Amir Temurning bobosi kim bo‘lgan?


Saqlash
17:51 / 07.01.2026 91 0

Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning shaxsiyati va merosi nafaqat harbiy yutuqlar, balki oilaviy nasl-nasab va madaniy-ijtimoiy muhit bilan ham chambarchas bog‘liq. Temuriylar davri yozma manbalarining aksariyatida Amir Temurning onasi Tegina begim (xotun) ekani yakdillik bilan ta’kidlanadi. Shuningdek, Sarkardaning ona tarafdagi bobosi sifatida Sadr ash-Shari’a (taxminan 1290–1346/747-yil v.) nomi qayd etilgan. Ammo uning to‘liq ismi-sharifi manbalarda turlicha shakllarda keltirilgan. Jumladan, Sharafiddin Roqimiyning “Tarixi tomm” asarida Sadr ash-shari’a Abdulla ibn Mas’ud ibn Toj ash-shari’a, 1712-yilda yozilgan muallifi noma’lum forsiy “Temurnoma”da Sadr ash-Shari’a Ubaydulloh ibn Toj ash-shari’a Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy al-Buxoriy, ayrim tadqiqotlarda esa Ubaydulloh ibn Mas’ud ibn Mahmud al-Mahbubiy al-Buxoriy  shaklida keladi. Shuningdek, ismga qo‘shimcha tarzda kelgan mazkur unvon ham manbalarda turlicha ifodalangan: Sadr ash-Shari’a al-Asghar (kichik Sadr ash-Shari’a) yoki Sadr ash-Shari’a as-Soniy (ikkinchi Sadr ash-Shari’a). Bu unvon ushbu xonadon vakillarining avlodma-avlod ilmiy obro‘sini aks ettirib, uni buyuk bobosi Ahmad ibn Ubaydulloh (Sadr ash-Shari’a al-Akbar)dan farqlash uchun yuqoridagi shakllarda qo‘llanilgan.

 

Amir Temur va Temuriylar davrida o‘nlab tarixiy manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus”, Muiniddin Natanziy “Muntaxab ut-tavorix”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Hofizu Abru “Zubdat ut-tavorix” va boshqalar) yaratilgan bo‘lsa ham ularining aksariyatida Sohibqironning ona tomondan ajdodlari haqida deyarli qaydlar uchramaydi. Temuriylardan keyingi davrlarda jumladan, XVIII-XIX asrlar manbalari hisoblangan Salohiddin Toshkandiyning turkiy tildagi va noma’lum muallifning forsiy tildagi “Temurnoma”larida hamda Sharafiddin Roqimiyning “Tarixi tomm” asarida Amir Temurning bobosi Sadr ash-Shari’a haqida ma’lumotlar keltirilgan.

 

Sadr ash-shari’a yuqorida aytilganidek, aslida ism emas, unvon hisoblangan. Negaki, Tegina begimning ota ajdodlari shariat peshvolaridan sanalib, Toj ash-shari’a nisbasi bilan ham ulug‘langanlar. Sadr ash-shari’a haqida forsiy tildagi “Temurnoma”da shunday deyiladi: “Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon dar hafsadu siyu panj dar vaqti Bayonqulixon, dar zamoni Shayxul olam Sayfiddin az modar tavallud kard az duxtari Sadr as-Shari’a Tegina Xotun az modar. Sababi o‘ro mehnat ho rasid. Ba’d az ranji bisyor padarash o‘ro az Zanjirsaroy dar Shahrisabz burd”. Bu yerda Amir Temur Bayonqulixon hokimiyat tepasida turgan davrda Shayx ul-olam Sayfiddin (Boharziy) zamonida Sadr as-Shari’aning qizi Tegina Xotundan tug‘ilgani, onasining u tufayli ko‘p ranjlar ko‘rgani, so‘ng otasining Temurbekni Zanjirsaroydan olib ketgani bayon etilgan.

 

Mazkur ma’lumotlarga qo‘shimcha qaydlar Salohiddin Toshkandiyning turkiy tildagi “Temurnoma” asarida quyidagicha: “Hazrati Amir Temur Sohibqironning onalaridan tug‘ilmoqliklarini bayonida Sadr ash-Shari’aning qizlari Tegina Begim Mohdan, andin so‘ng bu o‘g‘il sababidin ko‘b mashaqqatlar tortib kelganda Amir Temur Amir Choku (Joku) uyida (hozirgi Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hududida – U.S.) tarbiyat topadi”.

 

Sadr ash-Shari’a haqidagi uzuq-yuluq ma’lumotlar Chig‘atoy xoni Tarmashirinxon hukmronligi davrida Movarounnahrga kelib, bir muddat mintaqada mehmon bo‘lgan arab sayyohi Ibn Battutaning “Sayohatnoma”sida ham keltirilgan. Manbada Ibn Battuta sayohati davomida Qarshida Chig‘atoy xoni Kebekxon davri, odilligi haqida ko‘p naqllar eshitganini yozadi. Ibn Battuta 1333-yilda Urganchdan Buxoroga keladi. Buxoroda Sayfiddin Boxarziyning nabirasi, mashhur shayx Yah’yo bilan uchrashadi. Bu haqda manbada shunday qaydlar mavjud: “Biz Buxoro chetida, Fathobod nomi bilan mashhur bo‘lgan joyda to‘xtadik... Bu yerda meni Makkani tavof qilib qaytgan ulug‘ shayxning (Sayfiddin Boxarziyning) vorisi Shayx Yah’yo mehmon qilib, hurmatladi. U shaharning eng hurmatli kishilarini to‘pladi. Men shu yerda olijanob olim – fiqhshunos “Sadr ash-Shari’a” unvoniga ega bo‘lgan zotni uchratdim”. Ibn Battutaning mazkur ma’lumoti ham XIV asr birinchi yarmida Buxoroda Sadr ash-Shari’a mashhur ulamolardan bo‘lganini ko‘rsatadi. Sadr ash-Shari’aning bobosi Toj ash-Shari’a Mahmud ibn Sadr al-Shari’a al-Akbar ham taniqli ulamolardan bo‘lib, “Viqoya” asarining muallifi bo‘lgani mazkur davr fiqhiy asarlarida ta’kidlanadi. Shuningdek, uning katta bobosi Sadr ash-Shari’a al-Akbar (Ahmad ibn Ubaydulloh) esa “Talqih al-Uqul” asarining muallifi hisoblanadi. Mazkur ma’lumotlar ham xonadonning bir nechta vakillari hanafiy mazhabi olimlari bo‘lganini isbatlaydi.

 

Sadr ash-Shari’a otasi Jamoliddin Mas’ud va bobosi Toj ash-Shari’a Mahmuddan ta’lim olgan. Ilmiy salohiyati hanafiy fiqh, usul al-fiqh, kalom (teologiya), mantiq, arab tili grammatikasi, hadis, falsafa va boshqa fanlarni qamrab olgan. U Moturidiya aqidasiga amal qilgan hanafiy olim bo‘lib, o‘z davrida Buxoroning eng obro‘li shaxslaridan biri sifatida tanilgan. Sadr ash-Shari’a o‘z davrida fiqh va usul al-fiqh sohasida yangi yondashuvlarni joriy etgan olimlardan biri edi. U hanafiy mazhabning an’anaviy yo‘nalishini (faqihlar yo‘li) va mutakallimlar (mantiqiy-falsafiy) yo‘nalishini birlashtirib, sintez yaratgan. Uning asarlari keyingi asrlarda hanafiy madrasalarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Manbalarning shahodat berishicha, u hijriy 747-yilda (milodiy 1346-1347-yilda) Buxoroda vafot etgan va o‘sha yerda dafn etilgan.

 

Tadqiqotchilar o‘rtasida “Sadr as-shari’a” nomi ustida har xil qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar uni to‘qima obraz sifatida talqin qilishsa, ba’zi olimlar uning tarixiy shaxs bo‘lganini ta’kidlaydilar. “Temurnoma”larning shahodat berishicha, Sadr ash-Shari’a Ubaydulloh xonadoni vakillari Buxoroning tagli-tugli oilalaridan bo‘lib, dinning ulug‘ peshvolaridan sanalgan. Ular Buxoroning mashhur kishilari sifatida fiqhshunoslikda tengsiz edilar. Shu sababli mazkur xonadon vakillari “toj ash-shari’a” – “shariat hujjati”, “sadr ash-shari’a” – “shariat ulug‘i” kabi nomlar bilan ulug‘langan.

 

Sadr ash-shari’a xonadoni vakillari haqidagi qisqa qaydlar Temuriylar davri tarixchisi Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida ham eslatilgan. Muallif 1309-yil xususidagi ma’lumotlarga to‘xtalganda mavlono Toj ash-shari’a Abu Abdulloh Umarning Karmanada vafot etgani haqida yozadi. Shuningdek, 1329-yil ma’lumotlarida Burxon ash-shari’a Mahmudning Karmanada vafot etishiga doir qaydlarni keltiradi.

 

Sadr ash-shari’aning qizi Tegina begim esa taxminan 1318-yilda tug‘ilgan, 1334-yilda Amir Temur otasi Amir Tarag‘ay Bahodirga turmushga chiqqan va bu nikohdan keyinchalik Temurbek (Amir Temur) tug‘ilgan. Tegina begim 1353-yilda Xo‘ja Ilg‘orda (Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan qishloq) vafot etgan. Amir Tarag‘ay Bahodir va Tegina begim nikohi xususidagi ma’lumotlar aynan Amir Temur va Temuriylar davrining asosiy manbalaridan o‘rin olmagani sababli ayrim xorij tadqiqotchilari, jumladan, Beatrice Forbes Manz bu ma’lumotni afsonaviy yoki Amir Temur avlodlari tomonidan shajarani “diniy nufuzli qilish” maqsadida o‘ylab topilgan deb talqin qilinadi. Biroq ko‘pchilik sharqshunoslar va hanafiy tarixchilar mazkur aloqani qabul qilishadi va Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy sohibqiron Amir Temurning ona tomondan bobosi sifatida tan olinadi.

 

Sadr ash-Shari’a al-Asghar (Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy) XIV asr, Movarounnahrning yetakchi hanafiy olimi bo‘lib, fiqh, usul al-fiqh va astronomiya sohasida muhim iz qoldirgan. Uning va ajdodlarining qoldirgan ilmiy merosi – o‘nga yaqin fiqhiy asarlari hanafiy ta’lim tizimida asrlar davomida asosiy o‘rin egallagan. Sadr ash-shari’a xonadonining barlos qabilasi yetakchilaridan bo‘lgan Amir Tarag‘ay oilasi bilan qarindoshligi va bu nikohdan Amir Temurning tug‘ilganligi uning shaxsiyati va sohibqiron barpo qilgan imperiyaning diniy-ma’naviy asoslarini tushunishda muhimdir. Bu aloqa Amir Temurning nafaqat harbiy, balki madaniy va diniy merosini ham boyitgan omil sifatida qaralishi mumkin.

 

Sevinch ULASHOVA,

Alfraganus universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:01 / 08.01.2026 0 42
Gaspiralining taraqqiyot haqidagi fikrlari

Ta’lim-tarbiya

10:01 / 06.01.2026 0 220
Parazitar tafakkur





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//