Mafkura
Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdug‘afur domla Niyozqulov javob berdi.
– Bilamizki, dinimizda erkaklar ipak matodan kiyim kiyishi man qilingan. Bir shim sotib olgandim. Uning qog‘ozida 70 foiz matosi sun’iy ipak deb yozilibdi. Shu shimni kiyish joizmi?
– Bismillahir rohmanir rahim. Sun’iy ipak haqiqiy ipakka muqobil ravishda ishlab chiqarilgan mato turi, xolos. Unga haqiqiy ipakning hukmi berilmaydi. Undan tikilgan kiyimlarni kiyish erkaklarga joiz. Hadislarda taqiqlangani aytilgan ipak haqiqiy, tabiiy ipakdir.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Ipak kiyim va tilla ummatimning erkaklariga harom qilindi, ayollariga halol qilindi” dedi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ipakning erkaklarga harom qilinishi hikmati shundaki, bu mato juda nafis va muloyim bo‘lib, ayollik tabiati hamda latofatiga mos keladi. Erkaklarning tabiatiga esa muvofiq kelmaydi.
* * *
– Hayvonlarning qonini parrandalarga ozuqa sifatida sotsa yoki sotib olsa bo‘ladimi?
– Qon kabi najosat hisoblangan narsalar shariat qoidalariga ko‘ra mol hisoblanmaydi va ularni sotish yoki sotib olish joiz emas. Chunki savdoning shartlaridan biri – sotilayotgan narsa shariat nazarida qiymatga ega mol bo‘lishi shart. Qon, o‘limtik kabi narsalar najosat bo‘lib, shar’an mol hisoblanmaydi va Qur’oni karimda harom qilingan. Alloh taolo Moida surasining 3-oyatida bunday degan: “Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti va Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan ...hayvonlar harom qilindi”.
Shariatda iste’moli taqiqlangan narsaning savdosi ham taqiqlanadi. Bu haqda “al-Vajiyz” kitobida bunday deyilgan: “Qaysidir jihatdan yeyish va foydalanish mumkin bo‘lmagan narsani sotish ham, sotib olish ham mumkin emas. Foydalanish mumkin bo‘lgan narsaning savdosi joizdir”. Qolaversa, hayvonlarga najosatni ozuqa sifatidan berish durust emas. Yuqoridagi masalada qon deganda hayvonni so‘yganda bo‘g‘zidan otilib chiqqan qon tushuniladi. Lekin hayvon qonni o‘zi topib yesa, bu bilan uning go‘shti harom bo‘lib qolmaydi.
* * *
– O‘g‘il uylanayotgan vaqtda kelinga mahr sifatida otasining uyini berishi mumkinmi? Bu mahrga o‘tadimi?
– Agar uy otaning mulki bo‘lsa, o‘g‘il uni mahr sifatida xotiniga bera olmaydi. Chunki u birovning mulki, birovning mulkini esa boshqaga sotish, hadya qilish yoki mahr sifatida berish durust emas. Bu borada fiqhiy manbalarda shunday bayon qilingan: “Biror narsani hadya qilishning shartlaridan biri shu narsa hadya qiluvchining mulki bo‘lishi kerak. Boshqaning molini uning iznisiz hadya qilish mumkin emas. Chunki hadya qiluvchining mulki bo‘lmagan narsani boshqaga berish imkonsizdir (“Fatovoi Olamgiriya”).
Ammo otasi uyni o‘g‘liga hadya qilgan bo‘lsa, shunda o‘g‘il uyni xotiniga mahr sifatida berishi mumkin. Uy kelinga mahr bo‘lib o‘tgandan keyin butunlay uning haqiga aylanadi.
* * *
– Rangi o‘zgargan ariq suvi najosat hisoblanadimi?
– Suvda uchta sifat bo‘ladi: rang, hid va ta’m. Agar oqar suvga najosat tushib, mazkur uch sifatning birini o‘zgartirsa, suv najosatga aylanadi. Agar pok narsa tushishi tufayli o‘zgarsa, najosat bo‘lmaydi. Masalan, barg, tuproq, loy kabi narsalarning tushishi bilan o‘zgarsa, bunday suvni najosat bo‘ldi deyilmaydi. Bu haqida fiqhiy manbalarda batafsil javob berilgan. Jumladan, “Muxtasarul-viqoya” kitobida bunday deyilgan:
“Agar suvga najosat tushsa va bu suv oqar suv yoki o‘n gazga o‘n gaz hajmdagi hovuz bo‘lib, hovuchlab suv olish tufayli ostidagi yer ochilib qolmasa, suv najosat bo‘lmaydi. Ammo najosat suvning ta’mi, rangi yoki hidini o‘zgartirib yuborsa, suv najosatga aylanadi. Agar najosat tushgan suv oqar suv yoki o‘n gazga o‘n gazli hovuz bo‘lmasa va unga najosat tushsa, suvning sifatlarida o‘zgarish bo‘lmasa ham suv najosatga aylanadi”.
* * *
– Bir ma’ruzada “Yarmingiz soyada, yarmingiz quyoshda bo‘lgan holda o‘tirmanglar” degan mazmunda hadis eshitib qoldim. Shunday hadis bormi?
– Ha, shunday ma’noda hadislar bor. Ulardan birini Imom Abu Dovud rahimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan: “Abulqosim sollallohu alayhi va sallam “Biror kishi soyada o‘tirgan bo‘lsa, soya qisqarib, uning yarmi oftobda, yarmi soyada bo‘lib qolsa, o‘rnidan tursin” dedi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mazkur hadisni Mulla Ali Qori rahimahulloh “Mirqotul-masobih” kitobida quyidagicha sharhlagan: “O‘rnidan tursin, ya’ni tanasining hamma joyi quyoshda yoki soyada bo‘ladigan boshqa joyga o‘tib olsin. Chunki inson soya va quyoshli joyda o‘tirsa, biri ikkinchisiga zid bo‘lgan ikki narsaning ta’siridan badanning ahvoli o‘zgarib, mijozi buziladi. Bu gapni ko‘plab shorihlar ham aytgan”.
Bu hadisi sharifda mazkur holatda o‘tirishning tibbiy jihatdan zarari borligi uchun qaytarilgan. Ya’ni, yarmi soya va qolgan yarmi quyoshda bo‘lgan odam qattiq gunohkor bo‘lmasa-da, tibbiy jihatdan mijozi buzilib, tanasiga zarar yetadi.
“Mavsu’atul-fiqhiya” kitobida bunday holda o‘tirish yuqoridagi kabi hadislarda kelgan qaytariq borligi uchun makruh bo‘ladi deyilgan: “Quyosh va soya orasida o‘tirish makruhdir”.
* * *
– Qizimga Noila deb ism qo‘yganmiz. Bir tanishim “bunday ism dinimizda nojoiz ismlardan, chunki bu avvalgi zamonlarda bir butning nomi bo‘lgan” dedi. Men qizimning ismini o‘zgartirishim kerakmi?
– Qiz farzandga Noila deb ism qo‘yish joiz va bu ismni o‘zgartirishga zarurat yo‘q. Noila arab tilida “tuhfa”, “sovg‘a” kabi ma’nolarni anglatadi. Uni “Allohning tuhfasi” deb talqin qilish ham mumkin.
To‘g‘ri, johiliyat davrida Makkadagi Safo va Marva tog‘i oralig‘ida mushriklarning Noila deb nomlangan sanami bo‘lgan. Lekin bu Noila ismining nojoiz ekaniga dalolat qilmaydi. Chunki bugungi kunda hech bir musulmon kishi o‘zining qiziga Noila deb o‘sha butni ulug‘lash maqsadida ism qo‘ymaydi.
Qolaversa, bu ism Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam davrida sahobalar orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan. Jumladan:
1. Noila binti Farofisa. Mashhur sahoba hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xotini.
2. Noila binti Robi’ ibn Qays ibn Omir. Payg‘ambarimiz alayhissalomga bay’at qilgan sahobiya ayollardan.
3. Noila binti Sa’d ibn Molik al-Ansoriya.
4. Noila binti Saloma Ansoriya. Ibn Sa’d o‘zining “Tabaqotul-kubro” kitobida uning Payg‘ambarimiz alayhissalomga bay’at qilgan sahobiya ayollardan ekanini zikr qilgan.
5. Noila binti Ubayd ibn al-Hur al-Ansoriya (“Al-Isoba fi tamyizis sahoba” kitobi).
Shuningdek, sahobalardan Abu Noila – Noilaning otasi deya kunya bilan tanilgan sahobalar ham bo‘lgan. Masalan, Badr g‘azotida qatnashgan sahobalardan – Silkon ibn Saloma al-Ashhaliyning ham kunyasi Abu Noila edi (Abu Nuaymning “Ma’rifatus-sahoba” kitobi).
Payg‘ambarimiz alayhissalom odatda nomaqbul va shariatga zid ismlarni o‘zgartirar edi. Masalan, Osiya (gunohkor) ismini Jamila (chiroyli, go‘zal), Harb (urush) ismini Silm (tinchlik) deb o‘zgartirgan. Lekin mazkur Noila ismli sahobiyalarning ismlarini o‘zgartirgani ma’lum emas.
Shundan kelib chiqib, qizingizning ismini o‘zgartirishga hojat yo‘q. Vallohu a’lam.
* * *
– Turli messenjerlar orqali yozilgan salomlarga og‘zaki alik olib qo‘ysa kifoyami yoki yozma javob yuborish kerakmi?
– Turli messenjerlar (“Telegram”, “Vatsap” va boshqalar) hamda elektron pochta yoki SMS xizmatlari orqali yozilgan salomlarga og‘zaki alik olish vojib bo‘ladi. Yozma alik olib, javob qaytarish mustahab sanaladi. Bu borada Alloma ibn Obidiyn rahimahulloh shunday degan: “Maktub orqali kelgan salomga alik olish vojib bo‘ladi. Chunki g‘oyib kishidan kelgan maktub go‘yoki yonida turgan kishining og‘zaki xitobi kabidir (“Mujtabo” kitobi). Odamlar esa bunga beparvodirlar. Shunga ko‘ra aytamanki, maktub orqali kelgan salomga og‘zaki alik olish vojib bo‘ladi, yozma javob qaytarish emas” (“Raddul-muxtor” kitobi).
Shuningdek, “Kuvayt fiqh ensiklopyediyasi”da ushbu masala tafsilot bilan zikr qilingan:
“Shuningdek, bir kishiga g‘oyib – boshqa joydagi odamdan maktubga yozilgan salom yetib kelsa, unga o‘qigan zahoti darhol so‘z orqali alik olish vojib bo‘ladi. Zero, “Ikki sahih to‘plam”da vorid bo‘lgan hadisda Oisha roziyallohu anho “Menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Jabroil farishta senga salom aytmoqda” dedi. Men aytdim: “U zotga ham Allohning salomi va rahmati bo‘lsin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Ushbu holatda salomni yetkazuvchiga ham “Sizga va unga ham salom bo‘lsin” kabi iboralar bilan alik olish mustahab sanaladi”.
Bugungi kunda messenjerlar orqali yozilgan salomlarning maktubda yozilgan salom bilan hukmi bir xil. Shunga ko‘ra g‘oyib odamdan kelgan salom xoh yozma bo‘lsin, xoh biror elchi orqali bo‘lsin, uni qabul qilgan kimsa darhol og‘zaki alik olishi vojib bo‘ladi va shuning o‘zi kifoya qiladi. Lekin yozma alik olib, javob qaytarsa, yanada ziyoda ajr-u savobga ega bo‘ladi. Vallohu a’lam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati
Mafkura
Tarix
Falsafa
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q