Inson har doim kelajakni anglashga, vaqtning yuragini tinglashga intilgan. Ajdodlarimiz esa buning yo‘lini osmon-u zaminni, fasllar almashinuvini va hayotning takrorlanib turuvchi qonuniyatlarini sinchiklab kuzatish orqali topgan. Muchal tizimi ana shu tafakkurning mahsuli sifatida shakllanib, xalq hayotiga chuqur singib ketgan.
Turkiy taqvim – 12 hayvonli muchal tizimi paydo bo‘lishiga turli-tuman sabablar keltiriladi. Bizningcha, eng muhim omil Markaziy Osiyoning tabiiy sharoiti bo‘lgan. Keskin kontinental iqlim, to‘rt faslning almashib turishi, dehqonchilik va chorvachilik bilan bog‘liq turmush tarzi uzoq muddatli ob-havo prognozlarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirgan.
“Devonu lug‘otit-turk”da yozilishicha, turkiylar muchal yillarining har birida nedir hikmat bor deb o‘ylagan. Masalan, sigir yilida urush ko‘payarmish, chunki ho‘kizlar bir-biri bilan tez-tez shoxlashadi. Bu yilda yomg‘ir-qor ko‘p yog‘adi. Qish uzun keladi. Tovuq yilida ovqat mo‘l bo‘ladi. Chunki tovuqning yemishi dondir, tovuq donni topish uchun yer titadi. Timsoh (nahang) yili kirganida ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Chunki timsoh suvda yashaydi. (“Devon”da muchal tizimining to‘rtinchi yili baliq emas, timsoh deb atalgan.)
Keyinchalik, ayniqsa, hozirgi kunda muchalning mana shu bashoratchilik bilan bog‘liq xususiyati ko‘pchilikka yoqib qoldi. Bugunning odami muchal deganda odatda yillik bashoratlarni tushunadi. Bu esa azaldan din namoyandalarining e’tiroziga sabab bo‘lgan va muchalning xurofot deya izohlanib, taqiqlanishiga ham olib kelgan. Aslida 12 hayvonli turk taqvimining fol ko‘rish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Mazkur irimlar aslo bashoratgo‘ylik emas, balki xalqning asriy tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan falsafiy tafakkuri mahsulidir.
Inson tabiatning bir bo‘lagi, tabiatdagi o‘zgarishlar bizga ta’sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, “falon yil unday keladi, piston yil bunday keladi” kabi gaplar aslida uzoq kuzatuvlar xulosasi, ilmiy prognozlardir. Bashoratlar aynan yil sohibi bo‘lmish hayvonning muhim xislati bilan bog‘liq ekani esa muchalni nomlashda yetti ming o‘lchab, bir kesilganidan darak.
Muchal hisobi boshqa madaniyatlarga o‘tishi bilan ba’zi o‘zgarishlarga uchragan. Muayyan madaniyatning o‘ziga xos ijtimoiy-tarixiy va tabiiy-geografik sharoitidan kelib chiqib, yillarning xislatlari ham bir-biridan farqlanadi. Masalan, Oltoy qozoqlari sigir yili mo‘tadil kelishiga, qorachoylar esa yomon yil bo‘lishiga ishonadi.
O‘zbek xalq maqollari orasida shunday namunalar uchraydiki, ajdodlarimizning 12 hayvonli taqvim asosida yillarni oldindan taxmin qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va turmush sharoitini rejalashtirish tajribasidan darak beradi. Masalan, “Bars yili – boylik. Quyon yili – qahatchilik” maqolini olaylik. Muchalning uchinchi yili yo‘lbars nomi deb atalib, bu hayvon kuch, serharakatlik ramzi deb qaraladi. Xalq kuzatuviga ko‘ra bu davrda hosil mo‘l bo‘lgan, savdo-sotiq yurishgan. Qadimda odamlar shunga qarab katta rejalar tuzgan, mol ko‘paytirgan, zaxira qilgan. Undan keyin keladigan quyon yilida esa ko‘pincha qahatchilik kuzatilgan. Quyon yili yut bo‘lar, degan maqol ham bejiz aytilmagan. Ushbu darrandaning beqarorlik va ehtiyotkorlik ramzi ekaniga e’tibor qiling. Ko‘pincha qattiq sovuq bo‘lgan, hosil kam chiqqan. Buni bilgan xalq oldindan don va ozuqa jamg‘argan, isrofdan saqlangan. Yo‘lbars yilining barakotidan imkon qadar asrab qo‘ygan.
“Sigir yili – to‘qlik, Qo‘y yili – yo‘qlik”. Sigir yili barqarorlik va to‘qlik bilan bog‘lanadi. Qo‘y yili esa yem-xashak tanqisligi bilan eslanadi. Shunga qarab chorvadorlar qaysi yilda molni ko‘paytirish yoki kamaytirishni avvaldan belgilagan.
Qish qattiq kelsa – it yili, degan maqolni eshitgansiz. Muchal tizimi ob-havo bilan ham zich bog‘langanini aytdik. Ajdodlarimiz it yilining yoz faslida kelgusi qahraton ehtimolini hisobga olib, yem-xashak, yoqilg‘i va oziq-ovqatni ko‘proq g‘amlab qo‘ygan. Endi “It yili eksang, To‘ng‘iz yili o‘rasan”, degan maqolga to‘xtalsak. Bu aytim ko‘p yillik dehqonchilik tajribasiga asoslanadi. Garchi it yilining qishi qattiq kelsa, qor-yog‘in ko‘p bo‘lsa-da, bu kelgusi yil uchun baraka sanaladi. Shu bois to‘qsonbosti ekinlardan ko‘proq ekish maslahat berilyapti.
Ushbu maqollar orqali muchal tizimining dehqonchilikni rejalashtirish, chorvachilikni boshqarish, qishga tayyorgarlik ko‘rish, xalqona prognoz qilish vositasi sifatida amaliy ahamiyati ko‘rinyapti. Ya’ni muchal ota-bobolarimiz uchun faqatgina taqvim emas, balki hayot strategiyasi vazifasini bajargan.
Oldimizda ot yili turibdi. Bu boradagi qadimiy qarashlar ham ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Ot yili 12 hayvonli davriy tizimdagi yettinchi yil bo‘lib, bahorgi tengkunlik – Navro‘zdan boshlanadi (2026-yil 21–22 mart). Mazkur muchal turkiy va boshqa sharq xalqlari tomonidan harakat, safarlar va tezkorlik ramzi sifatida qabul qilingan. Ot yilida yer unumdorligi va hosilning ko‘pligi bilan bog‘liq hodisalar kuzatilgan. Inson faoliyatida safarlar va harakatlar uchun qulay yil hisoblangan. Jasorat, tezlik, qat’iyat va katta ishlarni faol boshlash yili sifatida ko‘riladi. Ot yili odatda yangilanish, o‘zgarish va yangi imkoniyatlar yili bo‘lib keladi.
Xo‘sh, o‘tmishda ot yilida qanday muhim hodisalar kuzatilgan? Mazkur muchal davri tarixiy burilishlar, harbiy harakatlar intensivligi, global o‘zgarishlar, iqtisodiy va siyosiy burilishlar, madaniy inqiloblar bilan kechadi, bu esa “yil egasi”ning harakat, kurash, o‘zgarish, yangilanish energiyasiga mos tushadi. Misol uchun 1990–1991-yillardagi ot muchalida Sovet Ittifoqi parchalanishi yuz berganini eslash kifoya.
Albatta, har bir ot yili uchun yagona sabab-natija munosabati yo‘q. Ot yili faollik, harakat, o‘zgarish bilan timsol qilinsa ham, real tarixiy voqealar ko‘plab boshqa sabablarga ham bog‘liq bo‘lishi tabiiy. Shaxsiy hayot yoki ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni faqat muchal bilan izohlab bo‘lmaydi, biroq bu qarashlar xalq tafakkurida hayot ritmini anglash va unga moslashish vositasi bo‘lib xizmat qilgan.
Muchal qarashlari bugungi kun uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. U bizni bashoratga emas, mas’uliyatga, tasodifga emas, rejalilikka chorlaydi. Tabiat bilan hisoblashib yashash, imkoniyatni o‘z vaqtida ko‘ra bilish, qiyinchilikni oldindan sezib, unga tayyor turish – muchal falsafaning bosh g‘oyasidir bu! Shunday ekan, turkey taqvimni kechagi kun yodgorligi sifatida emas, balki vaqt bilan hamnafas yashashni eslatuvchi ma’naviy meros sifatida anglash lozim.
Bugun biz yangi davr ostonasida turibmiz. Oldimizda ot yili – harakat va yangilanish ramzi bo‘lgan bosqich ochilmoqda. Bu yil xalq xotirasida doimo jo‘shqinlik, tashabbus va katta qadamlar bilan uyg‘unlashib kelgan. Ot yili – eski qoliplardan chiqib, yangi marralarni ko‘zlashga pallasidir! Vaqt bizdan sustkashlikni emas, dadillikni, kutishni emas, harakatni talab qilmoqda!
Farrux JABBORBEK
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q