Post-struktural tahlilga tortilgan “Fransuz buldogi”


Saqlash
10:30 / 21.01.2025 364 0

Mazkur maqola miyani biroz qiynashi mumkin. Tan olish kerak, material yigʻish davomida oʻzimda ham koʻp ikkilanish boʻldi, chunki 20-asrning dunyo miqyosidagi eng katta nazariyalaridan birini bir-ikkita gap bilan tushunish oson emas ekan, inchunin tushuntirish ham. Ammo urinib koʻramiz. Maqolada Shahzod Shomansurovning “Fransuz buldogi” hikoyasi asosida post-struktural tahlil mezonlari haqida soʻz yuritish maqsad qilingan, ammo, faqat shu hikoya bilan cheklanmay, boshqa zamonaviy sanʼat namunalariga ham murojaat qilamiz.

 

Post-struktural tahlilga kirishish uchun avvalo strukturalizmga toʻxtalib oʻtishga ehtiyojimiz bor. Zero, poststrukturalizm uning davomi va oʻz navbatida inkor etuvchisi boʻlib maydonga chiqdi. Ferdinand Sossyurga koʻra til bu – strukturalar tizimidir. Strukturada doim bir narsa ikkinchisi boʻlishini talab qiladi. Masalan, oʻzbek tilida gap tuzish uchun ega, aniqlovchi, toʻldiruvchi, hol, kesim kabi ketma-ketlikdan foydalanish – til strukturasidir, Bu hatto, soʻzlar, fonemalarda ham bor. Aynan strukturalizm tufayli bugungi kunda soʻzlarning qanday kelib chiqqani, toʻgʻrirogʻi, tovushlarning qanday taqliddan paydo boʻlib, maʼlum struktura – yaʼni belgiga aylangani koʻp tahlil qilinadi. Misol uchun, “S” tovushi ilonning harakatiga taqlidan paydo boʻlgan, undan esa soy soʻzi. Chunki oqayotgan suv toʻgʻri chiziq kabi emas, ilonizi boʻlib oqadi. “Y” esa maʼlum narsaning aksini ifoda etgan. Shunday ekan “soy” akslantirish xossasiga ega, ilon izi boʻlib oqadigan nimaningdir ramzi. Oʻz-oʻzidan u miyamizda ramz belgisiga aylanadi (soy soʻzi). Ammo kelib chiqishi, mavjud boʻlishiga koʻra qatʼiy strukturaga ega. Va ongimizga taʼsir oʻtkazuvchi ham aynan mana shu belgi orqasidagi strukturadir. (oyna, oy soʻzlari ham akslantirishni ifoda etadi, shu maʼnoda soyga juda yaqin.) Bundan kelib chiqadiki, olam bu – belgilar tizimi va u qatʼiy strukturaga ega. Masalan, Toshkent koʻchasiga ilingan “coca-cola” reklama banneri ham belgi. Uning ortida oddiy ishchi sinfining hordigʻi yotadi. Bu belgi orqali oʻrta sinf kapitalistlarga katta boylik olib keladigan mehnatda bandligi, ammo oʻzi doimiy ishchi sinfi boʻlib qolishi, reklamada ongostiga singdirilayotgani kabi hamma bir xil hordiq chiqarishi va shu sabab deyarli oʻylamaslikka mahkum qilinganining ramzi yotadi, menimcha. Bu esa jamiyat yo ishchi sinfining umr formulasi yoki strukturasidir. Biz oʻtgan maqolada arxetiplar ham shunday oʻzgarmas ruhiy strukturalar ekanini aytgandik (Arxetip nazariyasining paydo boʻlishiga ham aynan strukturalizm turtki bergan). Jamiyatdagi har qanday udum, misol uchun, toʻy marosimimiz ham belgi va u orqali bemalol jamiyat strukturasi haqida maʼlumotga ega boʻlish mumkin. Hamma narsa belgi boʻlarkan, demakki, nutqning vizual koʻrinishi – yozuv eng katta belgidir. Va soʻzdagi har bir belgi, shakl oʻz navbatida nimaningdir ramzi. Eng katta belgi yozuv boʻlsa, strukturalizmning eng katta tadqiq obyekti, shubhasiz, adabiyot boʻladi. Ong belgisi – til, til belgisi – nutq, nutqniki – soʻz, soʻz esa adabiyotni yaratadi. Adabiy matnlar bizga ham ruhiy (arxetiplar misolida koʻrdik), ham falsafiy, ham ijtimoiy strukturalar haqida xabar beradi. Demak, bugun bir hikoya misolida falsafiy (yoki transdent) va ijtimoiy konsturuktlarni tahlilga tortamiz. Ammo undan oldin post-struktural tahlil haqida “gaplashamiz”.

 

 

Post-struktural yoʻnalish strukturalizmdan biroz farq qiladi. U xuddi Yung Freyd gʻoyalaridan qattiq taʼsirlanganiga qaramay, ayrim qarashlarini mutlaq inkor etishi natijasida ongosti arxetiplarini belgilagani kabi, Derridaning Sossyurdan taʼsirlanib, oʻz navbatida bu gʻoyalarning koʻp qismini shubha ostiga olishidan paydo boʻldi. Derrida til va nutq – ong belgisi ekaniga qoʻshiladi, biroq, yozuv aynan ongdagi narsaligini inkor etadi. Yozuv orqali biz doim ham haqiqatni bayon etmaymiz yoki nutqda chiqadigan his, ohang, maʼnolilikni yozuv toʻliq qamrab olmaydi. “BOR” – shu soʻzning qanday va nima maʼno anglatayotganini nutqdagi buyruq yoki his-hayajon, darak kabi ohang belgilaydi. Yozuvda esa bu imkonsiz (tinish belgisi qoʻyilmasa). Yaʼni yozuvning oʻzi ongning yoki nutqning aynan inʼikosi, toʻppa-toʻgʻri maʼnosi yo haqiqati boʻlolmaydi. Keling, endi buni boshqa narsalarga – jamiyat strukturalariga nisbatan tatbiq etamiz. 

 

Strukturalistlardan biri antropolog Levi-Stross qadimgi xalqlar turmush tarzini oʻrgangan va maʼlum struktura ishlab chiqqandi. Deylik, matriarxat davridan beri iyerarxiyaning bosh qismida erkak turadi va inson deganda ham erkak tushuniladi, avvalo. Bu qadimgi xalqlar va zamonaviy jamiyatlar yashab kelayotgan jamiyat strukturasi. Ammo bu hol doim haqiqatmi yoki haqiqat boʻlgan taqdirda ham shunday qolaverishi toʻgʻrimi? Post-strukturalistlar birinchi navbatda buning haqiqat emasligini shubhaga oladi. Bizning jamiyat ham qanchalik patriarxal boʻlmasin, unda ayollar hukmronlik qilgan davrlar boʻlgan. “Qirqqiz” eposi, Toʻmaris haqidagi rivoyatni yoki Nodirabegim hokimiyatni boshqargan davrlarni istisno qilolmaymiz. Ular universal haqiqat deb kelingan (“doimiy patriarxal jamiyat boʻlganmiz”) fikrni soʻroq ostida qoldiradi. Yaʼni universal haqiqatning tafovutlari chiqib keladi. Patriarxal jamiyat strukturalizm uchun oʻzgarmaslik, universallik boʻlsa, poststruktralizm endi uni shubhaga oladi. U universallik emas, tafovutlar haqida gapiradi va koʻz oldimizda olamning universal, haqiqiy yo oʻzgarmas deb oʻylangan qiyofasini buzadi. Va bu buzishni dekonstruksiya orqali amalga oshiradi. Dekonsturuksiyaning oʻzi konstrukni buzish demakdir. Doimiy patriarxal boʻlib kelgan jamiyat buyogʻiga ham shunday davom etishi shartmas, bu konstrukni buzish, erkak va ayol oʻrtasidagi iyerarxiyani yoʻqqa chiqarish mumkin. Iyerarxiyaning boshida na erkak, na ayol, na nabotot va tabobat turishi shartmas, ular oʻzaro tengdir, deydi post-strukturalizm. Strukturalizm esa bu iyerarxiyani quyidagicha baholagandi: Iyerarxiyaning boshida butun jamiyatlarda erkak turgan. Keyin ayol, keyin baliq va hokazo.

 

 

Feminizm harakati ham aynan post-struktural konsepsiyadan oʻsib chiqdi. Misolni soddalashtirish uchun, koʻz oldingizga bir namuna keltirsam: yaqinda ekranlarga chiqqan “Anora” filmi oʻzbek auditoriyasi oʻrtasida keng muhokamalarga sabab boʻldi. Film nima uchun mukofotlarga loyiq koʻrilgani koʻpchilik tushuna olmadi. Fikrimcha, uning eng katta mohiyati ongimizdagi haqiqatni parchalagani – dekonstruksiya qilganida. Amerika dunyodagi koʻplab uchinchi mamlakatlar aholisi uchun “sehrli diyor”, u yerda daraxtdan pul yogʻiladi, deb ishonadiganlar bor. Ammo film buning mutlaqo aksini koʻrsatadi. Amerikadagi ishchi sinf (iyerarxiyaning eng pastki qavatida turgan ayol) uchun hayot nihoyatda mashaqqatli, shafqatsiz raqobatga, kurashga toʻla. Agar kinoni zamonaviy ertak deb olsak, afsuski, bu safar syujet anʼanaviy xotima topmaydi. Ertakshunos Proppga koʻra, oq otli shahzodani kutuvchi qiz bosh qahramon boʻladigan barcha ertaklar murod-maqsadiga yetish bilan tugishi kerak – chunki anʼanaviy struktura va arxetipik tasavvur doim shunday boʻlib kelgan. “Oppogʻoy”, “Kuloyim”, “Sohibjamol va maxluq”, qisman “Zumrad va Qimmat” kabi. Anora ham mana shu universal strukturaga ishonardi. Korchalon yigitcha uni botqogʻidan qutqarishini orzu qildi. Bu uchun kurashdi, hatto. Yakunda esa teshik togʻora bilan qoldi. Demak, eng pastki qatlamda turgan “zolushka”ni endi biror erkak qutqarmaydi (bu yerda tafovut vujudga keladi) – bu shu paytgacha boʻlgan tasavvurlarimizni dekonstursiya qiladi, uning ustiga amerikancha orzu biz oʻylagandek jozibalimas, u faqat iyerarxiya tepasidagilargagina xizmat qiladigan ruhlantiruvchi omil ekan, xolos. Sen botqoqda tugʻilib, iyerarxiyaning tepasiga moʻjiza tufayli ham borib qolishing dargumon. Kino koʻz oldimizda ozod, sehrli, moʻl-koʻl Amerika haqidagi universal (abstrakt) xayolni Anora qismatida tafovutlar bilan yoʻqqa chiqaradi. Mana uning dekonstruktiv, post-struktural mohiyati! Endi bevosita Shahzod Shomansurovning “Fransuz buldogi” hikoyasiga qaytsak, axir tepada yozilganlarning barchasi mazkur hikoya tahliliga havola edi xolos.

 

Diqqat, spoyler! Avvalo, tahlil tushunarli boʻlishi uchun hikoya syujeti borasida spoyler qilib ketishga majburman. Hikoyada ikki jinoyatchi qahramonning biri oʻlaman deb turgan, ovqat chaynash uchun ham ogʻzida tishi qolmagan fransuz buldogini sotib oladi, azbaroyi egasi – kampirga rahmi kelganidan, toʻrtta nonning puliga! Hikoyada it asosiy qahramon boʻlmasa-da, bosh qahramonlarga katta gʻalva orttirishi vajidan markaziy oʻrinni egallaydi. Demak, hayot tarzimizga insonlar emas, vaqti kelsa, hayvonlar ham eng katta taʼsirni oʻtkazishga qodir, bu esa hayvonlarning insondan past turuvchi oʻrnini (universal haqiqatni) shubha ostiga oladi. Shu yerning oʻzida tafovut kelib chiqadi. Hikoyada bunday tafovutlar juda koʻp – uning nomiyoq anʼanaviy struktural iyerarxiyani buzadi. Asar jinoiy toʻdaga xizmat qiladigan ikki sherik haqida. Demak, iyerarxiyaning eng pastida turgan odamlar haqida oʻqiysiz bu hikoyada ham. Bizni hayron qoldirib, qahramon goʻsht tashuvchi boʻlib chiqadi. Nega hayron qolaman? Sababi bunday qahramonga adabiyotimizda birinchi marta duch kelyapman. Hikoyada goʻsht haqida shunaqa koʻp maʼlumot oʻqiysizki, agar strukturalist va post-strukturalistlar dargʻalaridan biri Rolan Bartning muallif oʻlimiga ovoz berib, amalga oshirgan tahliliga tayansak, faqat matnning oʻzi qolsa va hech qanday maʼno unda ustuvorlikka daʼvo qilmasa, bu goʻsht haqidagi maʼlumot, degan xayolga borasiz. Hikoyada lahm, sur, yangi soʻyilgan, quritilgan, muzlatgichda saqlangan goʻshtlar haqida ensiklopedik maʼlumotlarni keltiradi va siz hech qachon goʻshtga shunchalik razm solmaganingizga amin boʻlasiz. Roviy muzxonada saqlangan goʻshtni eng badboʻy va badhazm deb topadi, shunday boʻlsa-da u muzxonalarda tashiladigan tonna-tonna goʻshtlarni eltish bilan shugʻullandi. Faqat shu goʻshtning oʻzi tashilsa qani, baʼzan goʻsht va dumaloq dudlangan kolbasalar ichida ziravor shaklida mayda-mayda nozik va qimmatbaho toshlar tashiladi. Butun goʻsht tashishning mohiyati shu yerda ochiladi – goʻsht shunchaki niqob, aslida esa avtoritetlarning boylik manbasi boʻlgan toshlar muhim. Goʻsht esa bojxona postidagi itlarni yaxshigina chalgʻitadi. Razm soling, hikoya boshdan-oyoq chalgʻitishga qurilgan. Endi bu yerda post-strukturalistlarning yana bir yetakchisi Jan Bodriyarning simulyakor nazariyasiga murojaat qilish oʻrinli. Simulyakorlar – asl voqelikni niqoblab, bizni chalgʻitadigan, yolgʻon boʻrttirilgan hodisalardir. Bodriyar zamonaviy OAVning ayni shunga qurilganidan shikoyat qilgandi.