XV asr boshlarida Oltin Oʻrdada siyosiy inqiroz kuchayadi. Joʻjixon naslidan boʻlgan Abulxayrxon Dashti-Qipchoqdagi oʻzbek qabilalarini birlashtirib, Oʻzbek ulusi deb atalgan davlatga asos soladi. Qariyb 40-yillik hukmronlikdan soʻng, yaʼni 1468-yilda Abulxayrxon vafot etadi va uning oʻrniga oʻgʻli Shayx Haydarxon taxtga oʻtirdi.
Biroq Abulxayrxon vafotidan keyin Dashti-Qipchoqdagi xon va sultonlar Shayx Haydarxonga qarshi isyon koʻtardi va bir necha yil davom etgan kurashlardan soʻng uni oʻldirdi. Shu tariqa, Abulxayrxon asos solgan davlat parchalanib ketadi.
Bobosi va amakisi vafotidan soʻng Muhammad Shayboniyxon bir necha yuz kishidan iborat qoʻshin toʻplab, taxt uchun kurash boshlaydi. Ammo dushmanlari kuchli boʻlgani sababli u Turkiston viloyatidan panoh izlashga majbur boʻladi. Bu vaqtda Turkiston viloyati hokimi amir Muhammad Mazid Tarxon edi. Amir Mazid Tarxon Shayboniyxonni izzat-ikrom bilan kutib olib, uning sharafiga ziyofatlar uyushtiradi.
Shayboniyxon 1470–1480-yillarda Dashti Qipchoqda oʻz hokimiyatini oʻrnatish uchun kurash olib boradi. Biroq muvaffaqiyat qozonolmagach, u Buxoro viloyatiga yoʻl oladi. Shayboniyxon ikki yil davomida bu yerda qolib, buxorolik ulamolardan Qurʼon, hadis, fiqh, aqida kabi islom ilmlarini oʻrgandi. Buxoro hokimi amir Abdulali Tarxon orqali u bir necha bor Temuriylar hukmdori Sulton Ahmad Mirzo bilan uchrashib, suhbatlashadi.
Shayboniyxon hokimiyatni qoʻlga olish maqsadida yana Dashti-Qipchoqqa otlandi. Ammo bu safar ham u qozoq yetakchilari Mahmud Sulton va Burunduqxondan magʻlubiyatga uchrab, Xorazm tomonga chekinishga majbur boʻldi. Shayboniyxon askarlarining taʼminoti uchun Xorazm va Astrabod atroflariga talonchilik yurishlarini uyushtirib, Mangʻishloqda vaqtincha qoʻnim topadi.
Sulton Ahmad Mirzo Toshkentdagi moʻgʻul xonlarining Samarqand va uning atroflariga talonchilik yurishlariga chek qoʻyish hamda Toshkentni moʻgʻul xonlaridan tortib olish maqsadida Toshkent hokimi Sulton Mahmudxonga qarshi harbiy yurish uyushtirishga qaror qiladi. Sulton Ahmad Buxoro hokimi Abdulali Tarxonga Shayboniyxonni yurishga jalb qilish vazifasini yuklaydi.
Abdulali Tarxon Shayboniyxonga maktub yuboradi: “Ul hazratning ulugʻ bobosi Abulxayrxon marhamatda yetuk va shafqatda oliy darajali zot boʻlgani bois Sulton Abu Said Mirzoga yordamga kelib, Movarounnahr mamlakatlarini qoʻlga kiritib, uni Sulton Abu Said Mirzo qoʻliga topshirgan edi. Agar siz hazratlari ham mukarram va muazzam ota-bobolaringizning yoʻlini tutib, Sulton Abu Said Mirzoning katta farzandi boʻlgan Sulton Ahmad Mirzoga yordam bersangiz va mazkur zolim guruhlarni tor-mor qilish uchun yurish jilovini bu tomonga bursangiz, ishonchimiz komilki, bu ish siz hazratlarining lutf-u karamiga munosib bir fazilat boʻlur.”
Shayboniyxonga bu taklif maʼqul kelib, Buxoroga yoʻl oladi. Shayboniyxon qoʻshini Xorazmda dam olish uchun toʻxtaganida, Sulton Husayn tomonidan Xorazm hokimi etib tayinlangan Abdulholiqbek uning huzuriga koʻplab tortiq va sovgʻa-salomlar yuboradi. Qorakoʻl hokimi Husayn Argʻun ham Shayboniyxonga turli tuhfa va hadyalar inʼom qiladi.
Sulton Ahmad qoʻshini 150 ming kishidan iborat edi. Shayboniyxon qoʻl ostidagi navkarlar soni esa atigi 300 nafar edi.
1488-yilda Chirchiq daryosi boʻyida boʻlgan jangda Sulton Ahmad Mirzo moʻgʻullardan yengiladi. Bu jang tafsilotlari manbalarda turlicha tasvirlanadi.
Xususan, Mirzo Haydar Dugʻlot oʻzining “Tarixi Rashidiy” asarida bu jangni quyidagicha bayon qiladi: «Ikki tomon ham uch kun davomida jang qilmadi. Toshkent xoni Sulton Mahmudxon Sulton Ahmadga qarshi Shayboniyxon bilan yashirin sulh tuzish uchun unga maxfiy tarzda odam yuboradi. Chirchiq daryosi boʻyida ikki xonzoda uchrashib, yashirin sulh tuzadi. Sulhga koʻra, ertasi kuni boʻladigan jangda Sulton Mahmudxon qoʻshini Sulton Ahmad qoʻshinining Shayboniyxon ham saf tortgan, Abdulali Tarxon boshchilik qilayotgan qismiga qattiq zarba bergan paytda Shayboniyxon jangni tashlab chiqib ketishiga kelishib olinadi.
Ertasi kuni Sulton Ahmad qoʻshini Chirchiq daryosini kechib oʻtib, Sulton Mahmudxon qoʻshiniga hujum qiladi. Jang qizigan chogʻda, yashirin ahdnomaga muvofiq, Shayboniyxon jangni tashlab chiqib ketadi va taʼminoti hamda oʻlja olish maqsadida Sulton Ahmad qoʻshinining orqa qismida qolgan taʼminot boʻlimiga hujum qilib, uni talaydi. Bu xabar tezda tarqalib, Samarqand qoʻshinidagi qolgan avboshlar (yollanma sarkardalar) ham jangni toʻxtatib, oʻz qoʻshini taʼminotini talon-taroj qilishga kirishadi.
Natijada, Sulton Ahmad qoʻshinining safi buzilib, tartibsiz ravishda tarqalib ketadi. Oqibatda uning qoʻshini ogʻir magʻlubiyatga uchraydi va lashkarning katta qismi qirilib ketadi. Sulton Ahmad Mirzo esa tirik qolgan amir-u navkarlari bilan Samarqandga chekinadi».
Muallifi nomaʼlum boʻlgan “Tavorixi guzida, nusratnoma” va Muhammadyor Arab Qatagʻonning “Musaxxir al-bilod” asarlarida esa bu jang butunlay boshqacha bayon qilinadi. Mazkur manbalarda qayd etilishicha, Shayboniyxonning kundan kunga ortib borayotgan obroʻsi samarqandliklar orasida qoʻrquv va vahima uygʻotgani bois ular Shayboniyxonning joniga qasd qilishga urinadi. Xususan, samarqandliklar bir ziyofat uyushtirib, shu ziyofat davomida Shayboniyxonni oʻldirishni rejalashtiradi. Ammo Shayboniyxonga xayrixoh boʻlgan ayrim kishilar bundan xabar topib, xonga suiqasd haqida yetkazadi.
Sulton Ahmad xonni ziyofatga taklif qilganida, Shayboniyxon oʻzining ikki yuz nafar askari (“Musaxxir al-bilod”da bu raqam 300 nafar deb koʻrsatilgan ) bilan tashrif buyuradi. Samarqandliklarning noroziligiga qaramay, bu ikki yuz nafar askar ziyofat uyushtirilgan oʻtovning atrofiga joylashib, uni oʻrab oladi. Natijada, rejalashtirilgan suiqasd amalga oshmay, muvaffaqiyatsiz tugaydi.
Ittifoqchi qoʻshin Koʻk Gumbaz manziliga kelib tushadi. Sulton Ahmad va uning amirlari yana oʻsha shum niyat bilan ziyofat tashkil qilib, Shayboniyxonga maxsus chopar yuborib, bu galgi majlisga ham kelishini iltimos qiladi.
Bu xiyonat yoʻliga kirgan munofiqlarning gʻarazli maqsadi va tuzgan shum rejasidan yaxshi xabardor boʻlgan Shayboniyxonning yuragida gʻazab otashi alangalanib, choparni yoniga chaqirib shunday dedi:“Men sizlarning rejangizni bilib turibman. Lekin xavotir olmanglar, men sizlarning ittifoqchingizman. Agar yomon niyatlaringizni qoʻyib, biz bilan bundan avvalgidek yaxshilik yoʻlida yuradigan boʻlsangiz, sizlar bilan ittifoq boʻlib dushmaningizni daf etayin. Ammo agar yomon niyatlaringizdan qaytmasangiz, ziyofatingizga bormayman. Hattoki borsam ham, koʻpingizni oʻldirurman.”
Bu soʻzlar mirzo va beklarga yetkazilgach, Darvish Muhammad Tarxon, Muhammad Hojibek va Amir Abdulalibeklar Shayboniyxon huzuriga kelib, gʻarazgoʻylar xon va mirzo oʻrtasidagi yaxshi ittifoqchilik aloqalarini buzish maqsadida yolgʻon xabarlar tarqatganini maʼlum qiladi.
Sulton Ahmad Mirzo Shayboniyxon bilan Ilonoʻtti dovonidan oʻtib, Jizzax qasabasiga kelib qoʻnalgʻa tashlagach, Sulton Ahmad Shayboniyxondan oʻz odamlari bilan hirovul boʻlishini soʻraydi. Shayboniyxon bu iltimosni toʻgʻri harbiy maslahat sifatida qabul qilib, qoʻshinning old qismi sifatida bir manzil oldinga boradi va Xovos mavzesida toʻxtaydi.
Tun yarmidan oshgach, shu orada bekinib turgan Toʻlunxoja boshchiligidagi moʻgʻul lashkari shabixun(tungi hujum) yoʻsinida Shayboniyxon ustiga bostirib keladi. Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sulton bu guruhga qarshi urushga otlanadi. Birinchi hamladanoq u dushman askarlari safiga yorib kirib, ularni toʻzitib yuboradi. Natijada moʻgʻul lashkarining yetakchilaridan boʻlgan Toʻlunxoja va Umar Telbalarni asir olishga muvaffaq boʻladi.
Bu gʻalaba xushxabari Sulton Ahmad qulogʻiga yetgach, voqea qanchalik quvonch va shodlik sababchisi boʻlmasin, u va yaqinlarining yuragidagi vahima va qoʻrquv bir necha barobar ortadi. Shayboniyxon esa shu tarzda oʻz odamlari bilan ilgʻor yoʻsinda daryodan oʻtib, Shohruxiyaga yaqin joyda qoʻnalgʻa soladi. Shu orada Sulton Ahmad oʻz davlat arboblari bilan til biriktirgani va ularning hanuz oʻz qarorida turgani Shayboniyxonga yana maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng Shayboniyxon Toshkent yoʻli orqali Turkiston tomonga yurishga buyruq beradi. Moʻgʻullardan Haydarbek, Yahyobek va Ahmadbek boshchiligidagi toʻrt ming otliq Sulton Ahmad lashkarining kelishini kutib turgandi. Shayboniyxonning qoʻshinini uzoqdan koʻrganda, ular urush sari yoʻnalish oladi.
Biroq Muhammad Shayboniyxon odam yuborib, moʻgʻul amirlariga quyidagi soʻzlarni yetkazadi: “Bizning koʻnglimiz Sulton Ahmad Mirzo bilan xush emas. Endi esa qarindoshim Sulton Mahmudxon bilan yarashib, aloqalarni yaxshilashga niyatimiz bordur.”
Bu xabarni eshitgan moʻgʻul amirlarining yuragi quvonch va shodlikka toʻlib, shoshilinch tarzda Shayboniyxon huzuriga yetib keladi va uni Toshkent tomon olib ketadi. Toshkentda Sulton Mahmudxon va Shayboniyxon uchrashib, ular oʻrtasida sulh tuziladi. Bu voqeadan xabar topgan Sulton Ahmad esa Samarqand tomonga chekinadi.
Moʻgʻullar Samarqand lashkari orqaga chekinayotganini eshitgach, ularning orqasidan taʼqib qiladi. Sulton Ahmad askarlarining koʻpchiligi Chirchiq daryosidan oʻtishga uringan paytda oʻzlarini suvga tashlab, “fano daryosi”da halok boʻladi.
Xondamirning “Habib us-siyar” asarida ham bu jang haqida qisqacha toʻxtalib oʻtiladi. Asarda quyidagi maʼlumotlarni uchratamiz: «Sulton Ahmad xonning qadamini oʻzining jahonbonlik qudratini orttiruvchi omil deb bilib, inʼom va ehson eshiklarini xon hayoti yoʻli sari ochdi. Soʻng Moʻgʻulistonni egallash uchun yoʻlga tushib, olam oluvchi oʻsha xonni ham oʻziga hamroh qilganicha Toshkent ustiga yurdi. Shohruxiya atrofida yetishilgach, Samarqand qoʻshinining hirovul qismiga bosh boʻlgan Shayboniyxon Mirzo Sulton Ahmaddan xavfsirab, Toshkent tomonga qochib ketdi va Sulton Mahmudxon Koshgʻariy bilan uchrashib, uning davlati etagiga osildi. Sulton Ahmad Mirzo esa noiloj holda buzuq ahvolga tushib, oti tizginini Samarqand tomonga burdi. Shayboniyxon esa ozgina vaqt Toshkentda turgach, u yerdan Arquq qalʼasiga yoʻl oldi».
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida amakisi Sulton Ahmad Mirzoning olib borgan urushlarini bayon etar ekan, Chirchiq jangi haqida quyidagi maʼlumotlarni qayd qiladi: …. Yana bir martaba Toshkand navohisida, Chir suyining yoqasida Sulton Mahmudxon bila, agarchi masof(urush) yoʻq edi, moʻgʻulning chopqunchisi birin-ketin cherikning keyinidan kelib partalgʻa ilik qoʻygʻon bila, muncha qalin cherik urush yoʻq, talosh yoʻq, bir-biriga boqmay buzuldilar, koʻproq cherik eli Chir suyida gʻarq boʻldilar».
Baʼzi tarixchilar Mirza Haydar Dugʻlot asarida keltirilgan maʼlumotlarga asoslanib, Shayboniyxonni sotqinlikda ayblaydi. Biroq yuqorida berilgan boshqa manbalardagi maʼlumotlarni taqqoslash hamda Mirza Haydar Dugʻlotning Shayboniyxonga nisbatan adovati borligini inobatga olgan holda, Shayboniyxon sotqinlik qilgani haqiqatga toʻgʻri kelmasligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Mirza Haydar Dugʻlotning otasi 1508-yilda Xurosonda Muhammad Shayboniyxon buyrugʻi bilan qatl etilgan. Shu sababli muallif oʻz asarida Shayboniyxon shaxsiyatiga xolis yondashmaydi. Bundan tashqari, asar 1544–1546-yillar oraligʻida yozilgan boʻlib, muallif mazkur voqealarning bevosita guvohi boʻlmagan.
Chirchiq jangiga eng yaqin tarixda yozilgan asar – “Tavorixi guzida, nusratnoma”dir. Bu asar 1504-yilda yozilgan. Muhammadyor Arab Qatagʻon ham XVII boshlarida “Musaxxir al-bilod” asarini yozishda aynan shu manbadan foydalangan.
Agar Shayboniyxonning Chirchiq daryosi boʻyida sotqinlik qilgani haqiqat boʻlganida, uning ashaddiy dushmani boʻlgan Bobur Mirzo bu haqda oʻz asarida albatta qayd etgan boʻlardi. Bu davr voqealarini yoritgan Xondamirning “Habib us-siyar” asari esa Safaviylar hukmronligi ostidagi Xurosonda 1529-yilda yozib tugallangan. Shayboniylar va Safaviylar oʻrtasidagi munosabatlar keskin boʻlganini hisobga olsak, agar Shayboniyxon haqiqatan sotqinlik qilgan boʻlsa, ushbu asarda ham bu hol qayd etilishi tabiiy edi.
Chirchiq jangi voqealari yuzasidan mavjud manbalarni solishtirish shuni koʻrsatadiki, Shayboniyxonning “sotqinlik qilgani” haqidagi daʼvo asosan Mirza Haydar Dugʻlotning “Tarixi Rashidiy” asariga tayanadi. Biroq muallifning Shayboniyxonga nisbatan shaxsiy adovati, voqealarning bevosita guvohi boʻlmagani va uning maʼlumotlari boshqa manbalar bilan tasdiqlanmagani undagi maʼlumotlarning ishonchliligini shubha ostiga oladi.
Chirchiq jangiga yaqin tarixda yozilgan “Tavorixi guzida, nusratnoma” hamda unga tayanib yozilgan “Musaxxir al-bilod” asarlari voqeani butunlay boshqacha yoritadi. Shuningdek, Shayboniyxon raqibi Bobur Mirzo, safaviylar taʼsirida yozilgan Xondamir asarida ham Shayboniyxonning sotqinlik qilgani haqida hech qanday maʼlumot uchramaydi.
Demak, mavjud yozma manbalar tahlili Muhammad Shayboniyxonning Chirchiq jangi chogʻida sotqinlik qilgani haqidagi fikr tarixiy haqiqatga mos kelmasligini koʻrsatadi.
Usmonov Abdullajon
FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q