Rossiya fanlar akademiyasi har yili aholining intellektual salohiyati, ilm-fanga qiziqishi va eʼtiborini aniqlash maqsadida keng masshtabli soʻrovnoma oʻtkazadi.
Bu yil ham istisno boʻlmadi, ammo natijalar rus ilmiy hamjamiyatida jiddiy xavotirlar uygʻotdi. Chunki soʻrovnomada 18-24 yosh orasidagi ishtirokchilarning 20 foizi “Yer koinot markazi ekani va quyosh uning atrofida aylanishi”ga mutlaqo ishonishini aytgan, 16 foizi esa “odamlar va dinozavrlar bir paytda yashagan”iga shubha qilmagan[1].
Soʻrovnoma mualliflari — olimlar hayron. Nima balo, ertangi kun egalarini quyosh uryaptimi? Ulardan qanaqadir nisbiylik nazariyasi emas, maktabgacha taʼlimning soʻnggi bosqichlarida beriladigan eng oddiy, primitiv bilimlar soʻralgan-ku! Tadqiqotchilar fikricha, yoshlarda ibtidoiy yoki ilk oʻrta asrlar odamiga xos tafakkur namoyon boʻlishi — shunchaki maktabda yaxshi oʻqimaslik natijasi emas, balki axborot muhitidagi “shovqin” va psevdoilmiy kontentning gʻalabasi.
Tanqidiy tahlil tanazzuli
Gap shundaki, kishilar axborotni miya tuzilmalaridagi ikkita alohida mexanizm asosida qayta ishlaydi. Birinchisi, miyaning limbik tizimida joylashgan “Parazitar” (yoki reaktiv) tafakkur. U koʻproq — qoʻrquv, yoqtirish/yoqtirmaslik yoki azaldan shakllangan odatlar asosida tezkor xulosalar chiqarish, haqiqatga oʻxshab tuyuladigan, hissiy aks-sado beradigan va mavjud qarashlarni tasdiqlaydigan maʼlumotlarni qabul qilish, konspirologiyaga mukkasidan ketish (deylik, vaksina odamni yana qayta maymunga aylantirishiga ishonish) bilan xarakterlanadi.
Bundan tashqari, parazitar tafakkurda mantiq ilmi koʻp ham bezovta qilinmaydi, fakt va dalillar ortidan yugurish ortiqcha yukdek koʻrinadi, haqiqat — yorqin obrazlar, ramzlar yoki avtoritetlar bilan oʻlchanadi.
Ikkinchisi, bosh miyaning prefrontal poʻstlogʻidagi nisbatan yangi tuzilma — “Neokortikal” tafakkur. U odamlardagi tanqidiy tahlil, abstrakt fikrlash va uzoq muddatli maqsadlar yoʻlida oniy rohatlanishni kechiktirish (masalan, olim boʻlish uchun yillab oʻqish) uchun masʼul.
Hozir vaziyat shunaqaki, zamonaviy onlayn-platformalar oʻzining tasma aylantirish madaniyati, hissiyotga tayanadigan algoritmlari bilan koʻproq parazitar tafakkurni tarbiyalayapti, ragʻbatlantiryapti. Tanqidiy, neokortikal fikrlash modeli esa aksincha, sekin-asta ishlashdan toʻxtayapti.
Kichik intellektual elita va boshqariluvchi omma
Olimlarning qayd etishicha, dunyoning ilmiy manzarasi bilan kundalik tasavvurlar oʻrtasidagi jarlik kengaymoqda. Ilm-fan shou sifatida qiziq, lekin fikrlash usuli va bilimlar tizimi sifatida emas. Mazmun qolib, “yarqiroq oʻram” isteʼmol qilinmoqda.
Agar vaziyat oʻzgarmasa, jamiyat yaqin kelajakda neokortikal fikrlaydigan, ilmni tushunadigan kichik intellektual elita hamda qisqa metrajli shilta kontent tomonidan “parvarishlangan”, konspirologik qarashlarga koʻr-koʻrona ergashadigan va oson manipulyatsiya qilinadigan boshqariluvchi ommaga boʻlinib ketadi.
Keling, bu qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilamiz: agar jamiyatning katta qismi tanqidiy tahlil qobiliyatini yoʻqotsa, demokratik saylovlar oʻz maʼnosini yoʻqotadi, nafrat tili, “biz va ular” tafakkuri kuchayadi, dezinformatsiya urchiydi, umuman jamiyat bir butun subyekt emas, balki moʻrt, tez parchalanadigan obyektga aylanadi va hokazo.
Nima qilish kerak?
Bu xavflarning oldini olishning yagona yoʻli — taʼlimga bugungi raqamli infomuhit xususiyatlaridan kelib chiqib yangicha yondashuvlarni tezkorlik bilan tatbiq etish. Hozirgi mega-texnologik davrda taʼlim deganda faqat diplom/shahodatnoma berish, yodlatish yoki bolalarni bir joyda maʼlum vaqt ushlab turish emas, balki ularda mantiq, tanqidiy tahlil, tizimli fikrlash, gipotezalar bilan ishlash koʻnikmalarini ham shakllantiradigan eng qimmatli institut koʻz oldimizga kelishi kerak.
Ayni paytda davlat raqamli muhitda yoshlar bilan bevosita ishlaydigan ilmiy kommunikatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, olimlarning yoshlar orasida nufuzini oshirish va ularni taniqli media-shaxslar (blogerlar, podkasterlar) bilan hamkorligini tizimli yoʻlga qoʻyish, yosh avlodga ilm-fanning ahamiyatini tushuntirish ustida doimiy bosh qotirishi lozim.
Aks holda, texnologiyalar, algoritmlar yoki sunʼiy ong rivojlangani sayin “raqamli varvarlar” ham koʻpayib boraveradi, jamiyat sifatida esa orqaga, hoʻv osha toshdan nayza yasab, gulxan atrofida irim-sirim qilib yuradigan davrga qaytib qolamiz.
Dilshod NURULLOH,
jurnalist
[1] https://rg.ru/2025/11/18/opros-kazhdyj-piatyj-rossiianin-schitaet-chto-solnce-vrashchaetsia-vokrug-zemli.html
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q