Dunyoni kim boshqaradi? – Yechilmagan muammolar tahlili


Saqlash
15:56 / 05.01.2026 533 0

Shahnoza Rahmon: Ta’lim jamiyat taraqqiyotining poydevori ekani ma’lum. Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy ta’limida ko‘plab yutuqlarga erishildi, ammo hali shunday muammolar borki, ular ta’lim sifatini yanada yaxshilash, takomillashtirishni talab etadi. Mazkur soha ham, muammolar ham bundan yuz, hatto ellik yil oldingisidan keskin farq qiladi: bugun dunyo hamjamiyati insonning yashash joyi, e’tiqodi, tahsil turi va darajasidan qat’iy nazar, ta’limning umumjahon strategiyasini shakllantirishni ko‘zlagan. Boz ustiga, hamma sohada aqlli robotlar-u sun’iy intellektni boshqara oladigan kadrlarga ehtiyoj ortyapti... Istiqbolda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini mutaraqqiy davlatlar darajasiga ko‘tarmoq uchun hozirdan nimalarga ahamiyat berish kerak?

 

Mashhura Sheraliyeva: Savolingizga talabalar bilan ishlash tajribasiga tayanib javob bersam. Ta’limning natijasi ko‘p jihatdan professor-o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi munosabat qanday tashkil etilishiga bog‘liq. O‘qituvchi ta’lim natijasiga – sifatli kadr tayyorlashga mas’ul, buning uchun esa zamonaviy shart-sharoit lozim. Oliy ta’limda murabbiylik vazifasining tyutorlarga o‘tkazilishi bu yo‘lda dadil qadam bo‘ldi. Professor-o‘qituvchi endi o‘zini nazoratchi emas, chinakam bilim beruvchi ustoz maqomida his eta boshladi. Biroq ta’limda jahon standartlari darajasiga yetmoq uchun bu kamlik qiladi, albatta.

 

Dunyo bo‘yicha yuqori 300 talik reytingga kirgan Koreya ilg‘or texnologiyalar institutida (KAIST) talaba haftada bitta o‘quv adabiyotini o‘zlashtirib topshirishi kerak ekan. Professor-o‘qituvchi hamma talabaning bilimini birma-bir tekshirishga ulgurmasligi tabiiy. Shu bois o‘qituvchiga yuqori kurs talabalaridan yordamchilar tayinlanar, ularga maosh ham berilar ekan. Bizda esa hozir tejash prinsipi ustuvor: guruhlarda talaba sonini oshirish, o‘quv yuklamasi hajmini orttirish, auditoriya mashg‘ulotlari o‘rniga pul to‘lanmaydigan mustaqil soatlarni ko‘paytirish... Shaxsiy tajriba va hamkasblar faoliyatini kuzatishdan chiqargan xulosamga ko‘ra aytsam, o‘qituvchi semestr davomida talabalarning bir yoki ikki o‘quv adabiyoti bo‘yicha bilim-ko‘nikmasini tekshirishga ulguradi, xolos. Ro‘yxatda esa kam deganda o‘nta adabiyot ko‘rsatiladi (jahon andazalari darajasiga chiqmoq uchun xorijiy adabiyotlardan foydalanish shart qilib qo‘yilgan). Ha, shunchaki ko‘rsatiladi, chunki ularni o‘zlashtirish muhim emasdek. Xorijiy adabiyotlarni o‘rganish, mustaqil ta’limni joriy etish, vazifalar ijrosi yuzasidan komissiya tuzish, dars soatlari yuklamasini oshirish kabi choralar bilan mutaraqqiy davlatlar darajasiga ko‘tarilib qolmaymiz. Bizda ham, deylik, Koreya ilg‘or texnologiyalar institutidagi kabi kiroyi sharoit yaratish lozim.

 

Fanlarga ajratilgan soatlar keskin qisqargani sababli bitta o‘qituvchi besh-olti fandan mashg‘ulot olib boryapti. Bu esa ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etadi, ixtisoslashuvga yo‘l bermaydi. Kuniga o‘rtacha to‘rt soat dars ham o‘qituvchining bor quvvatini olib qo‘yadi – na ilmiy izlanishda, na iqtidorli talabalar bilan ishlashda samara bo‘ladi.

 

Universitetimizning “Ilmiy xabarnoma” jurnalida mas’ul kotibman. Yaqinda tahririyatimizga tilshunoslikka oid birdaniga o‘n bitta maqola kelsa deng. Hammasi risoladagidek, lekin... o‘zbek mardum yozganga o‘xshamaydi. Ma’lum bo‘lishicha, maqolalarning barchasi sun’iy intellekt mahsuli ekan. Kechagina magistraturani bitirib, bugun universitetda dars berayotgan o‘sha “mutaxassis”lar ilmiy ishni ham shu yo‘l bilan tayyorlashiga shubha qilmayman. Bu hol ertaga oliy ta’lim kimning qo‘liga o‘tar ekan degan xavotirli o‘ylarni uyg‘otadi.

 

Sh.R: Endi adabiyotga kelsak... Zamonlar o‘tsa-da, qimmatini yo‘qotmaydigan mumtoz romanlar mutolaasi insonning ruhiy olami va murakkab tabiatini anglashga yordam beradi. Kitobxon boy til, betakror obrazlar, pishiq-puxta syujet vositasida turli davrlardagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy voqelikni idrok etadi. Biroq bugungi romannavis tasvirdan ko‘ra tadqiqqa berilib ketgandek. Gohida esa jamiyatdagi adolatsizlikni fosh etish istagi ustunlik kasb etadi. Qahramonni jabrdiyda o‘laroq ko‘rsatish maqsadida yasalgan qo‘lbola sahnalar, zo‘rma-zo‘rakilik hafsalangizni pir qiladi. Gʻoya “hidi”-yu publisistika “rang”larining barq urib turishi, hayotiylik da’vosida faktlarning qalashtirilishi kabi qusurlar kitobxonni asl san’at namunasi bo‘lgan romanlardan uzoqlashtiradi. Yodingizda bo‘lsa, belorus yozuvchisi Svetlana Aleksiyevichning “Urushning ayolga yot qiyofasi” degan asariga nufuzli Nobel mukofoti berilganida (2015) “badiiyatdan yiroq, romanga xos xususiyatlari yo‘q”ligi bois keskin tanqidga uchragan edi. Romannavislikning bu xil “rivoj”i haqida qanday fikrdasiz?

 

M.Sh: Mumtoz romanlar yozilgan davrlarda yuzlab bo‘lmag‘urlari ham dunyo yuzini ko‘rgani bor gap. Masalan, ulug‘ adib Onore de Balzak yiliga o‘nlab romanni qatorlashtirib tashlaganki, oxir-oqibat munaqqid Jyul Renarning “Yomon yozishga, ehtimol, birgina Balzak haqlidir” degan kinoyasiga nishon bo‘lgan. Dostoyevskiy qimorda orttirgan qarzlarini to‘lash uchun yozgan asarlarning barchasi ham mumtoz maqomda emas, albatta. Sirasi, biz sevib o‘qiydigan romanlar davr sinovidan o‘tib, saralanib yetib kelgan. Shu kunda yaratilayotganlari ham vaqt g‘alvirida elanadi, asl san’atga daxldor bo‘lmaganlari o‘z-o‘zidan unutiladi. Hozirgi romanlarning o‘n, yigirma va hatto elliktadan bittasi qolsa ham, shuning o‘zi adabiyotimizni boyitish uchun yetarlidir.

 

“Tasvirdan ko‘ra tadqiqqa berilib ketish” haqidagi fikringizga qo‘shilolmayman. Romandagina emas, umuman, badiiy asarda tadqiqni tasvirdan ajratib bo‘lmaydi. Chinakam san’atkor tasvir orqali hayotni badiiy tadqiq etadi. Gʻoyaning jo‘n ifodasi, publisistik ruh yetakchiligi, zo‘rma-zo‘rakilik – voizlik ustun kelayotganidan. Bu hol voqelikni badiiy idrok etmoq uchun jiddiy to‘siq mavjudligini ham ko‘rsatadi. Menimcha, buning ikki asosiy sababi bor. Birinchisi – axborot oqimi, ko‘lami odamlarni teran o‘ylash, mushohada etish imkonidan mahrum qilayotir. Shiddatkor zamon axborotni tanlab, saralab olishga izn bermaydi. “YouTube”da qatorasiga video ko‘rgan, “Facebook”dagi turfa xil postlarga ko‘z yugurtirib chiqqan, “Telegram”dagi bahs-munozaralarda qatnashgan kishining miyasi bir-biriga mutlaqo aloqasiz ma’lumotlar bilan to‘ladi, bu ma’lumotlarning katta qismi ongostiga cho‘kadi. Odam boshqa yumushlarni qilayotganida yoki hatto uxlayotganida ham ongosti o‘sha axborotni qayta ishlashda davom etadi. Neyrofan va psixolingvistika sohasida tadqiqotlar olib borgan Tatyana Chernigovskaya aytadiki, miyaga kirgan ma’lumot unda muqim o‘rnashadi. Shu bois uni keraksiz axborot – “chiqindi” bilan to‘ldirmaslik kerak. Endi ijodkor odamning holatini tasavvur qiling...

 

Ijod jarayonida ongosti muhim vazifani bajaradi; u tabiatiga ko‘ra ramz, metafora, obrazlar dunyosidir. Miyasini keraksiz axborot egallagan odam esa ijodiy salohiyatini to‘liq safarbar etolmaydi. Marhum adib Ahmad A’zam bir asarini ishdan bo‘shab olib, xotirjam o‘tirib yozganini aytgan edi. Ijodkor uchun zarur vaqtda uzlatnishinlik qanchalar ahamiyatli! Deylik, 1980-yillarga qiyoslasak, bugungi ijodkor uchun uzlatnishinlik, axborotdan parhez qilish yanada muhim ekani ayonlashadi.

 

Ikkinchi sabab: bugun xorijiy serial, filmlarni ko‘rish keng ommalashdi. Ularning aksarida “zabunlikdan yuksakka”, “adashgan o‘g‘ilning qaytishi” kabi syujet sxemalari takrorlanadi. Romanlarda “adolatsizlikni fosh etish istagi ustunlik qilishi”, “qahramonni jabrdiyda o‘laroq ko‘rsatish maqsadida yasalgan qo‘lbola sahnalar” – syujet sxemalarining vosita ekanini unutib, ularni maqsadga aylantirib olish natijasidir.

 

Odamning o‘rnini sun’iy idrok birato‘la egallab oladi degan xavotir bor. Endilikda sun’iy idrokning odamga o‘xshab asar yozishi mumkinligi emas, balki odamning SI singari sxematik asar bitayotgani, unda ijodiy tafakkurning yemirilib-parchalanib-yo‘qolib borayotgani xatarliroqdir.

 

Zamonaviy o‘zbek romanchiligiga so‘nggi chorak asrda yozilgan “Dinozavr”, “Bozor”, “Muvozanat”, “Shovqin”, “Ro‘yo yoxud Gʻulistonga safar”, “Jaziramadagi odamlar”, “Boqiy darbadar” kabi asarlar misolida baho berish qulayroq menga. Ushbu romanlarda matn – muallif yoki qahramonning ko‘ngil izhori, g‘oyaning yalang‘och ifodasi darajasida qolib ketmagan, bil’aks, yaxlit badiiy konsepsiya hayotni anglash, ijtimoiy muammolar haqida xolis, haqqoniy mushohada yuritish imkonini beradi.

 

Ilgari gazeta-jurnal tahririyatlari, nashriyotlarda nash’u namo topgan adabiy muhit endi yo‘q hisobi: 90-yillarning adabiyotga o‘gay sharoitida asta-sekin barham topdi. Qirq yoshni qoralaganlarning roman bitmoqqa jur’at etmayotgani, o‘ttiz yoshlilarning yozgani janrning “katta hajmli voqeaband asar” degan ibtidoiy talabidan nari o‘tmayotgani sababi qalam ahlini nosir sifatida shakllantiradigan adabiy muhit bo‘lmaganidadir?! Ustoz–shogirdlik munosabatlarida ham muntazamlik, izchillik yo‘q... Nazarimda, o‘zbek adabiyoti badiiy tafakkur rivojida erishgan darajani saqlab qolish, uni keyingi bosqichga ko‘tarish ko‘proq yakka ijodkorlarning sa’y-harakatiga bog‘liq.

 

Svetlana Aleksiyevichning romaniga kelsak... Ikkimizga ham yaxshi ma’lumki, u asar badiiyati uchun emas, “Nobel beruvchilar”ning siyosiy manfaatlariga muvofiqligi sabab mukofotga noil etilgan. Keyingi yillarda siyosiy mezonga ustuvorlik berish odatga aylangandek. Adabiyot o‘z qonuniyatlari asosida rivojlanaveradi. Nobel mukofotining esa so‘z san’ati taraqqiysiga na ijobiy, na salbiy ta’siri bo‘lgan.

 

Sh.R: An’anaga ko‘ra, adabiyotda ayol baxti oilaviy qadriyatlar prizmasi orqali talqin qilinadi: sevish, juftiga sadoqat, oila ahliga xizmat qilish, farzand tarbiyasi, mas’uliyat, javobgarlik, fidoyilik... va hatto qurbonlik. Bunday “qismat”ga hatto temirtan Alomat ham dosh berolmadi! Darvoqe, Sharof Boshbekov “Temir xotin” asarida ilk marotaba o‘zbek ayoli uchun oilaviy baxt o‘zni unutib yashash ekanini ko‘rsatdi, “Bu baxtmi yo baxtsizlik?” qabilidagi mushohadalarga turtki berdi. Aligyeri Dante “Ilohiy komediya”da ideallashtirgan Beatriche o‘z o‘rnini yuqori ijtimoiy maqomga erishish yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan shuhratparast Skarlett O’Hara-yu Bekki Sharpga o‘xshash obrazlarga bo‘shatib berganiga ancha zamon bo‘ldi. Bugun milliy adabiyotimizda ham shu tipdagi qahramonlarni yaratishga urinish mavjud. Masalan, yozuvchi Zulfiya Qurolboy qizi “Oyimtilla” romani orqali o‘zbek adabiyotiga biz ko‘nikkan, hatto oshkor yo pinhon xohlagan ayol timsoli – qo‘llari qadoq Qumriga mutlaqo teskari bir qiyofani olib kirdi. Biroq ushbu roman ham “dunyo temirday mustahkam va kuchli odamlarniki” ekaniga ishonadigan, hamisha baland dorga osilishni ko‘zlaydigan nilufarlarning hayot tarzi ayol uchun baxtmi yo baxtsizlik degan savolga javob bermaydi...

  

M.Sh: Sharq bo‘ladimi yoki Gʻarb – bundan qat’iy nazar, jamiyatni erkaklar boshqaradi. Jamiyat taqdiri erkaklar birdamligi nimaga (yaxshilikkami yoki yomonlikka) xizmat qilishiga bog‘liq. Davlat va jamiyat boshqaruvi kollektiv ongda erkak kishi obrazi (“ota” arxetipi) orqali ifodalanadi. Shu bois insoniyat tarixining ayollarga doxil qismi erkaklar fikriga ta’sir etishga urinishlardan iborat desak adashmaymiz.

 

Ijtimoiy iyerarxiya – mohiyatan erkaklar jamoalari iyerarxiyasidir. Har bir soha, har bir jabhada ichki pog‘onaga ega erkaklar jamoalari – norasmiy guruhlar shakllanadi. O‘g‘il bolalar o‘smirlik davridayoq o‘sha guruhlarga kirib boradi. Jamoa a’zolarining qobiliyati-yu imkoniyatiga qarab ularning vazifasi va iyerarxiyadagi o‘rni belgilanadi. Har bir erkak o‘zining yashab qolishi tizimning bexato ishlashiga bog‘liq ekanini yaxshi anglaydi. Vaqt o‘tishi bilan o‘rin almashuv sodir bo‘lishi tabiiy, chunki kuchlar nisbati o‘zgarib turadi. O‘smirlikda yakkash jismoniy kuch-quvvat asosiy mezon bo‘lsa, keyinroq uning o‘rnini boshqa omillar egallaydi. Avstriyalik faylasuf Gerxard Shvars erkaklarning bu xil norasmiy guruhlari ildizini qadimda jamoaviy ov qilish, birlashib dushmanga qarshi kurashish natijasida shakllangan ko‘nikmalarga bog‘laydi. Uningcha, “Ayol kishi yakka holda kuchli, erkaklar esa birgalikda qudrat kasb etadi”. E’tibor bersangiz, o‘zaro yaxshi tanish ayollardan ko‘ra notanish erkaklar bir-birini tezroq, osonroq tushunadi. Erkaklarda ming yillar davomida shakllanib, o‘zgarmay kelayotgan ko‘nikmalar allaqachon ulardagi jamoaviy ongsizlik arxetiplariga aylanib ulgurgan-da.

 

“Temir xotin”dagi Qumrining hayoti nega to‘kis emas? Uyim-joyim, bolam-chaqam deydigan ayol bo‘lgani uchunmi? Yo‘q, unday emas. Manfaatlari mudom hisobga olinmaydigan, ijtimoiy iyerarxiyaning eng quyi pog‘onasidagi erkakning xotini bo‘lgani uchun! Ayollar muammosi ko‘tarilgani, “Temir xotin” deb nomlanganiga qaramay, asar bosh qahramoni – Qo‘chqordir.

 

“Oyimtilla”dagi Nilufar ham dastlab Qumri kabi qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib, eri, qaynonasi va boshqalarning xizmatini bekam-u ko‘st bajaradi. Ikkinchi erining bolalarini o‘z farzandidek ko‘rib, mehr berishga intiladi. Muallif “u paytlarda o‘zi ham, tuyg‘ulari ham tozaroq edi” deb yozadiki, qahramonning “dunyo temirday mustahkam va kuchli odamlarniki” ekaniga ishonch hosil qilishi, yanada balandroq martabalarga intilishi, bu yo‘lda odamiyligi, iffat-nomusini ham qurbon qilishdan qaytmaslikka o‘rganishi keyinroq, asta-sekin sodir bo‘ladi.

 

Nilufar obrazi orqali ijtimoiy iyerarxiyaning yuqori pog‘onasidagi erkakdan foydalanib baland maqom-martabaga erishgan ayollarning faqat bitta tipi ko‘rsatilgan. Hayotda bunday ayollarning kamida uch xilini uchratamiz: 1) Nilufar tipi; 2) ushbu romandagi kabi “katta lavozimda ishlaydigan adasi va eri”ning (akasi, tog‘asi, amakisi...) soyasida martabaga erishgan Risolat tipi; 3) pora yoki boshqa xizmatlari badaliga mansabdor erkakdan homiy yasab olgan, ya’ni yuqori lavozimni sotib olgan ayollar. Uchala toifa vakillari ham yuqori mansabga o‘z qobiliyatini namoyon etish, umum manfaatiga xizmat qilish uchun emas, balki shaxsiy manfaat (uy-joy, betashvish hayot, shon-shuhrat...) deya intiladi. Ular o‘ziga homiylik qilgan kishinigina erkak o‘laroq hurmat qiladi. “Oyimtilla” asari qahramonining aynan vazir o‘rinbosariga tobelikni tan olishi sababi ham erkakning shaxsiyati emas, yuqori lavozimi, xolos. Sho‘rlik muovin ertaga ishdan ketsa, Nilufar hech ikkilanmay undan voz kechadi. Bu bir qarashda jamiyatning hozirgi ravish-raftori, taraqqiyot ta’sirida ayol kishida yuz bergan emansipatsiyadek ko‘rinadi. Aslida esa bu – regressiya. Regressiya bo‘lganida ham, besh yuz yoki ming yil emas, million yil ortga, ya’ni ayol kishi o‘zini eng kuchli erkak – qabila boshlig‘ining mulki sifatida tabiiy qabul qilgan ibtidoiy davrga qaytish demakdir.

 

Ro‘zg‘origa harom pul aralashishini xohlamaydigan xotinidan ko‘ra manfaatparast Nilufar o‘ziga ma’nan yaqin ekanini yuksak martabali “homiy” Akobir Saydaliyevichning o‘zi ham biladi. Kishining vakolati qancha ko‘paysa, mas’uliyati ham shunga yarasha ortadi. Buni anglamaslik yoki tan olmaslik bilan zimmadagi mas’uliyat soqit bo‘lmaydi. Saydaliyevich oilasi farovonligi, yaqinlarining kelajagini ta’min etmoq uchun lavozimidan ko‘p va xo‘b foydalanadi. Nilufarni ham nufuzli lavozimga ko‘tarib, noqonuniy qilmishlarini xaspo‘shlashga ko‘maklashadi. Roman voqealari davomida ma’lum bo‘ladiki, Saydaliyevich bir oila boshlig‘i qadar kamolga yetgan, lekin katta bir sohani boshqarish darajasida ulg‘aymagan ekan.

 

Nilufar kabilarga baxtiyor sifatini qo‘llab bo‘lmasligi aniq. Maqsadga yetmoq yo‘lida ko‘ngli suymagan erkak bilan munosabatga kirishish ayol ruhining vujud bilan aloqasi uzilganidan darak beradi. Nilufar esa tuyg‘ularini sovuqqonlik ila idora etmoqqa o‘rgangan. Hayot tarzi baxtsizlik ekanini his qilmaslik, anglamaslik o‘ng‘ayroq ham unga.

 

Qumri va Nilufar qarama-qarshi qutbdagi ayollar bo‘lsa-da, har ikkisi ham erkak kishida “to‘g‘ri yashayapmanmi?” degan ishtiboh tug‘dirmaydi, uni erkakcha qadriyatlardan (adolat, qat’iyat, mas’uliyat, javobgarlik) uzoqlashib ketayotgani haqida o‘ylashga undamaydi. Shu ikkisi oralig‘idagi ayol esa ham shaxsiy, ham ijtimoiy munosabatlarda ulardan farqli muammolarga duch keladi: ko‘r-ko‘rona itoatkor bo‘lmagani yoxud shaxsiyati, nomusini mansab, soxta obro‘ va moddiy ne’matlar yo‘lida qurbon qilmagani bois u erkag-u ayollar tomonidan birdek inkor etilishi mumkin.

 

Modomiki, ayollar obrazining tadriji haqida so‘z ochilgan ekan, adabiyotimizdagi g‘alati bir tendensiyaga diqqatingizni tortmoqchiman. Hech e’tibor qilganmisiz, yangi o‘zbek nasridagi aksar asarlarda qahramon hayotida ikki xil ayol mavjud (“Kecha va kunduz” – Cho‘lpon, “Erk” – P.Qodirov, “Shovqin”, “Parizod” – E.A’zam, “Muvozanat”, “Isyon va itoat” – U.Hamdam, “Parim bo‘lsa...” – A.Yo‘ldoshev). Hatto eng diyonatli qahramonimiz Normurod Shomurodov (“Diyonat” – O.Yoqubov) ham istisno emas. Bu yerda gap “O‘tkan kunlar” yoki “Sarob”dagi kabi qahramon sevgan va sevmagan ayol haqida emas, aksincha, u uchun birdek qadrli bo‘lgan, birini tanlab, ikkinchisidan voz kechib bo‘lmaydigan ayollar haqida.

 

Ayol kishi erkak bilan munosabatda (shaxsiy yoki ijtimoiy ekanidan qat’iy nazar) hamisha o‘zga sifatida uning ruhiyatidagi anglanmagan, qorong‘i tomonga ishora qilib turadi. Ko‘p hollarda ayolning aybsiz aybdor bo‘lib qolishi shundan – u o‘zi anglamagan holda erkak ruhiyatining muvozanatiga putur yetkazishi, botiniy ziddiyatlarning yuzaga qalqib chiqishiga turtki bo‘lib qolishi mumkin. Yuqorida sanalgan asarlarda ham ana shunday holat kuzatiladi – qahramon hayotidagi ikki ayol uning ruhiyatidagi bo‘linishni yuzaga chiqaradi. Bu ayollarni ikki qutbga ajratib bo‘lmaydi. Asosiy masala ularning ikki xil tip ekanida emas, balki qahramon ruhiyatining bir qismi bir ayol bilan munosabatda, boshqa qismi ikkinchisi bilan munosabatda reallashayotganida. Bu hol qahramonning butun odam bo‘lib yashay olmayotganini bildiradi.

 

Agar erkak ruhiyatining bir-biridan ayro qismlarini o‘zaro bog‘lash, uyg‘unlashtirishga erisholmasa, ikkiyoqlama hayotga mahkumdir. O‘z navbatida, ayol kim, qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, erkak hayotida yagona bo‘lolmaydi. Tabiiyki, bunday qismat hech bir ayolga to‘kis baxt tortiq etmaydi.

 

Sh.R: Nobelchi adib Tomas Eliot adabiyotda umrboqiy asarlar yaratilishini tarixdagi muhim voqealar, mustabid tuzumlar va zolim podshohlar davri bilan bog‘laydi. Demak, iste’doddan tashqari, yozishga undaydigan kuchli dard, iztirob ham bo‘lmog‘i lozim ekan. Alisher Navoiy dahosining paydo bo‘lishiga temuriylar tanazzuli bilan bog‘liq voqealar katta ta’sir ko‘rsatgan. Bobur Mirzo ijodi haqida ham shunday desa bo‘ladi. Yoxud Lev Tolstoy muhoraba ko‘rmaganida, dunyo adabiyoti “Urush va tinchlik” singari muhtasham asar bilan boyimagan bo‘lardi ehtimol. Mashhur Gabriel Garsia Markes hamkasbi Mario Vargas Losa bilan suhbatda “Kolumbiyada o‘n bir marta fuqarolik urushi yuz bermaganida, “Yolg‘izlikning yuz yili” romani yozilmasdi...” deya tan olgan. Olmon adibasi Herta Myuller ta’kidicha, oilasi stalincha mustabid tuzum tomonidan xo‘rlikka uchramaganda, kitoblari bu qadar muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lardi. Adolf Hitlerning vahshiy siyosati qurboniga aylangan vengriyalik yozuvchi Imre Kertes ham “Qismatsiz” romani Holokost davridagi azob-uqubatlarining hosilasi ekanini qayd etadi...

 

Biz yashayotgan asrda ijtimoiy fojialar ko‘lami yanada ortgan. Odamzod to‘xtatish imkonsiz bo‘lgan xavfli o‘yin girdobiga tushib qolgandek. Tillar-u madaniyatlarning o‘limi, o‘zligini yo‘qotayotgan millatlar, ekologik falokatlar, XXI asrda ham tinmayotgan urushlar, ocharchilik, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan xastaliklar... moddiyunchilik changalidagi dunyo inqirozi kuchayayotganini ko‘rsatayotir. Eng dahshatlisi esa – shiddat! Hamma fojialardan xavflirog‘i shu, nazarimda. Chunki inson tafakkuri dunyo sahnasida ro‘y berayotgan tezkor voqealarni idrok etmoqqa ojiz. Shu bois u gohida befarq, gohida karaxt... Yozuvchilarning o‘z davri muammolaridan ko‘ra ko‘proq o‘tmishga murojaat qilayotgani sababi ham shudir balki? Shiddat shunchalikki, kitob yozib tugallanmay mavzu eskirib qolayotir – ehtimol shu ham davr dramalari-yu fojialarini qalamga olmoqqa to‘sqinlik qilayotgandir?

 

M.Sh: Mulohazalaringizni o‘qigan mushtariyda yuksak badiiyat namunalari dunyoga kelmog‘i uchun ijtimoiy fojialar ro‘y berishi kerak ekan-da, degan xulosa paydo bo‘lmaydi, deb umid qilaman. Zotan, ijtimoiy fojia qurbonlari – urush uqubatini tortgan, stalincha tuzumdan zulm ko‘rgan, hitlercha vahshiylik qurboni bo‘lganlarning barchasi mazkur falokatlarning bor ko‘lami, sababi-yu oqibatlarini birdek anglab yetmagani kabi, ularning hammasi ijodkor bo‘lib ketgani, boshdan kechirganlarini badiiy asarga muhrlagani yo‘q. Demak, bu o‘rinda iste’dod kuchi-yu ijtimoiy dardning shaxsiylanish darajasi haqida gapirmoq joiz.

 

Ustozlar badiiy asarning poetik xususiyatlarini ijtimoiy shart-sharoit belgilab berishini ta’kidlagan. Ijodkor fenomeni yoki adabiy avlodni shakllantiradigan eng muhim omil ham davr ijodkor oldiga qo‘yadigan missiyaning anglanishi va qabul qilinishidir. Jadid ma’rifatparvarlari, Abdulla Oripov fenomeni yoki 70-yillar adabiy avlodining maydonga chiqishi ana shunday missiyani anglash natijasi edi.

 

Ijtimoiy voqelikning adabiyot taraqqiyotiga ta’siri zohiriy alomatlardan ko‘ra murakkabroq bo‘ladi. Siz esga olgan davr shiddati, yozuvchilarning ko‘proq o‘tmishga murojaat qilishi haqida ham shu gapni aytish mumkin.

 

Aslida, adabiyotning vazifasi davr voqeligi, dramalarini tasvirlash emas. Agar buning aksi deb hisoblasak, u holda vositani maqsad deb sanagan bo‘lamiz. Zero, tasvirlanayotgan voqelik muallif uchun, badiiy konsepsiya ifodasi uchun vositadir. Shunga ko‘ra, davr dramalarini aks ettirmaslikni ichki yoki tashqi senzura natijasi deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Adabiyot o‘z tabiatiga ko‘ra mudom o‘tmish bilan ish ko‘radi – unda yaqin yoki uzoq tarix tasvirlanadi. Voqelikni badiiy idrok etmoq uchun ijodkor undan uzilishi lozim-da. Qolaversa, badiiy asarda qalamga olingan o‘tmish pirovardida bugungi kunni anglash, tadqiq etish, baholashga xizmat qiladi.

 

Hozirgi zamon shiddati yuzadagi o‘zgarishlarga doxil, nazarimda. Inson mohiyatan oltmish yil oldingi odamdan u qadar farq qilmaydi, oltmish yil avvalgi muammo hali yechim topib ulgurgani yo‘q.

 

Fransuz adabiyotshunosi Jan-Fransua Liotarning metanarrativlar inqirozi, sotsiolog Jan Bodriyyarning simulyatsiya va faylasuf Gi Deborning “spektakl jamiyati” (“tomosha jamiyati”) haqidagi nazariyalarida 1960–1970-yillardagi ijtimoiy vaziyat yaxshi tavsiflangan: o‘sha xulosalar ikki siyosiy lagerga mansub mamlakatlarga birdek taalluqli. Kommunistik mafkura shaklidagi metanarrativ inqirozini anglash natijasida o‘zbek adabiyotida maydonga chiqqan 70-yillar adabiy avlodining asosiy missiyasi – “spektakl jamiyati”ning ta’siriga berilmaslik, uning mazmun-mohiyatini idrok etish edi. Siyosiy qutblar orasidagi chegaraning yo‘qolgani vajhidan mazkur missiya yanada o‘tkirlashdi – totalitar davr asoratlaridan xalos bo‘lib ulgurmagan jamiyatimiz kapitalizmga xos iste’molchilikka asoslangan “spektakl jamiyati”ning xususiyatlarini o‘zlashtirdi. Nazarimda, 70-yillardan keyin ijodkorlarning adabiy avlod sifatida shakllanmagani sababi iste’dod kuchidagi tafovutda emas. Jamiyat taraqqiyoti mobaynida keyingi avlodlar oldiga boshqa muhimroq vazifa qo‘yilmadi, ya’ni 70-yillardagi maslak haligacha o‘z kuchida turibdi. O‘shanda mohiyati fosh bo‘lgan “spektakl jamiyati”ning xususiyatlari avloddan avlodga uzatilyapti, bunda jamiyatning har bir qatlami ishtirok etyapti. Badiiy adabiyotda “mavzuning eskirib qolgandek” tuyulishi boisi ham shu. Mavzu go‘yo yangilanmagandek – ellik-oltmish yil avval adabiyot oldiga qo‘yilgan muammoni badiiy idrok etishga qayta-qayta urinishlar bo‘lmoqda.

 

Adabiyotshunoslar Shahnoza RAHMON va

Mashhura SHERALIYEVA suhbati.

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

10:01 / 06.01.2026 0 154
Parazitar tafakkur

Adabiyot

16:12 / 30.12.2025 0 324
Ot yili – katta sakrashlar davri bo’ladimi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//