(Jangda bir ko‘zidan ayrilgan isteʼfodagi polkovnik Qudrat Xudayberganovdan hayotiy hikoya)
Bolalik chogʻimda...
Ismi-sharifim Qudrat Xudayberganov. 1973-yil 9-iyun kuni Xorazm viloyatining Gurlan tumanida, oddiy ishchi oilasida tugʻilganman. Ota-onam mehnatkash kishilar: dadam oddiy haydovchi, onam esa fabrika ishchisi. Oiladagi doimiy mehnat, intizom va masʼuliyat keyinchalik mening hayot yoʻlimni belgilagan boʻlsa, ajab emas.
1980-yilda tumanimizdagi A.S.Makarenko nomli 2-sonli maktabning birinchi sinfiga chiqdim. Esimda, oʻsha yillari harbiy xizmatga boʻlgan havas va hurmat juda kuchli edi. 5-6-sinfga oʻtganimda hozirgi “Temurbeklar maktabi”ga oʻxshash dastlabki harbiylashtirilgan maktablar ochila boshlagandi. Maktabimizdan ham bir necha oʻquvchi shu taʼlim dargohiga qabul qilinib, maxsus harbiy formada bizga tez-tez koʻrinish berardi. Ulardagi magʻrur qiyofa, oʻzini tutish madaniyati harbiylikka boʻlgan qiziqishimni battar oshirgan.
Avvallari armiyaga kuzatish, xizmatdan qaytganlarni kutib olish toʻyga ulanardi. “Soldat toʻyi”ni katta avlod vakillari yaxshi eslashadi. Amakilarim, qoʻshnilarimning harbiydan formada kelishini katta hayajon bilan qabul qilganman. Ularning furajkasi, libosi ichimni yondirardi. Ularni yashirincha va oshkora kiyib, oʻzimni jangchiday tasavvur qilgan kunlarim koʻp boʻlgan. Bu oddiy qiziqish emas, yuragimda kattalashib borayotgan hayot yoʻlim edi.
1988-yilda Urganch shahridagi harbiy litseyga kirishim orzularim sari tashlangan ilk katta qadam boʻldi. U yerga tez koʻnikdim, chunki intizom, talabchanlik va javobgarlik muhiti menga begona emasdi.
Vaqt oʻtib, 1991-yilda Kiyev oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtiga qabul qilindim. Biroq oradan koʻp oʻtmay, SSSR parchalanib, tarqab ketdi. Shundan soʻng Oʻzbekistonga qaytib, hozirgi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida (oʻsha paytdagi Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurti) tahsilni davom ettirib, uni 1995-yilda muvaffaqiyatli yakunladim. Qoʻmondonlik taktik qoʻshin razvedkasi yoʻnalishida oʻqiganim uchun menda kuchli iroda, tahlil qobiliyati yaxshigina shakllandi.
Shu-shu, men harbiy xizmat olamida yashay boshladim.
Sinovlar fursati
Termiz shahridagi ikki yillik faoliyatim menga harbiy xizmatning mohiyati, jangovar tayyorgarlikning haqiqiy qiymatini anglatdi, desam adashmayman. 1998-yilda u yerdan qaytib, Maxsus operatsiya kuchlari tarkibida xizmat faoliyatimni davom ettirdim. Xabaringiz bor, oʻsha yillar mamlakatimiz uchun oson kechmadi. Turli radikal oqimlar, din niqobi ostidagi ekstremistik guruhlar faollashib, jamiyat tinchligiga jiddiy tahdid sola boshlagan edi. 1999-yildagi “Sarimoy” voqealari ham koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak. Keyinchalik “Jasur” filmi shu voqealar asosida suratga olindi. Botkent hodisalari oʻsha yilning oʻzida sodir boʻldi.
1999-yilning noyabri. Batalyon shaxsiy tarkibi dala-oʻquv maydonida xizmat mashgʻulotlarini olib borar edi. Shu payt toʻsatdan buyruq tushdi. Batalyon shaxsiy tarkibi zudlik bilan Angren shahrida joylashgan harbiy qismga yoʻl oldi.
Angrendan keyingi yoʻnalish Yangiobod posyolkasidagi dalahovlilar hududi boʻldi. Voqea joyiga yetib kelganimizdagina vaziyat naqadar jiddiy ekanini angladik. Terrorchilar bilan ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida otishmalar boʻlib oʻtgan, qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston hududiga qurollangan jangarilar kirib kelgani ayon boʻlgan edi.
Bizga jangarilar guruhlarini topish va yoʻq qilish vazifasi qoʻyildi. Operatsiyani oʻsha paytda polkovnik (hozir general-polkovnik) Qobul Berdiyev boshqargan. Bizning toʻgʻridan toʻgʻri komandirimiz podpolkovnik Botir Abdullayev edi. Ertalabki tarqatuvda har bir guruhga muhim vazifalar belgilab berildi. Har kim bu operatsiyaning mamlakat tinchligi uchun naqadar zarurligini chuqur his qilib turardi.
Kuz oyining oxiri emasmi, qattiq sovuq, togʻli hududlarga qalin qor tushgan. Oʻsha kuni meni batalyon komandiri chaqirdi. Kechki payt qorovul xizmatida turgan kursantlar tunda togʻdan dalahovli hududiga fonar yorugʻida tushgan shubhali kishilarni koʻrganini maʼlum qilgan. Bu axborotni aniqlash vazifasi menga yuklatildi. Guruhimdagi olti nafar jangchi bilan razvedkaga chiqish buyrugʻini oldim.
Biz dalahovlilarga toʻgʻridan toʻgʻri emas, ehtiyotkorlik bilan aylanma yoʻl orqali borib, hududda kimdir bor-yoʻqligini tekshirishga kirishdik. Togʻ yon bagʻirlarini sinchkov oʻrganar ekanmiz, tez orada izlarga duch keldik. Izlar chuqur va dona-dona. Bu esa ogʻir yukli bir necha kishi bitta izdan yurganini anglatardi.
Shu zahoti ratsiya orqali batalyon komandiriga nomaʼlum shaxslar togʻdan tushib kelgani haqida axborot berdim. Izlar ataylab chalkashtirilgan, qaysi tomonga ketilganini aniqlash juda qiyin. Shundan soʻng, guruhni uch qismga boʻlib, dalahovlidagi uylarni tekshirish uchun joʻnatdim.
Birozdan keyin oldimga bir jangchim kelib, axborot berdi:
– Oʻrtoq katta leytenant, dalahovlini tekshirish chogʻida ichkarida qora kiyimli odamlar harakatini sezgandek boʻldim…
Darhol guruh bilan aytilgan joyga yoʻnaldik va dalahovlini oʻrab oldik. Ikki nafar jangchim praporshik A.Yunusov va serjant O.Xudoyorovni ichkariga kirib, tekshirishga buyruq berdim. Ular endigina ostonaga qadam bosishgan edi, “Allohu akbar” hayqirigʻi yangradi va otishma boshlanib ketdi. Biz ham darhol pozitsiyani egallab, dushman tomon oʻq uza boshladik. Ichimni “nahot ikki jangchimni oʻldirishdi”, degan oʻy tirnardi.
Oradan besh-oʻn daqiqa oʻtgach, ichkaridagilarni otishmani toʻxtatishni, hudud oʻrab olingani va taslim boʻlishlari haqida ogohlantirdim. Ular sas-sadosiz oʻq uzishni davom ettirdi. Biz ham tinimsiz javob qaytardik. Ular kam-kam, lekin aniq otardi. Shu payt maʼlum boʻldiki, uyushgan jinoyatchilar qulay joylashib olgan, uy ichida barrikadalar qurib, mustahkam himoya yaratgan ekan.
Shunga qaramay, hujum toʻxtatilmadi. Yaqinimda yotgan jangchimdan “dushmanni koʻryapsanmi?” deb soʻradim. “Ha” deb tasdiqladi. “Ot” deb qatʼiy buyruq berdim. U kutilmagan hujumdan sarosimada edi. Tirik insonga qarab oʻq uzish ham uni yaxshigina dovdiratgani rost. Shu payt “Bars” boʻlinmasi jangchilari yetib keldi. Otishma yana yarim soatcha davom etdi.
Birinchi oʻqdonimdagi patronlarim tugadi. Ikkinchisi ham boʻshadi. Uchinchisini nimchamdan olayotgan paytim, ortimdan kimdir boshimga kuvalda bilan urgandek boʻldi. Koʻz oldim qorongʻilashib, tashqi dunyodan bir zum uzilganday boʻldim. Qulogʻimga jangchimning ovozi gʻira-shira eshitildi:
– Oʻrtoq katta leytenant, koʻzingizga oʻq tegdi, oʻq...
Negadir koʻz oldimdan tinmay farzandlarim oʻtdi. Oʻsha paytda oʻgʻlim toʻrt, qizim ikki yashar edi. Meni sal nariroqda pozitsiyada turgan “Bars” boʻlinmasidan katta leytenant Karimov sudrab, xavfsiz joyga olib chiqqan ekan.
Keyinchalik maʼlum boʻldiki, dushman snayperi faqat koʻz va bosh sohasiga oʻq uzgan ekan. Ichki ishlar tizimining uch-toʻrt nafar yigitlari ham qoʻl, boʻyin, bosh qismidan yaralangan. Oʻq uzilgan joy bilan mening oramdagi masofa juda yaqin boʻlgani uchun oʻqning tezligi kuchaymagan chogʻi, koʻzimga tegib, bosh ichida qolib ketgan.
Xayriyatki, dastlab dalahovliga kirgan ikki jangchim ham tezkor pozitsiyani egallab, himoyalanishga ulgurgan ekan. Oʻsha lahzalarda, afsuski, jang taqdirini avtomat bilan hal qilib boʻlmasdi. Biznikilarning maxsus tezkor guruhi BTR (zirhli harbiy texnika) va KPVT (yirik kalibrli harbiy pulemyot)dan oʻt ochib, dushman joylashgan nuqtalarni toʻliq yakson qildi.
Otishma boʻlib oʻtgan dalahovlida uch nafar jangari yashiringan ekan, yana qurollangan 7 nafari qoʻshni dachaga oʻrnashgan. Eng xavflisi, narigi dalahovlidan ham bizga qarata oʻq uzib turilgan. Demak, ular harakatni puxta kelishuv asosida olib borgan.
Ertasi kuni qoʻshimcha kuchlar jalb etildi. Qoʻshni dachalar “Bars” va “Qoplon” boʻlinmalari tomonidan toʻliq qamal qilindi. Kechagidan ham qattiq toʻqnashuvlar boʻlib oʻtdi. Jon olindi, jon berildi. Vazirlik tizimidagi boʻlinmalar oʻz vazifasini oxirigacha mardonavor bajardi.
Voqealar tahlilida yana bir haqiqat oydinlashdi. Biz jangovar harakatlarga kutilmaganda, noqulay joy va sharoitda kirishdik. Dushman esa oldindan puxta tayyorgarlik koʻrgan, harakat rejasini aniq belgilab olgan edi. Yana aniqlandiki, ularning barchasi Afgʻoniston va hududlarda yuqori jangovar tayyorgarlikdan oʻtgan, haqiqiy jang tajribasiga ega professionallar ekan.
Oʻylashimcha, buzgʻunchilarning asosiy maqsadi turli yoʻllar bilan Chorvoq suv omborini portlatish, aholi orasida vahima uygʻotish, mamlakatda tartibsizlik yaratish edi. Uni chippakka chiqarish esa harbiy xizmatchilarning qatʼiyati, jangovar ruhi va oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlari sabab amalga oshdi.
Oʻsha vaqtdagi xabardan parcha:
...1999-yil 20-noyabrda Toshkent viloyati Yangiobod tumanining togʻli hududlari orqali mamlakatimizga suqilib kirgan terrorchilarga qarshi janglarda Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalarni amalga oshiruvchi kuchlar batalyoni harbiy xizmatchilaridan kapitan Qudrat Xudoyberganov, shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi Otabek Xudoyorov, Abdujabbor Yunusov, Safarali Rasulov hamda Ichki ishlar vazirligi ichki qoʻshinlarining maxsus vazifalarni bajaruvchi qism kapitani Ravil Vasilyev va shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi Vladimir Voronov jasorat koʻrsatdilar.
“Keyin armiyada qolamanmi, yoʻqmi?”
Jangda yaralangan oʻsha kunim haqida ikki ogʻiz. Ahvolim ogʻir edi. Dastlab, meni Yangioboddagi shifoxonaga olib borishdi. Oʻshandayam es-hushimdan ayrilmagan edim. Shifokorga oʻzim haqimdagi barcha maʼlumotlarni aytib turganim yodimda. Doktorlar zudlik bilan birinchi yordam koʻrsatib, jarohatni tikishdi, ammo oʻqni olib tashlashmadi. Angrenga maxsus vertolyot chaqirildi va meni zudlik bilan Markaziy harbiy klinik gospitalga olib ketishdi. Oʻsha paytdagi mudofaa vaziri general-polkovnik Hikmatulla Tursunov va yuqori rahbariyat ham shifoxonaga yetib kelishdi. Mening hayotimni saqlab qolish uchun qatʼiy topshiriq berilgan ekan. Operatsiyam uchun butun gospital oyoqqa turgan. Balki aytsam boʻlar, “agar shu yigitni saqlab qolmasanglar, ertaga urush boʻladigan boʻlsa, hammalaringni qoʻlingizga qurol berib, jangga kirgizaman” deyilgan ekan doktorlarga.
Xudoga behisob shukr, tirik qoldim. Shifokorlardan cheksiz minnatdorman. Ular “koʻylakda tugʻilgan ekansiz, bu holda omon qolish imkoniyati juda kam edi”, deyishdi. Koʻz shifokori Faxriddin aka (hozir nafaqada) vaziyatni ochiq va qatʼiy tushuntirdi:
– O‘q tekkan koʻzingizni olib tashlaymiz, boshqa iloj yoʻq!
Birinchi aytgan gapim shunday boʻlgan:
– “Keyin armiyada qolamanmi, yoʻqmi?”
Sizga havoyi gapday tuyular, ammo armiya bor-yoʻgʻim edi. Men xizmatdan chetlatilishdan juda qoʻrqqanman.
– Buni biz hal qilmaymiz, – deyishgan.
Sezganimdek, shifokorlar meni “harbiy xizmatga yaroqsiz” deb xulosa berishdi. Lekin taslim boʻlmadim. Vazirning nomiga raport yozdim. Qaror qabul qilindi: “U xizmatga loyiq”. Shu bilan tizimda qoldim.
Jangdan ogʻir “jang”
1999-yilgi voqealardan koʻp oʻtmay, 2000-yil 4-avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida yangi jangovar harakatlar boshlandi. Bu safar ham bizning batalyon harbiy xizmatchilari terrorchilarga qarshi kurashda ishtirok etdi. Oʻsha ogʻir toʻqnashuvlarda safimizdan oʻn olti nafar harbiy xizmatchi halok boʻldi.
Men yarador boʻlganim uchun toʻgʻridan toʻgʻri jangga jalb qilinmadim. Ammo undan ham ogʻir topshiriqni bajarishimga toʻgʻri keldi. Jangovar harakatlarda halok boʻlgan yigitlarni oilasiga olib borganman. Eslasam, hozir ham yuragim orqaga tortadi. “Qudrat, jangda qatnashganing ming marta oson edi”, deyman oʻzimni koyib. Axir qaysi yuz bilan onaning oldiga vafot etgan oʻgʻlini olib boraman? Unga nima deb tushuntiraman, savollariga qanday javob beraman?
Bir safar: “Nega mening bolam oʻldi? Nega sen tiriksan?” deyishgan. Yerdan koʻzimni uzmay turaverganman. Buni tushuntirib berishim qiyin. Afsuski, urush insonga ham, koʻngilga ham shafqat qilmadi.
Yana bir voqea... Eslasam, hoʻngrab yigʻlagim keladi.
Men bortda yuborilayotgan halok boʻlgan jangchilarni qabul qilib, ularni mashinalarga joylab, Samarqand va vodiy hududlariga olib borardim. Shunday kunlarning birida qoʻshimcha topshiriq berildi.
Sariosiyoda jang qilayotgan feldsher Qahramon Madolimovning turmush oʻrtogʻi Chirchiqda qolgan edi. Uning oy kuni yaqinlashgan, qoʻlida farzandini koʻtarib olgan. Uni ham bortda olib ketishim kerak edi. Mashinada aerodromgacha bordik. Nihoyat, samolyot keldi. Unda jangda halok boʻlganlar ham bor edi. Biz oʻshanga chiqdik. Eng yomoni, oʻsha reysda men uyiga olib borayotgan ayolning eri – Qahramon Madolimovning jasadi ham bor edi. Ayol oʻz erining jasadi bilan yonma-yon ketardi. Bundan ortiq dahshat bormi?
Jonfido jangchilar Sayyor Sadinov, Bobur Gʻaniyev, Qahramon Madolimovning jasadini olib borish... Xullas, oson boʻlmagan... Xuddiki Ikkinchi jahon urushida qora xat olib kelgan pochtachini alam ustida uradigan oilalarni bir eslang. Qonga toʻlgan ogʻzi-burnini yengiga artib, bir ahvolda qaytardi...
Razvedkachi sifatida baho bersam, xunrez dushmanlar ichidan pishgan ayyor edi. Ular “Afgʻon usuli”dan mohirona foydalanishdi. Avval bitta jangchini yarador qilib, unga yordamga kelayotgan ikkinchi jangchini ham yaralaydilar. Bu usul yordamga oshiqqan feldsher va boshqa xizmatchilarni ham nishonga olib, harakatdan toʻxtatishga xizmat qilar edi.
Bularning bari jangchilarimiz uchun katta maktab boʻlgan. Hozir harbiy strategiya, puxta oʻylangan reja, tezkor qarorlar urushlar taqdirini hal qiladi.
Jangchi va tarbiyachi
Armiyada afsuski, tarbiyachining ishini qoʻl bilan ushlab koʻrib boʻlmaydi. Aslida harbiy xizmatchining asl qudrati uning jismoniy qobiliyatida emas, balki ruhiy tayyorgarligida, stressga bardoshliligi va jangovar qarorlarni tez va aniq qabul qila olishida. Jangchi qanchalik baquvvat, nishonga aniq otadigan boʻlmasin, bora-bora uning ruhiyati barini hal qiladi. U olgʻa borishga, vazifani soʻnggigacha bajarishga kuch topa oladimi, yoʻqmi – masala shu. Shuning uchun armiyada tarbiyachilar va psixologlarning roli nihoyatda katta.
Shaxsan oʻz tajribamda koʻrganman: siz har tomonlama tayyorgarlikka ega deb oʻylagan harbiy xizmatchilar ham jang boshlanishi bilan stressda qolib ketishi mumkin. Qizigʻi, koʻzga tashlanmay yurgan yigitlar esa jangda “ochiladi”. Bu psixologik qudrat va ichki ruhiyatning uygʻonishi bilan bevosita bogʻliq.
Shuning uchun tarbiyachilar va psixologlar faqat qoida va yoʻriqlar bilan cheklanmay, har bir xizmatchining ichki tayyorgarligini baholash va rivojlantirish boʻyicha ish olib boradilar.
Bugun milliy armiyamiz yigitlari dunyo arenalarida yuribdi. Ulardagi fidoyilik, bilim va taktikaga havas qilmay ilojimiz yoʻq.
***
Darvoqe, 2005–2007-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida (hozirgi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti) tahsil oldim. 2007-yildan Terrorizmga qarshi kurashish korpusining maxsus boʻlinmasida faoliyat yuritdim. 2014-yildan Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtida kafedra boshligʻi oʻrinbosari lavozimida xizmat qildim. 2018–2025-yillari Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida oʻqituvchi, sikl boshligʻi, kafedra boshligʻi lavozimlarida ishladim. Nihoyat, 2025-yilning oktyabr oyida nafaqaga chiqdim. Hozirda Oʻzbekiston Milliy universitetining Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi oʻqituvchisiman. Harbiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent darajasiga egaman.
2000-yilda II darajali “Shon-Sharaf” ordeni bilan hamda bir qancha koʻkrak va esdalik nishonlari bilan taqdirlandim.
Xotima oʻrnida: Jangda gʻalaba yoki magʻlubiyat koʻp hollarda insonning ichki matonati, irodasi va ruhiyatiga bogʻliq boʻladi. Qudrat Xudoyberganov hayoti buning yorqin isbotidir. Ogʻir jarohat, yoʻqotishlar, jismoniy cheklovlar ham Vatanga chin dildan xizmat qilish yoʻlini toʻsa olmaydi. Aksincha, jangda ham, jangdan keyin ham burch va masʼuliyatni yelkada olib yurish sharfini koʻrsatadi.
Kapitan Bobur ELMURODOV oqqa koʻchirdi.
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q