi. Garchi dushmanning bir qismi daryodan kechib oʻtib, Xoʻjand tomonga qochishga muvaffaq boʻlsa-da, bu aslida magʻlubiyatga teng edi.
Ushbu gʻalaba natijasida Turonda arab hukmronligi zaiflashdi va oʻlka mustaqilligi yana qariyb oʻn besh yilga saqlab qolindi. Bu voqea Suluk xoqonning nafaqat jasur jangchi, balki vaziyatni toʻgʻri baholay oladigan, dushmanning nozik nuqtalarini aniq nishonga oluvchi mohir hukmdor ekanini isbotladi.
729-yilda Buxoro ostonasidagi qadimiy Poykand shahrida kechgan toʻqnashuvlar Turon xalqlarining ozodlik yoʻlidagi birligi va Suluk xoqonning harbiy salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Umaviylar voliysi Ashros Sulamiy Turondagi xalq qoʻzgʻolonini bostirish maqsadida katta qoʻshin bilan kelganda, unga qarshi Suluk xoqon boshchiligidagi kuchlar maydonga chiqdi.
Jang taqdirini hal qilishda Suluk xoqon oʻzining sinalgan usuli – dushmanni suvsiz choʻlda qoldirish tadbirini qoʻlladi. Turkash qoʻshini va sugʻdlik askarlar birlashib, arab qoʻshinini suv manbalaridan uzib qoʻydi. Ahvol shu darajaga yetdiki, bosqinchilar xuddi besh yil avvalgi “Chanqoqlik kuni”dagi kabi halokat yoqasiga kelib qoldi. Hatto shu paytgacha vaziyatni betaraf kuzatib turgan Samarqand hukmdori Gʻurak ham xalqining ozodlik kurashini qoʻllab-quvvatlab, Suluk xoqon tomoniga oʻtdi.
Dushman safidagi ayrim sarkardalarining jon talvasasidagi harakatlari evaziga ular qamal halqasini yorib oʻtib, Buxoroga kirishga muvaffaq boʻlgan esa-da, bu najot ularga juda qimmatga tushdi. Minglab askarlarini yoʻqotgan va ruhiy jihatdan singan bosqinchilar Suluk xoqonning shiddatli zarbalari ostida mintaqada oʻz hukmini oʻtkaza olmay, chorasiz mudofaaga oʻtishga majbur boʻldi.
Suluk xoqonning Turon sarhadlarini himoya qilishdagi yana bir jasorati tarixda “Dovon jangi” nomi bilan muhrlangan, 731-yilning iyul oyida boʻlib oʻtgan qaqshatqich toʻqnashuvda namoyon boʻladi. Bugungi kunda Taxtiqoracha deb ataluvchi, Samarqand va Shahrisabz oraligʻidagi tor togʻ yoʻlida yuz bergan ushbu muhoraba ajdodlarimizning dushmanga qarshi kurashda naqadar uyushqoq va tadbirkor boʻlganini koʻrsatadi.
Arab manbalarida, xususan, Tabariy asarida keltirilishicha, Xuroson noibi Junayd ibn Abdurahmon qamalga tushgan oʻz lashkarini qutqarish ilinjida katta qoʻshin bilan Samarqand tomon yurish boshlaydi. Biroq Suluk xoqon dushmanni ochiq maydonda emas, balki oʻzi uchun qulay boʻlgan tor togʻ darasida kutib olish rejasini tuzadi.
Togʻ dovonida Suluk xoqon boshchiligidagi qoʻshin hamda Sugʻd, Choch va Fargʻonaning birlashgan milliy kuchlari dushmanni qurshovga oladi. Uch kun davom etgan shiddatli jangda dastlab yovning eng saralangan otliq qismlari turk kamonchilari va nayzadorlari tomonidan ayovsiz qirib tashlanadi. Katta yoʻqotishlarga uchragan bosqinchilar otlarini tashlab, piyoda jang qilishga majbur boʻladi.
Vaziyat shu darajaga yetadiki, dushman oʻzining Samarqanddagi voliysi Savra ibn Xurrni 12 minglik qoʻshini bilan yordamga chaqiradi, ammo Suluk xoqon bu kuchlarni ham yoʻlda qarshi olib, tor-mor etadi.
Koʻplab tadqiqotchilar taʼkidlaganidek, ushbu jangdagi talafotlar xalifalikning mintaqadagi mavqeyiga qattiq zarba berdi. Suluk xoqonning ushbu oqilona harbiy tadbiri tufayli to uning vafotiga qadar bosqinchilar Amudaryoning narigi tomonida oʻz hukmini toʻliq oʻtkaza olmay, doimiy xavotir va tahlikada yashashga mahkum boʻladi.
Tarixiy bitiklar va manbalar Suluk xoqonning insoniy qiyofasi va boshqaruv usuli haqida qimmatli guvohliklar beradi. Ularda taʼkidlanishicha, xoqon shaxsiy manfaat va boylik orttirish ilinjidan yiroq boʻlib, butun borligʻini oʻz xalqi farovonligiga bagʻishlagan fidoyi hukmdordir.
Manbalarda Suluk xoqon “xalqiga nisbatan gʻoyat mehribon, oʻz turmushida esa kamtarin va tejamkor inson” sifatida taʼriflanadi. Uning adolatparvarligi shunda koʻrinadiki, shiddatli toʻqnashuvlardan soʻng qoʻlga kiritilgan har qanday oʻlja, uning qiymatidan qatʼi nazar, oddiy navkarlar va xalq oʻrtasida teng taqsimlangan. Hukmdorning oʻzi uchun ortiqcha ulush ajratmagani uning yuksak maʼnaviyatidan dalolatdir.
Umrining yigirma yilini Vatan sarhadlari daxlsizligi yoʻlidagi tinimsiz jang-u jadallarda oʻtkazgan Suluk xoqon, shubhasiz, Turon davlatchiligi tarixidagi yirik va fidoyi namoyandalardan biridir. Garchi ayrim tadqiqotchilar uni “gʻalaba ketidan gʻalaba qozongan qahramon” deya eʼtirof etsalar-da, uning faoliyatini goʻyoki “Xitoy chegaralarining posboni” sifatida talqin qilishga urinishlar HAM uchrab turadi.
Biroq tarixiy haqiqat shundaki, Suluk xoqon hech qachon oʻzga davlatning vassali boʻlmagan. U qisqa muddat siyosiy vaziyat taqozosi bilan diplomatik oʻyinlar qilgan boʻlsa-da, aslida sharqdan kelayotgan xavfga qarshi ham murosasiz kurash olib borgan va Turonni mustaqil kuch sifatida dunyoga tanitgan hukmdor edi.
Suluk xoqonning vafoti mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatni tubdan oʻzgartirdi. Ichki nizolar markazlashgan boshqaruvni izdan chiqardi va Turkash xoqonligining harbiy salohiyatini zaiflashtirdi. Yuzaga kelgan siyosiy boʻshliqdan foydalangan arab qoʻshinlari Turonning asosiy shaharlari ustidan nazoratni qayta tiklab, Talas vodiysiga qadar kirib borishga muvaffaq boʻldi.
Ulugʻbek Olimov,
FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Mafkura
Adabiyot
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q