Istiqlolchilik harakati homiysining “jinoyat ishi”


Saqlash
16:46 / 06.01.2026 305 0

Turg‘unboy Abdullayev 1884-yil Marg‘ilon shahri yaqinidagi “Ingichka” qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Abdullajon maxsum bilimdon, o‘ziga to‘q hunarmand kosiblardan bo‘lib, farzandi o‘g‘lining yaxshi ta’lim olishi uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Turg‘unboy eski maktab va madrasa ta’limi bilan cheklanmasdan, rus-tuzem maktabida rus tilini, zamonaviy fanlarni ham o‘zlashtiradi.

 

Yosh bo‘lishiga qaramay Turg‘unboy Abdullajon maxsum o‘g‘li 1912-yil Fayziobod volostiga mingboshi vazifasiga saylanadi. U volostga tegishli qishloqlar va qishloq fuqarolarining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, mahalliy hokimiyat orqali viloyat uyezdi bilan shartnoma tuzib, ichki Rossiyadan metall quvurlar keltiradi. Marg‘ilonsoydan keluvchi ariqlarning suvini quvur orqali isrofsiz “Ingichka”, “Sarmazor”, “Eshonguzar”, “Fayziobod” qishloqlariga olib boradi. Natijada xalqning dehqonchiligiga baraka kiradi. Asosiy ko‘chalarga tosh yotqizish va boshqa obodonchilik ishlarini yo‘lga qo‘yib, el-yurt oldida yanada katta hurmat qozonadi.

 

Qahramonimiz 1917-yil Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganida quvonchdan olamga sig‘madi. Turkiston taraqqiyparvarlarining muqaddas orzulari ifodasi bo‘lgan Muxtoriyat tadbirlarida faol ishtirok etdi. Afsuski, arman dashnoqlari va qizil armiya tomonidan Muxtoriyat hukumati yanchib tashlandi. Qo‘qon, umuman butun Farg‘ona vodiysi dahshatli tarzda qonga botirildi. Mana shunday bir sharoitda Farg‘onaning er yigitlari istiqlol va hurriyat yo‘lida “Yo hayot, yo mamot” deb muqaddas kurashga bel bog‘ladilar.

 

Turkistonning taraqqiyparvar ulamolari, vatanparvar boy-boyonlari ozodlik yo‘lida jonini tikkan yurt qahramonlarini qo‘llab-quvvatlashga kirishadi. Turg‘unboy Abdullayev ham ular qatoridan o‘rin oldi. Avvaliga Muhammad Aminbek, Shermuhammadbeklar ishtirok etgan qurultoylarda qatnashib, ularning yigitlarini moddiy-ma’naviy qo‘llashga harakat qildi. Sovetlarning tish-tirnog‘i bilan qurollangan guruhlari vodiyni olov ichida qoldirib, bola, qiz-ayol demay qirg‘in qilgani ortidan istiqlol kurashchilari shaharlarni tashlab tog‘larga chekinishga majbur bo‘ldi. Sovetlar qishloqlarga minglab xufyalarini yo‘llab, ularni qo‘llayotganlarni qo‘lga olgan zahoti otib tashlashni boshladilar.

 

Shunday bir vaqtda – 1919-yil Turg‘unboy Abdullayev ham kompartiyaga a’zo bo‘lib, “Fayzabod” qishloq kengashi raisligiga saylanadi. Biroq maxfiy tarzda istiqlolchilik harakati a’zolarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

 

1920-yil 6-iyun kuni Turkfrontning Farg‘ona viloyati maxsus bo‘limi tomonidan № 21689-sonli “Turg‘un Abdullayev va boshqalar” jinoyat ishi ochiladi. Unga ko‘ra Turg‘un Abdullayev va boshqa bir qator Farg‘onaning taniqli insonlariga nisbatan kuzatuv belgilanadi. Shundan so‘ng turli nomdagi xufyalar tomonidan ularning har biri haqida ko‘plab xabarlar jamlana boshladi. Jumladan, xabarlarda 1920-yil 13-sentyabr kuni mulla Turg‘un 5000 so‘m miqdorida “bosmachilar”ga pul yuborgani va uning Bakir degan yigiti “bosmachilar” uchun qishloqlardan non jamg‘argani, mulla Turg‘un Kenja ismli yigitni Gorchakov (Marg‘ilon)ga “bosmachilar”ga axborot to‘plash uchun yuborgani, 22-sentyabr kuni Xodjayev degan kimsaning aytishicha, mulla Turg‘unboy Bakirdan “bosmachilar”ga 25000 so‘m pul yuborgani, yana bir qancha yigitlari orqali non jamg‘argani yozilgan.

 

Ishning asosiy mazmuni shundan iboratki, Turkfrontning maxsus vakili Nikolay Aleksandrovich Usharov tomonidan Arkadiy Xananyans nomli kimsa kuzatuvga olingan. Uning 1920-yil 4-oktyabr sanasi bilan yozilgan axborotida “...Arkadiy Xananyans Shermuhammadbekning yaqin odami Mamadjon Oxunov orqali undan kafolat xati olgan. Shu tufayli boshqalar tashqariga chiqa olmaydigan vaqtda ham Arkadiy kazarmadan bemalol chiqib ketadi. Biror muammo tug‘ulsa, o‘sha xatni ko‘rsatadi va qutulib ketadi. Bir kuni u bilan birga Nurmuhammadbek bilan uchrashib, osh yedik. Suhbat jarayonida shu narsa aniq bo‘ldiki, Yemilenko, Nazarlar “bosmachi”lardan doimiy tarzda pul olib turadilar. Xananyans ularning boshida turib, eng katta pulni o‘zi o‘zlashtiradi. Evaziga ularga qurol va o‘q-dorilar keyingi yurish rejalarini, qizil askarning yo‘l xaritalarini yetkazib turadilar. Ular o‘zaro juda yaqin aloqada. Armani guruh rahbarlarining ba’zilariga ham shaxsan Noibi amiri lashkar Shermuhammadbek qo‘rboshi tomonidan guvohnoma taqdim etilgan. Xususan, Klaxov Vasilyevichga berilgan guvohnomani qo‘lga kiritdim. 1920-yil 4-sentyabrda Mamajon Oxunovga ham Farg‘ona fronti tomonidan guvohnoma berilgan” deyilgan.

 

Nikolay Aleksandrovich Usharovning 1920-yil 7-oktyabrdagi Turkkomissiyaning CHK raisi Petersga maxfiy xatida, to‘rt kishi bo‘lib Farg‘ona (Skobelov)da Shermuhammadbek tomonidan yuborilgan qo‘rboshilar bilan kelishishga kirishgani bitilgan.

 

Ishda 1920-yil 10-oktyabr sanasida mulla Turg‘un Abdullayev bilan o‘tkazilgan yagona so‘roq bayonnomasi mavjud. Unda mulla Turg‘un o‘zining Fayzobod soveti raisi ekanligi, 7-8 tanob yeri va ota kasbi to‘quvchilik bilan to‘rt farzandini ulg‘aytirayotganini aytib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi. Nomlari aytilgan insonlarni tanimasligini ma’lum qiladi. Biroq Turg‘un Abdullayev haqida bayonnomada uning yonidan 2 ta o‘q otar qurol (vintovka) o‘qlari bilan  aniqlangani bitilgan.

 

1920-yil 19-oktyabr kuni Turkfrontdan Zinkov tayyorlagan qarorga ko‘ra Shermuhammadbekni qurol bilan ta’minlagan guruh ustidan № 1579-raqamli ish ochiladi.

 

1920-yil 22-oktyabr kuni esa ish doirasida Turkfrontning Farg‘ona maxsus bo‘limi harbiy kengashi tomonidan Turg‘unboy Abdullayev (38 yosh), Muhammadjon Aminov (28 yosh), Teshaboy Ustabekov (30), Abdullajon Rajabboyev (32), Qirg‘izboy Azimboyev (37), Vasil Ignatevich Yemilyenko (30), Abdunazar Muhammad Yarbekov (25), Homidjon Ismatboyev (43), Olimjon Lutfullayev (25), Gʻofur Otalikov (27), Yadgorjon Umarov (30), Izrail Maleksetovich Madundev (24), Abduqodir Zulfiqorov (21), Sotiboldi Xalilov (40 yosh)larni Shermuhammadbek foydasiga josuslik qilganlik, Shermuhammadbekka qurol sotganlik, qurolsozlik qilganlik, ot sotganlik kabi ayblovlar bilan otuvga, Sharipxon Gaparov (32 yosh), Rasul Abdurazakov (38), Mirafzal Mirahmadov (36), Yoqubjon Muhammad Qobulov (30), Mahmudbuva Tojiboyev (38), Rajab Ro‘ziboyev (23), Ro‘zmat Umaraliyev (38), Madumar Abdullayev (39), Yusufboy Madumarov (30), Oxunbuva O‘runboyev (48), Komiljon Abdurahimxo‘ja (19), Olimjon Aliboyev (13), Gʻofurjon Hoshimboyev (51), Isa Gafurboyev (31 yosh)lar bilan, hatto Kamarbonu Isadullayeva, Marhamat Mirhidoyatova, Sharofat Ermuhammedova kabi ayollar ham Turkistonda tinchlik o‘rnatilganiga qadar degan muddat bilan konslagerga hukm qilinadi. Ilhom Qo‘ldoshev juda yoshligi uchun bolalar uyiga yuboriladi. Kamoliddin Xalilov (45 yosh) degan kimsa esa ishni tashkil etish uchun yollangan xodim sifatida zudlik bilan hibsdan ozod etiladi.

 

Yuqorida oliy jazo qo‘llanib nomlari qayd etilgan ayblanuvchilarning barchasining mol-mulklari musadora etilib, 23-oktyabr kuni soat 13:00 da Farg‘ona shahridagi maxsus obyektda otib tashlandi.

 

Konslagerga hukm etilganlar esa 1920-yil 11-dekabr kuni poyezdlarga joylab abadiy sovuq o‘lkalarga yo‘llanadi. Ishning asosiy aybdorlaridan bo‘lgan Arkadiy Xananyansning o‘zi qochib ketganligi sababli ish jarayonida ko‘rinmagan. Faqat 1920-yil 9-noyabr kuni Arkadiy Xananyans ham qochib yurgan vaqtda qo‘lga olinishi bilan so‘roqsiz otib tashlanadi. Aslida u tergov qilinganida juda ko‘p sirlar ochilib ketishi mumkin edi. Afsuski, bu sirlarni o‘zi bilan olib ketdi.

 

1921-yil 14-noyabr kuni Mirabzal Mirahmedov Petersning buyrug‘i bilan konslagerdan qamoqqa o‘tkaziladi va shu sana bilan mazkur – № 21689-raqamli ish nihoyalangan. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, mulla Turg‘un Abdullayev va uning barcha safdoshlari hamon o‘zlarining oqlanishlarini kutib turibdi.

 

***

Muzeyimizga kelgan Turg‘un mingboshi Abdullayevning chevarasi, Toshkent davlat yuridik universiteti 3-bosqich talabasi Roziqov Fayzulloh Xurshidbek o‘g‘li bobolari haqida quyidagilarni hikoya qildi: “Keksa insonlarning xotiralariga ko‘ra katta bobomiz Abdullajon maxsum kosib bo‘lib, din-shariat bilimlariga ham qiziqqan ekanlar. Marg‘ilon ulamolari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, bog‘larida suhbatlar o‘tkazib turar ekanlar. O‘g‘li mulla Turg‘un ham zamona ilmlarini o‘zlashtirib, o‘sha zamonlarda Fayziobod, Ingichka, Eshonguzar, Baland Masjid qishloqlariga mingboshi lavozimiga saylangan. U kishi qishloq ahli obodligi uchun Marg‘ilonsoydan metal quvurlarda suv keltirgan ekan. Hozirgacha mahallamiz Quvurboshi deb nomlanadi.

 

Mulla Turg‘unboy Abdullayev o‘g‘li Muhammadsiddiq bilan.

 

Abdullajon maxsum bobomizning suhbatlarida din ahllari bilan birga shaharning sahiy va diyonatli boylaridan Mirhojiboy ham qatnashib, suhbatlarning birida qizlari borligini va ma’qul kelsa mulla Turg‘unga kelin qilib berishini aytadi. Taklif qabul qilinib, qizlari Xayrinso bilan Turg‘unboy bobomiz nikohlanadi. Mulla Turg‘un va Xayrinso buvimizdan to‘rt farzand Muhammadsiddiq, Muhammadumar, Muhammadusmon, Halimaxonlar dunyoga kelgan. Turg‘unboy mingboshi bobomiz shahid etilgach, katta farzandlari Muhammadsiddiqni bobosi Mirhojiboy tarbiyalab, Marg‘ilon shahrida uylantirganlar. Mirhojiboy bobomiz uylarini o‘z ixtiyori bilan shahar maktabi va bolalar uylariga topshirib sovet qatag‘onidan qutilib qolgan ekan. Muhammadsiddiq bobomizning 10 nafar farzandi – 6 o‘g‘il, 4 qizi bo‘lgan. 1940-yilda ota joyi “Sarmazor” qishlog‘iga ko‘chib kelganlar.

 

 

Muhammadsiddiq bobomiz ham bilimli, ziyoli inson bo‘lib, tayyorlov idoralarida hisobchi, ish yurituvchi, urush yillarida kolxoz raisi lavozimlarida halol mehnat qilganlar. Bugun mulla Turg‘unboy mingboshi avlodlari turli sohalarda yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar”.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:01 / 07.01.2026 0 60
Amir Temurning bobosi kim bo‘lgan?

Ta’lim-tarbiya

10:01 / 06.01.2026 0 198
Parazitar tafakkur





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//