“U avval qogʻozga oʻrab kelingan narsani ochiq aytdi”. Rossiyalik targʻibotchining Markaziy Osiyo haqidagi gaplari muhokamalarga sabab boʻldi


Saqlash
12:31 / 12.01.2026 120 0

Rossiyalik mashhur boshlovchi va targʻibotchi Vladimir Solovyov oʻz koʻrsatuvida Armaniston va Markaziy Osiyoda ham Ukrainadagi kabi maxsus harbiy amaliyot (bosqin) oʻtkazishga chaqirdi.

 

U Markaziy Osiyoni “Rossiya ta‘sir ostidagi hudud” va “bizning Osiyo” deb atab, bu yerlarni nazoratda ushlab turish kerakligini aytgan.

 

“Bizning Osiyo, Oʻrta Osiyo, ular Markaziy Osiyo deb ataydigan mintaqadagi muammolar – Rossiya uchun ulkan muammo boʻlishi mumkin. Va biz oʻz maqsad va vazifalarimizni juda aniq belgilab olishimiz kerak. Shuni ochiq aytish kerak: “Oʻyinlar tugadi”.

 

Xalqaro huquqqa ham, xalqaro tartibga ham tupuramiz. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida “SVO” (Rossiya rasmiy ravishda Ukrainaga bosqinni maxsus harbiy amaliyot deb ataydi) boshlashimiz kerak boʻlgan boʻlsa, nega aynan shu mantiqdan kelib chiqib, taʼsir doiramizning boshqa nuqtalarida ham “SVO” boshlay olmas ekanmiz?” degan rossiyalik targʻibotchi.

 

Ushbu bayonot koʻplab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Oʻzbekistonlik faollar va jurnalistlar rossiyalik targʻibotchining chiqishiga munosabat bildirdi.

 

Xususan, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja Solovyovga javob yoʻlladi.

 

“Tormozsiz propaganda yohud fikrlarni kuzatish vaqti keldi. Solovyovga javob.

 

Vladimir Solovyov toʻgʻridan-toʻgʻri efirda avval qogʻozga oʻrab kelingan narsani ochiq aytdi: xalqaro huquqni inkor etish mumkin, suverenitet – shunchaki rasmiy atama, boshqa davlatlar esa bemalol “taʼsir doirasi” deb eʼlon qilinishi mumkin. “Bizning Osiyo” degan formula tasodifiy ogʻizdan chiqqan soʻz emas, balki davlatlarni obyektga, chegaralarni esa toʻsiqqa aylantiradigan sof mustamlakachilik tilidir.

 

Albatta, Solovyov shunchaki bulbul kabi sayrab, baland ovozda, jozibali, lekin har doim ham soʻzining oqibati uchun javob bermaydi, deb aytish mumkin. Va juda ham umid qilishni istaymizki, bu Rossiya oliy rahbariyatining rasmiy pozitsiyasi emas, balki studiya ichki auditoriyasiga taʼsir qilishga qaratilgan navbatdagi propagandistik chiqishdir. Ammo tarix koʻp bor shundan dalolat beradiki, bunday “yakkaxon chiqishlar” kamdan-kam hollarda faqat soʻz boʻlib qoladi.

 

Bejiz emaski, Lao Szi hali miloddan avvalgi VI asrdayoq ogohlantirgan:

 

“Fikrlaringizga eʼtibor bering – chunki ular harakatlaringizning boshlanishidir”.

 

Bu endi na bahs, na tahlil. Bu – urushni siyosatning maqbul vositasi sifatida normallashtirishdir. Ukraina – pretsedentga aylandi, Markaziy Osiyo – ovoz chiqarib aytilgan xayollar obyekti, “taʼsir doirasi” esa xavfsizlik haqidagi soʻzlar ortiga yashirilgan har qanday zoʻravonlikni oqlash uchun universal bahonaga aylanmoqda.

 

XXI asrda urushni rasman eʼlon qilish shart emas. Uni odatiy holga aylantirish oʻzi yetarli. Bir necha bor “bizga mumkin”, “shunday boʻlishi kerak”, “boshqa iloj yoʻq” deb aytish kifoya. Overton tuynugi aynan shunday ishlaydi: kecha – aqlga sigʻmaydigan, bugun – muhokama qilinadigan, ertaga – maqbul, indinga – amalga oshiriladigan. Shuning uchun bunday efirlar mazmuni bilan emas, funksiyasi bilan xavfli — ular mumkin boʻlgan chegaralarni surib, jamiyatni navbatdagi qadamga tayyorlaydi.

 

Tarix, propagandadan farqli oʻlaroq, hech narsani unutmaydi. U shunchaki aytilgan soʻzlar ongli ravishda qilingan tanlovning yetarli daliliga aylanishini kutgan holda sabr qiladi”, deya rossiyalik jurnalistning gapiga javob qaytargan Sherzodxon Qudratxoʻja.

 

Shoir Botirjon Ergashev ham rossiyalik boshlovchi bayonotiga munosabat bildirib, uni “jirkanch maxluq” deb atadi.

 

“Quyida rasmini qoʻyganim – Rossiya siyosatining samogon, portveyn degustatori vladimir solovyev degan (bu iflosning ismi-sharifini katta harflarda yozmayman) jirkanch maxluq Rossiya Markaziy Osiyoda ham “Maxsus harbiy amaliyot” oʻtkazish lozimligini aytibdi.

 

Har doimgidan koʻra koʻproq ayni paytda birlashishimiz lozim. Parokanda xalqni xor qilish boʻyicha musobaqa boshladi bular. Alloh yurtimizni zolimlar zulmidan asrasin!”, deydi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori.

 

Faol va jurnalist Ilyos Safarov ham bu borada oʻz fikrlarini bildirgan:

 

“Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyoda ham “maxsus harbiy operatsiya” oʻtkazish mumkinligi haqidagi bayonoti – bu shunchaki hayp emas, balki Rossiya propagandasining eng tajovuzkor va xavfli yoʻnalishlarini ifodalovchi siyosiy signaldir.

 

Sir emas, rus propagandasi – haqiqatni buzish, qoʻrquv va adovatni ishlab chiqarishga xizmat qiladigan zaharli axborot mahsuloti. Solovyov esa ayni shu zaharni ommaga yetkazadigan eng faol va tajovuzkor uzatkichlardan biri. Solovyov Putinga yaqin shaxs sifatida koʻp hollarda Kreml doiralarida shakllanayotgan qarashlarni ommaga moslab, balandroq va keskinroq shaklda ifodalab keladi, shu bois ham uning bu chiqishini oddiy telebahs darajasida baholab boʻlmaydi.

 

Bu ritorika shuningdek, xalqaro huquqni chetga surib, mustaqil davlatlarga “taʼsir doirasi” degan tushuncha orqali bosim oʻtkazishni normal holat sifatida koʻrsatishga urinish ham. Bunday yondashuv u yetib boradigan jamiyatlar ongini zoʻravonlik va harbiy aralashuvga oldindan tayyorlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo kabi geosiyosiy jihatdan “sezgir” mintaqa uchun bu kabi bayonotlar real xavf sifatida qabul qilinishi kerak. Takrorlayman, Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari bu chiqishni shunchaki telebahs, oddiy shov-shuvli fikr emas, balki Rossiya siyosiy tafakkurida mavjud boʻlgan xavfli tendensiyaning ochiq ifodasi sifatida baholashi kerak. Shu sababli, suverenitet va hududiy yaxlitlikka ochiqdan-ochiq shubha solayotgan Solovyov kabi shaxslar eng kamida xohlanmaydigan shaxs (persona non grata) sifatida belgilanishi mantiqan asosli qaror boʻladi.

 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi nimani kutyapti, ishlatsin oʻtgan yili kuchga kirgan yangi tartibni. Qonunlar “antikvar” emaski, ishlatmasdan saqlab qoʻyilsa. U avvalo davlatlar suverenitetini mensimaydigan shunday nusxalar uchun ishlashi kerak. Chunki bugun propaganda tilida aytilgan fikrlar ertaga amaliy siyosiy qarorlarga aylanishi tarixda koʻp bor isbotlangan, isbotlanyapti ham”, deydi jurnalist.

 

Yana bir faol Aziz Umarova ushbu voqeadan soʻng ruslarning Markaziy Osiyoga bosqini tasvirlangan “Otamdan qolgan dalalar” filmini efirga chiqarish kerakligini taʼkidlagan.

 

“Vladimir Solovyovning bayonotidan soʻng, ehtimol, nihoyat Shuhrat Abbosovning Otamdan qolgan dalalar filmini efirga chiqarish vaqti kelgandir.

 

Badiiy shaklda – uzun matnlarni oʻqishga va chuqur mulohaza qilishga oʻrganmagan tomoshabin uchun ham tushunarli va ochiq tarzda – film ikki soat ichida munosabatlar evolyutsiyasini toʻliq koʻrsatib bera oladi. Film premyerasidan soʻng darhol taqiqlangan va 1997-yildan beri ommaviy maydonda namoyish etilmagan (faqat YouTubeʼga joylangan).

 

Film Toʻgʻay Murodning romani asosida suratga olingan boʻlib, u oʻtmish va oddiy odamlar hayoti haqidagi nihoyatda lirik, taʼsirchan va rostgoʻy badiiy muloqotning kam uchraydigan namunasidir. Bunday asarlar maktablarda tarix darslarining bir qismi boʻlishi, shuningdek, televideniye efirlarida yangrab turishi kerak — chunki aynan ular maʼnaviy immunitetni shakllantiradi va bunday bayonotlarning mazmun-mohiyatini anglashga yordam beradi…” deya yozadi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi xodimasi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

16:01 / 09.01.2026 0 127
Nega yengildik? – Biz bil(ma)gan haqiqatlar

Til

12:01 / 09.01.2026 0 156
Eski turklardagi “erdam”lar kim boʻlgan?

Adabiyot

15:01 / 08.01.2026 0 305
Gaspiralining taraqqiyot haqidagi fikrlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//