Inson bo‘lishni o‘rgatadigan kitob
Harper Li. Mazaxchini o‘ldirish. Toshkent, “Akademnashr”, 2025.
Bu roman Amerika adabiyotida tom ma’noda voqea o‘laroq baholangan. BBC talqiniga ko‘ra, XX asrda yaratilgan eng yaxshi asarlar ro‘yxatiga kiritilgan. Nashr etilishi bilan Pulitser mukofotiga loyiq ko‘rilgan.
Aka-singil Jin Luiza va Jeremining onasi vafot etgan. Ellik yashar advokat Attikus Finch norasida bolalarini yolg‘iz o‘zi tarbiyalaydi. Aka-singilni qo‘shni uydagi Artur alvasti juda qiziqtiradi – maktabda sho‘xlik qilgani sabab otasi uni 17 yoshida uyga qamab qo‘ygan. Kim o‘zi bu Artur alvasti? U rostdan ham mushuklarni tiriklay yeydimi? Onasini o‘ldirganmi? Nega ostona hatlab ko‘chaga chiqmaydi? Axir, uni qamagan ota o‘lib ketganiga necha yillar bo‘lgan-ku?.. Attikus uni o‘z holiga qo‘yish zarurligini aytadi: “Odamlarning ko‘chaga chiqmaslikni ixtiyor etish huquqi bor va biz uni hurmat qilishimiz kerak”.
Asarda Artur Redli va Tom bilan bog‘liq ikki syujet liniyasi bor. Artur o‘smirligida nohaq ayblov bilan uyga bandi etilgan va jamiyatdan yuz o‘girgan. Oq tanli dehqon uyida xizmat qiladigan qora tanli nogiron Tom esa tuhmatga uchraydi: tajovuzda ayblanadi va hibsga olinadi. Attikus davlat tomonidan advokat etib belgilanadi-yu, hamshaharlar bosimi ostida qoladi. O‘ziga ochiq gapira olmaydilar, lekin bolalarini “ahmoq”ning, “xoin”ning bolasi deya mazaxlab kamsitishadi.
O‘sha davrda Amerikada istalgan qora tanli odamga ehtimoliy jinoyatchi deb qaralgan ekan! Oq tanli kimsa zanjiga tuhmat qilishi, u sho‘rlik esa adolatsiz ravishda o‘limga mahkum etilishi oddiy hol bo‘lgan. Qora tanli begunoh bo‘lsa-da, sudyalar odil qaror chiqara olmas edi. Hal qiluvchi so‘zni aytishi lozim bo‘lgan sud maslahatchilari ham qora tanlining aybsiz deb topilishini oq tanlini yolg‘onchiga chiqarish deb bilar va hech qachon oqlov xulosasi bermas edi. Hatto qonun himoyachilari ham qora tanli aybdor emasligini bilsa-da, uni o‘lim jazosidan saqlab qololmas – jamoatchilik zug‘umi qonundan ustun edi. Amerika kabi qonun ustuvor deb bilinadigan jamiyatda bor-yo‘g‘i yuz yil oldin hukm surgan bunday qabohatlar odamni juda sergak torttiradi.
Ammo Amerikani Amerika qilib turgan boshqa narsa bor. Bu – vijdonli odamlarning jasorati, haq yo‘ldan qaytmasligi, adolat, to‘g‘rilik va halollik uchun jins-u irq tanlamay kurashishi. Ha, hatto yutqazishini bilsa ham kurashdan chekinmasligi! Chunki ular bugun behuda tuyulgan sa’y-harakatlar vaqti kelib katta natija berishiga ishonadi.
Jamiyatni illatlardan bir kunda butunlay tozalab bo‘lmaydi, ammo o‘zingiz yashayotgan muhitdagi yanglish fikrlarni amallaringiz orqali o‘zgartirib borsangiz, kun kelib jamiyat ham uyg‘onadi. Advokat Attikus Finch shunday yo‘l tutadiki, Tomning begunohligiga hech kimda shubha qolmaydi. Oq tanli olomon esa ichida haqiqatni tan olsa ham, sirtiga chiqarishni istamaydi. Tom o‘limga hukm qilinishi, undan ham oldin oqlardan birovi kelib o‘zini qamoqdayoq tinchitib ketishini fahmlab turardi. Axir, qonun ko‘pchilik tarafida bo‘lsa, kim ham eshitardi faqir, huquqsiz bir qora tanlining dodini?! Chorasiz qolgan Tom qochishga urinadi. Biroq majruh, nogiron odam qanday qilib simto‘rdan oshib o‘tsin?! Shuni bilaturib, nazoratchilar uni otib tashlaydi...
Attikus aslo chekinmaydi. Uning maqsadi faqat Tomni qutqarish emas, nohaqlik, qonunsizlik, notenglik hukm surayotgan jamiyatni o‘zgartirish ham edi. Ozodlik, tenglik, hurriyat – bu jozibali so‘zlar davralarda baralla yangraydi, ammo ularni hayotga joriy qilishga ba’zan bir odamning, goho jamiyatlarning kuchi-yu umri yetmaydi, millionlar hayoti qurbon beriladi. Gʻoya – qiroat qilib yurmoq uchun emas. Odamlar hayotiy a’molga aylantirsagina g‘oyalar jamiyatga singadi, bil’aks, o‘lik gapligicha qoladi. Attikus buni amalda isbotlab beradi.
Tom o‘ldi, ammo uni ayblaganlar sharmanda bo‘ldi. Yovuz niyatli kimsalar tuhmatni fosh qilgan advokatdan o‘ch olmoq uchun uning bolalarini o‘ldirishga urinadi. Qarangki, uzoq yillardan beri hech kimsaga qorasini ko‘rsatmagan Artur Redli bolalarni asrab qoladi, ablahni esa narigi dunyoga ravona qiladi. Arturni hech kim ayblamaydi – uni ayblash xuddi mazaxchi qushni o‘ldirish kabi gunoh bo‘lardi: axir, u qush faqat va faqat bizning qalbimiz rohati uchun sayraydi; na tabiatga, na odamga undan biror ziyon yetadi. Artur jamiyatning ana shunday a’zosi edi. Ayblash kerak bo‘lsa, boshqalarni – loqayd, johil olomonni ayblash lozim.
Keyinroq Amerikada qoralar ham oqlardek huquq va erkinliklarga ega bo‘ldi. “Mazaxchini o‘ldirish” asari esa maktab dasturiga kiritildi. Harper Li qalamiga mansub roman, tanqidchilar to‘g‘ri ta’kidlaganidek, insonga inson bo‘lishni o‘rgatadi.
Sirti xandon, ichi zindon
Fransuaza Sagan. Assalom, qayg‘u! Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2025.
Ikki romanini o‘qidim-u fransuz adibasi Fransuaza Sagan tasavvurimda jikkakkina, yovvoyi xandon va damdo‘z, shu bilan birga o‘yin-kulgiga mukkasidan ketgan qiz bo‘lib gavdalandi. Oila qurib, farzand ko‘rgan bo‘lsa-da, olamshumul shuhrat evaziga kelgan mo‘may pulni qimorxonada birvarakayiga yutqazib ship-shiydon bo‘lish, so‘ng yangi asar yozish va olingan do‘rjigina qalamhaqini yana do‘stlar bilan sayr-u sayohat, ko‘ngilxushlikka sarflash ham Saganga xos edi. U kibor fransuz jamiyatidagi nihoyatda orolangan go‘zallar orasida juldurvoqi kiyimda, bo‘yog‘-u taroshsiz yurgan.
Bir qarashda shamoldek yashagan shunday ayolni doim yerga tortib turadigan katta-katta toshlar bor edi – botiniy qayg‘u! O‘n yetti yoshida yozgan olamshumul asarini “Assalom, qayg‘u!” deb atagani ham bejiz emas. Yosh, asov, xush-xandon, otasi bilan gap-gashtak, sershovqin ziyofatlardan ortmaydigan qiz hayotiga qayg‘u qachon kirib kelgan? Bu savolning aksar yoshlarga tegishli jihati bor. Negaki, biz qachon bolalikni tark etganimiz, o‘smirlik va yoshlik chog‘i ma’yus tortib qolganimiz sababini tushuna olmay qolamiz. “Assalom, qayg‘u!” ana shu savolga javob beradi.
Saganning barcha asarlarida aql-zakovatli ayollarga mahliyolik seziladi. Yozuvchi ularning boy zakosi va teran qalb dunyosiga maftun; men hech qachon bunday bo‘lolmayman deb biladi, ular qarshisida o‘zini ojiz-u notavon sezadi. Shu vajdan, ya’ni hayotda istaganidek bo‘lolmagani uchun o‘zini yomon ko‘radi.
Odamda o‘zidan qoniqmaslik o‘smirligida paydo bo‘ladi va bu his uni umrbod tark etmaydi. Bu kayfiyat gohida inson ruhiyatini izdan chiqarishi mumkin. Saganning qahramoni o‘n yetti yashar Sesil kurashib o‘tirmaydi, shunchaki o‘zidan nafratlanishga ko‘nib qo‘yaqoladi. Buni unutmoq uchun esa har tun otasi bilan sarxush davralarga boradi. Ammo yomon ko‘rish degani shunday maxluqki, hech yerda ozod nafas olishga qo‘ymaydi, ko‘nglingiz, asabingizni itday tirnayveradi. Ana shu nuqtadan – inson o‘zini tahlil qilishga kirishgan ondan qayg‘u boshlanadi.
Sesil otasining Anna ismli mahbubasini ham yaxshi ko‘radi, ham undan nafratlanadi. Anna – o‘ta baland ichki ehtiros, tarbiya, axloq va intellektga ega ayol. Sesil va otasi esa bugunni huzur-halovatda o‘tkazmoq uchun hech narsadan qaytmaydigan ikki qayqibosh. Otaning ayollar bilan munosabati ham jiddiy emas, shunchaki ishq o‘yini. Sesil ham hayotga xuddi otasi kabi qaraydi. Biroq qirqqa kirib ham birovni tuzuk-quruq sevmagan Anna boshqacha ko‘radi hayotni. U uchun muhabbat – jiddiy masala; hayotni ishonch, sevgi, sadoqat ustiga qurish va ularni mudom to‘g‘ri parvarishlash kerak, deb hisoblaydi. Ko‘ngil qo‘ygan odamiga ishonishni hayotga e’timod qo‘yish deb biladi. Ammo Annaning qat’iy prinsiplari Sesil va otasiga daqqi bo‘lib tuyuladi.
Anna ota-bolaning turmushini risoladagidek qilmoq uchun kurashga bel bog‘laydi. Sesilni universitetga kirishga undaydi. Yanada muhimi, sevgi nihoyatda qadrli tuyg‘u ekanini his etishini istaydi. Qiz esa buni mag‘lubiyat deb qabul qiladi – xuddiki hayoti taomildagidek bo‘lmagani vajidan kimdir uni turtkilayapti, izza qilyapti. Sesil Annadan xalos bo‘lish maqsadida otasining eski ma’shuqasi bilan ittifoq tuzadi. Ammo shunda ham murodi hosil bo‘lmaydi: endi oqila Anna oldida o‘zini ojiz his qilish tuyg‘usiga aybdorlik tuyg‘usi ham qo‘shiladi. Sesil endi tinmay o‘zini taftish qilar, ayblar, avvalgi quvnoqligi qaygadir yo‘qolgan edi. Annaga bo‘lgan nafrati yanada ortadi. Qalbiga bir umrlik qutquni, doim o‘zini o‘zi sarhisob etib, koyib, azoblashdek qayg‘uni soldi, axir. Endi o‘smir qizga ishq o‘yinlari, sarmast yurishlar ham lazzat bermay qo‘yadi. Yuragi abadiy azobga mustahiq!..
Axir, Sesil otasi kabi erta-yu kech qovoqxonada umr o‘tkazsa, hech narsani o‘ylamay yashasa bo‘lardi-ku?! Ammo hayotida bir zakiy ayolning paydo bo‘lishi uni o‘sha halovatdan mahrum etdi. Endi uning butun hayoti qayg‘uga hamnafas o‘tadi. Shu tariqa kitobxon bilib oladiki, iztiroblarning manbai – o‘z-o‘zini tahlil qilish ekan.
Darvoqe, Annaning taqdiri qanday kechadi? Jondan sevgan odamini eski jazmani bilan ko‘rgach, o‘zini o‘zi halok etadi. Chunki bu oliyjanob qalbda endi na hayot, na sevgi, na odamzodga ishonch qolgan edi. Ha, u ham boshqalar kabi ishonch va sevgidan mahrum holda yashashi mumkin edi. Lekin bunday qilsa, o‘zi hazar qiladigan toifa – Sesil, otasi, do‘stlari va dunyodagi mutlaq ko‘pchilikning darajasiga tushgan bo‘lardi.
Bu hol ayb emasdir-u, ammo chinakam fojia-da! Mehr ko‘rmagan, hayotini izga solishga irodasi yetmagan, keyin bariga qo‘l siltab, maishatga mukkasidan ketgan, hamma narsani o‘yinga aylantirgan e’tiqodsizlar fojiasi! O‘sha baxtsizlarning qalbida ham Annaniki kabi ulkan oliyjanoblik bo‘ladi, faqat uni hech kim parvarishlamaydi, hatto ilg‘amaydi va hech kim ularga chinakam muhabbatni ravo ko‘rmaydi. Pirovardida ular ham boshqalarni chinakam samimiyat, muhabbat va munosabatga arzitmay qo‘yadi.
Anna oliy qadriyatlarga suyanib yashadi. Qadriyatlar ko‘pchilik uchun ahamiyatsiz ekanini tushunib yetganida esa hayot bilan vidolashdi. Ayol o‘z iztirobining eng oliy nuqtasida halok bo‘ldi, Sesil kabi butun umr sirti xandon, ichi zindon bo‘lib yashash alamidan qutuldi.
Mangulikning muvaqqat ustunlari
Shahzod Shomansurov. Kungaboqar. Toshkent, 2024.
Shahzod Shomansurovning “Kungaboqar” to‘plamidan o‘rin olgan “Fransuz buldogi” hikoyasi bahona poststruktral tahlil, metamodern haqida gaplashsak. Poststrukturalizm – strukturalizmning davomi va inkor etuvchisidir. Strukturalizm shveysariyalik olim Ferdinand de Sossyurning lingvistik qarashlaridan ibtido olgan. Unga ko‘ra, til – strukturalar tizimi, struktura esa har doim birning ikkinchisi bo‘lishini talab qiladi. Deylik, “S” tovushi ilonning harakatiga taqlidan, undan esa “soy” so‘zi paydo bo‘lgan, chunki suv to‘g‘ri chiziq bo‘ylab emas, ilonizi bo‘lib oqadi. “Y” esa ma’lum narsaning aksini ifoda etadi. Soy – o‘zida akslantirish xossasiga ega va ilonizi bo‘lib oqadigan biron moddaning ramzi; o‘z-o‘zidan u miyamizda ramz belgisiga aylanadi. Ongimizga ta’sir o‘tkazadigan ham o‘sha belgi ortidagi strukturadir (oyna, oy so‘zlari ham akslantirishni ifoda etadi, shu ma’noda soyga juda yaqin). Demak, olam bu – belgilar tizimi va u qat’iy strukturaga ega. Jamiyatdagi har qanday udum, misol uchun, to‘y marosimlari ham muayyan belgini ifodalaydi va u orqali jamiyat strukturasini tasavvur qilsa bo‘ladi. Nutqning vizual ko‘rinishi sanalgan yozuv ham eng katta belgi ekan, strukturalizmning tadqiq obyekti, shubhasiz, adabiyotdir.
Poststrukturalizm esa dekonstruksiya konsepsiyasiga asos solgan fransuz faylasufi Jak Derridaning Sossyurdan ta’sirlanishi va g‘oyalarining ko‘p qismini shubha ostiga olishi natijasida shakllandi. Derrida til va nutq ong belgisi ekanini tasdiqlaydi, biroq yozuv ongdagi narsa ekanini inkor etadi. Yozuv orqali biz doim ham haqiqatni bayon etmaymiz, nutqda voqealanadigan emotsiya, ohang, ma’noni yozuv to‘liq qamrab ololmaydi. Masalan, “bor” so‘zining qanday ma’no anglatayotganini og‘zaki nutqda buyruq, his-hayajon yoki darak ohangi belgilaydi, yozuvda, kontekstdan tashqarida esa bu imkonsiz.
Feminizm ham poststruktral konsepsiyadan o‘sib chiqqan. Misol orqali tushuntirsam: Hollivud suratga olgan va o‘tgan yili nufuzli xalqaro mukofotga loyiq deb topilgan “Anora” badiiy filmi o‘zbek jamoatchiligi orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Fikrimcha, filmning mohiyati ongimizdagi haqiqatni parchalagani – dekonstruksiya qilganida. Amerika dunyodagi ko‘plab xalqlar uchun “sehrli diyor”, u yerda daraxtdan pul yog‘iladi deb ishonadigan anoyilar ham bor. Ammo “Anora” filmi buning mutlaqo aksini ko‘rsatadi. Amerikadagi ishchi sinf (iyerarxiyaning eng pastki qavatidagi ayol) uchun hayot nihoyatda mashaqqatli va shafqatsiz kurashga to‘la. Ertakshunos Vladimir Proppga ko‘ra, oq otli shahzoda yo‘liga ko‘z tikkan qizlarga bag‘ishlangan barcha ertaklar bosh qahramonning murod-maqsadiga yetishi bilan tugashi kerak, chunki an’anaviy struktura va arxetipik tasavvur doim shunday bo‘lib kelgan (“Oppog‘oy”, “Zolushka”, “Sohibjamol va maxluq”, “Zumrad va Qimmat” kabi). “Anora” filmida esa syujet an’anaviy tarzda xotima topmaydi. Bosh qahramon ham ana shu universal strukturaga ishonardi. Korchalon yigitcha uni botqoqdan qutqarishini orzu qiladi. Shuning uchun kurashadi, lekin yakunda teshik tog‘ora bilan qoladi. Vujudga kelgan tavofut hozirga qadar shakllangan tasavvurlarimizni dekonstruksiya qiladi. Amerikancha orzu biz o‘ylagandek jozibali emas, u faqat iyerarxiya tepasidagilar koriga yarar ekan, xolos. Quyi qatlamda tug‘ilgan odam moʻjiza tufayli ham iyerarxiyaning tepasiga chiqishi dargumon. Alqissa, kino ko‘z oldimizda ozod, sehrli, mo‘l-ko‘l Amerika haqidagi universal (abstrakt) xayolni barbod etadi. Filmning dekonstruktiv, poststruktural mohiyati ana shu.
Shahzod Shomansurovning “Fransuz buldogi” hikoyasi jinoiy to‘daga xizmat qiladigan ikki go‘sht tashuvchi, demak, iyerarxiyaning eng pastidagi odamlar haqida. Hikoya boshdan-oyoq chalg‘itish usuliga qurilgan: “qanjiq yo‘qolib qoldi” degan gapdan boshlanadi-yu, qolgan tafsilotlar yashiriladi. Shu o‘rinda poststrukturalistlarning yana bir yetakchisi Jan Bodriyyarning simulyakr nazariyasiga murojaat qilish zarur. Simulyakr – asosi yo‘q, chalg‘itadigan yolg‘ondir. Bodriyyar zamonaviy OAV shunga tayanib ishlashidan yozg‘irgan edi. “Fransuz buldogi”da ham hokimi mutlaq janoblari go‘yoki odamlarga go‘sht yetkazayotgandek, aslida esa, shaxsiy manfaat yo‘lida o‘yin o‘ynaydilar. Bundan ham dahshati – muzxonalarda ba’zi-ba’zida odam go‘shti tashiladi...
Strukturalizm hamma narsa ko‘ringaniday ekani va olam shu tarzda mavjudligini yoqlasa, poststrukturalizm voqelik ko‘ringaniday emas deb uqtiradi. Xo‘sh, bizning dunyoda faqat qullar xojalariga yem bo‘ladimi yoki farqli holatlar ham bormi? Albatta, bor. Hikoyada burilish yasaydigan nuqta aynan universal dunyoning istisnosini namoyon etadi.
Ikki sherik yukmashinalarni o‘g‘irlash vazifasini oladi va... ular o‘margan ulov o‘zlari xizmat qiladigan Janobniki bo‘lib chiqadi! Ikkovlon qiduruvdan qochib, charchoqdan uxlab qolarkan, marvaridli kolbasani fransuz buldogi chaynamay yeb qo‘yadi. Boz ustiga, ko‘ppaklar uydan ham ketib qoladi. Hukm tayin: kalla ketadi! Qahramon o‘limni bo‘yniga olib, Janobnikiga borsa, itlar tumshug‘idagi qonni yalab yotibdi – kimning go‘shtini yegan bo‘lsa? Janobga tegishli qora kursida esa... sherik! Bu o‘rinda qat’iy qonun-qoidaning tasodifiy o‘zgarishi sheriklardan ko‘ra Janobning hayotida keskin burilish yasaydi. Ya’ni, obro‘-e’tibor, mol-davlat ham xavfsizlik kafolatini bermaydi, u soniyalardayoq kuchini yo‘qotishi mumkin. Biz qassob yigit (sherik) yangi xo‘jayin bo‘lishiga ishonamiz, zotan, struktura shuni taqozo etadi. Biroq u barchani hayron qoldirib, o‘zini Xudo yo‘liga bag‘ishlamoqchi ekanini e’lon qiladi. Qarangki, axloqsizday ko‘ringan odam yuksak axloqni – transsendentni qidirib yurgan ekan! Transsendent – aqldan tashqaridagi oliy tartiblar va axloq, oliy g‘oyalar dunyosi borligiga ishonchdir. Diniy talqinga ko‘ra, bu – Xudo.
Poststrukturalizm moddiy dunyodan tashqaridagi olamni inkor etadi. Shu sabab matn shaklan poststruktural bo‘lganiga qaramay, hikoya yakuni metamodernga xosdir. Metamodern zamonaviy insonning yana an’anaviy himoya qo‘rg‘onlariga qaytishini asoslab beradi. Metamodern davrda inson ko‘proq dindorlik, xudojo‘ylik yo‘liga kiradi, axloq borasida universal jiddiylik hamda qat’iylikka ehtiyoj sezadi. Biroq mangu deya hisoblangan o‘sha ma’naviy olam strukturalari ham qachondir zaif bir tasodif sabab qulashi mumkin. Zero, tiriklik qonuniyati shunday. Hatto mangulik strukturalari ham muvaqqatdir.
Hikoyaning bor-yo‘q ma’nosi shumi? Yo‘q, unda birgina ma’no ustuvor emas, yana boshqa taqdirlar yozug‘i ham bor. Uni o‘qib, xulosa qilishni o‘quvchiga havola etaman. Kitobxon asarni o‘qirkan, dominant ma’no qidirmay, til-tasvir go‘zalligidan zavq ololsa, badiiy didni dekonstruksiya qilgan bo‘lar edi.
Alpomish yotgan zindonda
Alisher Fayzullayev. Ajdar sayyorasi. Toshkent, 2024.
Alisher Fayzullayevning “Baxt” va “To‘ng‘ich Botir” hikoyalari tush motivi asosida bitilgan. Olam matosiga – matrisaga kosmik jism og‘irlik qilsa, qora o‘ra paydo bo‘ladi. Fazoda qora o‘ralar hosil bo‘lishi, yulduz yashab-umrini tugatib qulashiga million yil ketgani kabi, “Ajdar sayyorasi” ham ijodkor qalbida uzoq vaqt mobaynida pishib yetilgan. Har bir jumla uzoq fursat hissiy yashalgandan so‘ng tafakkur qatlamiga o‘tib mifologik obrazlar vositasida qayta tiriltirilgan. Bu zamonaviy mif tushda yo olis o‘tmishda emas, yonginamizda – Qatortol dahasida sodir bo‘ladi.
Darvoqe, nega gapni qora o‘radan boshladim? Chunki Ajdar sayyorasi aynan qora o‘rada qaror topgan. O‘ra va tuproq motivi, 40 yil odam nigohi tushmagan ilonning ajdarga aylanishi hodisasi muallifga zamonaviy mif yozishga ilhom bergan. Alisher Fayzullayev vaqt o‘tib ikkinchi hikoyani yozishga ehtiyoj sezadi. Unda o‘zbek mifologik dunyosini zamonaviy inson qalbida tiriltirib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Alpomishga tuproq yediradi, ilonga evriltiradi. “Biz millat sifatida xuddi Alpomish yotgan zindondamiz, hali undan chiqolmadik”, dedi yaqinda folklorshunos olim, ustoz Shomirza Turdimov. A.Fayzullayev esa uch-to‘rt yil oldin yozgan “Ajdar sayyorasi 2” nomli hikoyasida Alpomishning zindondagi holatini badiiy qayta ishlab, zamonaviy hikoyaga aylantirgan edi.
Alpomish o‘z qudug‘ida (zindoni) chuqur qaza-qaza ilonga evriladi, ammo o‘radan chiqolmaydi... Muallif o‘zi-yu zamondoshlarini chohda yotgan deb biladi va ming urinib-chiranib undan chiqolmayotgan inson qalbidagi o‘sha kuchanish, intilish, umidsizlig-u so‘ngsiz kurashlarning badiiy solnomasini yaratadi. Hikoya o‘zbek xalqi ong-u shuurida ming yillar davomida yashab kelgan alp haqidagi xotiraning yangi talqini asosiga qurilgan.
Tinch urush qurbonlari
Temur Po‘latov, Sherzod Komil Xalil. Odam Atoning so‘nggi avlodi. “Sharq yulduzi”, 2024 yil 12-son.
Nazarimda, mazkur asar 2024-yilda e’lon qilingan qissalar ichida eng yaxshisi. Avvalo, asar uchun tanlangan mavzu originaldir. Sherzod Komil Xalil 2014-yilda “Biz yo‘q bo‘lamiz” degan hikoyasi bilan yozuvchi o‘laroq e’tirof topdi. O‘zbek adabiyotida til, uslub borasida o‘ziga xos izlanishlar bor-u, ammo ohorli mavzuni deyarli uchratmay qo‘ydik. Ayniqsa, realistik asarlarda. Mazkur bo‘shliqni o‘sha asar bir qadar to‘ldirdi.
“Biz yo‘q bo‘lamiz” hikoyasi Rossiya shimolida yashaydigan bir siqimgina kerek xalqi haqida. Sevgi iztirobi orasida bir elatning yo‘qolib ketishidek fojeiy taqdirga duch kelib, nimaga kuyunishni bilmay qolasiz: qay biri cho‘ngroq – abadiy judolikka mahkum yigit-qiz g‘ussasimi yo yaqin o‘n yillarda elining yo‘q bo‘lib ketishidan iztirob chekayotgan kerek otaning qayg‘usimi? Hozir butun dunyo e’tibori urush mavzusiga qadalgan. Ammo “tinch urush”da qirilib ketayotgan xalqlar haqida deyarli gapirilmaydi. Chunki bunga o‘sha qavmlarni idora etayotgan hukumatlar yo‘l bermaydi. Bu darddan chetdagilar so‘z ochib, ularning qayg‘usiga chorasiz sherik bo‘ladi.
“Odam Atoning so‘nggi avlodi” qissasi Shimolning yana bir yo‘qolib ketayotgan xalqi – ijorlar to‘g‘risida. Kereklardan farqli o‘laroq, ijorlarning barhayot qolishiga hali umid bor: ming yillik “Kalevala” eposi yozib olinsa, bu xalq haqidagi xotira ham so‘nmaydi. Ijorlar qishlog‘idan Leningradga borgan talaba jon-jahdi bilan asarni yozib olish va tadqiq qilishga urinadi. Afsus! Ilmiy doiralar kichik etnosning katta eposiga qiyo boqmaydi. Ammo qahramon ahdidan qaytmaydi. Qishloqdagi eng keksa, eng zehni o‘tkir kampirdan dostonni yozib olmoqqa tutinadi, chop ettirmoqchi bo‘ladi – yo‘qlik sari ketayotgan xalq oldida qilishi mumkin bo‘lgan birdan-bir xizmati shu. Taassufki, epos chop etilgan, uni ilmiy o‘rganish boshlangan kunlarni ko‘rish qahramonga nasib etmaydi. Sho‘ro davrida tinimsiz zaharlanaverib, o‘lik suvga aylangan dengizda ijorlarning kelajagini – bolakayni qutqaraman deb halok bo‘ladi. Kereklar umid ko‘zlarini yigit va qiz nikohidan tug‘iladigan farzandlarga, ijorlar esa qishloqda qolgan yagona bola – Anterga tikkan. Qolganlar qishloqni tark etib, allaqachon boshqa elatlarga qorishib ketgan...
Ijoriya mifologiyasi bilan bog‘liq voqealar tasviri tufayli hech qachon bormaganingiz Nikola qishlog‘ini sevib qolasiz. Temiryo‘l o‘tkazish bahonasida tabiat vayron qilinganini ko‘rib qishloq ahliga qo‘shilib yig‘laysiz. Zavod barpo etib, chiqindisini dengizga otganlar, baliqlarni qirib, el rizqini kesganlardan g‘azabingiz toshadi... Qirg‘inbarotdan ko‘zlangan g‘arazli maqsad aniq – odamlar o‘z ixtiyori bilan bu zaminni tark etsin. Bir vaqtlar xudo suygan joyni xudo urgan joyga aylantirgan qizil tuzum!..
Qissadan olgan hissam shu: ehtimol, ijorlar yo‘qolib ketar, ammo bu xalqning dard-u iztirobi bashariyat qalbida, ong-u shuurida mangu qoladi.
Tillaniso NURYOGʻDI
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Bir umrlik qayg‘u” mutolaasi
Adabiyot
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q