“Ikki boshli ilon” Erondan Farg‘onaga qanday kelib qolgan?


Saqlash
14:32 / 13.01.2026 83 0

Hozir O‘zbekistonda 150 ga yaqin muzey faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi yurtimiz tarixini tosh davridan bugungi kunga qadar qamrab olganligi bilan alohida ajralib turadi. Unda 350 mingdan ortiq eksponatlar saqlanib, shulardan 75 mingdan ortig‘i Arxeologiya fondiga tegishli. Eksponatlarning eng noyoblari deb hisoblangan 10 mingga yaqini ekspozitsiya zallaridan o‘rin olgan. Ekspozitsiya davrlar bo‘yicha bo‘limlarga ajratilgan. Birinchi bo‘lim “O‘zbekiston hududi tosh davrida”, ikkinchi bo‘lim esa “O‘zbekiston hududi bronza davrida” deb yuritiladi.

 

Bronza davri bo‘limida Zamonbobo, Sopollitepa, Jarqo‘ton, Kuchuktepa (Toshkent vohasi) hamda Chust yodgorliklaridan topilgan topilmalar joylashgan. Ular orasida “Ikki boshli ilon” haykalchasi alohida e’tiborga molik. U ikki tomonlama haykalcha bo‘lib, bir-biriga qaragan boshchalari bilan tanalari keskin tarzda o‘zaro chirmashib ketgan ikki dona dog‘li ilon tasvirlaridan hosil bo‘lgan taqa (podkova)simon shaklga ega. Haykalcha yumshoq tosh xrizotildan o‘yib ishlash va arralab kesish texnikasi yordamida tayyorlanib, keyinchalik sirtiga sayqal berilgan. Tasvirning bir tomoni yaxshiroq silliqlangan, ehtimol, aynan shu tomon old (asosiy) yuzasi bo‘lgan. Ilonlar haykalchasi tayyorlangan mineralning koni Soxdan shimoli-sharqqa tomon 25 km masofada joylashgani buyumning mahalliy kelib chiqishini ko‘rsatadi.

 

Haykalcha yuzasidagi bezaklar ilon tanalari bo‘ylab geometrik jihatdan hech qanday aniq joylashuvsiz bajarilgan, notekis oval shakldagi chuqurchalardan iborat. Chuqurchalarning umumiy soni 400 tadan ortiq bo‘lib, har ikki tomonda 219 tadan joylashgan. Ilonlarning dumlari bir nechta chiziqlar bilan bezatilgan (ulardan birida 4 ta, ikkinchisida esa 5 ta chiziq mavjud). Ilon tanalari ham yuqori va quyi qismlarga uzunasiga tushirilgan chiziqlar orqali ikkiga bo‘lingan bo‘lib, bu chiziqlar pastga tomon ikki tarmoqqa ajraladi. Qirralarining silliqlanganligiga qaraganda, teshiklar buyum sirtini sayqallashdan oldin burg‘ulab ochilgan. Ko‘z, tish va burun teshiklari kesimda yumaloq, ilon tanalarini qoplab turgan chuqurchalar esa oval shaklga ega. Quloqlar va qosh yoylari yarim doira shaklida o‘yib ishlangan (boshning yuqori qismida 4 juft yoy, shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalgan 2 juft yoy mavjud). Bundan tashqari, ilon boshlarining yuqori qismida g‘altaksimon shakldagi chuqurchalar ishlangan. Burun teshiklarining yuqori qismida ko‘ndalang chiziqlar tushirilgan, boshchalarning ostida, bo‘yin qismida esa ikkitadan ko‘ndalang o‘yma egatlar mavjud. Ilon tanalaridagi ayrim oval chuqurchalar oqish rangli gips massasi bilan to‘ldirilgan. Tishlar uchun mo‘ljallangan chuqurchalarning aksariyati gips qorishmasi bilan to‘ldirilmagan (bir ilonda yuqori jag‘da 14 ta, quyi jag‘da 13 ta, ikkinchisida esa mos ravishda 14 va 11 ta chuqurcha mavjud). Eksponat inventar ma’lumotlariga ko‘ra: inventar raqami № А.13928; kolleksiya raqami № 207-1, buyumning balandligi 27 sm, kengligi 25 sm, eni (qalinligi) 4,7 sm.

 

 

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan ikki boshli ilon-haykalcha.

 

Bu noyob eksponatning O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga keltirilish tarixi quyidagicha: 1899-yilning 4-noyabrida Turkiston arxeologiya havaskorlar toʻgaragi a‘zolari oʻz kolleksiyalarini Toshkent muzeyi arxeologiya boʻlimiga topshirdilar (O‘zbekiston tarix davlat muzeyi 1876-yilda Toshkent muzeyi nomi ostida ochilgan). Ashyolar orasida 1893 yoki 1894-yilda Qoʻqon uyezdining Soʻx qishlog‘ida yashovchi G.S.Batirov tomonidan yerga ishlov berish chog‘ida topilgan ikki (qoʻsh) ilon koʻrinishidagi tumor-haykalcha ham bor edi. Olimlar ushbu nodir topilma bronza davriga tegishli boʻlib, sanasi miloddan avvalgi II ming yillikka oidligini aniqlaganlar.

 

Masalaning qiziq jihati shundaki, ilon ko‘rinishdagi tumor-haykalcha O‘zbekiston hududidan boshqa topilmagan. Bronza davriga oid qo‘shilon shaklidagi topilma ko‘p hajmda faqat Eron hududidagi Jiroft madaniyatiga oid yodgorliklardan topilgan. U Janubiy Erondan Farg‘onaga qanday kelgani noma’lum, ehtimol, O‘zbekistonning shimolida Jiroft madaniyatining ta’sir chegarasi o‘tgan, degan qarashlar ham mavjud, biroq bu paytda Farg‘ona vodiysida Chust madaniyati taraqqiy topgan edi. Jiroft madaniyatining asosiy arxeologik yodgorligi Konor-Sandal (miloddan avvalgi 3 ming yillik) qazilmalari. Jiroft madaniyatining asosiy markazi bo‘lgan Shahri-Suhtega (so‘zma-so‘z yonib kulga aylangan shahar) miloddan avvalgi 3200-yillarda asos solingan. Bu yodgorlik Eronning janubi-sharqidagi Siston va Balujiston viloyatida, Hilmand daryosi bo‘yida, Zohidon-Zobul yo‘li yaqinidan topilgan. 2014-yilda UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

 

 

Ikkinchi bir nazariya – savdo aloqalari natijasida Farg‘onagacha yetib kelgan. Biz shu nazariyani qo‘llab-quvvatlaymiz. Topilgan ikki boshli ilon-haykalchalarning deyarli barchasining yuqori qismi tutqichli, y’ani ko‘tarib yoki bog‘lab yurishga qulay holatda yasalgan.

 

Ilon kulti (timsoli) azaldan dunyoning barcha qadimiy madaniyatlarida murakkab va ko‘p qirrali ramz bo‘lib, quyidagilarni ifodalagan: Abadiylik, donolik, himoya, shifo va boshqalar. Shu sababli ham ilonlardan yasalgan haykalchalar e’zozlangan. Insonlar tomonidan tumor yoki himoya ramzi sifatida olib yurilgan. Ilon-haykalcha ham aynan iqtisodiy va madaniy aloqalar orqali Farg‘onagacha yetib kelgan bo‘lishi mumkin. U mahalliy aholidan kimgadir sovg‘a sifatida taqdim etilgan, shuning uchun bu yerda qolib ketgan degan xulosaga kelishimiz mumkin. Ilon ramzi hozirgi kunda ham tibbiyot, astranomiya, psixologiya, din va mifologiyada turli obrazlarda saqlanib qolmoqda. Bu ko‘p qirrali ma’nolari ilonning insoniyatning kollektiv ongida qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. Har bir madaniyat o‘ziga xos sharoit, ehtiyoj va dunyoqarashiga mos ravishda ilon ramziga o‘ziga xos ma’nolar yuklagan.

 

Sarvar BOYMIRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//