Mafkura
2025-yil kino olamida oʻziga xos, rang-barang yil boʻldi desak adashmaymiz. Tomoshabinlar katta ekranlarda muvaffaqiyatli blokbasterlardan tortib, kichik byudjet asosida ishlangan tajriba filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ham ega boʻldi. Bu yilni aynan bitta janr bilan tariflab boʻlmaydi. Chunki, odamlar qalbini iliq dramalar ham, quvnoq animatsiyalar ham, murakkab ekshn filmlar-u, qoʻrqinchli janrdagi sanʻat asarli ham birdek quvontira oldi. Bu yilda kinomanlar koʻnglini zabt etgan filmlar koʻp boʻlgan boʻlsada, omadsiz chiqqan filmlar ham kam boʻlmadi. Nomdor kinostudiyalar ham bu yildan oʻz darsini oldi. Quyidagi maqolamizda shular haqida toʻxtalamiz hamda siz uchun yilning eng sara filmlari roʻyxatini taqdim etamiz.
Yilning eng katta xitlari
Yil davomida kino ixlosmandlari ikki narsaga aniq eʻtibor qaratishdi: samimiylik va yangilik. “Lilo va Stitch” - aynan shu ikki xususiyatga ega boʻlgani uchun Disneyning remeyklari orasida yorqin istisno boʻldi. Film 2002-yilgi asl animatsiya ruhini qayta tiriltiribgina qolmay, oʻziga yarasha yangi, mehrli atmosfera yarata oldi. Tomoshabinlar uchun bu - bolalikni eslatuvchi, oilaning qaynoq taftini his qildiruvchi “komfort film”lardan biriga aylandi.
Yilning eng katta shov-shuvli syurprizi esa shak-shubhasiz “Gunohkorlar”(Sinners) kartinasi boʻldi. Hech qanday franshizalarga aloqador boʻlmagan, sof original horror janriga ega boʻlgan bu film bir tarafdan oʻzining quvnoq, raqsga tushishishga undovchi ashulalari bilan, bir tarafdan esa chuqur tarixga ega ijtimoiy muammolarni olib chiqishi bilan nafaqat katta ekranlarda, balki tomoshabinlar xotirasida ham oʻz izini qoldirdi.
Filmda egizaklar rolini birvarakayiga gavdalantirgan Maykl B. Jordan oʻzining aktyorlik mahoratini yuksak darajada koʻrsatib berdi. “Oppengeymer” filmiga bastalagan saundtreki bilan omma ogʻziga tushgan Lyudvig Goʻranssonham uning shuhrati bejizga emasligini “Gunohkorlar” filmi musiqalari bilan koʻrsatdi. Vampirlar kabi siyqasi chiqqan eski mavzular haqidagi oddiy ammo chin dildan ishlangan filmlar auditoriyani hali hamon lol qoldirishi mumkinligini, dahshat janri - bu faqatgina oʻtkinchi tomoshabinlar uchun kino zalini toʻldirib turadigan filmlar emas, balki yuksak sanʻat asari namunasi ham boʻla olishi mumkinligini isbotlab berdi. Taʻkidlab oʻtishim joiz-ki, ushbu film men yoqtirgan filmlar qatorida eng yuqori pogʻonalardan birini egalladi.
Global sahnada esa “Ne Zha 2” animatsion filmi dunyoni zabt etdi. Milliardlab daromad ishlaydigan kartinalar faqat Gollivuddan chiqmasligini koʻrsatgan bu film, goʻzal kadrlari, epik hikoyasi va madaniy ildizlari bilan millionlab insonlarni oʻziga jalb qildi. Hozirda ushbu film 2025-yilning eng kassabop filmi boʻlib turibdi. Agar yaqin kunlarda premyerasi boʻlgan yana bir sikvel undan oʻtib ketmasa…
Ha, albatta, gap “Zootopiya 2” multfilmi haqida ketmoqda. Birinchi filmning tasavvur qilib boʻlmas darajadagi shon-shuhratidan 9yil oʻtib chiqarilayotgan ushbu hikoyaning davomi bizga tanish boʻlgan detektivlar: quyoncha Judi va tulki Nikning boshiga tushgan yangi sarguzashtlari haqida soʻz yuritadi. Butun jahonning yosh-u qari tomoshabinlari tomonidan oʻtmishdoshiga munosib davomchi boʻlgani taʻkidlanayotgan ushbu film kassa yigʻimlarida tez orada bir milliardlik dovonni bosib oʻtishi kutilmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari, yil davomida mashhur oʻyin muxlislariga katta tuhfa boʻlgan “Maynkraft” filmi ham ekran yuzini koʻrdi. Oilaviy komediya janrini yaqqol namunasi boʻlib hisoblanadigan ushbu filmni koʻngil yengil satira hamda qiziqarli sarguzasht istagan paytda tomosha qilish tavsiya etiladi. Kichkintoylaringizni ham ekran qarshisiga chaqirishni unutmang!
Yilning eng katta omadsizliklari
Baʻzi loyihalar esa zalvarli nomlar-u, yillar davomida kutishlarga qaramay muxlislarning ishonchini oqlay olmadi. Marvel Kinematik Olami uchun omadsiz kelgan navbatdagi yil “Kapitan Amerika: Ajib Yangi Dunyo” filmi bilan boshlandi. Studiya ichida kreativ falajlik kuzatilayotgan paytda ommaga namoyish etilgan kartina na oʻzining yangi yoʻlini topdi, na eski filmlarining muvaffaqiyatini takrorlay oldi. Natija esa: bir martalik koʻriladigan va shu zahoti unutiladigan navbatdagi superqahramonlar haqidagi film.
Yilning davomida premyera qilingan, eski “Qasoskorlar”ning ruhini oʻzida aks ettirishni vaʻda qilgan “Momaqaldiroqlar” filmini omadsizlik desak xato boʻlar. Yangi qahramonlar bilan birgalikda franshizaga yangi qon olib kelgan filmni muxlislar yaxshi qabul qilganiga qaramasdan, kinoteatr kassalarida oʻzidan kutilgan natijalarni oqlay olmadi. Balki, buning sababi sifatida ishqibozlarning ketma-ket muvaffaqiyatsiz filmlar sabab, ishonchi soʻngani, tinkasi quriganni keltirish mumkindir.
Muvaffaqiyatsizlik tilga olingan joyda keyingi filmni eslab oʻtmasak boʻlmaydi. Yillar davomida mojarolar girdobida qolgan va qayta-qayta suratga olingan “Oppogʻoy” multfilmining jonli remeyki Disney uchun bu yil oʻrgangan eng katta darslardan biri boʻldi desak adashmaymiz. Asl hikoyaning davrga moslab oʻzgartirilishi, sifatsiz kompyuter grafikasi hamda aktyorlar atrofidagi siyosiy va ijtimoiy muammolar sabab film mutlaq muvaffaqiyatsizlik domiga tushdi.
Eng katta xalqaro omadsizlik esa 2019-yilda “Parazitlar” filmi bilan butun dunyoni titratgan Bong Jun Honing “Mikki 17” filmi boʻldi. Original gʻoya hamda beqiyos rejissuraga qaramay, film ommaviy tomoshabinlar uchun haddan tashqari mavhum va boshqotirmadek boʻlib qoldi. Kuchli satira va vizual syujet ortiga yashirilgan siyosiy muammolar yechimsiz qolib ketdi. Asar oʻz auditoriyasini topa olmadi.
Unutilmas bolaligimizning bir qismiga aylangan Pixar studiyasi tez surʻatli yangi dunyoga moslashishda qiynalayotgani sir emas. Navbatdagi tajriba esa oʻz kutilmalarini oqlamadi. Koʻpchilik hatto bexabar qolgan “Elio” multfilmi tarix sahifalariga muvaffaqiyatsizlik tamgʻasi bilan kiritildi. Hikoya insonlarning qalbiga yetib bora olmasa, uni brend nomining oʻzi qutqara olmaydi.
Yilning eslab oʻtishga arzirli filmlari
Juda katta kassa yigʻimlariga ega boʻlmagan, lekin koʻrganlarning qalbidan joy olgan filmlarni ham eslab oʻtmasak insofdan boʻlmas.
Guillermo del Toro talqinidagi “Frankenshteyn” filmi - gotik, betakror, chuqur his-tuygʻular bilan yoʻgʻrilgan sanʻat asari boʻldi. Jeykob Elordi hamda Oskar Ayzekning professional ijrosi kartinani oddiy maxluqlar haqidagi film emas, balki fojiali, insoniy dramaga aylantirdi. Filmdagi har bir kadrni alohida sanʻat asari kabi romga solib ilib qoʻyish mumkin. Liboslar, har bir manzil, har bir elementdan eski davr ruhi ufurib turadi, tomoshabin film atmosferasini haqiqatdan his qiladi.
Katta ekranlardan kelgan eng kuchli adrenalin esa “F1” filmidan boʻldi. Rejissyor Josef Kozinski va kompozitor Hans Zimmerning tandemi filmni oʻta yuqori darajada intensiv va immersiv qila olganki, tomoshabin kinoteatr oʻrindigʻida emas, balki poyga mashinasi rulida oʻtirganday boʻladi. Shubhasiz, yilning eng shov-shuvli loyihalaridan biri boʻlgan kartina millionlab poyga sporti muhlislarini ekran qarshisiga chorladi, kino ishqibozlarini esa poyga treklariga.
Haqiqiy mualliflik filmlari muxlislari uzoq kutgan taniqli rejissyor Pol Tomas Andersonning “Urush Ketidan Urush”(One Battle After Another) filmi ham ushbu roʻyhatdan joy olishga arziydi. Leonardo Dikaprio, Shon Pen hamda Benisio Del Toro kabi nomdor aktyorlar tarkibiga ega boʻlgan ushbu kriminal janridagi film kinomanlarning eʻtiborini qozongan boʻlsada, byudjet toʻplashga ancha qiynaldi. Ammo kassa yigʻimlari kichik boʻlgan filmlar koʻrishga arzimaydi degani emas, va aksincha.
“Ochlik Oʻyinlari”(The Hunger Games) franshizasi bilan shuhrat topgan rejissyor Frensis Lourens bu yil ham shunday tirik qolish janriga aloqador “Uzoq Sayr” (The Long Walk) filmi bilan ekranlarga qaytdi. Filmni yilning eng agressiv va intensiv filmlari qatorida birinchi oʻringa qoʻyish mumkin. Shafqatsiz sahnalar tomoshabinlar qon bosimini oshirib, yuraklarni qoʻrquvda ushlab tura oldi. Kapitalistik hukumatning qilmishlarini ochiq oydin koʻrsatib bergan film tanqidchilar tomonidan ham, tomoshabinlar tomonidan ham bir ovozda olqishlandi. Shunga qaramay oʻzidan kutilgan eʻtiborga ega boʻla olmadi.
2025-yil Bizga nimani oʻrgatdi?
2025-yil kino olamidagi voqea-hodisalardan shuni xulosa qilish mumkin-ki: tomoshabinlar avvalgidan ancha aqlli va talabchan. Biz ortiqcha shov-shuvga emas, balki chinakam his-tuygʻularga, original gʻoya va kuchli ijodga oʻz chiptalarimiz bilan ovoz berdik.
Shu sababli “Gunohkorlar”, “Frankenshteyn”, “Uzoq Sayr”, “Lilo va Stitch” kabi filmlar yuraklarni zabt etdi. Insoniy xislatlardan uzoq filmlar esa tomoshabinlar qalbiga yoʻl topa olmadi.
2026-yilga kirar ekanmiz, bir haqiqatni takrorlamoqchiman: insonlar kinoga shunchaki vaqt oʻtkazish uchun emas, tirikligini his qilish uchun boradi. Kim shu tuygʻuni bera olsa, bera olgan boʻlsa - oʻsha gʻolibdir. Shunday ekan, afishalardan koʻzingizni uzmang, zero filmlar bu - bizni birlashtiradigan, oʻylantiradigan va hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga majbur qiladigan kuchdir.
Jamshidbek Toshpoʻlatov
Mafkura
Din
Tarix
Falsafa
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q