(Ana Korina Sosa Machado tomonidan o‘qib eshittirilgan)
Oslo, 10-dekabr, 2025
Oliynasab insonlar, hurmatli zotlar, Norvegiya Nobel Qo‘mitasining faxriy a’zolari, dunyo fuqarolari va aziz venesuelaliklarim!
Men bu yerga bir hikoyani aytib bergani keldim: bu – bir xalq haqida, uning ozodlik sari bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘li haqida hikoya.
Bugun mana shu yo‘l azal-azaldan o‘zlariga tegishli bo‘lgan manzillarni qaytarib olish uchun yana bir bor bosh ko‘targan millionlab venesuelaliklarning ovozi sifatida kaminani qarshingizga boshlab keldi.
Venesuelani xalqlar va madaniyatlar qorishuvidan shakllangan qat’iyat bunyod qildi. Biz Ispaniyadan til, madaniyat va e’tiqodni meros qilib oldik — bu meros tubyerlik ajdodlarimiz va afrikalik ildizlarimiz bilan birlashib ketdi.
1811-yilda biz ispantilli dunyodagi eng birinchi konstitutsiyani yozdik, bu tarixdagi respublikachilikka oid dastlabki qomuslardan biri hisoblanar va unda har bir inson suveren qadr-qimmatga egaligi haqidagi keskin g‘oya o‘z tasdig‘ini topgandi. Mazkur konstitutsiyada fuqarolik, individual huquqlar, e’tiqod erkinligi va kuchlar bo‘linishi bayon etilgandi.
Bizning ajdodlarimiz ozodlikni yelkalarida ko‘tarib yurishgan. Ular “ozodlik baham ko‘rilmaguncha to‘kis bo‘lmaydi” degan g‘oyaga ergashib, erkin va teng huquqli fuqarolar yashaydigan jamiyatni qurishga ko‘maklashish uchun Orinoko[1] qirg‘oqlaridan Potosi[2] tepaliklarigacha butun qit’ani kesib o‘tishgan.
Eng boshidanoq, biz sodda va ulug‘vor g‘oyaga ishondik: har bir inson ozod yashash uchun tug‘ilgan! Mana shu ishonch milliy ruhimizga aylandi.
Yigirmanchi asrga kelib yer yorildi: 1922-yilda La Rosa[3]dagi to‘qqiz kunlik Reventon[4] sodir bo‘ldi. Mana sizga neft va imkoniyatlar favvorasi!
Shukrki, biz o‘sha tuyqus boylikni bilim va tasavvur uchun yonilg‘iga aylantira oldik.
Olimlarimizning zakosi bilan ofatga nuqta qo‘ydik. Jahoniy obro‘ga ega universitetlar, muzeylar va konsert zallari qurdik, hur fikr albatta islohotlar olib qaytishiga ishonib minglab yosh venesuelaliklarni grantlar orqali chetga jo‘natdik. Shaharlarimiz Kruz-Diez[5] va Soto[6]ning kinetik san’at asarlaridan jilvalandi.
Biz po‘lat, alyuminiy va suv energiyasini ishlab chiqardik — Venesuela tasavvurga sig‘dirolgan istalgan narsasini qura olishiga isbot edi bu.
Venesuela boshpanaga ham aylandi.
Dunyoning har burchagidan keluvchi migrantlar va qochqinlarga bag‘rimizni ochdik: fuqarolik urushidan qochgan ispanlar, kambag‘allik va diktaturadan to‘ygan italyan-u portugallar, holokostdan aziyat chekkan yahudiylar, harbiy rejimdan qochgan Chili, Argentina va Urugvay fuqarolari, kommunizm dastidan dod solgan kubaliklar hamda Kolumbiya, Livan va Suriyadan tinchlik izlab kelgan oilalar. Biz ularni uy-joy, maktablar va xavfsizlik bilan ta’minladik. Shunday qilib, ular venesuelaliklarga aylanishdi.
Mana haqiqiy Venesuela.
Biz qurgan demokratiya Lotin Amerikasidagi eng mo‘tadil tuzumga aylandi, erkinlik esa ijodiy kuch sifatida namoyon bo‘ldi.
Ammo eng kuchli demokratiya ham fuqarolar erkinlikni kutib o‘tirish emas, balki kishining o‘zi erkinlikka aylanishi kerakligini unutgan pallada zaiflashadi.
Bu ongli, shaxsiy tanlov bo‘lib, bunday tanlovlarning yig‘indisi har kuni yangilanishi lozim bo‘lgan fuqarolik etikasini shakllantiradi.
Neft daromadlarining davlatda to‘planishi teskari motivni shakllantirdi: bu hukumatga jamiyat ustidan cheksiz qudrat ato etib, maxsus imtiyozlar, homiylik va korrupsiyaga yo‘l ochib berdi.
Men mansub avlod jo‘shqin demokratik davrda tug‘ildik, shu sabab buni yetarlicha qadrlamadik. Erkinlik ham nafas olayotgan havomiz kabi umrboqiy deb o‘ylardik. Huquqlarimizdan bahramand bo‘ldik, ammo burchlarimiz yoddan ko‘tarildi.
Meni otam tarbiyaladi, uning hayotiy faoliyati – qurish, yaratish, xizmat qilish – menga bu mamlakatni sevish uning kelajagiga mas’uliyat bilan qarash ekanini o‘rgatdi.
Institutlarimiz naqadar zaiflashganini anglab yetamiz degancha, bir paytlar demokratiyani ag‘darish uchun harbiy to‘ntarishga boshchilik qilgan odam prezident etib saylandi. Ko‘pchilik xarizma qonun ustuvorligi o‘rnini bosishi mumkin deb xomtama bo‘ldi.
1999-yildan boshlab amaldagi tuzum demokratiyamizni parchalashga o‘tdi: Konstitutsiyani buzildi, tariximiz soxtalashtirildi, harbiy kuchlarga darz ketdi, mustaqil sudyalar siqib chiqarildi, matbuotga senzura qo‘yildi, saylovlar manipulyatsiya qilindi, farqli fikrlovchilar ta’qib qilindi va noyob etnik xilma-xilligimizga putur yetkazildi.
Neft boyligi xalqni yuksaltirishga emas, qaddini bukishga sarflandi.
Milliy televideniye orqali xaroba uylarda yashovchi oilalarga kir yuvish mashinalari va muzlatgichlar tarqatildi; lekin bu aslo taraqqiyot nishonasi emas, xo‘jako‘rsinga qilingan tadbir edi xolos.
Ijtimoiy boshpana sifatida ajratilgan kvartiralar sanoqli kishilarga itoatkorlik evaziga mukofot o‘laroq in’om etildi.
So‘ng vayrongarchilik yuz berdi:
Ochiqchasiga korrupsiya, tarixiy talonchilik. Tuzum hukmronligi davrida Venesuela neftdan o‘tgan asrdagiga qaraganda ko‘proq daromad topdi. Lekin ularning hammasi o‘g‘irlandi.
Mamlakat ichkarisida jinoiy va xalqaro terrorchi guruhlar davlatda o‘rnashib ketgan bir paytda, neft mablag‘lari xorijdan sadoqat sotib olish vositasiga aylandi.
Iqtisodiyot 80 foizdan ko‘proqqa quladi.
Kambag‘allik 86 foizdan oshdi.
To‘qqiz million venesuelalik yurtini tashlab qochishga majbur bo‘ldi.
Bular statistika emas, bular – ochiq yaralar.
Bu orada yanada og‘irroq, mamlakatni yemiruvchi holat sodir bo‘ldi. Ongli usul edi bu: jamiyatni mafkura, irq, nasl-nasab, turmush tarziga ko‘ra ajratish; venesuelaliklarni bir-biriga ishonmaslikka, bir-birining ovozini o‘chirishga, bir-biriga dushman ko‘zi bilan qarashga undash. Ular bizni bo‘g‘ishdi, asir olishdi, o‘ldirishdi, surgun qilishdi.
Qonxo‘r diktaturaga qarshi kurashib kelayotganimizga mana qariyb o‘ttiz yil bo‘ldi.
Biz hamma yo‘lni sinab ko‘rdik, lekin: maxfiy muloqotlar fosh etildi, millionlar ishtirokidagi noroziliklar bostirildi, saylovlar soxtalashtirildi.
Umid butunlay parchalandi, har qanday kelajakka ishonch butkul so‘ndi. O‘zgarish g‘oyasi yo sodda, yoki ahmoqona bo‘lib tuyuldi. Imkonsiz edi hammasi.
Biroq, o‘sha umidsizlik tubidan, juda jo‘n va rasmiyatchilik uchunday tuyulgan birgina qadam, tariximiz yo‘nalishini o‘zgartirgan qudratni uyg‘otib yubordi.
Biz, barcha dushmanlarga qarshi turgan holda, boshlang‘ich saylovni o‘tkazishga qaror qildik. Bu kutilmagan isyonkorlik edi. Lekin biz xalqqa ishonishni tanladik.
Bir-birimizni qayta kashf etish uchun muttasil benzin tanqisligi, har kunlik blekautlar va nurab borayotgan aloqa tizimiga ega mamlakatda qancha yo‘l-u so‘qmoqni bosib o‘tmadik.
Reklama taqiqlangan, pul ham, nomimizni dadil tilga oladigan OAV ham yo‘q — faqat e’tiqod bilan qurollangan edik.
Yagona umidimiz el og‘zidagi gapdan edi, yaxshiki, ovozamiz har qanday targ‘ibot kampaniyasidan tezroq tarqaldi. Chunki ichimizdagi erkka tashnalik tabiiy edi.
Bizni tarqatib yuborishi kutilgan majburiy migratsiya, aksincha, bir muqaddas maqsad atrofida jamladi. U ham bo‘lsa — yurtimizdagi oilalarni qayta birlashtirish! Bobo-buvilar menga chet eldagi nabiralarini ko‘rmay dunyodan ko‘z yumish eng katta hadiklari ekanini aytishdi; mayin ovoziga qayg‘u nafasi sira yarashmaydigan qizaloqlar mendan qit’alar bo‘ylab tarqalib ketgan onalari-yu, tug‘ishganlarini qaytarib kelishni iltimos qilishdi.
Og‘rig‘imiz bir yurak zarbida jo bo‘ldi: “farzandlarimizni uyga qaytaring!”
2023-yilning mayi, Nirgua shaharchasidagi mitingda Karmen ismli o‘qituvchi oldimga keldi. U menga hozirgina Jefa de Calle[7]si bilan uchrashib qolganini aytdi: u Karmen yashaydigan kvartalga tayinlangan tuzum agenti bo‘lib, uyma-uy yurib kimga oylik oziq-ovqat taloni berilishini va kim ochlik bilan jazolanishini hal qiladigan kishi edi.
Nozir ayolni bu yerda ko‘rib hayratga tushgan Karmen undan “Bu yerda nima qilib yuribsiz?” deb so‘rabdi.
Jefa de Calle shunday javob beribdi: “Peruga qochib ketgan yolg‘iz o‘g‘lim bugun shu yerda bo‘lishimni tayinladi. Agar sizlar yutadigan bo‘lsangiz, uyga qaytar emish. Endi ayting, sizlarga qanday yordam berolaman?”
O‘sha kuni muhabbat qo‘rquv ustidan g‘alaba qozongandi!
Ikki hafta o‘tgach, kolumbiyalik partizanlar va dorifurushlar egallab olgan, hatto birgina tovuqni ham jinoiy to‘da ruxsatsiz sotishning iloji bo‘lmagan Delisias qishloqchasiga kirib bordik. 1978-yildan beri bu yerga birorta ham nomzod oyoq bosmagandi.
Tog‘ga ko‘tarilar ekanmiz, har bir kamtarona xonadonda hilpirab turgan Venesuela bayrog‘iga ko‘zim tushdi. Soddalik qilib, bugun biror bayram bormidi, deb so‘rabman. Kimdir shivirladi: “Yo‘q. Bu yerda bayroqni yashirin saqlashadi. Tashqariga olib chiqish xavfli. Bugun odamlar kelishga jur’at etganingiz sabab sizga minnatdorchilik ramzi sifatida bayroqlarini baland ko‘tarishdi.
Siz ketasiz... biz esa qolamiz, kimligimizni ham aniqlab olishadi…”
Barcha oila a’zolari o‘z hayotlarini nazorat qilgan qurolli guruhlarga qarshi turdilar. Birgalikda davlat madhiyasini kuylaganimizda, suverenitet yagona, mo‘rt, ammo qat’iyatli jo‘rovozlik ohangida qayta tiklandi.
O‘sha kuni jasorat zulm ustidan g‘alaba qozongandi.
Mitinglarimiz minglab odamlarning hayajonli uchrashuvlariga aylanib ketdi.
Bir-birimizni quchoqladik, yig‘ladik, duolar qildik.
Tushundikki, aslida kurashlarimiz oldida saylov hech nima emasdi.
Bunda axloq masalasi bor edi: haqiqat uchun kurash!
Tiriklik masalasi: hayot uchun kurash!
Ruhiyat masalasi: ezgulik uchun kurash!
Prezident sayloviga bir yildan kamroq vaqt qolganda, barcha demokratik kuchlarni birlashtirishimiz va ovoz berishga bo‘lgan ishonchni tiklashimiz lozim edi. O‘sha lahza praymerizga aylandi: Venesuela tarixida misli ko‘rilmagan umummilliy fuqarolik tarmog‘ini yaratgan o‘z-o‘zini tashkil etuvchi fuqarolik harakati.
2023-yil 22-oktyabrida, barcha dushmanlarga qarshi turgan holda, Venesuela uyg‘ondi.
Millatimizning uchdan bir qismini tashkil etuvchi diaspora saylov huquqini qayta tikladi.
Ketgan o‘g‘il qolgan onasi bilan yonma-yon turib ovoz berdi.
Navbatlar bir necha kvartalgacha cho‘zildi. Saylovchilar shu qadar ko‘p ediki, byulletenlar yetmay qoldi. Biz xalqqa ishondik, xalq esa – bizga.
Yetakchilikni huquqiylashtirish mexanizmi sifatida boshlangan harakat millatning o‘ziga ishonchi qayta paydo bo‘lishiga ulanib ketdi. O‘sha kuni men har qanday shaxsiy manfaatdan ham ziyoda mas’uliyat, ya’ni mandat oldim. O‘zimni xokisor tutar va zimmamga yuklangan mas’uliyatni chuqur his etardim.
Mazkur xabardan vahimaga tushgach, amaldagi tuzum menga prezidentlik saylovida qatnashishni ma’n qildi. Bu har qancha qattiq zarba bo‘lmasin, baribir mandatlar xalqniki edi.
Shu sabab, o‘rnimga boshqa nomzod topishga qaror qildik.
Bosiq va jasur sobiq diplomat Edmundo Gonsales Urrutiya o‘rtaga chiqdi. Tuzum uni hech qanday xavf tug‘dirmaydi, deb hisoblardi.
Ular millionlab fuqarolarning qat’iyatini — barcha xilma-xilligi bilan umumiy maqsad yo‘lida birlashgan olovqalb jamiyatni mensishmadi. Jamoalar, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, talabalar va fuqarolik jamiyati millat ovozi eshitilishi uchun bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilishdi.
Saylov kuniga atigi uch oy qolgan, biroq hali ham hech kim bizning nomzodni tanimasdi.
Biroq ovozlarning o‘zi yetarli bo‘lmay, oldinda ularni himoya qilish masalasi ham turardi. Buning uchun bir yildan oshiq vaqt davomida infratuzilma yaratdik: 30 000 ta saylov uchastkasida 600 000 ta volontyor; QR-kodlarni skanerlash uchun ilovalar, raqamli platformalar, diaspora koll-markazlari. Biz Venesuelaning eng chekka burchaklariga ham meva sotadigan yuk mashinalari ichiga yashirilgan skanerlar, Starlink antennalari va noutbuklarni joylashtirdik. Texnologiya erkinlik uchun kurashish vositasiga aylandi.
Yashirin mashg‘ulotlar kallayi saharlab cherkovning orqaxonalarida, oshxonalar va yerto‘lalarda mamlakat bo‘ylab kontrabanda kabi olib o‘tiladigan bosma materiallardan foydalangan holda o‘tkazilardi.
Nihoyat saylov kuni keldi: 2024-yil, 28-iyul. Hali peshin bo‘lmasdan tumonat odam ko‘chalarni to‘ldirgandi.
Atrof sokin, havo titroq umidga to‘la. Bizning jonli kuzatuvimiz har bir shtat va shahar bo‘ylab tashriflar soni ortib borayotganini ko‘rsatardi. Shundan so‘ng, xalq irodasining muqaddas isboti bo‘lgan saylov varaqalari avval telefon, keyin WhatsApp, keyin suratga olish, keyin skanerlash va nihoyat qo‘lda, xachirlarda, hatto kanoeda olib o‘tish orqali bizga yetib kela boshladi.
Haqiqat vulqoni portlaganday varaqalar hamma joydan yopirilib kelaverdi, chunki minglab fuqarolar byulletenlarni himoya qilish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yishayotgandi.
Yirik g‘alabamizga yuzma-yuz kelgan tuzum, umidsizlikka tushib, shunday buyruq chiqardi: askarlar volontyorlarimizni ovoz berish markazlaridan chiqarib yuborishlari va ularning saylov varaqalarini olishlariga qarshi turishlari kerak edi.
Biroq askarlar buyruqqa bo‘ysunishmadi.
Edmundo Gonsales har bir shtat, shahar va qishloqni hisoblaganda 67 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Har bir hisob-kitob varag‘i buni tasdiqlardi.
Bir necha soat ichida ular raqamli shaklga o‘tkazilib, butun dunyo ko‘rishi uchun veb-saytga joylashtirildi.
Diktatura bunga terror bilan javob qaytardi.
2500 kishi o‘g‘irlandi, g‘oyib bo‘ldi, qiynoqqa tortildi.
Uylar qurshab olindi.
Oilalar to‘laligicha garovga olindi.
Ruhoniylar, o‘qituvchilar, hamshiralar, talabalar, hisob varag‘ini tarqatgan har bir kishi qo‘lga olindi.
Bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan insoniyatga qarshi jinoyat deb hujjatlashtirilgan harakatlar edi. Xalq irodasini yerga ko‘mishga qaratilgan davlat terrorizmi edi bu.
Saylovdan keyin hibsga olingan 220 dan ortiq bolalarning ba’zilari elektr toki bilan qiynoqqa solingan, kaltaklangan va hukumatga kerak bo‘lgan yolg‘onni – isyonda qatnashganlari evaziga mendan moddiy rag‘bat olganliklarini tan olmaguncha hatto bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Qamoqxonadagi ayollar va qizlar hozirgacha oilasi bilan ko‘rishish, ovqatlanish yoki cho‘milishga ruxsat olish uchun jinsiy zo‘ravonlikka majbur chidab kelmoqda.
Lekin shunda ham Venesuela xalqi ortga chekinmadi.
O‘tgan o‘n olti oylik maxfiy faoliyatimiz mobaynida, Venesuelaning demokratiyaga tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida, fuqarolik bosimi va intizomli itoatsizlikning yangi tarmoqlarini barpo etdik.
Shunday qilib, biz bugun ozodlik ostonasida turgan millionlab insonlarning aks-sadosi yangrayotgan kunga ham yetib keldik. Bu mukofot chuqur ma’no kasb etadi; u tinchlik barqaror bo‘lishi uchun demokratiya zarurligini dunyoga eslatib turadi.
Eng muhimi, biz, venesuelaliklar, ushbu uzoq va mashaqqatli safar davomida olgan sabog‘imizni butun dunyo bilan bo‘lisha olamiz: demokratiyaga erishishmoqchimisiz, erkinlik yo‘lida kurashga tayyor turishingiz shart!
Erkinlik tanlovi esa har kuni rivojlanishga muhtoj bo‘lib, uning qadri himoya qilishga qanchalar shayligimiz va jasoratimiz bilan o‘lchanadi.
Shu sababdan, Venesuela masalasi ichki chegaralarimizdan ham oshib o‘tdi. Erkinlikni tanlagan xalq nafaqat o‘ziga, butun insoniyatga naf keltiradi.
Biz bir-birimizdan yuz o‘girishni bas qilganimizda, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, haqiqatga tikma-tik qaraganimizda, hayotga muhabbatimiz bizga bardosh va g‘alaba uchun kuch bag‘ishlagandagina erkinlikka erishamiz.
Ana shu ichki uyg‘unlik, ana shu hayotiy yaxlitlik bilangina yorug‘ taqdirga peshvoz chiqa olamiz.
Shundagina chinakam o‘zimizga aylanamiz, yashash desa arzigulik hayotimiz bo‘ladi.
Ozodlik sari bosib o‘tilgan yo‘lda qalblarimiz tubida yotgan ishonchni uyg‘otdik — u hayotimizga teran ma’no berdi, buyuk kelajakni totuvlikda qurishga bizni tayyorladi.
Bundan chiqdi, tinchlik aslida muhabbat degani.
Bu muhabbat allaqachon ertangni kunimizga ta’sir o‘tkazdi.
Venesuela yana erkin nafas olajak!
Biz qamoqxona eshiklarini ochib, minglab nohaq qamalganlar yorug‘likka chiqishini, ularning erki uchun kurashdan to‘xtamagan yaqinlarining bag‘riga otilishini tomosha qilamiz.
Nevaralarini qo‘yniga o‘tkazib, qadim tarixda o‘tgan ajdodlari emas, o‘z ota-onalarining jasorati haqida ertak aytadigan bobo-buvilarni uchratamiz.
Nihoyat turli g‘oyalar ustida ovozlarini erkin ko‘tarib, qo‘rqmasdan, berilib bahs yuritayotgan talabalarni ko‘ramiz.
Biz yana bir-birimizni quchoqlaymiz. Yana sevib qolamiz. Ko‘chalarimizni to‘ldirgan kulgi va musiqaga quloq tutamiz.
Dunyo ahli uchun odatiy holga aylangan xursandchilik bizga ham nasib etadi.
Aziz venesuelaliklarim, bugun butun dunyo nimalarga erishganimizdan hayratda. Tez orada u davrimizning eng ta’sirli voqealaridan biriga guvoh bo‘ladi: dilbandlarimiz uyga qaytishadi va bir paytlar vatandan ketayotgan minglab odamlar orasida turib yig‘lagan yerim – Simon Bolivar ko‘prigida turib, ularni yorqin kelajakka ishonch bilan kutib olaman.
Chunki ozodlik uchun kurash hamisha ichimizda yashab kelgan.
Va endi o‘zimizga qaytyapmiz. Uyimizga qaytyapmiz.
Ushbu mashaqqatli yo‘ldagi qahramonlarni sharaflashga ijozat bersangiz.
Ular – siyosiy mahbuslarimiz, ta’qibga uchraganlar, ularning oilalari va barcha inson huquqlari himoyachilari; bizga boshpana berganlar, qornimizni to‘qlaganlar va bizni himoya qilish uchun hayotini xavfga qo‘yganlar; sukut saqlashdan bosh tortgan jurnalistlar, dadil ovozimizga aylangan san’atkorlar; mening ajoyib jamoam, ustozlarim, siyosiy va ijtimoiy faol hamkasblarim; butun dunyo bo‘ylab bizga qo‘shilgan va himoya qilgan yetakchilar; uch farzandim, qadrli otam, onaginam, uch singlim, butun hayotim davomida meni qo‘llab-quvvatlagan qo‘rqmas va mehribon erim; hamda eng muhimi, azbaroyi muhabbatidan uyi, oilasi va hayotini xatarga qo‘ygan millionlab Venesuela xalqi.
Bu sharaf ularniki!
Bu kun ularniki!
Kelajak ularniki!
Tashakkur!
Shoxrux USMONOV tarjimasi
Oyina.uz
[1] Orinoko — Venesuela va Kolumbiya hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Amerikadagi eng katta daryolardan biri (barcha izohlar tarjimonniki)
[2] Potosi — hozirgi kunda Boliviya hududiga kiruvchi, dengiz sathidan eng balandda joylashgan shaharlardan biri.
[3] La Rosa — Venesuelaning Zulia shtati, Marakaybo ko‘li sohilidagi Kabimas shahri yaqinidagi neft koni
[4] Reventon — ispanchada “portlash”, “otilish” ma’nosini anglatadi. 1922-yil 14-dekabrda neft konida sodir bo‘lgan portlash shunday ataladi. Uning oqibatida 100 000 barrel neft otilib chiqqan, hodisa to‘qqiz kun davom etgan.
[5] Karlos Kruz-Diez — kinetik va optik san’at rivojlanishida muhim rol o‘ynagan venesuelalik ijodkor (1923-2019)
[6] Xesus Rafeal Soto — venesuelalik rassom, haykaltarosh, kinetik va optik san’at asarlari muallifi (1923-2005)
[7] Jefa de Calle Policia — ma’lum ko‘cha, daha yoki mahallaga biriktirilgan politsiya noziri
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q