1873-yilgi Xiva yurishida amerikalik harbiy muxbir Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan ham qatnashgani va juda qiziqarli dalillarni yozib qoldirgani manbalarda keltiriladi. Rus armiyasining bu yurishi Bekov-Cherkasskiy mag‘lubiyatiga javoban navbatdagi harakat edi. Mak-Gaxanning taassurotlari o‘sha davrdagi holat yuzasidan o‘ziga xos manzaralarni gavdalantiradi. Albatta, harbiy jurnalistning kimligi ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak.
Asli kelib chiqishi irlandiyalik bo‘lgan Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan 1844-yilning 12-iyunida AQSh ning Ogoyo shtatidagi Nyu-Lessington shahrida dunyoga kelgan. Otasi Jeyms Mak-Gaxen dengiz flotida xizmat qilgan, hatto mashhur lashkarboshi Napoleon Bonapartning Avliyo Yelena oroliga olib borgan “Nortumberlend” sudnasi ham unga tanish edi.
Yanuariy voyaga yetgach, tirikchilik vajidan turli yumushlarni bajaradi. Sotuvchilik qiladi, o‘qituvchi sifatida bolalarga ta’lim beradi, hatto temiryo‘l tarmog‘ida hisobchilikda ham o‘zini sinab ko‘radi. 20 yoshga to‘lganda Amerikada “Grajdanlar urushi”ning qahramoni general Filip Sheredan bilan tanishib qoladi va u yigitchaning dunyoqarashida yangi sahifalarni ochadi. Uning maslahati bilan huquqshunos mutaxassisligini egallamoqchi bo‘ladi, biroq sa’y-harakatlari behuda ketadi.
Yetarlicha romantikaga ega bo‘lgan va iqbolini o‘zga yurtlardan izlash ishtiyoqiga tushgan Yanuariy 1868-yilda Yevropaga yo‘lga chiqadi. Ko‘hna qit’ada uni qizg‘in hayot o‘z bag‘riga oladi. Huquqshunoslikda omadi chopmagan yigitchani jurnalistika maftun etib qo‘yadi va u qizg‘in nuqtalardan reportajlar tayyorlay boshlaydi. Sheredanning qo‘llab-quvvatlashi bilan “Nyu-York Garden” haftaligi bilan ijodiy hamkorlik qila boshlaydi.
Fransiya-Prussiya urushi haqida jamoatchilik fikrini yoritib boradi. Urush fransuzlarning mag‘lubiyati bilan tugaydi, bu holning sabablari yuzasidan harbiy sarkarda Leon Mishel va taniqli yozuvchi Viktor Gyugodan intervyular olib, jahonga tarqatadi. Uning nomi jamoatchilik orasida tanila boshlaydi.
1871-yilda “New York Herald”ning muxbiri sifatida Sankt-Peterburgga keladi. Shu yerda rus armiyasining Xivaga yurish qilayotgani xabarini eshitib qoladi. U “ertaklar yurti” – Osiyoda bo‘lishni, uning ekzotikasi bilan tanishishni orzu qilardi. Shunday qilib, mustaqil muxbir sifatida yurishga qatnashadi, kasbining sehr-jozibasi tufayli butun Qizilqum sahrosini otda kezib chiqadi.
Uning kuzatishlaridan olgan taassurotlari oldin ko‘rganlariga butunlay o‘xshamasdi. Amerikalik muxbir tabiatan murosasoz, tinchlikni dildan istovchi, har qanday odamdan (hatto dushmanidan ham) iltifotini ayamaydigan kengfe’l, ko‘ngli toza, sodda odamlarni ko‘radi, ularning saxovati, odamgarchiligi oldida hayratga tushadi. Amudaryodan kechib o‘tishda rus armiyasi qattiq talofat ko‘rgani, charchagani, askarlarning ozuqasi, otlarning yem-xashagi qolmaganini qayd etib, yurishning mag‘lubiyati ko‘rinib qolganini ta’kidlaydi. Shunday paytda mahalliy aholi ruslarga non va boshqa yeguliklar ulashganini, otlariga yem-xashak sotganini ajablanib tasvirlaydi.
Odamlar o‘z dushmanlarining oyoqqa turib olishiga ko‘maklashayotgandi. Keyinchalik u Sankt-Peterburgda Xiva hukmdorlari bilan muloqot qiladi va o‘sha hayratiga javob topgandek bo‘ladi. Ularning siyosat bilan umuman ishi yo‘q, eng katta tashvishlari qorinni to‘ydirish, tinch yashash ekanini, kim ularning tirikchiligiga ko‘maklashsa, o‘shalarni do‘st tutishini bilib oladi...
Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan “Okusga harbiy yurish va Xivaning qulashi” degan kitob yozdi, u 1874-yili Londonda, 1875-yili Moskvada nashr etildi. Unda yurtimiz tarixiga doir bevosita guvoh muxbirning taassurotlari aks etgani shubhasiz.
Tinib-tinchimagan Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan Ispaniyaga yo‘l oladi, u yerdagi qaynoq nuqtalardan maqolalar yozadi. Keyin Atlantika va Tinch okeanlariga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda qatnashadi. Rossiya-Turkiya urushi frontlaridan reportajlar uyushtiradi. Uning yozganlari dalil va isbotlarga boyligi, aniqligi bilan xalqaro siyosatga ham ta’sir qiladigan darajada baland mavqeda bo‘lgan. Jumladan, Britaniya hukumati u bergan ma’lumotlarga suyanib, 1877-yilgi urushda Turkiyaning tarafini olmaydi.
Muxbir 1878-yilda Turkiyada qorin tifi bilan vafot etadi. Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan ko‘plab korifeylarga ega bo‘lgan dunyo jurnalistikasida o‘ziga xos hodisa sifatida qayd etiladi.
Olimshon BURHON
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q