Xorazmshohlarda sharaflangan, mo‘g‘ullarga qaram bo‘lgan  Juvayniy kim edi?


Saqlash
17:05 / 12.01.2026 46 0

Nodir ma’lumotlar

 

“Sulton 625 (1227)-yilda Isfahondan chiqib, Gurjiston sari yo‘l oldi. O‘sha yili uning qasos va g‘azabidan qo‘rqqan Rum va Suriya sultonlari, Gurji, Alon, Lo‘g‘z (lazgin), Sarir (avar), Qifchoq, Suan, Abxaz, Shonat hukmdorlari... Sultonni yo‘q qilish uchun birlashgan va xuddi bir qilichdek holatga kelgan edilar.

 

Sulton... Mindurga (ba’zi manbalarda Mindoriy, Bulmisiy) borib, u yerda istehkom qurdi. Dushman askarlari yaqinlashgach, do‘mbira va surnay sadosi bilan erkag-u urg‘ochi tuyalarning ovozi o‘zaro qorishib ketdi. Lashkarlar qator-qator bo‘lib, jangovar holatda kutib turdilar. Qarshi tomonning qo‘shiniga qiyoslaganda Sultonning qo‘shini dengiz oldidagi daryoga o‘xshardi.

 

...Sulton gurji qo‘shini qo‘mondoni Ivanega elchi jo‘natib, “Sizlar uzoqdan keldingizlar... charchagansizlar. Shuning uchun birdan jang boshlamaylik. Avval ikki tarafdan pahlavonlar maydonga chiqib kurashsinlar...” deb xabar yubordi. Bu taklifni Ivane qabul qilgach, har ikkala tomondan maydonda jang qiluvchilar tanlandi.

 

Gurji tomondan tog‘dek jussali pahlavon, unga qarshi Munkar kabi Sulton maydonga chiqdi. Lashkari xavotirlanib turganda Sulton takbir aytib, bir hamla qilib o‘sha mal’unni otdan yiqitib, narigi dunyoga jo‘natdi. Uning uch o‘g‘li navbatma-navbat Sultondan yegan zarba oqibatida ota izidan jahannamga ravona bo‘ldi. Ularning ketidan Bisutun tog‘i kabi vujudli, ustun kabi nayzaga ega bo‘lgan va fil kabi hayvonning ustiga minib boshqa bir Aznovur (gurji tilida polvon) Sulton qarshisiga chiqdi.

 

Sultonning oti charchagan, yurishga yaramaydigan holga tushgan edi. Sulton otini erkalatib, “hayyu hayt” deya dalda berdi. Ot qaytadan kuchga kirdi. Sulton Aznovurning hujumlarini qo‘lini pana qilib qaytardi. Ammo Aznovur hujumni tezlashtirib, Sultonni yarador qildi. Sultonning ahvoli tobora og‘irlasha boshladi. Ana shunda kutilmagan voqea ro‘y berdi. Aznovurning navbatdagi hujumiga chap bergan Sulton ko‘kka sapchigan ot ustidan raqibi boshiga nayza tushirdi. Aznovur bor bo‘yi bilan Sulton otining oyoqlari ostiga quladi. Har ikki tomon lashkari Sultonning faqat Zol o‘g‘li Rustam qila oladigan ishni uddalaganini ko‘rgach hayratdan yoqa ushladi. Bundan gurji qo‘shini sarosimaga tushdi, Sulton lashkarining esa qo‘rquvi g‘oyib bo‘ldi.

 

Sulton qamchisi uchi bilan hujum buyrug‘ini bergach, lashkarlar jangga kirdi. Bir onda gurjilar ortga o‘girildi. Mana shunday tarzda g‘alabaning dastlabki belgilari ko‘rindi, g‘oliblikning sarin nuri har tomonni qamradi. O‘sha jangdan keyin Payg‘ambar dinining tamali quvvatlanib, Sultonning haybati va buyukligi jamiki qalblarga o‘rnashdi, hukmdor-u amaldorlar uning xizmatiga kirmoq uchun navbat olib, saf tortdi”.

 

Bu tarixiy lavha atoqli muarrix Olovuddin Otamalik ibn Bahovuddin Muhammad Juvayniyning (1226–1283) “Tarixi jahongusho” (“Jahon fotihi tarixi”) asaridan olingan. Muallif so‘nggi xorazmshoh Sulton Jaloliddin Manguberdining (Mengburniy) salkam 40 mingli lashkar bilan 80 ming sonli gurji qo‘shinini mag‘lub etganidan naql qiladi.

 

Asardagi bu tarixiy lavhaga alohida e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas. Gap shundaki, xalqimizning mo‘g‘ullarga qarshi ozodlik kurashida yuksak jasorat va matonat ko‘rsatgan Jaloliddin Manguberdi va uning safdoshlari taqdiriga oid ushbu ma’lumot “Jahongusho”dan boshqa birorta tarixiy asarda uchramaydi.

 

Muarrix Sulton Jaloliddinni “Sulton Muhammadning o‘g‘illari orasida yosh jihatdan kattasi, jasorat va bilim jihatdan ustuni, saltanat toji va ilohiyot chirog‘ining nuri” deb ta’riflaydi. Xorazmshoh Olovuddin Muhammad bilan o‘g‘li Jaloliddin o‘rtasida o‘zaro hurmat-ehtirom nihoyatda kuchli bo‘lgan. Lekin urush ota-o‘g‘il munosabatiga ham ma’lum darajada putur yetkazadi. 1219-yilda mo‘g‘ullar Xorazmshohlar davlatiga urush boshlaganda Olovuddin Muhammad hujum emas, mudofaa usulini tanlaydi. Jaloliddin esa otasi tanlagan yo‘lni ma’qullamaydi, unga e’tiroz bildiradi. “Qo‘shinni guruhlarga ajratgan holda shaharlarga bo‘lib tashlash, mo‘g‘ullarga qarshi kurashda himoya usulini tanlash, dushmanni ko‘rmasdanoq qochishga urinish davlat va aql sohibi qiladigan ish emas. Agar Sulton dushmanga qarshi turishni, u bilan jang qilishni istamasa va yurtni himoya qilmasdan qochish fikrida bo‘lsa, u holda fursatni boy bermasdan va oyoqlarimiz halokat botqog‘iga botmasdan jasur va mard lashkarning boshqaruvini menga topshirsin. Aks holda... biz pushaymonlik seliga duchor bo‘lamiz”, deya ogohlantiradi u.

 

Xalqimizda “Nomus toptalgan joyda mard tug‘ilar” degan naql bor. Mo‘g‘ullar bosqiniga qarshi kurashda Jaloliddin Manguberdi bilan birga Temur Malik, Qulbars Bahodir, Sanjoqxon, Elchi Pahlavon, Urxon, Jahon Pahlavon, Kuch Tegin Pahlavon, Yilon Bug‘u, Barakatxon, Axosh Malik, Alpxon kabi ko‘plab amirlar, lashkarlar, sarkardalar qahramonlik namunasini ko‘rsatgan. “Jahongusho”da shu kabi xalq qahramonlari xususida ham ohorli ma’lumotlar keltirilgan. Umuman, noyob tarixiy dalillar asarning har bir jildida, har bir bobida bisyor.

 

Kosa tagida nimkosa

 

O‘rta asrlarda hukm surgan Xorazmshohlar davlati (1097–1231) va mo‘g‘ullar o‘rtasida yuzaga kelgan nizo, urushlar to‘g‘risida o‘nlab tarixiy asar yaratilgan. Ular orasida tarixiy voqealik xolis, haqqoniy yoritilgan “Tarixi jahongusho” alohida o‘rin tutadi. Asar Sharq mamlakatlarida mo‘g‘ullar hukmronligi haddi a’losiga yetgan davrda – 1252–1260-yillarda bitilgan. Unda Movarounnahr, Xorazm, Xuroson, Mochin (Xitoy), mo‘g‘ullar yurtida 1100-yildan 1260-yilgacha kechgan voqea-hodisalar qalamga olingan.

 

“Hikoya qilingan ba’zi voqealarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, ba’zilarini ishonchli kishilardan tingladim. Bir qismini esa sahih ekaniga qat’iy dalolat qilingan tarixiy manbalardan oldim. Vafodor va uzoqni ko‘ra oladigan do‘stlarim oyoq tirab turib olgani sababli bu kitobni yozishni rad qilmoqning imkoni bo‘lmadi”, deydi muallif debochada.

 

“Tarixi jahongusho” uch jilddan iborat bo‘lib, birinchisida mo‘g‘ullar haqida hikoya qilinadi. Muqaddimadan tashqari 41 bobni o‘z ichiga olgan bu jildda Chingizxonning davlat tepasiga kelishi, hukmdor sifatida chiqargan qonunlari, Uyg‘ur, Olmaliq, Qoyaliq, Fo‘lod, Bulg‘or, Os, Rus o‘lkalarining bosib olinishi, o‘g‘illari Jo‘ji, Chig‘atoy, O‘qtoy, Tulu taqdiriga oid ma’lumotlar beriladi. Muallif mo‘g‘ullarning ba’zi ishlarini ulug‘laydi. Ayniqsa, O‘qtoy xoqonni madh etadi, Kuyukxonni maqtaydi, Jo‘ji, Botu faoliyatiga ijobiy baho beradi. Shunga ko‘ra ayrim muarrixlar Juvayniyni mo‘g‘ulparastlikda ayblagan. Xo‘sh, bu yondashuv to‘g‘rimi?

 

Ilk jildning keyingi boblarida Chingizxonning Xorazmshohlar davlatiga yurishi, O‘tror, Jand, Fanokat, Xo‘jand, Buxoro, Samarqand, Xorazmning bosib olinishi, Sulton Jaloliddin qo‘shini bilan Sind sohilidagi jang, Tuluning Xuroson, Marv, Saraxs, Nishopur va boshqa shaharlarni egallashi kabi voqealar qalamga olingan. Mo‘g‘ullar sodir etgan xunrezliklar, obod shaharlarning kultepaga aylantirilishi, begunoh insonlarning qilichdan o‘tkazilishi, ayollarning nomusi toptalishi o‘quvchini larzaga soladi. Fojialardan muarrix qalbi ham g‘amga to‘lganini sezish qiyin emas. Buxoroning bosib olinishini tasvirlar ekan, “Bu jangda ikki tomon yo‘qotgan odamlar sonini menga aytganlarida ishona olmadim. Shuning uchun ham bu yerda yozmadim”, deya qayg‘u izhor etadi muallif.

 

Otamalik Juvayniy mo‘g‘ullar xizmatida bo‘lgani va asar ularning buyurtmasiga ko‘ra yozilgani vajidan Chingizxon hamda uning avlodlarini ulug‘lashi tabiiy edi. Lekin muarrix hodisalarni shunday san’atkorona tasvirlaydiki, mo‘g‘ullarning yutug‘i sifatida aks ettirilgan voqealar ularning vahshiyligi timsoliga ham aylanadi. Boshqacha aytganda, muallif “kosa tagida nimkosa” usulidan foydalangan holda ularni sharaflagandek bo‘lib ko‘rinarak yovuz qilmishlarini fosh etadi.

 

“Tarixi jahongusho”da Xorazmning, Gurganjning bosib olinishi bunday tasvirlanadi: “Qisqa vaqt ichida ustunlikni qo‘lga kiritgan mo‘g‘ullar shaharga kirib, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, hammayoqni yoqib, oldidan chiqqanlarni o‘ldirdilar. Qarshilik ko‘rsatuvchi qolmay, hamma taslim bo‘lgach, shahardagilarning barchasini tashqaridagi bo‘sh maydonga haydadilar. So‘ng ularni o‘ldirish uchun lashkar qo‘liga topshirdi. Bu qatliomda 50 mingdan ziyod mo‘g‘ul lashkarining har biriga 24 kishi to‘g‘ri keldi. Xorazm chiyabo‘rilar kezadigan, boyqush va qarg‘alar in qurgan makonga aylandi”.

 

Marv shahri bosib olinganidan keyin yuz bergan hodisalarni ham hayajonsiz o‘qimoq dushvor: “Mo‘g‘ullar ayollarni erlaridan, bolalarni onalaridan, opalarni ukalaridan ajratdi. Ota-onalar ko‘zi oldida bokiralar nomusiga tegdi. Keyin barchasini o‘ldirish uchun lashkarga taqsimlab berdi. Har bir askarga uch yuz-to‘rt yuzdan qurbon to‘g‘ri keldi... Din va davlat buyuklaridan Sayyid Izziddin Nasaaba yoniga olgan bir guruh bilan o‘n olti kecha-yu kunduz maqtullarni sanab chiqdi. Ularning soni, yashirin joylarda va shahardan uzoqda o‘ldirilganlardan tashqari, bir million uch yuz mingdan ziyod edi”.

 

Qirg‘inbarotda yuz minglab odam qatl etilganini ochiq tasvirlarkan, Otamalik Juvayniy mo‘g‘ullar ustidan hukm o‘qiydi go‘yo.

 

Davlat umrboqiyligi siri nima?

 

Juvayniyning muarrix sifatidagi yutug‘i tarixiy shaxslarga baho berishda haqqoniylik tamoyilidan og‘ishmasligida namoyon bo‘ladi. Zamon o‘zgarishlari, davr epkinlari, hayot talotumlariga qaramay, adolat-u xolislik mezoniga sodiq qolmoq oson bo‘lmagan, albatta.

 

Qayd etganimizdek, Orol dengizidan Hind okeanigacha, Qozog‘iston dashtlaridan Turkiya chegaralarigacha bo‘lgan hududda hukm surgan Xorazmshohlar davlati, xususan, Sulton Jaloliddin Manguberdi haqida o‘nlab tarixiy asar yaratilgan. Masalan, “Munshaot” (Rashididdin Vatvot), “Siyrat as-Sulton Jaloliddin Mengburniy” (Shihobiddin Muhammad Nasaviy), “Mu’jam al-buldon” (Yoqut Hamaviy), “Ja’mi ul-hikoyat” (Muhammad Avfiy), “Al-Muzof ul-badoye uz-zamon” (Afzaliddin Kirmoniy) singari manbalarda xorazmshohlar ulug‘lansa, ayyubiylar va mo‘g‘ullar tarixchilari qalamiga mansub “Al-Komil fit-tarix” (Ibn al-Asir), “Mufarrij ul-qulub” (Jaloliddin ibn Vosil), “Mir’at uz-zamon” (Sibt ibn Javziy), “Rohat as-sudur” (Muhammad ibn Rovandiy), “Taboqoti Nosiriy” (Minhojiddin Juzjoniy) singari asarlarda ular qoralanadi.

 

XIII asrning 40-yillaridan boshlab muarrixlar bitiklarida xorazmshohlar salbiy bo‘yoqda tasvirlanishi tabiiy edi. Chunki mazkur davlat mo‘g‘ullar tomonidan yo‘q qilingan, tarix sahnasidan ketganlarni esa xohlagancha tanqid qilish mumkin. Juvayniy bunday yo‘l tutmoq o‘rniga xolislikni afzal biladi. U Xorazmshohlar davlatining gullab-yashnagan davri, tarixiy taraqqiyoti xususida haqqoniy ma’lumotlar keltiradi. Masalan, u Qutbiddin Muhammadni ilm-fanni ulug‘lovchi, Olovuddin Otsizni nihoyatda jasur, yurt istiqboli yo‘lida otashin kurashchi, Abulfath Elarslonni boshqalarga nisbatan shafqatsiz, toj-taxt uchun kurashda zulmkor, Olovuddin Takishni esa xalqqa mehribon, madaniyat va ma’naviyatni yuksaltirgan hukmdor deya tavsiflaydi.

 

Juvayniy 1200–1220-yillarda davlatni idora etgan Olovuddin Muhammad hayoti va faoliyatiga teranroq nazar tashlaydi. Uni Xorazmni qudratli imperiyaga aylantirgan hukmdor sifatida ulug‘laydi. Ko‘p o‘lkalarni qilichini qinidan chiqarmay egallaganini e’tirof etadi.

 

Juvayniy Xorazmshohlar davlati tanazzuli haqida so‘z yuritganda ham boshqa tarixchilar singari Olovuddin Muhammadni qo‘rqoqlikda ayblamaydi, bil’aks, tanazzulga olib kelgan omillar haqida vazminlik bilan mulohaza yuritadi. Shuningdek, Sulton Muhammadning o‘g‘illari – Rukniddin Gʻursanjiy, Gʻiyosiddin Pirshoh, O‘zloqshoh, Oqshohlar, onasi Turkon Xotun shaxsiyatiga ham xolis baho beradi.

 

“Jahongusho”ning ikkinchi jildi asosan Sulton Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan. Jaloliddin boy berilgan mamlakatning bir qismini mo‘g‘ullardan qaytarib olib, yangi davlat tuzadi va uni o‘n yildan ziyod vaqt davomida boshqaradi. Xuroson, Kirmon, Fors, Fors Irog‘i, Mozandaron, Ozarboyjon, Gurjiston, Shom, Jazira kabi o‘lkalarni chingiziylar bosqinidan himoya qiladi. Juvayniy yozganidek, Jaloliddin o‘n bir yilda o‘n to‘rt marta katta jangga kirdi va shulardan o‘n ikkitasida g‘alabaga erishdi. Bu kamdan-kam sarkardaga nasib etadigan ulkan yutuqdir.

 

Juvayniy Jaloliddinning mardliklarini ehtirom bilan zikr etadi. Hatto uning mo‘g‘ullar ustidan qozongan g‘alabalarini ham xayrixohlik bilan qalamga oladi. Manguberdi bir gal 300 sonli lashkar bilan mo‘g‘ullarning 700 askarini mag‘lub etganini bayon etar ekan, “U yonidagi kamsonli lashkari bilan sherdek jang qildi. Agar uning o‘rnida hatto Rustami Zol o‘g‘li bo‘lsa ham qochishdan boshqa chorani o‘ylamagan bo‘lardi. Lekin u dunyoning qatron rangli kafanini kiygunga qadar dushmanga qarshi turdi”, deb ta’kidlaydi.

 

Muarrix Jaloliddinning 1227-yili Isfahon yaqinida mo‘g‘ullar ustidan erishgan g‘alabasini ulug‘lab, shoir Kamoliddin Isfahoniy yozgan qasidadan parcha keltiradi. “Dunyo va dinning buyugi Mengburniy ismli sultonni Olloh jahon podshohligiga munosib ko‘rdi. Uning ustun quvvatiga va yetuk fikrlash qobiliyatiga, sanab adog‘iga yetib bo‘lmas fazilatlariga ofarin”, deyiladi qasidada.

 

Mo‘g‘ullar muarrixi sifatida asar bitgan Otamalik Juvayniyning Chingizxon va uning avlodlari dushman deb bilgan sultonlarni ulug‘lashi misli ko‘rilmagan hodisa edi.

 

“Jahongusho” faqat tarixiy bitikkina emas, badiiy so‘z san’atining go‘zal namunasi, bilim qudratini ulug‘lovchi, falsafiy mushohadalar, hayot tajribalarini o‘zida jamlagan asar hamdir. Muallif har bir voqea-hodisadan keyin Qur’oni karim, hadislar, maqollar, arabiy va forsiy she’r, ulug‘ allomalar hikmatlaridan namuna keltirib, fikrlarini yanada oydinlashtiradi. “Bilimsizlar belini yostiqqa suyagan kuni bilimli kishilarning beli sindi”, “Ilm va fazilat ildizlari faqat olim-u fozillarning yordami ila poydor bo‘ladi”, “Davlatni oyoqda tutib turadigan narsa bilimdir”, “Bilimdonlar johillarning xizmatiga kirsalar, barkamol kishilar razillik kasaliga duchor bo‘lsalar, hayot zulmat qo‘yniga cho‘madi”, “Insonning nomi va shuhrati uning ikkinchi umridir” kabi ohori to‘kilmagan fikrlar, quyma satrlar muallifning yuksak iqtidoriga shohidlik beradi.

 

Sohibdevonlar merosi

 

Juvayniy davlat arbobi sifatida ham o‘zidan o‘lmas meros qoldirgan. Xurosonning Juvayn qasabasida tavallud topgan Olovuddin Otamalikning oilasidagilar o‘z davrining fozil insonlari, arboblari bo‘lgan. Katta bobosi Bahovuddin Muhammad ibn Ali yetuk shoir, xorazmshoh Sulton Takish saroyi mulozimi edi. Shu xonadon vakili Muntajibiddin Badiul-kotib Juvayniy saljuqiy hukmdor Sulton Sanjar devonida bosh kotib vazifasida faoliyat yuritgan. Otamalikning keyingi bobosi Shamsiddin ibn Muhammad ibn Ali esa Sulton Muhammad Xorazmshoh va Sulton Jaloliddin Manguberdi saroyida moliya ishlarini boshqargan. Otasi Bahovuddin Muhammad Xuroson, Mozandaron, Ozarboyjon, Gurjiston, Onado‘li, Iroq, Yazd o‘lkalarini boshqargan mo‘g‘ul hukmdorlari saroyida munshiylik qilgan, ba’zi shaharlarda noiblik vazifasini ado etgan. Arabiy, forsiyda she’r ham bitgan. Otamalikning akasi Shamsiddin Muhammad Xuroson, Hindiston, Gurjiston, Iroq hududlarida saltanat yuritgan mo‘g‘ul hukmdorlarining bosh vaziri edi. Shu bois o‘sha davrga oid asarlarda juvayniylar “sohibdevonlar oilasi” deya zikr etilgan.

 

Olovuddin Otamalik ham sulola an’anasini davom ettiradi. 1243-yilda mo‘g‘ul hukmdori Amir Arg‘un xizmatiga kirib, dastlab devonda kotiblik qiladi, keyin moliya ishlarini boshqaradi. O‘sha davrda turli o‘lkalarga tayinlangan amirlar har ikki-uch yilda Chingizxonning bosh qarorgohi Qoraqurumga borib, xalqdan yig‘ilgan boj-u xirojni topshirgan va joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan xoqonga hisob bergan. Hisobotning to‘g‘riligini tekshirish uchun joylarga taftishchilar ham yuborilgan. Shu bois hisobot topshirish jarayoni ba’zan oylab, yillab davom etgan. 1256-yilga qadar Amir Arg‘un xizmatida bo‘lgan Olovuddin Otamalik Juvayniy u bilan hisobot topshirgani to‘rt marta Qoraqurumga borgan. Bu safarlar uning hayotida o‘chmas iz qoldirgan. Mo‘g‘ullarning ko‘plab yurtlarni vayronaga aylantirganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Yer-la yakson etilgan shaharlar, madaniyat va san’at yodgorliklari, yondirilgan madrasa-yu masjidlar muarrixning xotirasiga muhrlanadi.

 

1256-yili Xuroson taxtiga Chingizxon avlodidan Xulogu chiqadi. Otamalik uning ko‘zga ko‘ringan ma’muri, ishonchli kotibiga aylanadi. 1257-yili mo‘g‘ullar Kaspiy dengizi sohilida joylashgan Ismoiliylar davlatini yo‘q qiladi. Otamalik Juvayniy Xulogu qo‘shini safida ismoiliylarga qarshi yurishda ishtirok etadi. Muhoraba yakuniga yetgach, Otamalik mo‘g‘ul tojdoriga vayron bo‘lgan o‘lkani qayta obod qilishni maslahat beradi. Ana shu maslahatga ko‘ra Ismoiliya shaharlaridan Olamut, Qohira va Xabushon qayta quriladi.

 

Otamalik Xulogudan shuhrati Sharqqa yoyilgan Olamut kutubxonasi talon-toroj qilinmasligini ham so‘raydi. Mo‘g‘ul hukmdori uning bu iltimosini ham yerda qoldirmaydi. Shu tariqa Juvayniy sa’y-harakati bilan nodir qo‘lyozmalar, rasad ilmiga oid manbalar, asbob-uskunalar saqlab qolinadi.

 

Otamalik 1258-yilda Xulogu qo‘shinining xalifalik poytaxti Bag‘dodga yurishida ham qatnashadi. U keyinchalik “Tasli­yat’ ul-ihvon” risolasida bunday yozadi: “Sen mulkingni xohlaganingga berasan, xohlaganingdan tortib olasan” hukmi ostida Olloh Iroq, Bag‘dod va Xuziston mamlakatlarini abbosiy xalifalardan olib, jahon podshohi Xuloguga taslim qildi. U esa 657 (1259)-yilda... o‘sha mamlakatlar boshqaruvini ushbu satrlar muallifiga topshirdi va unga barcha ishlarda mutlaq vakolat berdi”.

 

Alqissa, Otamalik Juvayniy mo‘g‘ullar nomidan Iroq va Bag‘dodni 24 yil davomida boshqardi. U butun kuchini mamlakat obodligi, xalq farovonligiga sarfladi. Qishloqlar aholisi va dehqonlar gardaniga yuklangan soliq, xirojlarni kamaytirdi. Bag‘dodning g‘arbiy qismida – Frot daryosidan Ko‘fa va Najaf shaharlarigacha bo‘lgan oraliqda katta kanal qazdirdi. Kanalning ikki sohilida yuz ellikdan ziyod qishloq barpo ettirdi. Asrlar davomida qurib-qaqshab yotgan Ombor va Najaf shaharlari oralig‘ida yam-yashil ekin maydonlari, obod maskanlar vujudga keldi. Najafda Hazrati Ali shahid bo‘lgan joyda katta rabot qad rostladi. Iroqliklar ekin-tikin ishlariga jalb qilindi. Natijada o‘lkaning daromadi bir necha barobarga oshdi. Muarrixlarning guvohlik berishicha, Bag‘dod shahri Juvayniyning boshqaruv davrida abbosiylar davridagidan ham gullab-yashnagan. U mo‘g‘ullar hujumi vaqtida vayron bo‘lgan qadim kentni qaytadan qurdirgan.

 

Juvayniylar ilm va ijod ahliga har jihatdan yordam ko‘rsatgan. Tarixiy manbalarda sohibdevon oila vakillari mingdan ziyod alloma, shoir-u adibga g‘amxo‘rlik qilgani bayon etilgan. O‘z navbatida, mazkur sulola namoyandalariga bag‘ishlab ko‘plab asarlar bitilgan.

 

Buyuk astronom va faylasuf Xoja Nosiriddin Muhammad Tusiy (uning asarlari Mirzo Ulug‘bek madrasasida darslik sifatida o‘qitilgan) faoliyat olib borgan Tus rasadxonasi juvayniylar tomonidan doimo mablag‘ bilan ta’minlab turilgan. Tusiy “Avsaf ul-ashraf” asari hamda “Tarjimai samarai Batlimus” (tarjima) kitobini juvayniylarga bag‘ishlagan.

 

Otamalik Juvayniy mo‘g‘ul hukmdorlarining hurmatini qozongan, yuqori lavozimda faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, hayoti tahlikali kechgan. 1262-yili Bag‘dodda mulhidlar (ismoiliyalik qotillar) uni xanjar bilan jarohatlaydi – tabiblar sa’y-harakati ila oyoqqa turadi. Dushmanlari bir necha bor tuhmat uyushtirib, uni yo‘q qilishga urinadi, ammo bu harakatlar natija bermaydi. Bir gal Majdulmulk Yazdiy degan kimsa “Otamalik Bag‘dodning jamiki boyliklarini o‘zlashtirib olib, mo‘g‘ul xoqonlarini aldamoqda” degan ayblovni ilgari suradi. Otamalik qo‘lga olinadi, biroq tekshirishlar natijasida ma’lumot tasdiqlanmaydi. Majdulmulk qatl etiladi, Otamalik esa zindondan ozod qilinadi.

 

Chingiziylarga qaramlik, mansab-u boylik talashish oqibatida yuzaga kelgan mojarolar uni ham ma’nan, ham jismonan charchatadi. 1282-yilda Xuroson, Fors Irog‘i, Kirmon hududlarida hukmdorlik qiluvchi mo‘g‘ul hukmdori o‘zgaradi. Amirlik lavozimini egallagan Abokaning o‘g‘li Arg‘un otasining mulozimlarini davlatga xiyonatda ayblab yo‘q qilishga kirishadi. Hatto marhum a’yonlarning jasadini qabrdan chiqartirib o‘tda kuydiradi. Otamalik Juvayniy Bag‘dodni tark etadi. Mug‘on shahrida xafaqon kasaliga chalinadi va 1283-yil 5-mart kuni vafot etadi. Akasi Shamsiddin va uning besh o‘g‘li, nevarasi, Otamalikning ikki o‘g‘li xunrezlik qurboniga aylanadi. Shu tariqa sohibdevonlarning mo‘g‘ul saroyidagi faoliyati xotima topadi.

 

Moʻjiz so‘z

 

“Tarixi jahongusho” fors tilida, saj (nasriy qofiya) usulida yozilgan. Asarning turli yillarda ko‘chirilgan yettita qo‘lyozma nusxasi bugungi kungacha yetib kelgan.

 

“Jahongusho” qisqa fursatda shuhrat qozongan. Juvayniy boshlab bergan an’anani izchil davom ettirgan ko‘plab asarlar yaratilgan.

 

“Jahongusho” XX asrdan boshqa tillarga tarjima etila boshladi. Dastlab Leyden shahrida Muhammad Qazviniyning “Maxsus muqaddima”si bilan birga to‘liq holda fors tilida nashr etiladi. 1958-yili Kembrij shahrida sharqshunos Jon Boyl tarjimasida birinchi va ikkinchi jildlari ingliz tilida chop qilinadi. Keyinroq doktor Mursal O‘zturk tomonidan to‘liq ravishda turkchaga o‘giriladi. Muayyan qismlari olmon, fransuz, ispan, venger, chex, xorvat, rus, polyak va boshqa tillarga tarjima qilingan.

 

“Jahongusho”ning birinchi va ikkinchi jildini tarjimon Nazarbek Rahim o‘zbek tiliga o‘girgan va 2015-yili chop ettirgan.

 

“Faqat aql va naql bilan erishiladigan, anglash va idrok qilishdan uzoq bo‘lmagan narsalarni ikkiga ajrata olamiz. Ulardan birinchisi – Payg‘ambar moʻjizasi, ikkinchisi esa so‘zdir. Moʻjiza so‘zda ko‘rinadi”, deb yozgan edi Juvayniy “Jahongusho” debochasida. Uning o‘zi ham so‘z bashariyat kechmishi va tarix tadrijini ifodalaydigan, avlodlarga haqiqatni yetkazadigan ulkan moʻjiza ekanini isbotlay oldi.

 

Kamol MATYOQUBOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Muarrixning chigal qismati” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

16:01 / 09.01.2026 0 130
Nega yengildik? – Biz bil(ma)gan haqiqatlar

Til

12:01 / 09.01.2026 0 159
Eski turklardagi “erdam”lar kim boʻlgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//