Hindiston va O‘zbekiston... Bu ikki yurtni tarixiy karvon yo‘llari, Bobur, Imom Moturudiy, Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlarimiz merosi, o‘xshash madaniyat va ekranlardan ko‘ngillarga ko‘chgan hind kinosi birlashtirib turadi. Ammo bugungi kunda O‘zbekistonni ichkaridan, xususan, uning ertasi bo‘lgan yoshlar orqali o‘rganayotgan xorijlik tadqiqotchining xulosasi qanday? Biz Hindistonning nufuzli Javoharla’l Neru universiteti (JNU) Xalqaro tadqiqotlar maktabi doktoranti Mansi Bhagat bilan suhbatlashdik. Uning ilmiy ishi bevosita bizga – O‘zbekiston yoshlariga bag‘ishlangan.
Mudrab yotgan ohular
Mansining ilmiy tadqiqoti juda qiziq davrni – 1991-yildan to 2020-yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘zbek yoshlarining hayot yo‘llari, duch kelgan qiyinchiliklari va imkoniyatlarini qamrab oladi. Uning tadqiqot davomida nimalarni o‘rgangani va qanday xulosalarga kelgani bilan qiziqdim.
– Tadqiqotim O‘zbekiston yoshlarining o‘tish davriga bag‘ishlangan bo‘lib, “O‘zbekistonda yoshlarning o‘tish davri: O‘zbek jamiyatidagi muammolar, imkoniyatlar va o‘zgaruvchan hayot yo‘llari” deb nomlanadi. 1991-yildan (mamlakat mustaqillikka erishgan yildan) to 2020-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston yoshlari o‘zligini shakllantirishda tarixiy xotiraning o‘rnini aniqlash tadqiqotimning eng muhim qismi edi.
Ushbu izlanishlarim orqali O‘zbekiston yoshlarining ta’limdan mehnat faoliyatiga, mustaqil hayotga va jamiyatga qo‘shilish jarayonlarini qanday bosib o‘tayotganini o‘rgandim. Oila, ta’lim muassasalari, davlat siyosati, madaniy an’analar hamda globallashuvning yoshlar kamolotida ko‘rsatayotgan ta’sirini tahlil qildim.
Shu kungacha olib borilgan izlanishlarning dastlabki xulosasi shuki, o‘zbek yoshlari ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Garchi an’anaviy oilaviy qadriyatlar o‘z kuchini saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, yoshlarga raqamli texnologiyalar, dunyo madaniyati, yangicha ta’lim usuli va karyera imkoniyatlari tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda.
Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonda yoshlarning shakllanish davri an’anaviy ijtimoiy tuzilmalar va zamonaviy global omillarning uyg‘unligi ostida kechyapti. Yoshlarning muvaffaqiyatli kamol topishi uchun ta’lim, ish o‘rinlari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash talab etiladi.
O‘zbekiston yoshlari global dunyo oqimiga qo‘shilib borayotgan bo‘lsa-da, o‘zlarining an’anaviy qadriyatlariga qat’iy sodiq qolishlari meni hayratlantirdi. Biroq bir nozik jihat bor: yoshlarning yelkasiga erta tushadigan hayot mas’uliyati ularni ko‘proq pul topish haqida o‘ylashga majbur qilyapti. Bu esa ularning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni sinab ko‘rish, yoshlik gashtini surish va o‘z ustida ko‘proq ishlashni cheklab qo‘yadi. Kichik misol keltiray, oliy ta’lim muassasalari va maktabdagi holat bilan tanisharkanman, kutubxonalar deyarli bo‘shligiga guvoh bo‘ldim. Yoshlar yelkasiga juda erta tushgan tirikchilik g‘ami ayni o‘zini rivojlantirishi kerak bo‘lgan paytda ularni mavsumiy ishlar sari eltadi. Ammo... o‘sha yoshlarning qalb derazasidan ichkariga mo‘ralasangiz, u yerda jussasidan katta orzu-umidlar, niyatlar go‘zal ohudek mudrab yotganini ko‘rasiz.
O‘zbekiston yoshlari uchun tarix faqat darslik emas
Javoharla’l Neru universiteti hamda Hindiston Ijtimoiy fanlar tadqiqot kengashi (ICSSR) tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqot granti menga O‘zbekistonda ikki marta stajirovka o‘tash, birlamchi ma’lumotlarni to‘plash, mahalliy aholi, o‘qituvchilar va yosh ziyolilar bilan bevosita muloqot qilish imkonini berdi.
Birinchi tashrifim 2025-yilning oktyabriga, ikkinchisi esa 2026-yilning mart oxiri va apreli boshlariga to‘g‘ri keldi.
Meni tadqiqotimning muhim qismi bo‘lgan O‘zbekiston yoshlari o‘z madaniy va tarixiy merosini qay darajada qadrlashlari qiziqtirardi. Ko‘plab o‘zbek yoshlarining o‘z o‘tmishiga maktabdagi darslik sifatida emas, hayoti va o‘zligining bir qismi sifatida qarashi eng hayratlanarli kuzatuvlarimdan biri bo‘ldi.
Suhbat va intervyular davomida respondentlar o‘z fikri hamda maqsadlarini tushuntirish uchun ko‘pincha tarixiy shaxslar, urf-odatlar va o‘tmish sivilizatsiyalarini tilga olishardi. Masalan, yoshlar bilan bo‘lgan muhokamalardan birida biz Ipak yo‘li davrining ahamiyati va O‘zbekistonning savdo-sotiq hamda madaniyatlararo muloqot markazi sifatidagi tarixiy o‘rnini muhokama qildik. Ularning ishonishicha, o‘zbek jamiyatiga fors, turk, yunon, arab va hind madaniyatlarining o‘zaro ta’siri katta bo‘lgan. Yoshlarning aksariyati bu tarixiy ochiqlikni mehmondo‘stlik, ilmga ehtirom va ko‘p madaniyatlilikni tushunish kabi zamonaviy ideallar bilan bog‘lashdi.
Islom sivilizatsiyasi, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino va boshqa tarixiy allomalar tez-tez ilhom manbai sifatida tilga olindi. Bir qator respondentlarning ta’kidlashicha, oldingi avlodlardan o‘tib kelayotgan eng asosiy fazilatlardan biri bu – bilimga intilishdir. Shuningdek, tarixiy ongda Temuriylar davri muhim o‘rinni egallagan. Ishtirokchilar Amir Temur davrini ilm-ma’rifat, me’morchilik va madaniy aloqalar yuksalgan davr sifatida e’tirof etishdi. Yoshlar Samarqandni tarixiy shahar bo‘lishidan tashqari, bilim va g‘urur ramzi sifatida ham ta’riflashdi. Sayohatlarim mobaynida, ayniqsa Namangan, Farg‘ona va Andijonda yoshlarning Bobur va uning tarixiy merosi haqida to‘lqinlanib gapirganlarini ko‘p eshitdim. Qanchadan-qancha talabalar va yoshlarning o‘z tarixiga, tug‘ilib o‘sgan joyi tarixiga qiziqishi, keng muhokama qilishlarini ko‘rish ko‘proq hayratga soldi. Tadqiqotim davomida men kuzatgan O‘zbekiston yoshlariga xos xususiyatlardan biri bu – ularning o‘tmish bilan chuqur bog‘liqligi bo‘ldi.
Qizlar ta’limi va xorijga intilayotgan yoshlar
Ikkinchi tashrifim shu yilning bahoriga to‘g‘ri keldi. Vaqtimning asosiy qismini Toshkent va Farg‘ona vodiysida o‘tkazdim, u yerda maktab, kollej va universitet talabalari bilan muloqotlar olib bordim, kundalik hayot, ta’lim, kelajakdagi rejalar va karyera maqsadlari haqida so‘rovnomalar o‘tkazdim.
Sinfxonalarda o‘quvchi qizlarning sezilarli darajada ko‘pligi e’tiborimni tortgan hayratlanarli fakt bo‘ldi. Men tashrif buyurgan ta’lim muassasalarida qizlar o‘g‘il bolalardan ko‘pdek tuyuldi, bu O‘zbekistonda qizlar uchun ta’limning muhim ekanini ko‘rsatadi. Ko‘plab yoshlar oliy ta’limni xorijiy universitetlarda davom ettirish, kasbiy malaka oshirish va mamlakat rivojlanishiga hissa qo‘shish istagini bildirdi.
Zamonaviy texnologiyalar va globallashuv o‘zbek yoshlariga yangi imkoniyatlar bermoqda. O‘quvchilar yoshlik paytidanoq ingliz va boshqa xorijiy tillarni, chet eldagi ta’lim dasturlarini o‘rganmoqda va internet platformalaridan bemalol foydalanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ular o‘z oilalari va kichik jamiyatlari bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolishgan. Mahalliy grantlar va “El-yurt umidi” jamg‘armasi yoshlarga orzularini ushaltirishga yordam bermoqda.
Shu o‘rinda, Hindiston va O‘zbekiston yoshlarini o‘zaro solishtirish katta adolatsizlik bo‘lar edi, chunki Hindiston 1947-yilda, O‘zbekiston esa 1991-yilda mustaqillikka erishgan. Hindiston bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘li O‘zbekistonnikiga qaraganda ancha uzun. Shu bois, hayotni farovonlashtirish uchun yaratilgan imkoniyatlar ham Hindiston yoshlarida ko‘proq.
Biroq O‘zbekistonning yosh avlodi dunyoda texnologik yuksalish (bum) boshlanib bo‘lgan bir davrda maydonga chiqdi. Aynan shu sababli o‘zbek yoshlari ko‘plab qiyinchiliklarga ham duch kelyapti, zero texnologik taraqqiyot shiddati juda yuqori. Raqobat ham beqiyos, lekin O‘zbekiston endigina mustaqil bo‘lgani va yoshlar hali izlanish jarayonida ekanligi sababli texnologiyalar ko‘lamini to‘liq anglab yetish uchun ularga ma’lum vaqt kerak bo‘lishi tabiiy.
Hindiston ancha avval mustaqil bo‘lgan hamda texnologiya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Shunga qaramay, biz har ikki mamlakat yoshlarini tushunishimiz kerak. Ular o‘rtasida farq qidirishdan ko‘ra hayotlarini yaxshilashlari hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishlari uchun ularga keng yo‘l va ko‘plab imkoniyatlar yaratib berish lozim, deb o‘ylayman.
Mening hozirgi kungacha bo‘lgan ilmiy sayohatim va tajribamning eng e’tirofli, yorug‘ jihatlaridan biri shuki, o‘zbek xalqining mislsiz ochiqko‘ngilligi hamda yosh avloddagi hayratlanarli g‘ayrat-shijoat, yuksak va go‘zal orzu-intilishlarining shaxsan guvohiga aylandim.
Chorzu bozori, qalampir va “gap”
Hindiston madaniyatiga o‘xshash o‘zbek madaniyati juda manzur keldi. Namangandagi Chorsu bozorining fayzu tarovati haqida soatlab gapirsam ham tugamaydi: qayerga bormay, besabab sovg‘alar ulashishgan, rastalarda meva sotayotgan onaxonlar qo‘yarda-qo‘ymay xaltaga mevalardan solib berishgan, sanasam, iltifotlarning adog‘i yo‘q. Taomlarga kelsak, tandirdan uzilgan issiqqina non, shohona osh, kabob, ko‘k choy, somsa, pista, o‘rik, xurmo, sumalak, Qo‘qon holvasi hamda o‘zbekona usulda qovurilgan tovuq va baliq kabi ne’matlardan bahramand bo‘ldim. O‘zbekistonning o‘nga yaqin shaharlarini aylanib, aytolamanki, Namangan taomlari qalbimning to‘ridan joy oldi.
Baxtimga, oktyabr oyida – ayni shaftoli pishig‘i oxirlab qolay deganda O‘zbekistonga boribman. O‘zbekiston shaftolisi men hayotimda tatib ko‘rgan eng shirin mevalardan biri bo‘ldi. Shuningdek, shokoladga belangan sarxil xurmolarni ham sevib tanovul qildim.
O‘zbekistonda men bilan yuz bergan eng qiziq va kulgili holatlardan biri –hindligimni bilgan odamlar menga nuqul yashil achchiq qalampir tutishgani bo‘ldi. Ular hindlarni o‘zining og‘izni jazzillatib yuboruvchi achchiq taomlari bilan mashhur, deb o‘ylashar ekan. Shunaqa kichik, samimiy harakatlar ko‘pincha Hindiston, uning madaniyati va kundalik hayoti haqidagi qizg‘in, shirin suhbatlarga ulanib ketardi. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar bolaligidan hind filmlari va teleko‘rsatuvlarini tomosha qilib voyaga yetganliklari uchun hindistonlik mehmon bilan yuzma-yuz ko‘rishishdan boshlari osmonga yetganini quvonch bilan izhor etishdi. Yana O‘zbekistondaligimda eng ko‘p berilgan savol: “Turmushga chiqqanmisiz?” bo‘ldi. Bu kulgili tuyulishi mumkin, lekin shu oddiy savol o‘zbeklar uchun oila muhim qadriyat ekanini anglatadi.
Dastlabki safarim chog‘ida Namangan, Farg‘ona, Qo‘qon, Uychi, Axsikent, Termiz, Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi muqaddas manzillarni ziyorat qildim. Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan chambarchas bog‘liq tarixiy qadamjo – Axsikentga tashrifim hayotimdagi eng unutilmas yorqin xotiralardan biriga aylandi. Yurtingizning o‘ziga xos marosimlari – “gap”lar, to‘ylar va to‘kin osh bazmlari kabi ko‘plab ijtimoiy yig‘inlarda qatnashdim.
O‘zbekistonning eng katta boyligi – odamlari
Ayol tadqiqotchi sifatida O‘zbekistonda o‘zimni juda xavfsiz va xotirjam his qildim, erkin ishlay oldim. U yerda qayerga bormang, odamlar doim sizga yordam berishga, og‘iringizni yengil qilishga astoydil harakat qilishadi.
O‘zbekistonning eng esda qolarli jihatlaridan biri bu – xalqning mehr-oqibati va mehmondo‘stligidir. O‘zbekistonda o‘zingizni begona his qilmaysiz. Birgalikda dasturxon atrofida o‘tirish, samimiy suhbatlar va an’analar insonda o‘zini shu yerga daxldordek, xuddi o‘z uyidagidek his qildiradi.
Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar, Toshkent va Farg‘ona kabi taraqqiy etgan kentlar, shuningdek, o‘zining tengsiz mehmondo‘stligi bilan tanilgan Namangan, Termiz, Axsikentt va Qo‘qon shaharlari bilan bog‘liq xotiralarimni umr bo‘yi unutolmasam kerak. Ularda asrlar osha davom etib kelayotgan madaniy almashinuvlar, ilm-fan va sivilizatsiya nafasi ufurib turadi. Mamlakatning boy merosi, go‘zal me’morchiligi va qadriyatlarga bo‘lgan yuksak ehtiromi uni yanada betakror qiladi.
Oilam, ota-onam ham O‘zbekistonni uning xavfsizligi, samimiy insonlari, mustahkam oilaviy qadriyatlari, mazali taomlari hamda madaniyat va ta’limga bo‘lgan chuqur hurmati uchun qadrlashadi. Oddiy odamlar ko‘rsatgan mehr-muruvvat ko‘pincha har qanday tarixiy obida yoki diqqatga sazovor joydan ko‘ra kuchliroq va iliqroq taassurot qoldirishi mumkin.
Shu sabab aytishim mumkinki, O‘zbekistonning eng katta boyligi uning qadimiy va boy tarixi, aql-hushni oluvchi me’morchiligi yoki olamshumul madaniy merosigina emas, bu aziz xalqning issiq mehri, tuganmas tantiligi, bag‘rikengligi va samimiyligidir. O‘zbekistonga qayta-qayta borsam deyman.
Sevara ALIJONOVA suhbatlashdi.
Nyu-Dehli, Hindiston
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Jarayon
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q