O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yaqin va o‘rta muddatli strategik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dasturiy siyosiy-ijtimoiy hujjatdir. Unda iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat, ekologik barqarorlik, davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi va tashqi siyosat masalalari bilan birga madaniy hamda ma’naviy taraqqiyot milliy rivojlanishning ustuvor omillaridan biri sifatida ilgari suriladi.
Murojaatnoma mazmuni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam madaniy-ma’naviy poydevorga tayanayotganini, jamiyatda barqarorlik, hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyatni shakllantirishda madaniyat hamda ma’naviyatning hal qiluvchi o‘rnini ochib beradi.
Hujjatda qayd etilgan iqtisodiy o‘sish, infratuzilmaning jadal rivojlanishi hamda aholi farovonligining oshishi keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda jamiyat ongi va dunyoqarashida yuz bergan o‘zgarishlar natijasi ekaniga urg‘u beriladi. Bu esa davlat taraqqiyoti iqtisodiy va texnologik omillar bilan cheklanmasdan, madaniy hamda ma’naviy kapital bilan uzviy bog‘liq ekanini tasdiqlaydi.
Madaniyat jamiyatning ijtimoiy xotirasi, tajribasi hamda qadriyatlar tizimi sifatida iqtisodiy islohotlarni qabul qilish, ularga moslashish va barqarorligini ta’minlashda muhim omil vazifasini bajaradi. Shu nuqtayi nazardan, Murojaatnomada jamiyat jipsligini mustahkamlash, xalq ongidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahalla instituti ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar madaniyatga strategik resurs sifatida qaralayotganini anglatadi.
Prezidentimiz tomonidan 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish tashabbusi ilmiy tahlil uchun keng imkoniyat yaratadi. Mahalla ma’muriy tuzilma doirasi bilan cheklanib qolmay, o‘zbek jamiyatida asrlar davomida shakllangan nomoddiy madaniy merosning muhim makoni sifatida namoyon bo‘ladi. Unda qo‘shnichilik munosabatlari, o‘zaro yordam, hashar an’analari, marosimlar hamda oilaviy va jamoaviy tarbiya shakllari mujassamlashgan.
Murojaatnomada mahallaning “mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskani” sifatida tavsiflanishi uning nomoddiy madaniy merosni saqlash va avlodlar davomiyligini ta’minlashdagi o‘rni davlat siyosati darajasida e’tirof etilayotganini hamda madaniyatshunoslik sohasida mahallaning vazifaviy va ijtimoiy xususiyatlarini chuqur o‘rganish zarurligini kun tartibiga qo‘yadi.
Bundan tashqari, murojaatnomada ilgari surilgan markaziy g‘oyalardan biri milliy birlik va jamiyatni jipslashtirish masalasidir. Prezidentimiz nutqida keltirilgan “Birlashgan – o‘zar, birlashmagan – to‘zar” degan xalq maqoli milliy tafakkur va tarixiy tajribaga tayanilgan holda zamonaviy davlatchilik g‘oyalari bilan uyg‘unlashtirilgan.
Madaniy identifikatsiya nuqtayi nazaridan ushbu yondashuv millatning o‘zini anglash jarayonida an’anaviy qadriyatlar, umumiy tarixiy xotira va ramzlarning o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Turli millat, til va din vakillarini birlashtiruvchi umumiy g‘oya sifatida Vatan manfaatlarining ilgari surilishi O‘zbekistonda ko‘pmadaniyatli jamiyat modelining ma’naviy asoslarini kuchaytiradi.
Murojaatnomada yoshlar ta’limi, ilm-fan, xalqaro olimpiadalar va intellektual yutuqlar masalalariga alohida e’tibor qaratilgani madaniy taraqqiyotni ta’lim va ilm-fan bilan uzviy bog‘liq holda talqin etish konsepsiyasini ifodalaydi. Ilm-fan va madaniyat integratsiyasi nomoddiy madaniy merosni zamonaviy sharoitda saqlash, raqamlashtirish va keng jamoatchilikka yetkazish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Yosh avlodni vatanparvarlik, ma’naviy barkamollik va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalash jarayonida ta’lim muassasalari va madaniy institutlar o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishda ilmiy tadqiqot muassasalari konseptual va metodologik asoslarni ishlab chiqishda yetakchi o‘rinni egallaydi.
Murojaatnomada O‘zbekistonning UNESCO Bosh konferensiyasi, xalqaro sammitlar va forumlarga mezbonlik qilishi mamlakatning xalqaro madaniy nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi. Bunday tadbirlar milliy madaniyat va nomoddiy madaniy merosni jahon jamoatchiligiga taqdim etishning samarali maydoniga aylanmoqda. Madaniyatshunoslik nuqtayi nazaridan esa ular sivilizatsiyalar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda milliy madaniy tajribani global kontekstda talqin etish imkoniyatini yaratadi.
Murojaatnoma 2026-yili amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dasturni qamrab oladi. Mahalla instituti, urbanizatsiya, xizmatlar sohasi, turizm va transport infratuzilmasi vazifalari madaniy muhitni rivojlantirish va jamiyatning kundalik hayotini sifat jihatdan yangilashga qaratilgan. Mahalla ijtimoiy boshqaruv tizimi bo‘g‘ini, shuningdek, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar, an’analar va jamoaviy qadriyatlar saqlanib kelayotgan nomoddiy madaniy meros makoni sifatida ham ahamiyatlidir. Shaharsozlik va xizmatlar infratuzilmasi orqali inson manfaatlariga yo‘naltirilgan makon yaratish madaniy muhit va jamiyat o‘rtasida ma’naviy uyg‘unlikni ta’minlaydi hamda milliy o‘ziga xoslikni saqlashning muhim shartidir.
Birinchidan, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirish jarayonida mahalliy urf-odatlar hamda nomoddiy madaniy meros zamonaviy xizmatlar va infratuzilma bilan uyg‘unlashtiriladi. Jamiyatda ma’naviy uyg‘unlik mustahkamlanadi, mahalliy aholining madaniy hissiyoti yuksaladi va ijtimoiy barqarorlik ta’minlanadi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlantirish jarayonida an’anaviy hunarmandchilik hamda san’at kabi nomoddiy madaniy meros namunalari zamonaviy ishlab chiqarish va raqamlashtirish bilan integratsiya qilinadi. Madaniy va ma’naviy merosdan oqilona foydalanish iqtisodiy samaradorlikni oshirish, milliy qadriyatlarni saqlash hamda madaniy merosning uzluksiz rivojlanishi imkonini beradi.
Uchinchidan, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish milliy mahsulotlar va an’anaviy hunarmandchilik kabi nomoddiy madaniy meros yo‘nalishlarini integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi. Turizm va servis sohalarida nomoddiy madaniy merosdan samarali foydalanish mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaydi, aholida milliy madaniy hissiyotni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
To‘rtinchidan, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasi madaniy transformatsiya bilan bog‘liq. Texnikumlar, “Kasblar shaharchasi” va dual ta’lim orqali yoshlar mehnatga va ijtimoiy faollikka tayyorlanadi. An’anaviy hunarmandchilik, nomoddiy madaniy merosning bir yo‘nalishi sifatida, zamonaviy kasblar bilan uyg‘unlashtiriladi, kasb madaniyati va mehnat etikasi shakllanadi hamda jamiyat ma’naviy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Beshinchidan, ekologik muvozanat, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish ekologik madaniyatni rivojlantirish bilan bog‘liq. Tabiatga ehtirom, suv va yer resurslariga munosabat va atrof-muhitni asrash an’anaviy qadriyatlarning davomiyligini ta’minlaydi. “Yashil makon”, ekologik transport va ta’lim jamiyatda ekologik tafakkurni mustahkamlaydi.
Oltinchidan, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini rivojlantirish madaniy va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bilan bog‘liq. Elektron hukumat, raqamli sud, ochiqlik va hisobdorlik prinsiplari korrupsiyaga murosasiz munosabat va qonun ustuvorligini ta’minlaydi. Mazkur jarayon nomoddiy madaniy merosning uzluksiz saqlanishi va avlodlar orasida an’anaviy qadriyatlarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Umuman olgan, Prezidentimiz Murojaatnomasi milliy taraqqiyotni iqtisodiy o‘sish bilan cheklamay, madaniy, ma’naviy va ma’rifiy rivojlanishni ham birlashtirishni nazarda tutadi. Belgilangan ustuvor yo‘nalishlar madaniyatni jamiyat taraqqiyotining faol omillaridan biri sifatida anglashga yo‘naltirilgan.
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti uchun ushbu hujjat ilmiy izlanishlar, amaliy loyihalar va davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashda mustahkam konseptual asos vazifasini bajaradi. Ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish jarayonida milliy madaniy merosni asrash, uni zamonaviy ijtimoiy hayotga moslashtirish hamda jahon madaniy makonida munosib o‘rin egallashga qaratilgan ilmiy faoliyatni kuchaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mashhuraxon DARMONOVA,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Ma’naviyat
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q