Rivoyatlarga koʻra, haj ziyorati uchun yoʻlga chiqqan Ibrohim Adhamning oilasi Istanbulda, Uskudardagi Sultontepa mavzesida dam olish maqsadida chodir tikib, oʻzbek palovi tayyorlay boshlashadi. Oʻsha vaqtda raiyatning ahvolini oʻrganish maqsadida oddiy aholidek kiyinib olgan Usmoniylar sultoni Mahmud II shu atrofdan oʻtib ketayotib, chodirga koʻzi tushadi. Palovning xushboʻy hidi dimogʻiga uriladi. Chodirga yaqinlashib, ularning kimligini, qayerdan kelib, qayerga ketishyotganini soʻraydi. Oila darrov notanish mehmonni chodirga taklif qilib, mehmon qiladi, samimiy suhbat quriladi. Mehmondoʻstlikdan mamnun boʻlgan sulton saroyga qaytgach, mehmonlar uchun Sultontepada takiya qurishni buyuradi. Takiya – Usmoniylarda bir tariqatga mansub din vakillarining oʻzaro majlis va suhbatlar oʻtqazadigan, darvesh va soʻfilarning tez-tez toʻplanib turadigan joyi boʻlib, sayohatchilar uchun vaqtinchalik bepul boshpana, xonaqoh sifatida ham xizmat qilgan. Oʻsha davrdan boshlab Sultontepadagi Oʻzbeklar Takiyasi Turkistondan kelgan hoji va ulamolar xizmatiga topshiriladi. Bu yerdagi boshqaruvni Turkistondan kelgan Naqshbandiya tariqatidagi shayxlar amalga oshirgan.
Shayx Ibrohim Adham 1829-yili ushbu oʻzbeklar takiyasida dunyoga keladi. Bobosi Muhammad Rajab, otasi Sodiq afandi(vafoti 1846-yil)lar takiya shayxligini bajargan boʻlib, Ibrohim Adham ularning izidan boradi. U shayxlik qilgan yarim asr davomida takiya nafaqat diniy muassasa balki sanʼat va hunarmandchilik hamda madaniyat markaziga aylanadi.
Ibrohim Adham “Komiy” taxallusi bilan turk, arab, fors tillarida sheʼrlar mashq qilgan, arman va ozarboyjon tillarida ham mukammal gaplasha olgan. Tarixiy manbalarda shayxning bir qancha hunarlarni egallagani eslab oʻtiladi. Jumladan, duradgorık, temirchilik, kandakorlik, naqqoshlik, muhrsozlik, toʻqimachilik, mashinasozlik, meʼmorchilik, dehqonchilik bilan ham shugʻullanganidan xalq unga “Hazorfan Shayx”(ming hunar egasi) deb murojaat qilgan. Shayx shugʻullanadigan eng mashhur hunarlaridan biri Abri bahor sanʼati boʻlib, uni otasi Sodiq afandidan oʻrganadi. Abri иahor – kitob tayyorlash hamda bezash sanʼatlari turkumiga kiruvchi sanʼat turi boʻlib, u tabiiy boʻyoqlar yordamida suv yuzasiga “chizilgan” rango-rang naqshni maxsus qogʻozga oʻtkazish yoʻli bilan hosil qilinadi. Ushbu boʻyalgan qogʻozlar abruli yoki abrulangan qogʻozlar hisoblanib, asosan, tarixiy qoʻlyozma asarlarning jild, muqovalari, muqovalarning ichki qismini, xattotlik, miniatyura asarlarini bezashda va hatto notarial ishlarda ham foydalanilgan. Usmoniylar davlatida oʻsha davrda ushbu sanʼat bilan shugʻullanadiganlar qolmagan boʻlib, unutilish yoqasiga kelib qolgan edi. Ibrohim Adhamning otasi Sodiq afandi ushbu sanʼatni Buxorodan Istanbulga olib kelgach, Abru Bahor sanʼati Istanbulda qayta tiklanadi. Ajdodlarimiz tufayli ushbu sanʼat bugungi kungacha Turkiyada ebru sanʼati sifatida yashab kelmoqda.
Shayxg abrulagan qog‘ozlar
Ibrohim Adham ushbu sanʼatni yashatibgina qolmay, uni yanada rivojlantiradi. Sanʼatda ayni vaqtgacha uning nomi bilan ataladigan yangi usulni kashf qiladi. Ibrohim Adham tayyorlagan asarlarini goh sulton saroyi, goh bozorda sotib, qilgan daromadi bilan butun oilasini hamda takiyaga kelgan mehmonlarning sarf-xarajatlarini taʼminlab kelgan. Shayx 1867-yili Parijdagi xalqaro koʻrgazmada ishtirok etib, ixtiro va asarlari uchun maxsus medal bilan taqdirlanadi.
Ibrohim Adham 1869-yili Turkiya tarixidagi ilk kasb-hunar oʻrgatuvchi maktabga mudirlikka tayinlanadi. Shayx bu yerda ilm berish bilan birga kashfiyotlar qilishdan, izlanishdan toʻxtamaydi. Maktabda dars berarkan, u Usmoniylar davlati tarixidagi ilk qoʻrgʻoshin quvurni quyishga muvaffaq boʻladi. Bu bilan cheklanib qolmagan shayx Usmoniylar tarixidagi yana bir ilkka imzo chekadi: shayx bugʻ bilan ishlaydigan qayiq motorini ixtiro qilib, uni sol qayiqqa oʻrnatadi. Keyin ushbu sol bilan Uskudardan Quzgʻunjuk sohiliga qadar suzib oʻtgani tarixiy manbalarda qayd qilingan. Bugun Turkiyaga borgan koʻpchilik sayyohlarning asosiy ziyorat maskaniga aylangan Sulton Ahmad masjidining eshiklaridagi bejirim temir tutqichlarni ham shayx afandining oʻzi yasagan ekan. Ibrohim Adhamdan unga begona sohalardagi yangi biror usul haqida soʻralganda, uning javobi “Tajribani samoga olib ketmadilar-ki, biz ham sinab koʻramiz” shaklida boʻlar ekan. Shuning oʻziyoq shayxning yangiliklardan qoʻrqmaydigan, izlanuvchan inson boʻlganini koʻrsatadi.
Yoshligidan oʻqchilikka ham qiziqqan Ibrohim Adham 1876 – 77-yillarda yuz bergan turk-rus urushida Uskudarda tashkil qilingan “Milliy Tabur” birligining qoʻmondoni etib tayinlanadi va jangda ishtirok etadi. Umrining oxirgi yillarida fitnachilar tarafidan sulton saroyida u haqida “Takiyaga toʻp toʻkib, saroyni havoga uchirib yuboradi” degan mish-mish tarqatiladi. Shu sabab shayxni saroydan uzoqroqqa – Kaʼba taʼmiri uchun Makkaga joʻnatishadi. U Makkada boʻlgan vaqtida bir inson joniga qasd qilib, oʻzini zam-zam qudugʻiga tashlaydi, odamlar qancha urinishsa ham jasadni quduqdan chiqara olishmaydi. Shundan soʻng Makka miri shayxdan yordam soʻraydi. Ibrohim Adham jasadni chiqarish yoʻlini topib, uzoq vaqt suvsiz qolgan Makka aholisi duosini oladi. Shayx bunday hodisa takrorlanmasligi uchun duradgorlik va temirchilik hunarini ishga solib, qafas yasatib, quduq ichiga joylashtiradi. Quduqqa oddiy oyoq kiyim tushib ketsa ham qafasni oson koʻtarib-tushiradigan moslama ham oʻrnatib beradi.
Shayx abrulagan qog‘ozlar
Shayx 1904-yil 75 yoshida Istanbulda vafot etadi va takiya yaqinidagi qabristonga dafn etiladi. Ibrohim Adham umri boʻyi Bahouddin Naqshband aytganidek “Dilba yoru — dastba kor” — dili Allohda, qoʻli esa hamisha mehnatda boʻldi, shu shior asosida yashadi. Agar Istanbulga yoʻlingiz tushsa, Ibrohim Adham qabrini va takiyada hozirgacha yashab kelayotgan, oʻzining ajdodlari Buxorodan ekanini yaxshi biladigan shayxning avlodlarini va muzeyini ziyorat qilishingiz mumkin.
Boburmirzo HAKIMOV
San’at
Adabiyot
San’at
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q