AQShning Venesueladagi “harbiy operatsiyasi”: Prezidentning agʻdarilishi, oʻnlab qurbonlar va arosatda qolgan xalq


Saqlash
16:17 / 04.01.2026 100 0

2026-yilning 3-yanvar kuni AQSh Venesuela poytaxti Karakasdagi harbiy va fuqaroviy obyektlarga havo hujumini yubordi. Avvaliga, Oq uy va Pentagon bu borada rasman bayonot bermadi. Venesuela hukumati AQShni mamlakatga hujum qilganlikda ayblab, favqulodda holat joriy etdi, BMTning Xavfsizlik kengashiga murojaat qilib, AQShni javobgarlikka tortishni talab qildi. Keyinroq esa Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi AQSh harbiylari tomonidan qoʻlga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketganini maʼlum qildi. Ayni damda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga narkoterrorizm boʻyicha ayblov qoʻyilib, u New-Yorkda, Bruklindagi yuqori xavfsizlikka ega qamoqxonaga joylashtirilgan, kelayotgan hafta boshida esa Manxetten federal sudida sudlanadi.

 

Quyida AQSh-Venesuela urushi boʻyicha hozirgacha maʼlum boʻlganlari haqida tanishasiz.

 

 

AQShning Karakasga yuborgan havo zarbalari

 

3-yanvar kuni tunda AQSh tomoni Venesuelada harbiy operatsiyasini boshladi: Poytaxtda kamida yettita kuchli portlash ovozi eshitilgan, shaharda pastlab uchuvchi harbiy samoletlar koʻringan. Bir qancha tumanlardagi elektr tarmoqlarida uzilishlar kuzatilgan. Portlash jarangi Karakas shimoli, mamlakat qirgʻogʻida joylashgan La-Guayrda, shuningdek, Miranda shtati Iguerotda ham eshitilgan. Tutunlar 2005-yildan buyon Venesuela harbiy bazasi joylashgan La-Karlota aeroporti hududida ham sezilgan.

 

New-York tayms nashriga koʻra, AQShning mamlakatga hujumi natijasida kamida 40 kishi halok boʻlgan. Ular orasida tinch aholi, shuningdek, harbiylar ham bor. Bir qator tuman aholisi sarosimaga tushib, xonadonlarini tark eta boshlagan.

 

Venesuela rasmiylari AQSh hujumidan maqsad “Venesuelaning strategik resurslarini, xususan, neft va minerallarini qoʻlga olish” hamda “mamlakatning siyosiy mustaqilligini buzish”ga urinish deb ataydi va Nikolas Maduro mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilgan.

 

 

Mamlakat aholisi arosatda qolgan: Karakasdagi tartibsizlik fonida mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning AQSh tomonidan qoʻlga olingani haqidagi yangilikka baʼzilar umid, qoʻrquv va ishonchsizlik bilan qaramoqda. Mahalliy fuqarolardan biri Dina AQShdan mamlakat prezidentini “yoʻqotgani“ uchun minnatdor boʻlganini, “hech boʻlmaganda tunnel oxirida yana yorugʻlik koʻrayotganini“ aytgan. Maduro hokimiyati tarafdorlari boʻlsa AQShdan mamlakat liderini ozod etishlarini talab qilib koʻchaga chiqqan. Maduro hukumatga kelgach mamlakatni tark etgan koʻplab venesuelaliklar esa ochiqchasiga bayram qilib yuborgan.

 

 

AQSh: Maduro xalqaro kokain savdosi tarmogʻi bilan chambarchas bogʻliq

 

Oq uy maʼmuriyati esa ushbu operatsiyani giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash deb izohlamoqda.

 

AQSh Venesuela va uning Lideriga qarshi yirik masshtabli operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi: prezident Nikolas Maduro rafiqasi bilan birga qoʻlga olinib, samoletda mamlakatdan olib ketildi. Ushbu operatsiya AQSh Huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi”, deb yozadi oʻzini Tinchlik prezidenti deb nomlagan, ayni damda Flonrensiyadagi qarorgohida mehnat taʼtilini oʻtkazayotgan Donald Tramp.

 

Davlat kotibi oʻrinbosari Kristofer Landau esa Maduroning hokimiyatdan agʻdarilishi haqida shunday yozadi:

 

“Venesuela uchun yangi davr! Zolim ketdi. U va nihoyat, jinoyatlari uchun odil sudlov oldida javob beradi“.

 

Donald Tramp Venesuela hukumatini avvaldan “narkoterrorizm“da ayblab, mamlakatga zarba berish bilan bir necha marta tahdid qilgan. 2025-yilda Qoʻshma shtatlar Venesuela qirgʻoqlari yaqinidagi harbiy ishtirokini oshirib, giyohvand moddalar savdosiga aloqador deb daʼvo qilingan kemalarni Vashington nishonga ola boshladi. AQSh rasmiylariga koʻra, Maduro xalqaro kokain savdosi tarmogʻi va Cártel de los Soles (Quyosh karteli) karteli bilan chambarchas bogʻliq.

 

 

AQSh Maduroning prezidentlik saylovidagi gʻalabasini tan olmagan va uni qonuniy prezident deb hisoblashdan bosh tortgan. 2020-yil, Donald Trampning ilk prezidentlik muddati davrida AQSh Venesuela prezidentini qoʻlga olish uchun 15 mln AQSh dollari miqdorida taklif qilgan. 2025-yil yanvarida boʻlsa bu “mukofot“ miqdori 25 mln dollargacha, avgust oyida 50 mln dollargacha oshirilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:12 / 30.12.2025 0 306
Ot yili – katta sakrashlar davri bo’ladimi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//