Turkiya, Arabiston, Isroilda qurilgan o‘zbek takkalari – XV asrga sayohat


Saqlash
16:16 / 14.01.2026 22 0

O‘tmishda bobolarimiz homiyligida xorijiy yurtlarda qurilgan tarixiy binolar xalqimiz nomining boshqa mamlakatlarda keng yoyilishiga xizmat qilgan. Xususan, turkistonliklar tashkil etgan takkalar “o‘zbek”, “buxorolik” “andijonlik”, “qo‘qonlik” kabi so‘zlar bilan birga atalib, hozir ham xalqimizning saxovatini namoyish etib kelmoqda. 

 

Kimning sarmoyasi hisobidan qurilganiga ko‘ra, ularni ikki guruhga ajratish mumkin: 1) turkistonlik shayxlar, sarmoyadorlar, hukmdorlar bunyod etgan takkalar – ular o‘zbek takkalarining asosiy qismini tashkil etadi; 2) turk sultonlari va sarmoyadorlari hisobidan turkistonlik shayxlar uchun qurilgan takkalar – ularning soni ko‘p emas.     

 

Takkalar “zoviya”, “xonaqoh”, “musofirxona”, “hojixona”, “dargoh”, “ostona”, “langar” deb ham atalgan. Ular, aslida, o‘rta asrlarda islomni, tasavvuf shayxlari ta’limotini targ‘ib qiluvchi markaz sifatida qurilgan. Turkistonliklarning xorijda takka bunyod ettirishi naqshbandiylikning o‘zga yurtlarda keng yoyilishi bilan ham bog‘liq. Mazkur tariqat XV asrdayoq Eron, Afg‘oniston, Misr, Hijoz, Shimoliy Kavkaz, Turkiyada tarqala boshladi. XVI–XVII asrlarda esa Falastin, Iroq, Iordaniya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Seylonga qadar yoyildi.

 

Yirik takkalar maqbara, chillaxona, hujralar, darveshxona, salomlashuv xonasi, haram, ombor, oshxona, qafas (muborak kechalarda ayollar jamlanadigan joy), maktab, qo‘lyozmaxona, matrabdan (samo’ vaqtida ilohiy qo‘shiq aytuvchilar o‘tiradigan joy) iborat bo‘lgan. Salomxona shayxning joyi, haram esa uning yashash uyi sanaladi. Iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lgan dargohlarning ta’minoti uchun hukmdorlar va shayxlar vaqf mulki ajratgan. Madrasalarda jamiyatning yuqori toifasi tahsil ko‘rgan bo‘lsa, takkalar barcha toifadagilar uchun ta’lim-tarbiya o‘chog‘i sanalgan (Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. Toshkent, “Istiqlol”, 1999. 99-bet). Takka, xonaqohning boshlig‘i murshid, shayx, pir, ustoz deb yuritilgan, unga tobelar esa murid yoki shogird sanalgan.

 

Ilm olish, haj qilish, savdo ishi, elchilik maqsadlarida safarga chiqqan turkistonliklar xorijda doim qo‘noqxonalarga ehtiyoj sezgan. Shunga ko‘ra turkistonlik shayxlar, hukmdorlar, sarmoyadorlar Makka, Madina, Jidda, Bag‘dod, Damashq, Qohira, Basra, Bursa, Adana, Izmir, Ko‘nya, Istanbul, Odessa kabi yirik shaharlarda o‘z vatandoshlari uchun musofirxonalar qurdirgan. Ziyoratchilar tekin yotoq joy, oziq-ovqat va boshqa zarur buyumlar bilan ta’minlangan.

 

Bag‘dod shahridagi o‘zbek takkasi tarkibida masjid ham bor edi. U 1824-yili usmoniylarning Bag‘doddagi voliysi Davud posho tomonidan qayta ta’mirlangan. Shu sababli ba’zi manbalarda bu majmua “Davud posho O‘zbeklar takyasi” nomi bilan ham tilga olinadi (Alkan Mustafa. Osmanli Devleti’nde Özbek Tekkeleri // Yitik Hafızanın Peşinde Buhara Konuşmaları. Pruva.  Ankara. 2019. S. 279). Takka va masjid binosi saqlanib qolgan bo‘lib, u “Jome’ ul-Bag‘dod” nomi bilan mashhur. Bag‘doddagi o‘zbeklar takkasi XX asrning 50-yillarida ham o‘zbek muhojirlarga xizmat qilgan.

 

Usmoniylar davlati shaharlarida ko‘plab o‘zbek takkalari qurilgan. XVII asrda poytaxt Istanbulda 500 dan ortiq takka mavjud bo‘lgan esa, XIX asrda faqat naqshbandiylik tariqati nomi bilan bog‘liq 52 ta (ayrim manbalarda 65) takka faoliyat yuritgan. XIX asr oxiri ‒ XX asr boshida bu shaharda 8 ta takka qolgan edi (Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. 108-bet).

 

Uskudar mavzesidagi Sultontepa, shuningdek, Susuzbog‘, Ayyub, Oqsaroy va Kadirga, Sulton Ahmad Binbirdirek mahallasidagi Shahid Mehmet pasha tepaligidagi takkalar eng mashhurlari sanalgan. Hozirda Sultontepa, Buxoro, Ayyub takkalari binolari saqlanib qolgan.

 

Istanbuldagi barcha takkalarni Turkiston shayxlari boshqargan. Ular o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, qoraqalpoq musofirlari, haj ziyoratchilari uchun qo‘noq vazifasini ham bajargan.

 

Uskudar mavzesidagi O‘zbeklar takkasiga sulton Mustafo III (1757‒1774) tomonidan 1757-yilda asos solingan. Qo‘sh qavatli majmua 20 ta hujra, masjid, hovuz, tahoratxona, oshxona, bog‘, xo‘jalik inshootlari va kichik qabristonni o‘z ichiga oladi. Bu yerda 50 nafardan ziyod turkistonlik muhojir dafn etilgan. Buxoro ozodligi uchun kurashgan istiqlolchi Usmon Xo‘ja o‘g‘li (1878‒1968) ham shu yerda mangu qo‘nim topgan. Mazkur takka 1919‒1922-yillarda Turkiyaning Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yunonistonga qarshi olib borgan urushida qurol-yarog‘ ombori, turk askarlari yashirinadigan punkt vazifasini o‘tagan.

 

1925-yili Turkiya Respublikasi hukumati Istanbuldagi barcha takkalar faoliyatini rasman taqiqlagan. Ammo mustaqillik uchun kurashdagi roli sabab bu takka yopilmagan (Hayitov Sh., Rahmonov K., Ahmadov O. Buxoro va buxoriylarning jahoniy shuhrati. Toshkent, “Navro‘z”, 2020. 35-bet). 1971-yili Najmiddin afandining vafotidan keyin takka qarovsiz qolgan. 1983‒1994-yillarda shayxning Amerikada yashovchi avlodlari tomonidan takka ta’mirlangan. Uning binosi hozir muzey va madaniyat markazi sifatida xizmat qilib kelmoqda.

 

Istanbulda 1692-1693-yili bunyod etilgan, Sulton Ahmad jome masjididan 200 metr masofada joylashgan Buxoro takkasi ham mavjud. 2008-yildan bu takka binosidan Dizayn markazi sifatida foydalanilmoqda. Ayyub mavzesidagi o‘zbeklar takkasi esa 1743-yili Lalizode Abdulboqiy Efendi tomonidan qurilgan. U 1925-yilgacha faoliyat yuritgan. Binoning asosiy qismi yo‘q bo‘lib ketgan, faqat boshlang‘ich maktab, arkali darvoza va Lalizode Abdulboqiy Efendining qabri saqlangan.

 

Shuningdek, hozirgi “O‘zbek otel” o‘rnida ilgari o‘zbeklar takkasi bo‘lgan. Unga 1923-yili Istanbulga muhojir sifatiga kelgan Usmon Xo‘ja o‘g‘li asos solgan (Rajabov Q., Hayitov Sh. Usmon Xo‘ja. Toshkent, 2011. 27-bet). Istanbulning Oqsaroy mavzesida hozirgi kunda Turkiston muhojirining o‘g‘li Zoyirxo‘jaga tegishli “O‘zbek otel” mehmonxonasi ham faoliyat yuritadi.

 

Turkiyaning Adana shahrida esa “O‘zbakiy”, “Naqshbandiy takkasi”, “Shayx Muslihiddin takkasi” deb nomlangan dargoh faoliyat yuritgan. Bu takka Buxoro aholisi jo‘natgan mablag‘ hisobidan Shayx Ali tomonidan 1900-yili barpo etilgan.

 

Bu davrda Bursa shahrida ham 40 dan ortiq takka bo‘lgani ma’lum. Jumladan, “Buxoro takkasi”, “Ashur Afandi takkasi”, “O‘zbeklar takkasi” nomlari bilan mashhur takka XVI asrdan XX asrning birinchi choragigacha faoliyat yuritgan.

 

XX asr boshlarida Arabistonning Makka, Madina, Jidda, Toif, Riyoz shaharlarida turkistonliklar qurdirgan 70 dan ortiq takka xizmat ko‘rsatgan. Hozirda Isroil davlatiga qarashli Yofa (Jafa, Yaffa) qadimiy port shahrida ham XX asr o‘rtalarida Hoji Baqo Buxoriy nomi bilan bog‘liq ikkita o‘zbek takkasi faoliyat yuritgan (qarang: Behbudiy M. Tanlangan asarlar. Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. Toshkent, “Ma’naviyat”, 1999. 136-bet). Quddus shahri ziyoratiga borgan turkistonliklar qo‘nim topadigan asosiy manzil “Buxoriylar takkasi” yoki “Naqshbandiylar xonaqohi” deb atalgan. U shaharning Antoniya minorasi yaqinida Chilla ko‘chasida joylashgan bo‘lib, So‘fiy Usmon Og‘a ibn Abdulmu’in (So‘fiy Usmon yoki Usmon Buxoriy) tomonidan 1616-yili bunyod etilgan. Takka bugungi kungacha buxorolik shayxlar avlodlari tomonidan idora etib kelinmoqda (Thierry Zarcone. Sufi Pilgrims from Central Asia and India in Jerusalem. Kyoto. 2009. P. 46).

 

XIX asrda Jidda shahrida Buxoro amirlari, o‘zbek boylari qurdirgan 4 ta takka faoliyat yuritgan. XIX asr va XX asr boshlarida xorijga chiqib ketgan o‘zbeklarning avlodlari ota-bobolarining an’analarini bugungi kunda ham davom ettirmoqda. XX asrning 40-yillarida Jiddada ham ayrim o‘zbek takkalari faoliyat yuritgan. 1972-yili sobiq SSSRdan hajga borgan 15 nafar ziyoratchi Jidda shahridagi Qahhor Qo‘qondiyga tegishli mehmonxonaga joylashgan (O‘MA. F-2456, r-1, 527-yig‘ma jild. 35-bet). Hozirgi kunda Jidda shahrida asli o‘zbek Abdurahmon Xo‘qandiyga tegishli 10 qavatdan iborat yirik mehmonxona mavjud. Shuningdek, Abdullajon Andijoniyning ham Jidda va Toif shaharlarida yirik mehmonxonalari bor.

 

XIX asrda Makkada Markaziy Osiyo boylari qurdirgan 8 ta takka faoliyat yuritgan. Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon (1880‒1944) ham o‘z mablag‘iga Makka shahri yaqinidagi tepalikda 4 qavatli takka qurdirgan. U amirning o‘g‘li Mo‘minxon Olimiy tasarrufida faoliyat yuritgan (Hayitov Sh., Aytmatova Z. Markaziy Osiyo musulmonlarining muborak haj safari: tarix va bugun. Buxoro, 2022. 12-bet). XX asrning 40-yillarida Makka shahrining o‘zida o‘zbeklarga tegishli 60 ta takka saqlangan. 1962-yili SSSRdan haj ziyoratiga borgan musulmonlar Makkaning Jiyat mavzesidagi 4 qavatli o‘zbek takkasiga joylashgan. Ehtimol, ayni shu takka Said Olimxon tomonidan qurilgandir.

 

XX asr boshida chustlik Sayid Mahmudxon to‘ra hajga borib, Madinada ziyoratchi turkistonliklar yordamida hamda o‘z mablag‘i hisobidan Chustiylar takkasini qurdiradi. XX asrning 40-yillarida ham Madinada 20 dan ortiq o‘zbek takkasi mavjud edi. Ularning ayrimlarini o‘z egalari boshqargan, ba’zilarini esa qonuniy yoki noqonuniy tarzda mahalliy arablar olib qo‘ygan. Yana ayrimlari esa qarovsiz qolgan. Madina va Toif shaharlarida hozir ham Andijon takkalari faoliyat yuritadi.

 

Guldona TANIYEVA,

Nizomiy nomidagi O‘MPU professori,

tarix fanlari doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Takka, ziyorat, hojixona” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//