– Men uzoq yillar ijtimoiy fan olimi sifatida o‘zbek xalqining milliy g‘oyasi haqida o‘yladim. Ko‘pchilik hamkasblarim qatori unga ilmiy-nazariy ifoda topish xususida bosh qotirdim. Tarixni, ulug‘ mutafakkirlarning asarlarini o‘qib-o‘rgandim, qancha-qancha dono zotlar bilan goh g‘oyibona, goh yuzma-yuz suhbat, bahs-munozaralar qurdim. Bu borada jahon tajribasi va amaliyoti ham e’tiborimdan chetda qolmadi.
Yusufbek hojining so‘zlarini biroz o‘zgartirib aytsam, bu soch, bu soqol milliy g‘oya qayg‘usida oqardi.
Aytish mumkinki, izlanishlar natijasida ba’zi bir ajoyib xulosalarga kelib, kutilmagan kashfiyotlar ham qildim.
Sovet davrida bu borada hech qanday muammo yo‘q edi. Karl Marks, Fridrix Engels, Vladimir Lenin kabi dohiylar biz uchun bu masalani uzil-kesil hal qilib bergan edilar. Kommunizm g‘oyasi butun Sovet Ittifoqi va sotslager mamlakatlari uchun ham siyosiy, ham milliy g‘oya sifatida qat’iy, o‘zgarmas postulat o‘laroq joriy etilgan edi. Kommunizm. Nuqta. Tamom. Bu g‘oyaning keyingi taqdiri haqida hozir gapirib o‘tirmaymiz.
Bugungi kunda esa ko‘p davlatlar o‘zlarini mafkuradan xoli, demokratik, erkin mamlakatlar qilib ko‘rsatish uchun milliy g‘oyasini imkon qadar ko‘z-ko‘z qilmaslikka intilar ekan. Masalan, AQShda “Amerika manfaati – hamma narsadan ustun” degan g‘oya “amerikacha orzu” degan tushunchaga juda ustalik bilan singdirib yuborilganini angladim. Turkiyada turkchilik, ya’ni, panturkizm, Eronda shiizm, Saudiya Arabistonida vahhobiylik goh oshkor, goh pinhona tarzda milliy g‘oya libosida namoyon bo‘lishini sezdim. Yoki Shimoliy Koreyada “chuchxe” – ya’ni, faqat o‘zining kuch va imkoniyatlariga tayanish fikri ustuvor bo‘lsa, Xitoy ochiqdan-ochiq “Bozor kommunizmi” g‘oyasini ilgari surar ekan.
Belarus davlatining milliy g‘oyasi hammasidan ham ajoyib bo‘lib, ushbu davlatda “белорусы должны стат белорусами”, ya’ni, beloruslar belorusga aylanishi kerak, degan tamoyil bor ekan. Bunda belarus tili va madaniyati rus tili va madaniyatining soyasida qolib ketmasligi lozim, degan fikr mujassam bo‘lsa, ajab emas.
Milliy g‘oya haqida O‘zbekistonda yurt darg‘alari ham, jamiyatimizning gul-u gultojlari bo‘lmish olim-u fozillar, arbob-u adiblar ham keng mushohada yuritdilar. Ko‘p izlanishlar, muhokama va mulohazalardan so‘ng bu mavzuda tadqiqotlar, monografiya va risolalar, darslik va qo‘llanmalar, o‘quv dasturlari yaratildi va ta’lim-tarbiya tizimiga joriy qilindi.
Lekin bular meni qoniqtirmas edi. O‘zimga o‘zim tinimsiz savol berardim: xo‘sh, nima ekan bizning milliy g‘oyamiz? Uni hech kimda e’tiroz uyg‘otmaydigan, barchaga ma’qul keladigan bir mazmun va shaklda qanday ifoda etsa bo‘larkin?
Ya’ni, “Jamiyatning orzu-intilishlari, tub manfaatlarini aks ettiradigan, bu yo‘lda yoshi, jinsi, millati, ijtimoiy mavqeyi, bilim darajasi va dunyoqarashi, siyosiy e’tiqodidan qat’i nazar, shu yurtda yashaydigan barcha fuqarolarni birlashtiradigan, safarbar etadigan, muntazam rivojlanib boradigan” qaysi g‘oyani milliy g‘oya deb qabul qilsa bo‘larkin?
Bu savollar menga tinchlik, orom bermay qo‘ydi. Qancha-qancha kechalarni uyqusiz o‘tkazib, faqat shu to‘g‘rida o‘yladim.
Bedor tunlarning birida kutilmagan, g‘alati bir fikr yarq etib, miyamda chaqmoq chaqnagandek bo‘ldi.
Nihoyat, men o‘zbek xalqining milliy g‘oyasini topdim!
Bu fikr kimlargadir qanchalik g‘ayritabiiy, noilmiy, boringki, ahmoqona tuyulmasin, lekin ayni haqiqatdir. Men bu to‘g‘rida istalgan olim, istalgan muxolif bilan bahs-munozaraga tayyorman.
Eng muhimi, o‘zbek xalqining milliy g‘oyasini juda muxtasar tarzda, bor-yo‘g‘i ikkita so‘z orqali ifoda etsa bo‘lar ekan. Ya’ni, asrlar sinovidan o‘tib, o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, tuproqda chirimaydigan metin bir tushuncha, sobit bir e’tiqod bo‘lib shakllangan, o‘zbek xalqining hayot va mamot tarziga aylangan bizning g‘oyamiz “to‘y-hasham” degan soddagina so‘zlarda mujassam topar ekan.
Bu o‘rinda “to‘y” so‘zi faqat to‘y-tantanani emas, balki milliy odatlarimiz bilan chambarchas bog‘langan, marjondek tizilib keladigan bir qator tushunchalarni – aza, ma’raka-marosimlarni anglatsa, “hasham” so‘zi dabdaba, namoyish, boyligi yoki mavqeyini (bor-yo‘qligidan qat’i nazar) ko‘z-ko‘z qilib, shundan chuqur mamnuniyat va qanoat his etib yashashni anglatadi.
Ta’kidlash joizki, to‘y-hasham – bu shunchaki an’ana yoki urf-odat emas, balki hayot va tafakkur tarzidir. An’ana va urf-odatni o‘zgartirsa bo‘lar, ammo hayot va tafakkur tarzini o‘zgartirib bo‘lmaydi. O‘zbek xalqining necha ming yillik tarixi bu haqiqatni yaqqol isbotlab beradi.
Keling, endi mana shu “to‘y-hasham” degan tushunchani milliy g‘oyaning mavjud qoida-mezonlari nuqtayi nazaridan tahlil qilib ko‘raylik.
Demak, milliy g‘oyamizning birinchi talabi:
“jamiyatning orzu-intilishlarini, tub manfaatlarini aks ettiradigan...” degan tamoyildir.
O‘zingiz ayting, o‘zbek millatining orzu-intilishlarini to‘y-hashamdan boshqa yana qaysi g‘oya bu darajada yorqin, to‘la va mukammal aks ettira oladi?
O‘lmang, faqat va faqat to‘y-hasham.
Maqollar – xalq qalbining ko‘zgusi, deymiz. Xo‘sh, ana shu ko‘zguga boqib biz nimani ko‘ramiz?
“Hammamizni to‘yga yetkazsin”;
“To‘ydan boshing chiqmasin”;
“Topgan-tutganing faqat to‘ylarga buyursin”;
“To‘yga to‘yona bilan”;
“O‘g‘il uylantirganga o‘ttiz yil tegma, Qiz chiqarganga qirq yil tegma” va hokazo.
Yurtimizda o‘tgan barcha ulug‘ allomalar, shariat peshvolari, shoir va mutafakkirlar orasida biron-bir zot yo‘qki, to‘y-ma’rakadan “dod” demagan bo‘lsa!
Loaqal jadidlarning, bizning millatimizni xor-u rasvo qiladigan ikki narsa bor: biri – to‘y, biri – azadir, degan mazmundagi shikva-shikoyatlarini eslaylik.
Xo‘sh, milliy g‘oya aslida nima? Milliy g‘oya – millatning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgan, yengilmas ma’naviy kuch bo‘lishi kerak. Bu g‘oya uchun nafaqat bir guruh ma’rifatparvarlar, balki butun xalq o‘limga ham borishga tayyor bo‘lishi zarur.
Bizda “to‘y-hasham” g‘oyasi ayni shunday kuchdir. U dinimiz arkonlaridan ham, ajdodlar o‘gitlari-yu davlat siyosatidan ham doimo zo‘r chiqib keladi. Unga bas keladigan, uni yenga oladigan bironta kuch dunyoda yo‘q.
Yurtimizda hukm surgan xonliklar davri-yu sovet hokimiyati ham, hozirgi mustaqil davlatimiz ham bu masalaning nafaqat ma’naviy, balki ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda, oilaviy tadbir va marosimlarni ixcham, kamxarj va kamtarona o‘tkazishga doimo katta e’tibor qaratib kelgan va kelmoqda. Bu borada hatto oliy farmonlar, farmoyish va qarorlar ham qabul qilingan.
Tarix sahifalarini titkilab o‘tirib, bu fikrimni tasdiqlaydigan yana bir misol topdim.
Buxoroning so‘nggi amiri Sayyid Olimxon 1911-yili “Juda isrofli to‘ylarni tugatish to‘g‘risida” farmon chiqargan. Unga binoan, to‘ylarda palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 (yetmish besh) darra urish jazosi tayinlangan. To‘yga kelgan mehmonlarning bir-biriga chopon berish odati ham man etilgan. Ayni vaqtda, sunnat va nikoh to‘ylarida uloq va poygalar uyushtirish taqiqlangan. Shunday tadbirlarni tashkil etganlarga hatto o‘lim jazosi belgilangan. Lekin el-ulus o‘z bilganidan qolmagan.
Mana, yer yuziga koronavirus degan balo keldi. Hukumat xalq qayg‘usini o‘ylab, to‘ylarni o‘ttiz kishidan oshmaydigan qilib o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqardi. Lekin... lekin el baribir “to‘y-hasham” degan maqsad-maslagidan qaytmadi. Bu to‘ylar uch kunlab davom etdi, odamlar o‘z jonini garovga qo‘yib, to‘y-ma’rakalarda yurdi. Qanchasi shundan o‘lim topdi.
Bundan uch-to‘rt yil burun sobiq shogirdlarimdan biri bilan ko‘rishib qoldim. O‘sha vaqtda u Hukumatda, mas’ul lavozimda ishlardi.
Negadir xomush, parishon ko‘rindi. So‘ramasam ham, nima uchundir dardini menga yordi: uch qiz, bir o‘g‘li bor ekan. Ikkita qizini uzatibdi, endi uchinchisiga sovchi kelayotgan ekan. O‘g‘li yettinchi sinfni bitiribdi.
“Domla, – dedi u yig‘lagudek bo‘lib, – bu “to‘y” degan balo meni xarob qildi. Xotinimni taniysiz, u ham shogirdingiz, universitetda birga o‘qiganmiz, biologiyadan fan doktori, professor. Hozir bir institutda prorektor, xotin-qizlar faoli. Maktabda ham, oliy o‘quv yurtida ham ruscha o‘qigan, aspirantura, doktoranturani Moskvada tugatgan. O‘zbekchani qiynalib, “твоя-моя” qilib gapiradi. London-u Parijlarga ilmiy konferensiyalarga borib, ingliz tilida sharillatib ma’ruzalar o‘qiydi. Xullas, o‘ta ilg‘or, superzamonaviy bir xonim. Lekin shundoq ayol mana shu to‘y-ma’raka masalasiga kelganda o‘qimagan, o‘ta johil, lattaparast bir xotindan ham battar bo‘lib qoladi. Jon xotin, mana shu odatlarni sal kamaytiraylik, imkonim yo‘q, desam, jon-poni chiqib ketadi. Ko‘zini ola-kula qilib, hech narsani bilmayman, bilishni ham xohlamayman, deb turib oladi.
Nima, senlarning aytganingni qilaman, deb pora olib qamalib ketishim kerakmi, desam, xo‘sh, boshqalar qanday qilib eplayapti, otalik burchingiz, bajarasiz, tamom-vassalom, deydi zang‘ar.
Bo‘lmasa, men o‘zim qudalar bilan gaplashay, desam, nima, esingizni yeb qo‘yganmisiz, qaysi quda bunga ko‘nadi, deb meni mot qiladi. Revolyutsiyani mendan boshlama, avval butun O‘zbekiston xotinlari shu yo‘lga o‘tsin, keyin men ham rozi bo‘laman, deydi. Qizlarim qaynonasi-yu erining ta’na-dashnomiga qolib, ko‘z yoshi daryo bo‘ladigan bo‘lsa, men bunga sira-sira chidolmayman, deydi”.
Amaldor shogirdimning arzi hol qilishdan maqsadi bor ekan. Ya’ni, men bu salbiy illatlarni qoralab bir kitob yozsam, u chiqarishga yordam berar ekan.
“Domla, sizning obro‘yingiz baland, butun O‘zbekiston hurmat qiladi, shu ishni qilsangiz, savobga qolardingiz, zora bu xotin zoti sal-pal insofga kelsa”, dedi.
Men albatta ko‘ngil uchun yo‘q demadim. Garchi mendan qancha dono, qancha buyuk insonlar bu mavzuda qanday o‘tkir, ta’sirchan kitoblar yozib, maqsadga erisha olmagan bo‘lsalar-da, odamning yuzi issiq, men bir o‘ylab ko‘ray, deb qutuldim.
Axir, shogird aytgan illatlardan o‘zim ham xalos bo‘lmagan bo‘lsam, bu to‘g‘rida kitob yozishga mening qanday ma’naviy haqqim bor?
Bu borada bitta, faqat bitta misol keltirmoqchiman, lekin shuning o‘ziyoq kifoya, deb o‘ylayman.
Bechora Abdulla Avloniyning qayg‘u-hasratiga bir zumgina quloq tuting:
“Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur?” degan savol keladur. Bu savolga, “Birinchi – uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidir. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir”, deb javob bersak, bir kishi deyurki: “Qaysi onalarni aytasiz? Bilimsiz, boshi paxmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar?” der. Mana bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondirar. “Otasiga nima deysiz?” desak, “Qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bllmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zi qiymagan, zamondan bexabar otalarni aytursizmi? Avvalo, o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur”, der.
Mana bu so‘zni eshitgach umid qo‘llari qo‘ltiqqa urilur”.
Qaytib amaldor shogirdni ko‘rmadim. Hozir, bilmayman, qayerda ekan, ishqilib, qamalib ketmagan bo‘lsin.
Bir o‘zbek, musulmon odam umri davomida qancha to‘y-hasham qilishi kerak, bilasizmi? Mana, bir sanab ko‘raylik: tug‘ruq to‘yi, ya’ni, chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqish, aqiqa, beshik to‘yi, sunnat to‘yi, muchal to‘yi, nikoh to‘yi, qiz bazmi, kelin salom, charlar, kumush to‘y, oltin to‘y, payg‘ambar yoshi to‘yi va hokazo.
Ma’rakalarni oladigan bo‘lsangiz, uch, yetti yigirma, qirq, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, ikki hayit marosimlari, yil oshi... Hammasini hisoblasak, yana ko‘p-ko‘p sahifalarning yuzini qora qilishga to‘g‘ri keladi.
Milliy g‘oya mezonlari bilan yondashganda, faqat mana shu odatlargina “yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeyi, bilim darajasi va dunyoqarashi, siyosiy e’tiqodidan qat’i nazar”, o‘zbek jamiyatining barcha a’zolarini birlashtirish va safarbar etishga qodir.
Faqat mana shu g‘oya, ya’ni, to‘y-hasham yo‘lida odamlarimiz sog‘lig‘ini, butun borlig‘ini, hatto aziz jonini qurbon qilishga tayyor. Shuning uchun ular migrant deb nom olib, Qozog‘iston cho‘llarida, buzuq avtobuslarda yonib kul bo‘lishga, Sibir taygalarida mardikorlik qilishga, Moskva ko‘chalarini supurib, qahraton qishda qor kurashga, ayollar esa oilasi, eri, bolalarini tashlab, Turkiya-yu Dubayda oqsochlik qilishga tayyor.
Ularning aksariyat ko‘pchiligida bitta orzu, bitta maqsad: chet ellarda qanday yo‘llar bilan bo‘lsa-da, bir amallab pul topib kelish va... uni to‘y-hashamga, ma’raka-marosimga sarflash.
Milliy g‘oya mezonlari asosida tahlil qiladigan bo‘lsak, bizda “muntazam rivojlanib, boyib boradigan” tushuncha va tamoyillar bormi?
Bor, albatta, yagona bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, to‘y-hasham.
Tan olaylik, to‘y-ma’rakalarimizda paydo bo‘layotgan yangi va yangi, xilma-xil belgi-alomatlar: nikoh to‘ylaridagi “lav storiy” – sevgi qissalari, qaynota va kelinning birga vals tushishlari, kelinning ersiragan dugonalariga guldasta uloqtirishi va ularning buni talashib olishi, “kelin navkar”, “kuyov salom” kabi odatlarning joriy etilishi, kelin-kuyovning to‘yxona zaliga ot yoki “Mersedes” minib kirib kelishlari, quda tomonga yuboriladigan bo‘rdoqi qo‘ylarning sochini prichyoska qilish, shoxiga rangli lenta taqish, oyog‘iga tufli kiydirib, labiga pomada surish... bunga dalil emasmi?
Yoki to‘ylarimizda meva-cheva, pista-bodom, qandolat mahsulotlarini “arenda”ga olib yolg‘on dasturxon bezatish kabi “nou-xau”larni dunyodagi bironta xalq ijod qila olganmi? Bunday ishlar faqat to‘y-hasham tushunchasini milliy g‘oya darajasiga ko‘targan, butun aql-u zakovatini shunga baxsh etgan millatning qo‘lidan keladi, xolos...
Vodarig‘, chindan ham, Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari aytganlaridek, agar xalqimiz to‘y-ma’rakalarga, nahorgi oshlarga buyuk bir safarbarlik bilan uyushib borganidek, bugun zamon talab qilayotgan, dinimiz buyurgan maqsadlar yo‘lida ham shunday ahillik bilan uyushib, shaxt-u shiddat ko‘rsatsa edi, yer yuzida bu xalqni yenga oladigan kuch bo‘lmasdi, bu xalq egallamagan marra qolmas edi. Lekin, afsuski...
Nachora, birovga yoqadimi-yo‘qmi, millatchi ziyolilarimiz burnini jiyiradimi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, o‘zbek xalqining milliy g‘oyasi – bu to‘y-hasham g‘oyasidir, deb aytish uchun barcha tarixiy, falsafiy, ruhiy-ma’naviy asoslar mavjud.
De-yure boshqacha bo‘lishi mumkin, ammo de-fakto – ayni shunday. Bu holatdan qachon qutulamiz – “bu savol hamon javobsiz qolmoqda”.
Ehtirom Abdullayev,
faylasuf, 71 yosh
Xayriddin SULTONning “Odamlardan tinglab hikoya” kitobidan.
Din
Tarix
Falsafa
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q