Oruellning “Molxona”sida “Qichqiriq laqabli, koʻzlari pir-pir uchib turadigan, ovozi chiyillagan, oʻzi kichkina, ammo baqaloq choʻchqacha mashhurroq edi. U ajoyib notiq edi. Biror-bir muammoni muhokama qilar ekan, u tomondan bu tomonga yugurar, bu ham nutqiga alohida ishonchlilik baxsh etardi. Kimdir Qichqiriq haqida bu oqni qora, qorani oqqa aylantira oladi, deb aytgan edi”.
Asarda bir kuni hayvonlar molxonada sut va olmalar “yoʻqolib qolgani”, yaʼni ularni choʻchqalar oʻzlari uchun olib qoʻyganini payqaydi va, tabiiyki, norozilik bildiradi. Shunda katta sahnaga oʻsha “Qichqiriq” chiqib, boshqa jonzotlarni chalgʻitish, ularning shubhalarini aritish maqsadida shunday bayonot beradi:
“Oʻrtoqlar, aslida, biz, choʻchqalar, sut va olmani yoqtirmaymiz. Ular salomatligimiz uchun zarur. Sut va olmalar tarkibida choʻchqalarni sogʻlomlashtiruvchi kuchli moddalar bor. Bu fanda ilmiy jihatdan asoslangan. Biz, oʻzingizga maʼlum, aqliy mehnat vakillarimiz, boshqarish bizning zimmamizda. Bizning sut ichishimiz va olmani tanovul qilishimiz oʻzimiz uchun emas, sizlar uchun. Agar sogʻligimiz yomonlashsa, nima boʻlishini tasavvur eta olasizlarmi?! Oʻrtoqlar, u holatda Jons molxonaga qaytib keladi! Albatta, uning qaytib kelishini istamasangiz kerak!...”
Arzimas daqiqalar ichida “Qichqiriq” shunchalik koʻp ilmiy, siyosiy va hissiy daʼvolarni qalashtirib tashlaydiki, natijada boshqa hayvonlar har bir argumentni alohida tekshirish yoki tanqidiy tahlil qilishga oʻzida kuch, vaqt yoki quvvat topolmaydi, miyalari gʻovlab ketadi, oxirgi zarba – “Jonsning qaytib kelishi mumkinligi”dan xavotir esa ularni butunlay “nokaut” holatiga tushiradi.
Tramp – eng mashhur “chopagʻon”
Bitta post yoki bayonotning oʻzida auditoriyani koʻp sonli mavhum, tekshirish qiyin boʻlgan argumentlar, chala haqiqatlar yoki asossiz iddaolar bilan “bombardimon” qilish va shu orqali odamlarni chalgʻitish, ishontirish, ayni paytda bahs yoki axborot muhitida ustun mavqega erishishni koʻzda tutadigan manipulyatsion texnologiya fanda “Gishcha chopish” (The Gish gallop[1]) deyiladi.
1994-yili AQShdagi siyosiy debatlarning birida kreatsionist olim Dueyn Gish oʻz raqibini qisqa vaqt ichida zaif, noaniq, shaxsiy tajribaga asoslangan daʼvolar bilan koʻmib tashlaydi, qarshi tomon esa oʻziga berilgan daqiqalar orasida ularning qaysi biriga raddiya yoki eʼtiroz bildirishni bilmay dovdirab qoladi. Jarayonga guvoh boʻlgan professor Yujin Skott (Missuri universiteti) raqibidan katta tezlikda “oʻzib” ketgan Gish sharafiga ayni terminni ilk bor muomalaga kiritadi.
“Gishcha chopish” odatda teledebat yoki jonli bahslarda namoyon boʻladi. Masalan, koʻpchilik kuzatuvchilar Donald Trampni tarixdagi eng mashhur “chopagʻon” deb hisoblaydi. “Los Angeles Times” nashrida eʼlon qilingan maqolada aytilishicha, boʻlajak prezident 2024-yil yozidagi saylovoldi debatda bir soatdan sal koʻproq vaqt mobaynida naq 162 ta yolgʻon va haqqoniy boʻlmagan maʼlumotlarni qalashtirib tashlagan[2]. Bu – har bir daqiqada 2,5 ta notoʻgʻri bayonot berilgan, degani.
Bu usul qanday ishlaydi?
“Gishcha chopish” texnologiyasining “muvaffaqiyati”ni 2013-yilda italiyalik dasturchi Alberto Brandolini tomonidan ilgari surilgan “Brandolini qonuni” (“Boʻlmagʻur gaplar assimetriyasi” ham deyiladi) bilan izohlash mumkin. Unga koʻra: “Feyk yoki fitna nazariyalarini rad etish uchun sarflanadigan energiya miqdori uni ishlab chiqarish uchun sarflangan quvvatdan bir necha barobar koʻp boʻladi”.
Boshqacha aytganda, yolgʻon gapirish uchun hech qanday dalil, mantiq yoki tadqiqot kerak emas. Deylik, “Yer aslida yapaloq” yoki “Gagarin hali tirik, oyda yashayapti” deb aytishga 2 soniya va 0 kaloriya ketadi, xolos. Ularning har birini rad etish esa soatlab vaqt va katta intellektual kuch talab etadi: ilmiy maʼlumotlar toʻplash, manbalarni tekshirish, mantiqiy xatolarni koʻrsatish va buni tushunarli tilda bayon qilishning oʻzi boʻlmaydi. Tomoshabin yoki oʻquvchi uchun inkor etilmagan har bir daʼvo “haqiqat” boʻlib koʻrinadi.
Bundan tashqari, “Gishcha chopish” 2016-yili RAND Corporation tadqiqotchilari tomonidan Rossiyaning tashqi targʻibot usullari tahlili asosida isteʼmolga kiritilgan “Yolgʻonlarni seldek yogʻdirish” (Firehose of Falsehoods) metodiga ham tayanadi. Uning asosiy maqsadi – biror narsaga ishontirish emas, balki sizni dovdiratib qoʻyish va haqiqat mavjudligiga shubha uygʻotish.
Ushbu modelda yolgʻon bir emas, oʻn shlangdan “purkaladi”, targʻibotchilar oʻz gaplarining bir-biriga zid kelishidan uyalmaydi, bugun bogʻdan, ertaga togʻdan soʻzlaydi, maqsad – haqiqatni aytish emas, balki oʻnlab turli xil soxta versiyalarni tashlab, odamlarda “hech kimga ishonib boʻlmaydi” degan fikrni shakllantirish. Kishilar doimiy ravishda “yolgʻonlar yomgʻiri” ostida qolsa, miyada “filtrlash” funksiyasi oʻchadi, natijada, eng bemaʼni iddaolar ham tanqidsiz qabul qilinadi.
Milliy axborot makonidagi “galloperlar”
“Gishcha chopish” oʻzbek mediasi uchun ham begona janr – faqat siyosiy debatlarda qoʻl keladigan ayyorlik emas. Ayni texnologiya tez va tartibsiz, zamonaviy axborot muhitining boshqa, bizga tanish nuqtalarida ham juda samarali ishlaydi va bundan foydalanib qolayotganlar, afsuski, yetarlicha. Xoʻsh, ular qayerlarda namoyon boʻlyapti?
OAV va blogerlar sahifalari. Hammada emas, soxta, ammo tez tarqaydigan kontentni sifatli info-mahsulotdan ustunroq qoʻyadiganlar sahifalarida uchratamiz. Oʻquvchiga esa xabarni tekshirib koʻrishdan koʻra, sahifa “brendi”ga ishonish qulayroq boʻladi, odatda.
Reklamalar. Mutaxassislarning fikricha, bu usul tezkor nutq bilan birga qoʻllanganda, ayniqsa, samarali boʻladi. Baʼzida, biror dori yoki biologik faol qoʻshimcha reklamasida qandaydir daqiqalar ichida mahsulotning oʻnlab “moʻjizaviy” xususiyatlari, “tuzalgan” bemorlar fikrlari, qiyosiy faktlar, turli chegirmalar sanab tashlanadi. Isteʼmolchida ularning har birini alohida oʻrganish/tekshirishga vaqt ham, toqat ham yoʻq, koʻzimga boʻlmasa, oyogʻimga foyda boʻlar, deb sotib olaqoladi.
Statistik maʼlumotlar. Yana oʻsha “Molxona”dan misol. Qichqiriq har yakshanba och va holdan toygan hayvonlarga “Sut ishlab chiqarish 200 foizga, boshqa oziq-ovqatlar 500 foizga oshgani, yem-xashak zaxirasi avvalgidan 300 foizga koʻpaygani, ish vaqti falon soatga qisqargani” haqida uzundan-uzun statistik maʼlumotlarni oʻqib beradi. “Hayvonlar bunga ishonardi. Ishonmaslikka asos yoʻq edi. Chunki qoʻzgʻolondan oldingi sharoitlarni eslolmasdilar. Har holda u davrlarda oxiri koʻrinmaydigan va boshni gʻovlatib yuboradigan raqamlar boʻlmasdi” deyiladi asarda. Notanish manzara emas, toʻgʻrimi?
Axborot xurujlari. Rasmiy Toshkentning Gʻarb bilan yaqinlashuvi kimlargadir yoqmadi shekilli, shu yilning sentyabrida you tubeda shimolning sovuq nafasi ufurib turgan oʻnlab yap-yangi kanallar ochilib, ulardan ketma-ket, hech qanday faktik asosga ega boʻlmagan boʻhtonlar yogʻdirildi, baʼzan bir-biriga zid, qarama-qarshi fikrlar (deylik Oʻzbekiston oʻzi yaxshi, ammo bizdan ruxsatsiz “pitirlashi” yomon qabilida) aytildi, shunday qilinsa, odamlarda yanada koʻproq noaniqlik va shubha uygʻonadi-da.
“Gishcha chopish” bu – axborot orqali charchatish, diqqatni parchalash va fikrlash imkoniyatini cheklashga qaratilgan murakkab manipulyatsion texnologiya. Zamonaviy axborot muhitining oddiy isteʼmolchisi koʻpincha kim koʻp, tez va birinchi boʻlib gapirsa, oʻsha haq deb oʻylaydi, yarim-yorti faktlar, kesib-qirqilgan iqtiboslar, daʼvolar hamda baqiroq ohang bilan infoxaos yaratganlarga koʻproq ergashadi, oʻqiydi, quloq tutadi. Gishga oʻxshab chopayotganlar esa buni yaxshi biladi va shundan foydalanadi. Tez va tartibsiz, loyqalatilgan yoki oʻynoqi infomuhit haqiqatni toʻsadi. Agar maqsad haqiqatni koʻrish boʻlsa – shovqinsiz, sokin, sogʻlom fikr bilan taqdim etilgan axborot isteʼmoliga oʻrganishimiz kerak.
Dilshod NURULLOH
[1] “Gallop” inglizchadan “chopish”, “yugurib oʻtib ketish” maʼnolarini bildiradi.
[2] https://www.latimes.com/politics/story/2024-09-05/gish-gallop-and-the-harris-trump-debate
Mafkura
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q