Fan fojiasi: Yevropani ocharchilikdan qutqarib, qirgʻinlarga sabab boʻlgan ixtiro


Saqlash
18:25 / 12.01.2026 11 0

Avvaliga, hayotda sen uchun eng muhimi ilm-fan boʻladi. Keyin ham qarashlaring oʻzgarmaydi, lekin hayotiy bosqichlar sabab turmush qurishga toʻgʻri keladi: oʻzingga oʻxshash fan fidoyisi bilan yanada rivojlanish maqsadida hayot yoʻlingni birlashtirishga rozi boʻlasan. Keyin u uchun fanni tark etishingga toʻgʻri keladi, va bu bilan, xuddi oʻzingni, oʻzligingni tark etganday boʻlasan. Shunda ham uni qoʻllaysan. Uning mamlakatni qutqarishga qaratilgan ixtirosi boʻlsa… Ixtiro millionlab inson taqdiriga, qirgʻinlarga sabab boʻladi.

 

Kimyo boʻyicha Germaniyada doktorlik darajasini olgan ilk ayol Klara Immervarning hayoti shu yoʻsinda kechib, suiqasd bilan yakuniga yetgan: U turmushi avvalida kimyoviy qurol yaratgan umr yoʻldoshining karyerasi uchun fanni tark etadi. Biroq boʻgʻuvchi xlorning ilk sinovidan keyin u oʻzini otib oʻldiradi. Undan 30-yil oʻtgach oʻgʻli German ham shunday oʻlim topadi.

 

 

Klarada aniq fanlarga boʻlgan haqiqiy muhabbatni koʻrish mumkin edi. Otasi Filipp kimyo fanidan doktorlik darajasini olib, dehqonchilikda muvaffaqiyatga erishadi. Shakar lavlagi yetishtirgan Filipp bir oʻgʻil va uch nafar qiz farzandni voyaga yetkazadi. Ulardan eng kichigi – Klara Immervar edi. Bu katta oila yozni qishloqda oʻtkazar, qishda esa yirik kiyim va matolar doʻkonining egasi boʻlgan buvisinikiga – Breslauga koʻchib oʻtardi.

 

Maktabdagidan koʻproq bilim berish uchun qizlarga maxsus oʻqituvchilar yollanardi. Keyinchalik ulardan faqat Klara fan yoʻlidan borishga qattiq kirishadi. 1880-yil Klaraning onasi saratondan vafot etadi. Otasi 20 yoshli qizi uchun koʻproq imkoniyatlarni nazarda tutib, Breslauga olib borishga qaror qiladi.

 

Bu vaqtlari prussiya jamiyati anʼanalarga qattiq rioya qilardi: ayollar laboratoriya emas, oshxona ishlari bilan band boʻlishi kerak edi. Klara buni yaxshi tushungani uchun ham, Breslauga koʻchib oʻtganidan keyin tanishgan yigiti, iqtidorli talaba Fris Gaberning unga koʻrsatgan alohida eʼtiborini javobsiz qoldirgan. Chunki turmush uning buyuk ambitsiyalari va rejalariga salbiy taʼsir koʻrsatishi aniq edi. Klara Fris bilan uchrashuv oʻrniga oʻqituvchilarni tayyorlash seminarlariga borishni maʼqul koʻrardi. Chunki maktab oʻqituvchisi diplomi uni universitetga kirish orzusiga yaqinlashtirardi.

 

Tez orada Klaraning qiziqish doirasi ham aniqlandi. Jeyn Marsning “Kimyo haqida suhbatlar” kitobini oʻqiganidan keyin Klaraning bu fanga ishtiyoqi ortib boradi. Buni koʻrib quvongan otasi uni imkon qadar qoʻllab-quvvatlashga harakat qiladi. Biroq byurokratik toʻsiqlarni yengish uchun uning yetarlicha puli ham, xohishi ham boʻlmagan.

 

1895-yil Breslau universiteti oʻqituvchilik darajasiga (diplomiga) ega ayollarga darslarda (talaba boʻlmay turib) qatnashish mumkin boʻlishi bilanoq Klara bu imkoniyatni qoʻldan boy bermadi. Tinglovchilar maʼruzalarda qatnashishi uchun har bir oʻqituvchining alohida roziligi talab etilardi. Immervar bu borada barcha oʻqituvchilarning qoʻllab-quvvatlashiga erishgan edi.

 

1898-yilda Klara universitetda doktorlik himoyasidan avvalgi eng qiyin imtihonni ayollardan birinchi boʻlib muvaffaqiyatli topshiradi. 1900-yilning 12-dekabrida esa elektrovalentlik nazariyasi muallifi Rixard Abberg rahbarligida Kimyo fanlari boʻyicha falsafa doktori boʻladi. Kalaragacha Germaniyada ayollardan hali hech kim buning uddasidan chiqmagan edi. Uning ilmiy tadqiqot mavzusi Ogʻir metalli tuzlarning eruvchanligini oʻrganish boʻlgan. Ushbu darajani olgan Klara “Haqqoniylik prinsipiga doim amal qilish va hech qachon odamlarning eʼtiqodlariga zid narsalarni oʻrgatmaslik”ga vaʼda bergan.

 

Unga ishonilgan vazifa boʻlsa faqatgina “Uy xoʻjaligida kimyo va fizika” mavzusidagi maʼruzalarni oʻtish edi. “Erkaklar olami”da bundan ortigʻi, ayniqsa, turmushga chiqmagan qizga ishonilmasdi.

 

Koʻp oʻtmay Klara Frayburgdagi ilmiy kongressda Gaber bilan yana toʻqnash keladi. Bu vaqtda Gaber Karlsruedagi Texnika universiteti maʼruzachisi va professor assistenti boʻlib ishlardi. Gaber unga turmush qurish taklifini bildiradi. Klara ham uch kun oʻylab, rozilik beradi. “Men hayotda barcha qobiliyatlaringni rivojlantirib, hayot beradigan imkoniyatlardan maksimal foydalanishga intilsanggina yashashga arziydi, deb hamisha ishonardim. Shu sababli men unga turmushga chiqdim. Aks holda, mening hayot kitobimdagi yangi sahifa boʻsh qolgan boʻlardi”, deb eslaydi u keyinchalik.

 

 

Nikohdan uch oy oʻtgach, 1901-yil ular turmush quradi. Klara oʻzining oilaviy holati unga cheklovlar qoʻymasligiga, avvalgiday fan yoʻlida davom etishiga soddalik bilan ishonardi.

 

U toʻydan keyin ham seminar va ilmiy uchrashuvlarda qatnashishda davom etadi. Biroq oz vaqt oʻtib tugʻilgan oʻgʻli German uning karyerasiga nuqta qoʻyilishiga sabab boʻladi. Endi Klara faqat ilmiy maqolalarga yordam berishi va tarjima qilishi mumkin edi, xolos.

 

Lekin bu imkoniyatlarning oʻzi ham rafiqasining faoliyatida alohida oʻrin tutgan:

 

Gaberning “Gazli reaksiyalar termodinamikasi” darsligini yaratilishida Klara unga toʻliq yordam koʻrsatadi – hisobotlarni qayta tekshirib, hatto ishning inglizcha tarjimasini ham tayyorlab beradi. 1905-yilda chop etilgan darslikni Fris “Koʻrinmas hamkorlik uchun sevimli ayolim, fan doktori Klara Immervarga minnatdorchilik bilan”, deya qisqa bagʻishlov bilan rafiqasining darslikdagi hissasini qayd etadi.

 

“Ayollar men uchun goʻzal kapalakka oʻxshaydi: ularning ranglari va yorqinligiga qoyil qolaman, lekin bundan ortigʻi emas”, degan fikrdagi Gaber Klara homiladorligida uning salomatligi bilan hisoblashmay uyida jamoasi bilan tez-tez shovqinli uchrashuvlar oʻtkazar, kuni bilan mehmonlar uchun taom tayyorlagan Klara haqida esa baʼzan unutib ham qoʻyardi.

 

Aqlli xizmatkordan boshqa hech kim

 

Farzandi uch oylik boʻlganida esa Gaber Nemis elektrokimyoviy jamiyati tomonidan buyurilgan vazifani bajarish uchun AQSHga ketib, besh oy davomida bu sanoat okean ortida qanday tashkil etilganini oʻrganadi. Professional rivojlanishdan toʻxtagan rafiqasi Klara boʻlsa surunkali tarzda kasal boʻlib kelayotgan farzandi bilan yolgʻiz qoladi.

 

Klara 1909-yilgi xatlaridan birida turmushi haqida yozarkan, uning baxtli davri uzoq davom etmaganini taʼkidlaydi:

 

 

“... Ehtimol, bu mening xarakterim tufayli hamdir. Lekin bunga asosan, Frisning menga “xotin” sifatida qoʻygan despotik talablari sabab deb oʻylayman”.

 

Klara Gaber uchun oʻzini “aqlli xizmatkordan boshqa hech kim” deb bilib, bundan chuqur aziyat chekkan. “Bir insonning istisno tarzda zakovatining oʻzi uni boshqasiga nisbatan ahamiyatliroq qilib qoʻyoladimi? Va mening hayotimning qadri elektron nazariyadan kammi?”, – deb yozadi u.

 

 

Vaqt oʻtishi bilan Fris va Klaraning munosabatlari boshi berk koʻchaga borib qoladi. Fris asosan ish safarida boʻlib, uyga kamdan-kam keladi va koʻp marta oilasiga xiyonat qiladi. Turmushidan aziyat chekkan Klara sobiq ilmiy rahbariga shunday deb yozadi:

 

“U turmush davomida erishganlarini men yoʻqotdim, qolganlari boʻlsa meni baxtsizroq qiladi”.

 

1906-yilda Gaberga Fizik kimyo va elektrokimyo boʻyicha professor unvoni berilgach, Gaberda jamoatchilik oldida oilasining qiyofasini saqlab qolish zarurati paydo boʻladi. Bu stressga dosh berolmagan Klara doimiy migren bilan kurashish uchun xususiy sanatoriyda davolanishiga toʻgʻri keldi.

Ataylab kamtarona kiyinib, Gaberdan oʻzini torta boshlagan Klara oila byudjetiga daryodek oqib kelayotgan kapitallarni ham eʼtiborsiz qoldiradi, oʻzini va bor eʼtiborini fanga qaytishga bagʻishlaydi:

 

Klara 1910-yil oʻz uyida 100 nafar tinglovchini yigʻib, kimyo boʻyicha 4 ta maruza oʻtkazishga erishib, oila byudjetiga kamtarona hissasini qoʻshib boradi, lekin bu Gaberning muvaffaqiyati oldida hech narsa emasdi.

 

1911-yilda Gaber Berlinda yangi tashkil etilgan kayzer Vilgelm Fizik kimyo va elektrokimyo institutiga rahbar etib tayinlanadi. Shundan keyin bu oila institut binosiga qoʻshni uyga koʻchib oʻtadi.

 

Klara bor jasoratini qoʻlga olib, turmush oʻrtogʻini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi: Gaber ilmiy opponenti bilan navbatdagi kelishmovchilikdan keyin oʻtpufak kasalligi bilan ogʻriganida Klara uning sogʻligʻini tiklashga urinar, laboratoriyada ushlanib qolgan vaqtlari ovqatlar yetkazib berardi.

 

1909-yilda Gaber sanoatda azot va vodoroddan ammiak olish uslubini ishlab chiqadi. Bu kashfiyot tom maʼnoda Germaniya va butun Yevropani yaqinlashayotgan ocharchilikdan qutqaradi. Endi Gaberga nitrat bilan ishlashda davom etib, ommaviy qirgʻin uchun kimyoviy qurol yaratish vazifasi yuklatilgandi. Fris bunga oson koʻnmaydi, u Germaniyaning urushga kirishish qarorini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, qotil emas, aqlli kimyogar edi. Fris oʻzining joriy maqomini yoʻqotishdan choʻchib, yangi qurol potensial qurbonlarni keskin kamaytiradi, Germaniya gʻalabasini kafolatlaydi va shu tariqa urush tezroq toʻxtaydi, degan qarashga ishonadi va bu qarorini shunday oqlaydi:

 

“Olim tinchlik davrida dunyoga tegishli boʻladi, urushda esa – oʻz yurtiga”.

 

1915-yil yanvarida Germaniya Gaber va uning jamoasi tomonidan ishlangan birinchi kimyoviy qurolini chiqara boshlaydi. Klara uchun bu ogʻir zarba boʻlgan. Urush haqidagi suhbatlar uni qattiq gʻazablantirib, turmush oʻrtogʻining oʻldiruvchi gaz ishlab chiqarishdagi ishtiroki Klarani butunlay aqldan ozdirgan. Klara Frisning laboratoriyasida boʻlib, gaz bilan zaharlangan sinovdagi nogiron xayvonlarni koʻradi va boʻlajak katastrofa qamrovini juda yaxshi tushunadi. Klara birinchi navbatda Frisdan, keyin esa martabasi uchun qotillikka ham tayyor insonga hayotini qurbon qilgani uchun oʻzidan qattiq nafratlanadi. U Frisning ishini “Fan ideallarining buzilishi” deydi, Fris bunga javoban uni ommaviy tarzda “Vatan uchun xavfli”, deb atab, ishida davom etadi.

 

 

Fan fojiasi: Qirgʻinga olib kelgan qurol sinovi, shaytonlar bazmi va suiqasd

 

Gaber Fris 1915-yil 22-aprel kuni fransuz-ingliz ittifoqchilariga qarshi gazli hujumni shaxsan boshqarish uchun Ipr daryosiga yuboriladi. Uch ming nafar dushman askari boʻgʻilib, halok boʻladi, yana yetti ming nafari boʻlsa kuyib, zararlanadi. Nemis armiyasi ustunlikka erishsa-da undan foydalana olmadi: qoʻmondonlar kerakligicha tayyorgarlik koʻrmagan edi. Frontdan qaytganiga bir hafta boʻlgach, Fris Gaber xlorni urush maydonida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgani sharafiga katta kechki dasturxon yozadi, bazm uyushtiradi. Klara uchun esa bu shaytonlar bazmi kabi edi.

 

U Gaberning xizmat quroli bilan bogʻga chiqib ikki marta oʻq uzadi. Birinchisi sinov, ikkinchisi boʻlsa uning koʻkragiga uzilgan oʻq edi. Bu 2-may, tunda sodir boʻladi. Klara oʻsha zahoti oʻlmaydi. U bir muddat 13 yoshli oʻgʻli Germanning qoʻlida qon yoʻqotadi. 30 yildan keyin boʻlsa German ham huddi shunday suiqasd bilan oʻlim topadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

16:01 / 09.01.2026 0 130
Nega yengildik? – Biz bil(ma)gan haqiqatlar

Til

12:01 / 09.01.2026 0 159
Eski turklardagi “erdam”lar kim boʻlgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//