2025-yil o‘zbek tilida nashr etilgan eng yaxshi 10 asar


Saqlash
16:46 / 29.12.2025 11 0

XXI asrning chorak davri ham poyoniga yetmoqda. Mazkur axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar-u sun’iy intellektlar bilan omixtalashib ketgan talatumli asrda muntazam kitob mutolaa qilish dolzarb masalaga aylandi. XVII asrdayoq ommaviylashgan kitobxonlik madaniyati bugungi kunga kelib son jihatdan o‘sib borayotgan bo‘lsa ham, sifat borasida susayayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Xususan, O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda kitobxonlik madaniyatida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Avvalo, bozor iqtisodiyoti – kapitalizm sabab o‘qirmanlarda tanlov imkoniyati ancha kengaydi, natijada esa kitobxonlar endi nafaqat muallif va asarlarni, balki nashriyot, tarjimon va muharrirlarni ham tanlashni boshladi. Bu orada sifatsiz kitoblar, yaroqsiz tarjimalar, mantiqsiz matnlar keng urchidi. Shu sabab ham 2025-yilda o‘zbek tilida nashr etilgan tarixiy, ijtimoiy, falsafiy, badiiy, didaktik va bolalar adabiyotidan eng sara 10 ta kitob ro‘yxatini tayyorladik.

 

“OLTUN YORUG‘”

 

Mazkur sutra turkiy xalqlar madaniy hayotidagi eng muhim sahifalardan birini tashkil etadi. Asar yozma manba sifatida qadimgi turkiy xalqlarning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rnini belgilovchi muhim omillardan biridir. Milodiy I asrda yozilgan “Oltun yorug‘” (oltin singari nur) bevosita “Avesto” bilan bog‘liq manba ham hisoblanadi. Yigirma asr burun Markaziy Osiyoda istiqomat qilgan oriylarning janubga – Hindistonga ko‘chishi va turkiy qavmlar tomonidan Kushon imperiyasining barpo etilishi, bugungi janubiy O‘zbekiston hududlarida buddaviylik dinining keng yoyilishi hind, uyg‘ur, xitoy, shuningdek o‘zbek xalqlarini bir tamaddunga birlashtiruvchi “Oltun yorug‘” asari yaratilishiga sabab bo‘ldi. Asar til jihatdan ham “Avesto”ga yaqin, faqat tovushlarda o‘zgarishlar ro‘y beradi, mifologik qahramonlar orasida ham umumiylik bor. Shuningdek “Avesto” zardushtiylikni, “Oltun yorug‘” esa maxayana mazhabini targ‘ib etish uchun yozilgan bo‘lsa-da, ikki asarda ham turkiy xalqlar madaniyatiga oid bir qator kultlar mavjud. Masalan, olov – otashning muqaddasligi, yoki ulug‘vor, noyob o‘simliklardan umrboqiylik ichimligini tayyorlash, yer osti hukmdori – Erlikxonning ikki asarda ham uchratish mumkinligi shular jumlasidandir. Yana asar qoraxoniylar kitobat va chig‘atoy adabiy tilining shakllanishiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. “Oltun yorug‘”ning ilk tadqiqot ishlari o‘tgan asrning o‘ninchi yillarida rus olimi S.E.Malovning Xitoyga qarashli Gansu provinsiyasidagi Vinshgu qishlog‘i buddaviylik ibodatxonasidan qo‘lyozmani topib olinishi bilan boshlandi. Ilk bor professor Radlov tomonidan tarjima qilindi. Keyinchalik esa turkiy tillar orasida birinchi uyg‘ur, keyin esa o‘zbek tillarda tatbiq etilgan matnlar nashr etildi. Ayniqsa, 2025-yil Nasimxon Rahmon tomonidan tatbiq etilgan “Oltun yorug‘” asarining nashr etilishi o‘zbek kitobxonlik madaniyati uchun bebaho tuhfa bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

 

Nashriyot: Zabarjad Media

Adadi: 200 nusxa

 

“TURKISTON KUNDALIGI” – FRIS UILFORT

 

 

Muhandisligi sabab O‘rta Osiyoga jo‘natilgan avstriyalik zaxiradagi zobit Fris Uilfort 1915-1921-yillar oralig‘ida Namangan, Jizzax va Farg‘onada o‘tkazgan kunlarini kundaligiga qayd etib borar ekan, bir tomondan Samarqand, Pomir va Oloy tog‘ tizmalaridagi fusunkor olamga maftun bo‘lsa, bir tomondan “Bosmachilar harakati”, Jizzax qo‘zg‘olonining tirik guvohiga aylanadi. Birinchi jahon urushi payti Chor imperiyasiga asir tushgan zobitlarni uzoq yurt – Turkistonga jo‘natilishi, mahbuslarning tinimsiz qo‘nim yerlarini o‘zgartirilishi, o‘sha yillarda xalqimiz, ota-bobolarimiz tomonidan to‘xtovsiz amalga oshirilgan milliy ozodlik harakati – “bosmachilik”dan darak beradi. Uilford kundaligida qayd etganidek erkka bo‘lgan tashnalik oqibatida “gazetadagi xabarlar eskirib qolayotgan edi”. Shuningdek, kitobda ayanchli yut – ocharchilik yillari ham tilga olinadi, xalqning o‘simlik ildizlari bilan qursog‘ini to‘ydirishga majbur bo‘lganliklari qirg‘izlarga mengzaladi. Qo‘qon Muxtoriyatining e’lon qilinishi va qizil armiya tomonidan shafqatsizlarcha ozodlik siymosining yo‘q qilinishiga ham Uilford o‘z ko‘zlari bilan shohid bo‘ladi. Bundan tashqari, Turkistonda kechirgan olti yil ichida xalqning madaniy, ma’rifiy, qadim urf-odatlariga ham guvoh bo‘ladi. Pirovardi esa o‘z ona yurtiga qaytadi. Kitob – kundalik nafaqat tarixni sevuvchi, balki qadriyatlarga sodiq, asl o‘zligini qo‘msagan kitobxonlar uchun ham birdek qadrli. Asar “Asliyat tarixi” nomli ruknda chop etilgan.

 

Nashriyot: Akademnashr

Adadi: 1000 nusxa

 

JADID ADABIYOTI NAMOYANDALARI

 

Ilk nashr etilganda katta adabiy rezonanslarga sabab bo‘lib, o‘qirmanlar orasida jadid adabiyotiga muhabbat keskin oshirgan “Jadid adabiyoti namoyandalari”ning navbatdagi turkum kitoblari ham, shubhasiz yilning, balki so‘nggi o‘n yillikning ham eng yaxshi kitoblari sirasidan joy oldi. To‘plamning bu galgi kitoblarida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi tanish nomlarga ko‘zimiz tushsa, Mo‘minjon Toshqin, Elbek(Mirmashriq Miryunusov), Fozilbek Otabek o‘g‘li singari notanish ismlarni ham uchratamiz. Shuningdek, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning ikki tomlik oldin nashr etilmagan tarjimalari ham turkumga o‘ziga xos jilo baxsh etgan. Avloniy va Fitrat qo‘lida tarbiya topgan Elbek asarlarini to‘plashda professor Bahrom Irzayev, Cho‘lpon bilan yelkadosh ta’lim bergan, bizga bolalikdan tanish asar “Robinzo Kruzo”ning ilk tarjimoni Fozilbek Otabek o‘g‘li va eng so‘nggi jadid – Toshqin asarlarini tartiblashda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Iskandar Madg‘oziyevlarning ishtiroki esa turkum qiymatini yanada oshiradi. O‘qirman “Jadid adabiyoti namoyandalari” ruknida tayyorlangan kitoblarni mutolaa qilar ekan, o‘zini shu vatanning ongli fuqarosi, yurt va millat taqdiri uchun mas’ul inson sifatida his etadi.

 

Nashriyot: Zabarjad Media

Adadi: 2000 nusxa

 

“OCHLIK” – KNUT HAMSUN

 

 

Hamsun ixlosmandlari uchun bu yil omadli keldi, “Ochlik” romani bir emas, ikki nashriyot tomonidan, ayri-ayri tildan tarjima qilinib, o‘qirmanlarga tortiq etildi. Biz e’tirof etmoqchi bo‘lgan nashr esa ustoz tarjimon Qodir Mirmuhammedov tomonidan o‘zbek tiliga evrilgan bo‘lib, asarning asl mohiyati ko‘proq saqlanib qolgan. Zotan ustoz o‘zining xotiralarida ta’kidlaganlaridek: “sho‘rvaning sho‘rvasi badhazm bo‘ladi”. Lekin norveg emas, balki rus tilidan tarjima qilinishiga qaramasdan asarda Hamsun ruhiyati to‘laqonli saqlanib qolgan. Roman mutolaasi chog‘ida: “...inson boshidan o‘tkazgan vaziyatlarini mulohaza etib xulosa chiqaradi. Masalan bugungi bashar – biz uchun ochlik tushunchasining moddiy anglami yo‘q. Chunki hech birimiz xom go‘shtni yeyishga qadar bo‘lgan ochlik tanimizni mahv etganiga duchor bo‘lmaganmiz. Biz faqatgina ma’naviy ochlik sohib va sohibalariga aylanib bormoqdamiz. Agar elektr toki uzilsa, telefon va gadjetlarimizning quvvati o‘chsa, atrofimizda vaqt sekinlashganiga, ma’no kirganiga guvoh bo‘lamiz. Biz aynan shu ochlikka duchormiz. Vaqt qadrlanuvchi zamonlarga bo‘lgan intiluvchi ma’naviy ochlikka”, kabi xulosalarga kelishi tabiiy. Bunday tashqari Hamsun ijodi serqirra bo‘lib, har kim asar mutolaasidan o‘ziga xos xulosalarga keladi.

 

Nashriyot: Yangi asr avlodi

Adadi: 2000 nusxa

 

DUNYO SHE’RIYATI

 

Kitob muallifi har doim ham yozuvchi bo‘lavermaydi, tarjimon ham bo‘lishi mumkin. Karim Bahriyev esa aynan shunday, tarjimasi qadrlanishi kerak bo‘lgan mualliflardan. O‘ttiz yillik umr jo bo‘lgan bir yarim ming sahifadan ortiq to‘plamda 144 mamlakat she’riyatidan 494 shoirning she’rlari jam bo‘lgan. Bundan tashqari kitobda folklor namunalari, xalq qo‘shiqlari, bayot va ismi noma’lum shoirlarning ishlari ham o‘rin olgan.  Bir dunyo, 5 qit’a, 9 boʻlga, 144 mamlakat, 494 shoir ijodini jamlagan kitob! Shu tariqa o‘zbek o‘qirmani uchun Bangladesh, Butan, Kombodja, Laos, Nepal, Osetiya, Tayvan, Angola, Gabon, Gambiya, Kot-D’ivuar, Uganda, Vengriya, Kipr, Lyuksemburg, Kuba, Puerto-Riko, Yangi Zelandiya, Gonduras, Gaiti va Dominikan she’riyati kabi yangi debochalar ochildi. Bundan tashqari to‘plam so‘zboshisini O‘zbekiston Qahramoni, mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov salmoq bilan yozganliklari ham kitob qiymati osishiga xizmat qilgan.

 

Nashriyot: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi

Adadi: 1000 nusxa

 

QO‘RQUT OTA KITOBI

 

Qo‘rqut ota kitobi – turkiy xalqlarning eng qadimiy dostonlaridan biri bo‘lib, mifopoetik asoslari uch ming yillik qadimiy tasavvurlarga borib taqaladi. Dostonlarda turkiy qavmlarning davlat va saltanat tiklash yoʻlidagi kurashlari, ijtimoiy hayoti, urf-odat va dunyoqarashi ramziy tarzda ifoda etilgan. Mifologik jihatdan “Qo‘rqut ota kitobi” “Go‘ro‘g‘li” dostonlari turkumining yakuniy bosqichi sanaladi. Har bir rivoyatda xalq donishmandi Qoʻrqut ota sahnaga chiqib, voqea- larni umumlashtiruvchi hikmat va nasihatlar aytadi. Dostonning yozma nusxalari XIV-XVI asrlarga oid bo‘lib, XIX asr boshida Germaniyada orientalist H. F. von Dis tomonidan dostonning ayrim qismlari tarjima qilinib chop etilishi bilan jahon ilmiy jamoatchiligi e’tiborini tortdi. Undagi qadimiy miflar va ramziy obrazlar butun dunyoda katta shov-shuv ko‘targan, natijada doston turkiy xalqlar merosidan tashqari, umuminsoniy tafakkur xazinasining muhim boʻlagi sifatida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. Dostonning o‘zbekcha tarjimasi esa Muharrem Ergin nashri asosida tayyorlanib, “Jahon mifologiyasi” ruknida chop etilgan.

 

Nashriyot: Yangi asr avlodi

Adadi: 5000 nusxa

 

“OQSOCH HIKOYASI” – MARGARET ETVUD

 

Margaret Etvud davrimizning eng karomatgo‘y muruvvatpeshalaridan hisoblanadi. Asarlarida tilga olgan voqea-hodisalar, xavflar ko‘p o‘tmay sodir bo‘ladi. “Oqsoch hikoyasi” ham shunday bashoratli kitoblardan biri sifatida ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi asnosida farzand ko‘rish kamayib ketishi shular jumlasidan. Asar siyosiy yoki diniy tizim haqida emas – insoniyat o‘zining tizimga aylantirib yuborish fojiasi haqida. Kitob ruhiy jarohatni bosqichma-bosqich, shoshmasdan ochib boradi. O‘qir ekansiz, hikoya sizni tashqaridan kuzatmaydi, ichingizga kirib, e’tiqodingiz, qoʻrquvingiz, qadriyatlaringiz bilan suhbatga kirishadi, turfa savollarni o‘rtaga tashlaydi.  Kitobda tilga olingan tizimning eng xavfli tomoni esa qurol emas, unga ko‘nikkan ongdir. Etvud shu «ko‘nikish»ning og‘riqlarini qulog‘ingizga shivirlaydi. Shuning uchun ham asarning yakuni ko‘pchilik kutgandek portlash emas – sokin bo‘shliqdan iborat. Balki aynan shu bo‘shliqning oʻzi eng baland hayqiriqdir: Har qanday tarixchi yaxshi biladiki, oʻtmish bu faqat aks-sadolar bilan toʻlgan buyuk zulmatdir. Ovozlar bizgacha yetib kelishi mumkin, ammo soʻzlari ularning oʻzi chiqib kelgan makon mavhumoti bilan toʻyingan. Qancha urinmaylik, bugungi nurafshon kunlarda ularning mazmunini har doim ham aniq chaqolmaymiz. Etvud haqida, asar haqida, tuzum-u tizimlar haqida ko‘p gapirish mumkin, ammo kitob bir bor o‘qib ko‘rilgani afzal adabiyotlar sirasiga kiradi. Tarjima adabiyotimizda bunday kitoblar sonining oshib borayotgani quvonarli.

 

Nashriyot: Musaffo

Adadi: 3000

 

USBORNE

 

Britaniyaning Usborne nashriyoti tomonidan tayyorlangan “Pul”, “Kimyo” va “Biologiya” kitoblari tarjimasi yoshlar uchun zamonaviy bilim eshigini ochuvchi, sodda, ravon va vizual materiallarga boy ilmiy-ommabop qo‘llanmalardir. Mazkur kitoblar murakkab tushunchalarni yengil o‘zlashtiriladigan shaklga keltirishi, rangli chizmalar, diagrammalar va real hayot misollaridan foydalanishi bilan ajralib turadi. “Pul” kitobi o‘quvchilarga iqtisodiyot asoslari, pulning tarixi, moliyaviy tizimlar, banklar, jamg‘arma va byudjet boshqaruvi bo‘yicha sodda, amaliy va bugungi zamonda ayniqsa zarur bo‘lgan bilimlarni beradi. “Kimyo” kitobida moddalar tuzilishi, elementlar, reaksiyalar va kundalik hayotdagi kimyoviy jarayonlarni qiziqarli izohlar orqali ochib berib, fanga qiziqishni uyg‘otadi. “Biologiya” kitobi esa tiriklik olamining tuzilishi, inson organizmi, o‘simlik va hayvonlar hayoti, ekologik muvozanat kabi mavzularni aniq, sodda va bolalar uchun qulay usulda yoritadi. Ushbu uch kitobning nashr etilishdagi eng katta ahamiyati – bolalar va o‘smirlar uchun ilmiy savodxonlikning mustahkam asoslarini yaratish, ya’ni moliyaviy fikrlash, tabiiy fanlarni tushunish, dunyoni ilmiy nuqtai nazardan ko‘rish ko‘nikmalarini shakllantirish. Mazkur uch kitob nafaqat bolalar uchun, balki katta yoshlilar uchun ham birdek foydali.

 

Nashriyot: Farengeyt

Adadi: 3000

 

“365 TAVSIYA” – Y.O.KOMAROVSKIY

 

 

“365 kun” – mashhur pediatr Yevgeniy Komarovskiy tomonidan yozilgan va ota-onalarga bolalar salomatligi hamda parvarishi haqida bir yil davomida kundalik tarzda sodda, tushunarli va amaliy maslahatlar beruvchi qo‘llanmadir. Kitobning asosiy maqsadi bolani tarbiyalash va asrash jarayonidagi keraksiz qo‘rquvlar, ortiqcha dori-darmonlar va chalkash ma’lumotlardan holi tarzda, sodda va ilmiy asoslangan yondashuvni targ‘ib etishdir. Unda bolani to‘g‘ri ovqatlantirish, gigiyena, uyqu rejimi, immunitetni mustahkamlash, mavsumiy kasalliklardan himoyalanish, uy sharoitida to‘g‘ri parvarish, shuningdek, ota-ona va bola o‘rtasida sog‘lom munosabatlarni shakllantirish kabi mavzular kundalik maqolalar tarzida yoritilgan. Har bir sahifa bir kunlik foydali tavsiya bo‘lib, kitob yil davomida ota-onalarga yo‘ldosh bo‘la oladigan, o‘qilishi yengil, jo‘n va hayotiy maslahatlar bilan boyitilgan amaliy qo‘llanmadir. Asarning o‘zbek tilida nashr etilishi bizdek bolajon xalq uchun bebaho tuhfa desak, mubolag‘a bo‘lmas.

 

Nashriyot: Akademnashr

Adadi: 2000

 

“MENING HIKOYAM” – MISHEL OBAMA

 

“Mening hikoyam” — AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obamaning hayoti, yoshligi, qiyinchilik va yutuqlari haqida samimiy tilda yozilgan memuar. Kitob muallifning bolalik yillaridan boshlab Chikagodagi oddiy mahallada o‘sgan davri, o‘qish va martaba sari qilgan sa’y-harakatlari, jamiyatdagi tenglik masalalari bilan to‘qnashuvi, turmush o‘rtog‘i Barak Obama bilan tanishuvi va Oq Uydagi hayotigacha bo‘lgan katta yo‘lini izchil hikoya qiladi. Unda Mishel Obama o‘zligini topish, jamiyatdagi o‘rni, ayollar uchun imkoniyatlar, irqiy tengsizlik, oilaviy qadriyatlar va mas’uliyatli fuqarolik mavzularini ochiq, halol, hayotiy misollar bilan bayon etadi. Asarning eng muhim jihati Mishel ayollar, yoshlar va orzulari bor har bir insonni o‘z yo‘lini topishga undashi, muvaffaqiyat faqat tayyor imkoniyatlardan emas, balki qat’iyat, mehnat hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchdan tug‘ilishini ko‘rsatganligidir. “Mening hikoyam” oddiy qizning kuchli, ta’sirchan shaxsga aylanish jarayonini yoritib, o‘quvchini ham o‘z hayoti va tanlovlarini chuqurroq o‘ylashga chorlaydi. Asar bugungi kunda dunyo bo‘ylab eng ko‘p o‘qilgan ilhomlantiruvchi memuarlardan biri bo‘lib, insonning kim bo‘lishi va kimga aylanishi o‘z qo‘lida ekanini eslatib turadi. Garchi kitobning so‘zma-so‘z tarjimasi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bo‘lsa ham, bu hol asar qiymati va o‘zbek tilida chop etilish yutug‘ini e’tirof etishimizga xalal bermaydi.

 

Nashriyot: Asaxiy Books

Adadi: 3000

 

Nurali QAHRAMON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:12 / 26.12.2025 0 140
“Boburnoma” nega Ovrupada mashhur?

Tarix

13:12 / 26.12.2025 0 137
Xudoyorxon yozdirgan asarlar

Adabiyot

12:12 / 24.12.2025 0 2968
“Qahr” – Arzon sotilgan mavzu





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//