Unuttirilgan tarix: Shokirovlar oilasi misolida qatag‘on fojeasi


Saqlash
18:12 / 09.01.2026 285 0

Sovet hokimiyatining qatag‘on siyosati Turkiston o‘lkasi tarixida eng og‘ir va fojeali sahifalardan biri hisoblanadi. Mazkur siyosat natijasida minglab ziyolilar, ma’rifatparvarlar, ijod ahli va ularning oila a’zolari nohaq ravishda ta’qib qilindi, qamoqqa olindi, jisman yo‘q qilindi. Uzoq yillar davomida bu fojeali voqealar milliy tarixdan chetlatilib, qurbonlarning nomlari unuttirib kelindi.

 

So‘nggi yillarda qatag‘on siyosatiga doir arxiv hujjatlari, xorijiy manbalar va muhojirlar davriy matbuoti asosida olib borilayotgan tadqiqotlar “unutilgan tarix”ni qayta tiklashga xizmat qilmoqda. Qatag‘on siyosatiga doir manbalarni aniqlash jarayonida xorij arxivlari va kutubxonalarida saqlanayotgan materiallar, shuningdek, turkistonlik muhojirlar tomonidan nashr etilgan davriy matbuot nashrlari ham o‘rganildi. Sovet mafkuraviy nazoratidan tashqarida chop etilgan ushbu nashrlarda Turkistonda amalga oshirilgan qatag‘on siyosati, uning ko‘lami va oqibatlari haqida nisbatan xolis ma’lumotlar keltirilgan.

 

Xususan, Germaniyada nashr etilgan “Milliy Turkiston” jurnalining “Sovet terroriga uchragan turkistonliklar” sarlavhali ruknida qatag‘on qurbonlarining ro‘yxati e’lon qilingan. Ushbu ro‘yxatda ko‘plab noma’lum yoki ilmiy adabiyotlarda deyarli tilga olinmagan shaxslar nomi uchraydi.

 

Qatag‘on qurbonlari ro‘yxatidagi shaxslar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasidagi maxsus arxivlarda izlanishlar olib borildi. Shunday shaxslardan biri Abdulla Shokir bo‘lib, u bolalar adabiyotchisi sifatida qayd etilgan. Ushbu shaxs haqida filolog olimlarga murojaat qilinganida, deyarli hech qanday ilmiy ma’lumot mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, Abdulla Shokirning ijodiy va hayotiy faoliyati tarixiy xotiradan chiqarib tashlangan.

 

Arxivlardagi izlanishlar natijasida Abdulla Shokir Farg‘ona vodiysidan yetishib chiqqan ma’rifatparvar ziyoli ekani, bolalar uchun hikoyalar, she’rlar va bir qator adabiy asarlar yozgani aniqlandi. U o‘z davrida milliy ma’rifat, ta’lim va tarbiya masalalariga befarq bo‘lmagan ijodkor sifatida faoliyat yuritgan.

 

Manbalardan anglanadiki, Abdulla Shokirning taqdiri yakka holda emas, balki butun bir oilaga nisbatan qaratilgan qatag‘on siyosati doirasida hal qilingan, jumladan, uning akalari ham “quloqning bolasi”, “ishonchsiz unsur”, “millatchi ziyoli”, “xalq dushmani” kabi soxta ayblovlar bilan ta’qib qilingan va qatag‘on qurbonlariga aylangan. Shu tarzda sovet qatag‘on siyosati natijasida bir oilaning ma’naviy, ijtimoiy va madaniy salohiyati butunlay yo‘q qilingan.

 

Bu oilaga qo‘llanilgan qatag‘on siyosatining ildizlari avvalo Abdulla Shokirning otasi Shokir qozining ijtimoiy mavqei bilan bevosita bog‘liq edi. Shokir qozi Beshariq tumanida o‘z davrining yetuk ziyolisi bo‘lib, 1917-yilga qadar yirik qishloq hokimi hamda diniy rahbar sifatida qozi, a’lam va muftiy lavozimlarida faoliyat yuritgan. Uning turmush o‘rtog‘i Ambarxonim Qo‘qon shahrida tug‘ilgan, oila ma’rifat va diniy an’analarga suyangan ijtimoiy muhitda shakllangan. Sovet hokimiyati tomonidan olib borilgan qatag‘on siyosati jarayonida Shokir qozi “quloq”lar ro‘yxatiga kiritilgan, biroq arxiv hujjatlarida qayd etilishicha, uning 1919-yilda vafot etgani sababli amalda quloq qilinmagan. Shunga qaramay uning ijtimoiy kelib chiqishi va diniy-ma’rifiy faoliyati keyinchalik farzandlari taqdiriga hal qiluvchi darajada salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

 

Abdullaning akasi Sa’dulla haqida arxiv va kutubxonalarda izlanishlar olib borildi, ammo deyarli ma’lumotlar topilmadi. Arxiv hujjatlarida Sa’dulla “Milliy Ittihod” (Milliy birlik) tashkiloti a’zosi bo‘lib, Isfara tumanida yashagan va ukasi Xayrulla bilan yozishmalar olib borgani haqida qisqacha ma’lumotlar mavjud. Keltirilgan ma’lumotlar uning ijtimoiy faoliyati va qatag‘on jarayonidagi taqdirini to‘liq yoritish uchun yetarlimas. Shuningdek, Abdulla Shokirovning qizi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ham Sa’dulla haqida qo‘shimcha ma’lumotlar mavjud emas.

 

Ikkinchi akasi Xayrulla 1896-yili Beshariq qishlog‘i, Kirov (hozirgi Beshariq) tumanida tug‘ilgan. Xayrulla Turkiyada ta’lim olgandan so‘ng Vatanga qaytib, Beshariq tumanida maorif sohasida faoliyat boshlagan va jumladan, 1931-yil 2-iyundan Kirov tumani Ipak tayyorlash idorasida instruktor sifatida ishlagan. U ommaviy qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish davrida ham munosib xizmat qilgan. Arxiv hujjatlariga ko‘ra, “Rayon kolxoz soyuzining tut ko‘chat rahbari o‘rtoq Shakiripni o‘z arizasiga binoan 7/I-1932-yildan etiboran vazifasidan ozod etiladi” deb qayd etilgan.

 

 

Sovet hokimiyati quloqlashtirish siyosati doirasida Xayrulla ham qatag‘on qurboniga aylanadi. 1937-yil 4-dekabrda u Qo‘qon turmasiga qamoqqa olinib, mol-mulklari va hovli-joylari musodara qilinib, o‘zi Rossiyaning uzoq hududlariga surgun qilinib, bolalari yetim qoladi.

 

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Xayrulla Shokirxo‘jayevning oila a’zolari ham sho‘ro hokimiyati tomonidan “shubhali”, “aksilinqilobiy”  deb baholangan. Ukasi Nasrulla “xalq dushmani” sifatida ta’riflanib, Afg‘onistonga qochib ketadi va oila bilan muntazam aloqa qilib turadi. Yana bir ukasi Abdulla Toshkentda adabiyot sohasidagi faoliyati uchun hibsga olinadi.

 

Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, u o‘z uyida va mahalliy jamoatchilardan biri Komil Tursmatov uyida noqonuniy yig‘ilishlar tashkil qilgan. Bu yig‘ilishlarda “sobiq quloqlar” va sobiq qozi Dovus Qori Abdurayimov ham ishtirok etib, sho‘ro hokimiyatiga qarshi fikrlarni tarqatgan. Masalan, 1937-yil avgust oyida 11 kishi ishtirok etgan yig‘ilishda Abdurayimov kommunistlarni “shafqatsiz jazolash” bilan tahdid qilgan va aksilinqilobiy fikrlarni tarqatgan. Shu yilning yana bir sanasida Xayrulla o‘z uyida yig‘ilish tashkil qilib, Dovus Abdurayimovni Afg‘onistonga yashirincha olib chiqish masalasini muhokama qilgan.

 

Shu tarzda Xayrulla Shokirxo‘jayev va uning yaqinlari sovet davrida oilaviy, ijtimoiy kelib chiqishi asosida siyosiy ta’qib qurboniga aylangan. Uning aybi Vatanini sevishi, millati uchun jonini fido qilishi, xalq erkini, ozodligini, yurt mustaqilligi va taraqqiyoti uchun kurashishi edi. Shu yo‘lda Sibirda surgundaligida halok bo‘lgan.

 

Yana bir akasi Nasrullaxon Hindistonda ta’lim olgan. U 10 yildan so‘ng o‘z vataniga qaytib, maorif sohasida faoliyat boshlagan. Shu davrda u Qo‘qon sho‘ba (GORONO) mudiri vazifasida ishlagan va sohasining yetuk bilimdoni sifatida obro‘ qozongan.

 

Rossiya imperiyasi davrida ko‘p mashaqqatlar va hayot sinovlarini boshidan kechirgan Nasrullaxon Shokirov Sovet davrida ham siyosiy ta’qiblardan chetlanmagan. U “qo‘rboshi Shermuhammadbek bilan tanish va u bilan uchrashib turadi” degan ayblar bilan 5 yil muddatga Arxangelskga qamoqqa yuboriladi. Qamoqda jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan so‘ng ham unga tinchlik berilmaydi, natijada oilasi, jumladan, ikki farzandi, turmush o‘rtog‘i va onasi bilan Turkiyaga ketishga majbur bo‘lgan. Istanbul shahrida u Turkiya Prezidenti Ota Turk qabuliga kirib, ish so‘rab murojaat qiladi.

 

Ushbu vaqtda Nasrullaxon Shokirov 5-6 ta tilni mukammal egallagan, bu qobiliyatlari unga ish faoliyati, farzandlarini tarbiyalashda yordam beradi. Uning intizomi va talabchanligi natijasida farzandlari va nabiralari ham yuqori bilim egasi bo‘lib, Turkiyada o‘z o‘rinlarini topadi. Ikki o‘g‘li maorif sohasida faoliyat ko‘rsatgan, nabirasi Shokir nashriyotda ishlab, 1993-yilgacha 20 ta kitobi nashr qilingan. Yana bir nabirasi, O‘rxon Qovunchi esa Kibernetika universitetining prorektori lavozimida faoliyat yuritadi, siyosiy-boshqaruv ishlarida ham faol ishtirok etib, davlat rivojiga hissa qo‘shadi. Farg‘onada maorif sohasida faoliyat boshlagan ushbu oila qatag‘on sababli vatandan uzilgan bo‘lsa-da, o‘z intellektual salohiyatini xorijda namoyon etadi.

 

Nasrullaxon Shokirov o‘z yurtining mustaqilligini ko‘rishni orzu qiladi, ammo bu nasib etmaydi. U farzandlari va nevaralariga mustaqillik kunlari kelishini intizorlik bilan kutishni vasiyat qiladi. Farzandlari mustaqillikning dastlabki oylarida O‘zbekistonga kelib, otasining vasiyatini bajaradi.

 

Abdulla Shokirov 1912-yili Beshariq tumani, Olmazor qishlog‘ining Mozor mahallasida tug‘ilgan. Yoshligidanoq o‘ta bilimdon va so‘z ustasi sifatida tanilgan Abdulla, Qo‘qon shahridagi 2-bosqich maktabda akasi Nasrulla Shokirov yordamida tahsil oladi, u yerda Usmon Nosir bilan birga o‘qigan. Keyinroq u Samarqand shahriga kelib Davlat universitetida ta’limni davom ettiradi, o‘zining ilmi, zukkoligi bilan yoshlar orasida e’tibor qozonadi.

 

 

O‘quvchilik yillarida matbuotda faoliyat ko‘rsatgan Abdulla Samarqanddagi muxbirlar syezdida delegat sifatida ham qatnashgan. Keyinchalik Toshkentga kelib ijodiy faoliyatni davom ettirgan; 16 yoshida “Lenin uchquni” gazetasining birinchi muharriri, so‘ngra “Yosh leninchi” gazetalarida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. 1930-yildan O‘zbekiston radiosida Siyosiy bo‘lim mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

 

Abdulla Shokirovning qizg‘in ijodiy yillari O‘zbekiston davlat nashriyotining Bolalar bo‘limi mudiri vazifasiga to‘g‘ri keladi. Shu davrda u Usmon Nosir, Adham Rahmat, Abdulla Suyumov va boshqa shoirlar, olimlar va adabiyotshunoslar bilan ijodiy muloqotda bo‘ladi. Uning asosiy asarlari qatoridan “Lagerda”, “Yot unsurlar”, “Sheflar” (1931), “Ko‘klam” (1933), “Uch o‘rtoq” (1934) kitoblari nashr etilgan.

 

 

 

Ijodining gullab kelayotgan paytida, 1937-yili Abdulla Shokirov 25 yoshida “xalq dushmani” sifatida ta’riflanib, qamoqqa olingan. O‘sha vaqtda u Toshkent shahrining sobiq Jar mahallasi, Pushkin ko‘chasi 136/128-uyda istiqomat qilardi. Uyiga kirib, kitob va qo‘lyozmalarini tarqatishga ham ruxsat berilmagan va barcha kitoblari yo‘q qilingan. Abdulla Shokirov 18 yoshida akasi Nasrullaxonning iltimosi bilan Turkiyaga ketish imkoniyatiga ega edi, ammo o‘z Vatanini va ijodini tashlab ketolmaydi. Shu paytda u ota-onasi va akalaridan ayrilib, o‘z Vatanida yolg‘iz qolgan.

 

 

1937–1938-yillardagi “Katta qirg‘in”da Abdulla Shokirov ham nohaq qamoqqa olinadi. 1937-yil 13-avgustda 575-order bilan Toshkent turmasiga qamoqqa olingan va shu paytda qamoqda Abdulla Qodiriy ham bor edi. 6 oydan so‘ng Abdulla Qodiriyni otishga hukm qilinadi, Abdulla Shokirov 2 yil davomida qamoq tergovida bo‘ladi. Tergov jarayonida uning tomoq va bo‘ynidan ombir bilan tortib azoblashgan. Qattiq qiynoqlardan so‘ng u O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-modda 1-qismi bilan sakkiz (8) yil va 36-moddasiga asosan to‘rt (4) yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Jazoni o‘tash 1937-yil 14-avgustdan hisoblanib, Sibir qamoqxonalariga yuboriladi.

 

Qamoqdan keyin u Farg‘ona viloyatining rayon maktablarida rus tilidan dars beradi va ijodiy faoliyatini ham davom ettiradi. O‘qituvchilik davrida respublika matbuotiga ham metodik maqolalari bilan qatnashib turgan. Lekin repressiya qiynoqlari uning hayoti va ijodiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, – maqolalari, yozgan asarlari “xalq dushmani” tamg‘asi tufayli qabul qilinmaydi. Natijada do‘stlari orqali, ularning nomi bilan chiqariladi.

 

1956-yili boshlangan oqlov ishlari davrida Abdulla Shokirov Moskva va Toshkentdagi Oliy Sovetga murojaat qilib, o‘z ishini ko‘rib chiqishni so‘raydi va “Ishingizni albatta ko‘rib chiqayapmiz” degan rasmiy javob oladi. U Sibirda orttirgan tuberkulyoz kasalligi tufayli shu yili, 44 yoshida vafot etadi. Vafotidan 3 kun o‘tib rasman oqlangani haqida xabar keladi.

 

Abdulla Shokirovning turmush o‘rtog‘i Kumushoy Husanova o‘qituvchi bo‘lgan. Qizi Kashifaxon rayon kutubxonalarida metodist sifatida ishlagan. Shuningdek, Abdulla Shokirovning oilasi repressiya paytida nafaqa va huquqiy hujjatlar bilan ham qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan.

 

 

Jumladan, Abdulla Shokirning vafotidan so‘ng farzandlariga tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik haqidagi nafaqasi to‘lanmaydi, “xalq dushmanlari bolalariga nafaqa berilmaydi” degan sabab ko‘rsatiladi. Keyinroq Kumushoy Husanova SSSR Prokuraturasidan olingan oqlov qog‘ozini rayon ta’minot bo‘limiga taqdim qilgan, ammo bu hujjat ham yo‘qolgan.

 

Xulosa qilib aytganda, Abdulla Shokir va uning oilasi misolidagi ushbu tadqiqot qatag‘on siyosati birgina shaxsni jazolash bilan chegaralanmasdan, butun bir oilalarni yo‘q qilishga qaratilgan tizimli jarayon bo‘lganini ochiqlaydi. “Unutilgan tarix”ni qayta ochish orqali millatning ma’naviy yo‘qotishlari chuqurroq anglanadi va kelajak uchun muhim xulosalar chiqariladi.

 

Mashhuraxon DARMONOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

1.                               O‘zbekiston Respublikasi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi joriy arxivi. Abdulla Shokirov, Xayrulla Shokirxo‘jayevning tergov hujjatlari.

2.                               Мashhura Darmonova. “Milliy Turkiston: jadidchilik va qatag‘on” [Matn]. – Toshkent, 2024, – 196-b.

3.                               Ahat Andican. Cedidizmden Bağımsızlığa Hariçte Türkistan mücadelesi. İstanbul. 2020. – S. 513–515.

4.                               Tarix va taqdirlar: Abdulla Shokirov / “Kommunizm yo‘li” gazetasi. 1989-yil 1-aprel.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//