Abu Rayhon Beruniy (973-1048) va Abu Ali ibn Sino (980-1037) yakkash Sharqda emas, jahonda ham buyuk mutafakkir hamda benazir kashfiyotchilar deya tan olingan. Xususan, Beruniy 200 dan ortiq risola yozgani ma’lum bo‘lsa ham, bizgacha ulardan faqat 27 tasi yetib kelgan. Shuning o‘ziyoq dunyoda u qiziqmagan fan kam qolganini ko‘rsatadi.
“Kosmosdagi jismlar og‘irlikka ega bo‘lmay, qushlar kabi uchib yuradi”, deb yozadi Beruniy. Bu qonunni, ya’ni vakuumni buyuk alloma quyidagicha sharhlaydi: “Yer aylanayotganda ekvatordagi tezlik qutbdagi tezlikdan katta bo‘ladi, shu sabab jismning ekvatordagi og‘irligi qutbdagiga nisbatan kamroq bo‘ladi”. Bu fikri bilan u harakatlanayotgan jismning markazdan qochuvchi kuchga qanday ta’sir qilishi nazariyasiga asos soladi.
Beruniy va Ibn Sinoning falsafa, astronomiya, fizikaga doir qiziqarli savol-javoblarida tabiiy jismlarning o‘zaro aloqadorligiga oid izchil qarashlar aks etgan. Ibn Sino ta’biricha, jismlarning bir-biriga ta’siri va bu ta’sirning tabiati ularning ichki imkoniyatiga bog‘liq. Bu yerda imkoniyat tushunchasi Isaak Nyuton qonunlarida uchraydigan “kuch” tushunchasiga mos kelib, u faol va nofaol shakllarda ifodalanishi qayd etiladi. Jism (modda) bir-biriga asosan ikki xil ta’sir ko‘rsatadi. Jismlar o‘rtasida bog‘lanish bo‘lsa, ishqalanish hodisasi kelib chiqadi. Masalan, muz har qanday jismga tegishi bilan, uning haroratini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Hodisalar aloqadorligi jismlar o‘rtasidagi bevosita bog‘lanish bilan chegaralanmaydi. Chunki bilvosita aloqadorlik ham bor. Bunda narsa-buyumlar bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, bir-birida o‘z aksi, ya’ni tasvirini qoldiradi. Quyosh va Oydan tarqaladigan nur va quvvat ta’sirida Yerda sodir bo‘ladigan jami hodisalar bunga misol bo‘ladi. Kishilar hayvonot va o‘simlik olami hayoti, jonsiz tabiat hodisalari harakatiga ta’sir etadi. Ibn Sino “Oyning yaqqol ko‘zga tashlanadigan ta’siri shundan iboratki, u mevalarni yetishtiradi, o‘z sathining kattalashishi tufayli meva mag‘zi hajmini kengaytiradi va dengiz suvining ko‘tarilishiga olib keladi”, deb uqtiradi.
Beruniyning Arastu qalamiga mansub “Osmon haqida” kitobiga doir o‘nta savoli va unga Ibn Sinoning javoblarida qayd etilishicha, buyuk yunon olimi, falak tashqarisida bo‘shliqning yo‘qligi aniq bo‘lsa va biz uni olov kabi latif gavhar deb taxmin qilsak ham, falakni go‘yo chegaralangan to‘da bir narsa, deb qaraydi.
Ibn Sino o‘z javoblarida mantiqli dalillar keltiradi: “Falakning yengil ham, og‘ir ham emasligini o‘z so‘zlaringda isbot qilib, men uchun yetarli mashaqqat chekibsan: o‘z so‘zlaringda falakning na yuqorisiga va na quyisiga tomon harakat qilishi uchun o‘rin yo‘qligini iqror qilibsan. Bunga falak bo‘laklarining bir-birlari bilan almashganini dalil qilibsan. Men ham, falakning pastga tomon harakat qilishi mumkin emas, pastda falakning ko‘chib borishi uchun tabiiy bir o‘rin yo‘q, deyman. Chunki falak pastga tomon harakat qiladi, olamdagi hamma unsurlar o‘z tabiiy o‘rnidan ko‘chib yuradi. Bunday ko‘chib yurish tabiat olamida ham mumkin deyish – yanglish fikr...” (Beruniy bilan Ibn Sinoning savol-javoblari. Toshkent. “Fan”, 1973. 6-bet).
Beruniy Ibn Sinodan yana “Nima uchun Arastu o‘z kitobining ikki joyida ilgari o‘tgan odamlarning, falak bor, degan fikrini falakning doimo turg‘un ekaniga kuchli hujjat va dalil qildi?” deb so‘raydi. Ibn Sino bunday javob yo‘llaydi: “Bilmak kerakki, Arastu “Olamning boshi (ibtidosi) yo‘q” deganining ma’nosi, olamning yaratuvchisi yo‘q, degani emas, balki olamning yaratuvchisi ishlashdan bo‘sh emas, degani. Bu maqom olam boshiga oid masalalar bayoni emas”.
Ibn Sino moddiy narsa-buyumlar asosi – o‘zgarmas substrati to‘g‘risidagi Levkipp–Demokrit konsepsiyasini qabul qilmaydi. Bu konsepsiyada barcha narsalarning substrati atomlar va bo‘shliqdan tashkil topishi ilgari suriladi. Ibn Sino esa moddiy olam asosi sifatida suv, tuproq, havo va olovni tan oladi, ularning o‘zaro biridan ikkinchisiga aylanishini uqtiradi.
Ibn Sino fikricha, tashqi olam hodisalari harakatida bo‘shliqning mavjud bo‘lishiga hech qanday muhtojlik sezilmaydi. Bo‘shliq jismlarning fazo va vaqtda harakat qilish vositasi vazifasini bajarmaydi. Tashqi olamda jismlardan boshqa hech qanday narsa bo‘lishi mumkin emas. Jism materiya (moddiyat) va shakl birligidan tashkil topadi. U uchta o‘lchamga – uzunlik, balandlik va enga ega. Jism – bir butun hamda yaxlit bo‘lib, turli qismlardan iborat emas.
Ibn Sino atomistlar ta’limotiga qarshi chiqib, “Materiya bo‘linmas atomlardan tashkil topadi va ularning yig‘indisi jismni keltirib chiqaradi”, degan g‘oyani xato deb e’lon qiladi.
Dunyo olimlari e’tiroficha, hind xalqining tarixini o‘tmishda ham, hozir ham Beruniychalik hech kim yozib berolgani yo‘q. Masalan, mojor tadqiqotchisi Mark Aurel Steyn “Beruniy XI asrning Leonardo da Vinchisidir”, deb yozadi. Bunday baholarda mantiqiy xatolik bo‘lib, aslida avval yashagan odamni keyin yashagan odamga emas, balki aksincha o‘xshatish zarur. Shu tufayli Leonardo da Vinchi o‘z davrining Beruniysi, deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.
Demokrit va uning tarafdorlari, atom – oxirgi bo‘lakcha, undan keyin bo‘linadigan qism yo‘q, hamma modda atomning birikishidan paydo bo‘lgan, deydi. Arastu esa atom bo‘linadi, bo‘linaveradi, bo‘linishning chegarasi yo‘q, deb hisoblaydi. O‘sha davrdagi boshqa olimlar ham ushbu fikrni yoqlaydi. Bu masalada Beruniy Ibn Sinoga 18 ta savol yuboradi. Ikki olim Xorazmda ijod qilgan davrda bo‘lib o‘tgan bu yozishmalar ularning tabiat falsafasi va fizika bilan jiddiy shug‘ullanganini isbotlaydi.
Beruniy, jumladan, bunday savol yo‘llaydi: “Do‘stim Abu Ali, ba’zi faylasuflar, atom bo‘linmaydi, deb aytadi. Bunday deyish – nodonlik. Ikkinchi guruh faylasuflar, atomning bo‘linishi – cheksiz, deb hisoblaydi. Bu esa o‘taketgan nodonlik! Agar atom bo‘linishi cheksiz bo‘lsa, materiya yo‘q bo‘lib ketishi kerak, vaholanki, materiya abadiydir. Bu masalada sening fikring qanday?”
Ibn Sino “Ustoz Arastuning, Roziyning “bo‘linadi” degan fikrini cheksiz deb tushunmagin, bo‘linadi, lekin bo‘linishning chegarasi bor”, deb javob qaytaradi.
Beruniy esa bu javobdan qoniqmaydi, e’tiroz bildirib, yana maktub yuboradi: “Ey Ibn Sino, sen javobingda ustozlarning fikrini qaytaribsan. Ammo o‘zing fikr bildirmabsan. Menga sening fikring qiziq. Faraz qilaylik, atom ikkiga bo‘linsa, shu bo‘lingan bo‘laklar orasida katta bo‘shliq mavjud. Bo‘lingan bo‘laklar shu bo‘shliqda to‘xtovsiz harakatda, ular orasida ta’sir kuchi bor. Lekin shu bo‘lingan bo‘lakchaning o‘lchami oraliqdagi bo‘shliqdan necha marta kichkina yoki katta – buni bir tasavvur qilib ko‘rdingmi? Tafakkur qilib ko‘rginki, shu bo‘lingan bo‘lakcha bo‘shliqdan necha marta kichkina?”
Bu – fanning barcha zamonlari uchun xos va dolzarb bo‘lgan savol. Unga hozirgi zamon fani ham aniq javob bera olganicha yo‘q.
Beruniy keltirgan, o‘sha vaqtda uncha ma’lum bo‘lmagan shimoliy o‘lkalar, Boltiq dengizi va Oq dengiz haqidagi ma’lumotlar, Sibirning “bizda yoz bo‘lganda u yerda qish bo‘ladigan” joylari haqidagi xabarlar, ayniqsa, qiziqarli. Alloma Xitoy va Tibetga tutash o‘lkalarni ham o‘zidan oldingilarga nisbatan ancha to‘la va aniq tasvirlagan. Ptolemeyga qarama-qarshi o‘laroq Atlantika va Hind okeanlarining janub tomoni bir-biriga tutashganini isbotlab bergan. U bir vaqtlar Osiyo va Afrika qit’alari orasidan bo‘g‘oz o‘tgan, Yer sharining janub tomoni quruqlik bo‘lgan, deb taxmin qiladi. U qoldirgan noyob ma’lumotlar Sharqda jug‘rofiya ilmi ravnaqiga qo‘shilgan muhim hissa hisoblanadi.
Demak, g‘arbiy yarimsharda yaxlit bir quruqlikning, keyinchalik Amerika deb nomlangan qit’aning mavjudligini Beruniy yevropalik olimlardan 450 yil avval yozgan. Bu 1492 yili Kolumb tarafidan tasodifan Amerika qit’asi kashf qilinganida o‘z tasdig‘ini topadi.
Beruniyning bilish nazariyasi xususida ham o‘ziga xos fikrlari mavjud. Uningcha, sezgi a’zolari orqali olingan bilimlar bilishning asosi hisoblanadi. U bunda tajribaning ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Olim birinchilardan bo‘lib, Arastuning fan sohasidagi xizmatiga yuksak baho berish bilan birga, uning “tabiiy joy”, “dunyoning yagonaligi”, “og‘irlik va yengillik” kabi tushunchalarini tanqid qiladi. Yoki yunon allomasining “og‘ir” va “yengil” tushunchasidan farqli ravishda, Beruniy Ibn Sinoga yozgan “E’tirozlar”ida hamma narsa Yer markazi tomon tortilishi haqidagi fikrni olg‘a suradi. Bu tortilish kuchi haqida aytilgan dastlabki fikr edi.
Beruniy astronomik kuzatishlariga asoslanib, ekvatorga Quyosh ekliptikasi og‘ishining kattaligi (23°34) va ekliptika og‘ishi uzunligining asriy o‘zgarishlarini belgilash, Quyosh apogeyasi (avji) uzoqligini aniqlashda qadimgi va o‘ziga zamondosh bo‘lgan astronomlarga qaraganda ancha aniq natijalarga erishgan. Shuningdek, u 1029 ta yulduzning koordinatalari va yulduz kattaliklari qayd etilgan jadval tuzgan.
Amerikalik mashhur fan tarixchisi Jorj Sarton XI asrni “Beruniy asri” deb atagani bejiz emas.
Tursunboy SULTONOV,
TDIU dotsenti
Rohatoy HALIMMETOVA,
TDPU katta o‘qituvchisi
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 4-son
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q